24.12.2025 | 15:58
1311
IKKI XALQNING ARDOQLI FARZANDI
Alloh yo‘lida olamni va odamni sevish, olam va odamga aloqador barcha tuyg‘ularni qadrlash, ularga samimiy va abadiy muhabbat bog‘lash hamda umr bo‘yi shu e’tiqodga sodiq qolish oson emas. Serqirra iste’dod sohibi Akif Azalp vatan, ilm-fan va adabiyot ravnaqi, ozarbayjon – o‘zbek do‘stligi yanada mustahkamlanishi uchun ixlos va sadoqat bilan xizmat qilayotgan zamondoshlarimizdan biridir.

Akif Azalpning asarlari qalblarni nur kabi munavvar qiladi. Uning “Istiqlolnoma” trilogiyasi (“O‘ndarnoma”, “Zafarnoma”, “Humo”) ozarbayjon she’riyatida bu ulug‘ mavzuda yaratilgan eng go‘zal namunalar qatoridan munosib o‘rin egallagan.
Qorabog‘ iztirobi bilan yozilgan, buyuk g‘alabani madh etgan va mug‘om obrazini gavdalantirgan she’r-u dostonlari (“Turkmanchoy”, “Nuhchixan”, “Kamon”, “Qochqin”, “44:0”) va dramalari (“Malikalar ishqi”, “Jannat guli”) haqida ham xuddi shunday fikrlarni bildirish mumkin.
Ikki xalqning ardoqli farzandi Maqsud Shayxzoda an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan Akif Azalpning ilmiy yutuqlari va shoirlik mahorati har ikki mamlakatning ko‘zga ko‘ringan olimlari, mashhur adabiy namoyandalari tomonidan e’tirof etilgan. Uning hayoti va ijodi haqida har ikki mamlakatda hujjatli filmlar suratga olingan, she’rlariga kuylar bastalangan. Badiiy tarjimadagi yuksak mahorati uchun O‘zbekiston, Gruziya va Ozarbayjon yozuvchilarining xalqaro konferensiyasida maxsus diplomga sazovor bo‘lgan (Boku, 2005). Nufuzli adabiy tanlovlarda bir necha bor g‘olib deb topilgan.
* * *
Akif Azalp ijodi haqida gap ketganida, 1982- yilda bitilgan “Turon havosi” she’ri beixtiyor yodga tushadi. Qariyb yarim asrlik tarixga ega she’r qimmati ayni paytda – asrlar davomida shakllangan turkiy dunyo hamjihatligining yangi davrida yanada oshib bormoqda. Undagi ishora va qofiyalar turkiy olamning bebaho obidasi bo‘lmish “Dada Qo‘rqut” kitobining poetik aytim tarzini eslatadi. Shoir qirq misralik poetik matnga turkiy xalqlarning qadimiy va zamonaviy ramziy atributlarini (ot, qal’a, bo‘ri, qizil olma va boshqalarni), shuningdek, ozodlik yo‘lida kurashgan tarixiy siymolar (Alp Er To‘nga, Maday xon) va buyuk ma’rifatparvarlarimiz nomlarini mohirona singdiradi.
Ushbu mavzudagi aksar she’rlari badiiy uslubining o‘ziga xosligi va ohangdorligi bilan ajralib turadi. “O‘ljas Sulaymonov” she’ri bunga yorqin misol bo‘la oladi:
Xuddi bo‘lganidek dillarda doston,
“Qiz qu!” shiddatidek sho‘x taronalar,
Xuddi yangragandek Dashti Qipchoqdan
Olamga jar solib shoh turkonalar!
Nurini sochgandek mumtoz “Az i Ya”,
Yechildi tarixning chigal tuguni.
Endi Sizga boqib ko‘rajak dunyo
Osiyoning qanday buyukligini!
Har bir shoir ijodida bo‘lgani singari, Akif Azalp lirikasida ham ishq-muhabbat mavzusi salmoqqa ega. Bu an’anaviy mavzuda ham shoir, avvalo, uslub betakrorligi va obrazlarning yangiligini namoyon etadi. Shu ma’noda, muallifning ilk tajribalaridan bo‘lgan “Kelsang, o‘zing kelma!” she’ri jiddiy qiziqish uyg‘otadi:
Kelsang, o‘zing kelma!
Menga yoddoshimning yodini keltir,
Yorug‘ nigohingning o‘tini keltir
Hamda dudog‘ingning totini keltir!
…Ular ham sen kabi tushgach ko‘p uzoq,
Tutashmas bo‘ldilar hech kimga hech vaqt,
Kelsalar, sen bilan kelarlar biroq –
Kelsang, o‘zing kelma!..
Shoir mazmun, ham shakl jihatdan bu o‘ziga xoslik hamda yangi poetik ifoda uslubini sevgi mavzusidagi she’rlarida saqlab qololgani tahsinga sazovor. Shu ma’noda, uning “Bir bayotga so‘ngso‘z o‘rnida” she’ri zamonaviy ozarbayjon lirikasining go‘zal namunalaridan:
Bir dali o‘g‘lonning lol nigohidan
Oy yuzida qolgan ul izlar haqqi!
Ko‘kdan mujda olgan bir bokiraning
Ko‘ksiga ekilgan ul so‘zlar haqqi!
Dunyoni yaratgan sevgidir faqat,
Dunyoni yashatsa, u yashatajak!
Sudrala-sudrala bir kom yo‘lida,
Ko‘karib-bo‘zargan ul tizlar haqqi!
Umidning so‘ngidan bir qorong‘iga
Boqa-boqa to‘lgan ul ko‘zlar haqqi!
Dunyoni yashatgan sevgidir faqat,
Dunyoga ne qolsa, undan qolajak!
* * *
Akif Azalpning rang-barang ijodida tarjimonlik faoliyati alohida o‘rin tutadi. Deylik, uning faqat turkiy tillardan tarjimalarining o‘zi to‘rt kitob holida chop etilgan: “O‘zbek xalqi she’riyatidan tanlangan asarlar”, “Qrim-tatar xalqi she’riyatidan tanlangan asarlar”, “Sirojiddin Sayyid. Vaqt haykali”, “Turon havosi”. Ozarbayjon o‘quvchilari ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodi, shuningdek, uyg‘ur, turkman, tatar, xakas, qrim-tatar, shor xalq qo‘shiqlari namunalari bilan Akif Azalpning go‘zal tarjimalari orqali tanishgan.
Qahramonimiz faoliyatining ikkinchi qanoti – sermahsul ilmiy faoliyatidir. Ta’kidlash joiz, Akif Azalp “Turkiy tilli she’riyatda tuyuq (janr poetikasi va tarixi)”, “Badiiy ideal va tarixiy haqiqat” kabi yirik tadqiqotlar bilan birga, turkiy xalqlar adabiyotiga oid muammoli maqolalar va salmoqli ilmiy ma’ruzalarning ham muallifidir.
Uning umr yo‘li o‘ziga o‘xshaydi – xoksor va samimiy. Akif Azalp (Akif Zeynal o‘g‘li Bag‘irov) 1954-yil 7-aprelda Ozarbayjonning Shohbuz tumani Nursu qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971-yilda maktabni oltin medal bilan tamomlab, Ozarbayjon davlat universiteti (hozirgi Boku davlat universiteti) filologiya fakultetiga kirgan. Matbuotdagi ilk ijod namunalari ham shu yillarda tumanning “Qaboqchil” gazetasida chop etilgan.
1974-yilda a’lochi talaba sifatida davlat yo‘llanmasi bilan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetiga yuborilgan. Universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgach, 1976–1978-yillarda O‘zbekiston Madaniyat vazirligining San’atshunoslik institutida faoliyat yuritgan. 1979-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasiga qabul qilingan. 1983-yilda “Turkiy tilli mumtoz she’riyatda tuyuq (janr poetikasi va tarixi)” mavzusida yozilgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1982-yildan mehnat faoliyati so‘ngigacha shu institutning Adabiyot nazariyasi bo‘limida turli lavozimlarda ishlagan, “Badiiy ideal va tarixiy haqiqat (adabiyot va tarix munosabatlari nazariyasiga doir)” tadqiqoti ustida ilmiy izlanish olib borgan.
Uning she’r va dostonlari, ilmiy tadqiqotlari o‘tgan asrning 70-yillaridan e’tiboran O‘zbekiston va Ozarbayjon ilmiy doiralarida e’tirof etila boshlangan. Xususan, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, Ozarbayjon xalq shoiri Fikrat Qo‘ja tomonidan yuksak baholangan.
Biz Shoirimizga ijodiy muvaffaqiyat tilaymiz. So‘ngso‘z o‘rnida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining “Azalp hodisasi” maqolasidan parcha keltirmoqchimiz. So‘z zargaridan o‘tkazib nima ham deyish mumkin: “Akif Azalp – turk dunyosini, Turkistonni, tug‘ishgan So‘zni teran anglagan buyuk shoir. Men faxrlanamanki, Akif Azalp Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Husayn Jovid, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ulug‘larning muqaddas tilida yozib, o‘z ko‘nglini tarannum etadi”.
Yashar QOSIM,
filologiya fanlari doktori, professor,
Hulkar HAMROYEVA,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



