16.06.2026 | 09:00
1214
RAMZLARNI KIM YARATADI?
O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor milliy terma jamoa madhiyasi kompozitor, shoir yoki ijodiy jamoa tomonidan emas, balki sun’iy intellekt algoritmi yordamida yaratildi. Xo‘sh, buni qanday qabul qilish mumkin?
Ma’lumki, har qanday musiqiy asar badiiy mazmun va muayyan melodiya, ritm, garmoniya, tembr dramaturgiyasi, shakl va boshqa ifoda vositalariga ega bo‘ladi. Kompozitor asarni faqatgina kasbiy bilim va mahorati tufayli yaratmaydi. Uning hayotiy tajribasi, hissiy kechinmalari, madaniy xotirasi, dunyoqarashi va individual uslubi ham asar to‘qimasiga singib ketadi.

Sun’iy intellekt esa boshqacha ishlaydi. Uning faoliyati mavjud asarlarning ulkan miqdorini tahlil qilish va ehtimoli yuqori bo‘lgan badiiy yechimlarni statistik modellashtirishga asoslanadi. Shu bois, algoritmlar dolzarb tendensiyalarni aniqlash, turli musiqiy elementlarni birlashtirish va belgilangan talablarga tashqi jihatdan mos keladigan kompozitsiyalarni yaratishga qodir. Tabiiy savol tug‘iladi: bunday hol madaniy ramz maqomiga da’vogar bo‘lgan asarni yaratish uchun yetarlimi?
Musiqa san’atida madhiya janri alohida o‘rin tutishini bilamiz. Uning vazifasi faqat muayyan g‘oyani ifoda etish emas, balki milliy birdamlik, yurt taqdiriga daxldorlik va jamoaviy o‘zlik tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. Yaxshi madhiya yorqin va oson esda qoladigan melodik kuyga, aniq shakliy tuzilishga, ta’sirchan naqoratga ega bo‘lib, jamoaviy ijro etish imkoniyatini taqdim etishi lozim.
Futbol tarixida bunday asarlarning mutlaq muvaffaqiyat qozongan namunalari talaygina. 2008-yilgi Yevropa chempionatining rasmiy qo‘shig‘i xonanda Enrike Iglesias tomonidan kuylanib, musobaqaning muhim madaniy voqeasiga aylangan. Shuningdek, Riki Martinning 1998-yilgi jahon chempionati ramziga aylangan “The Cup of Life” asari, 2004-yil Portugaliyadagi Yevropa chempionati bilan bog‘liq bo‘lgan “Força” kompozitsiyasi, Shakiraning 2010-yilgi Janubiy Afrika Respublikasidagi jahon chempionati uchun yaratilgan “Waka Waka” qo‘shig‘i hamda 2014-yil Braziliyadagi jahon chempionatining “We Are One” (Ole Ola) qo‘shig‘i jahon miqyosida mashhurlikka erishgan.
Musiqiy tilidagi farqlarga qaramasdan, yuqorida keltirilgan asarlarni bir qator umumiy xususiyatlar birlashtirib turadi: aniq kompozitsion shakl, ta’sirchan melodizm, ritm va kuy yo‘lining uyg‘unligi hamda ommaviy ijro uchun qulaylik. Aynan shu xususiyatlar ushbu qo‘shiqlarning muxlislar ma’naviy-madaniy xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolishini ta’minlaydi.
25-may kuni O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga kuzatish marosimida taqdim etilgan futbol madhiyasi jamoatchilik orasida turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Musiqiy dramaturgiya nuqtayi nazaridan mazkur asarda zamonaviy generativ musiqaga xos jihatlar kuzatiladi. Asarda musiqiy materialni yodda qoldiruvchi aniq kuplet-naqorat tuzilishi yetarli darajada shakllanmagan. Melodik yo‘l esa jamoa yoki mamlakatning musiqiy ramziga aylanishi mumkin bo‘lgan yorqin va kuychan ohangga ega emas. Shu bois, asar ommaviy ijro va jamoaviy qabul uchun jozibali emas.
Asarning adabiy jihati ham ayrim savollarni tug‘diradi. Matnda vatanparvarlik shiorlari va hissiy chaqiriqlar mavjud bo‘lsa-da, u keng badiiy obrazlar tizimi yoki individual poetik bayonni taklif etmaydi. Holbuki, aynan she’riy matnning badiiy teranligi bunday asarlarning uzoq umr ko‘rishiga xizmat qiluvchi muhim omil hisoblanadi.
Albatta, zamonaviy texnologiyalar yordamida qo‘shiqlar, madhiyalar, simfoniyalar va hatto operalarni ham yaratish mumkin. Bugungi kunda bunday texnologiyalar kompozitorlar, aranjirovkachilar va ovoz rejissyorlari faoliyatining muhim qismiga aylanib borayotgani ham sir emas. Ular asarning ohangdorligini ta’minlash, aranjirovka jarayonini tezlashtirish va ko‘plab texnik vazifalarni hal qilishga yordam beradi.
Muammo texnologiyaning o‘zida emas, balki texnologiya madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda insonning o‘rnini bosishga urinayotganida yuzaga keladi. Agar asosiy ustuvorlik musiqiy mahsulotni tez ishlab chiqarish va u bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan bo‘lsa, kompozitorlar, shoirlar, aranjirovkachilar, musiqachilar va boshqa ijodiy kasb egalarining ahamiyati asta-sekin pasayib boradi. Shu bilan birga, jamiyat nafaqat ish o‘rinlarini, balki voqelikni muallif shaxsi orqali badiiy anglash an’anasini ham yo‘qotish xavfiga duch keladi.
Yana bir muhim holatni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bugun mamlakatning madaniy ramzi maqomiga da’vogar bo‘lgan musiqiy asarlarni yaratish ko‘p sonli mutaxassislar ishtirokida jamoaviy tarzda amalga oshiriladigan ijodiy jarayonga aylangan. Sun’iy intellekt ayrim vazifalarni bir necha daqiqada bajara oladi, xolos, insonlar jamoasi esa buning uchun kunlar va haftalarni sarflaydi. Shuning uchun masala kompozitorning algoritm bilan raqobatida emas, balki ijtimoiy va madaniy ahamiyatga ega asarlarni yaratish jarayonida ijodkor insonlar jamoasining o‘rnini saqlab qolishdadir.
Mamlakatni xalqaro maydonda namoyon etadigan asarlarni yaratish nafaqat badiiy, balki madaniy-siyosiy vazifa ham hisoblanadi. Bunday asarlar davlatning intellektual salohiyatini, milliy madaniyatning taraqqiyoti darajasini va jamiyatning o‘z ijodiy merosiga nisbatan bildirgan munosabatini aks ettiradi. Shu bois rasmiy xarakterdagi madhiyalar, bayram qo‘shiqlari va boshqa madaniy ramzlarni yaratishda professional ijodiy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va inson muallifligi ustuvorligini saqlashga alohida e’tibor qaratish zarur.
Yangi texnologiyalardan foydalanishning o‘zi muammo emas. Ammo mamlakatning madaniy ramziga aylanishi mumkin bo‘lgan asarlarni yaratishda asosiy mas’uliyat buyurtmachilar va tashkilotchilar zimmasida bo‘ladi. Chunki aynan ular jamiyat hayotida ijodkorlarga qay darajada e’tibor ko‘rsatilishi va madaniy qadriyatlarni shakllantirishda qaysi tamoyillar ustuvor bo‘lishini belgilaydi.
Sun’iy intellekt ijodiy jarayonni taqlid qila oladi, ammo u inson kechinmalari, madaniy xotirasi va haqiqiy badiiy mas’uliyatning o‘rnini bosa olmaydi. Agar jamiyat algoritmlarga faqat arzonligi va tezkorligi uchun ustuvorlik beradigan bo‘lsa, u nafaqat ayrim kasblarni, balki san’atning inson qalbi va tafakkurining noyob ifodasi ekanini anglash qobiliyatini ham yo‘qotishi mumkin.
Texnik jihatdan qanchalik mukammal bo‘lmasin, algoritm tomonidan yaratilgan har qanday madhiya mualliflik, milliy madaniy o‘zlik va san’atda insonning o‘rni bilan bog‘liq jiddiy masalalarni keltirib chiqaradi. Bu esa faqat musiqa san’ati doirasi bilan cheklanib qolmay, bugungi kunning eng muhim falsafiy muammolaridan biriga aylanmoqda.
Oydin ABDULLAYEVA,
kompozitor, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 12-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



