06.05.2026 | 09:32
1258
ZIYOLI KIM?
Joriy yilning 21-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va taniqli ijodkor ziyolilar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Suhbatning asosiy mavzusi ziyolilarni tashvishga solayotgan, adabiyot va san’at rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar atrofida aylandi.

Insoniyat tarixidagi har bir davrni ta’rif-tavsif etmoq uchun odatda ikki savol beriladi: “Qanday inshootlar bunyod etildi?” va “Qanday olimlar, shoir-u fozillar yashadi?” Birinchi savol jamiyatning moddiy farovonligi, iqtisodiy barqarorligining darajasini belgilasa, ikkinchisi o‘sha davr ma’naviy-ruhiy qudrati, aqliy salohiyatini namoyon etadi. Zero, tarix shunchaki voqealar yig‘indisi emas, u xalqlarning tafakkur qudrati solnomasi, ajdodlarning ma’naviy merosi. Ana shu meros bo‘lmasa, millat g‘ofil olomonga aylanishi hech gap emas. Mo‘tabar merosning vorisi, muhofizi va boyitgan, takomilga yetkazgan holda avlodlarga yetkazuvchisi – muhtaram oydinlar.
Ziyolilik, aslida, juda zalvorli rutba.
Ziyo – nur, yorug‘lik, demak. Taassufki, bugun “ziyoli” so‘zi salmog‘ini yo‘qotayozdi. Dorilfunun diplomini olgan – ziyoli. Jamoat tadbirlarida kiftini keltirib nutq irod etgan – ziyoli. Har zamonda televizorda ko‘rinish berib turadigan – ziyoli… Ammo o‘sha diplomli so‘zamol millat qismati, mamlakat taqdiriga doxil muhim pallalarda qay so‘zi-yu qay amali bilan o‘rnak bo‘ldi, degan savol ko‘p holda javobsiz qoladi. Xatarli jihati, pirovardida bu toifa jamiyatni serko‘pik hovuzga aylantiradi – sirtda teran ko‘rinsa ham, aslida o‘ta sayoz, o‘ta yuzaki…
MUDROQ VA UYG‘OQ VIJDON
Chin ziyolini tashqi belgi-alomatlar – kiyinishi, xatti-harakati, nutqi bilangina emas, balki so‘zi, niyati va amallari uyg‘unligi orqali tanish mumkin. Sirasini aytganda, ziyolining bosh belgisi – vijdon uyg‘oqligi! Tarix, xalq va Haq oldida mas’uliyatni his qilib yashash – uning azaliy va adabiy qismati.
Nazarimizda, ziyolining ma’naviy portreti to‘rt asosiy rang bilan chiziladi. Birinchisi – halollik, ya’ni hayotning har bir jabhasida adl-u insof chegarasida sobit turmoq, o‘ziga ravo ko‘rmagan narsadan o‘zgalarni ham muhofaza etmoq. Ikkinchisi – jasorat, ya’ni haqiqatni o‘z vaqtida, birovning izzat-nafsiga tegmay ayta olmoq. Uchinchisi – shaxsiy o‘rnak, ya’ni maslak va e’tiqoddan og‘ishmaslik bobida namuna bo‘lmoq. To‘rtinchisi – olijanoblik, ya’ni ezgu ishlarni shaxsiy manfaat ko‘zlamay, el-yurt foydasi uchun xolis bajarmoq. Bu to‘rt rangdan biri kam ishlatilsa yoki topilmasa, butun portret manzarasi buziladi, ko‘zlangan murod hosil bo‘lmaydi.
Ziyoli qavmi siyosat ahlining tanlagan yo‘liga ko‘ra, yo eng ahamiyatli, yo noqulay qatlam bo‘lib kelgan. Binobarin, haqiqiy ziyoli jamiyatning yutuq va kamchiliklarini ko‘zgu kabi o‘z ijodida namoyon etadi. Binolar va rang-tasvir asarlaridagi manzaralar, badiiy asar qahramonlarining ichki dunyosi, she’rlarda ifoda etilgan ma’nolar ko‘lami o‘sha davr jamiyatining orzu va armonlari, quvonch va qayg‘ulari, inonch va topinchlarining in’ikosi, asli. Bu haqiqatni teran anglagan odil hukmdorlar zamondosh oydinlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, zo‘ravon-u zolimlar ziyoli ahlining ovozini o‘chirmoqqa harakat qilgan.
Ulug‘ murabbiy – tarix shunday saboq beradi: siyosat va ijod qarama-qarshiligida hamisha, har doim siyosat mag‘lub bo‘ladi. Hattoki oydinlar jismonan mahv etilsa-da, o‘z o‘limi bilan qattol tuzum ustidan ma’nan g‘alaba qozonadi. Neron, Torkvemada, Stalin… bularning hammasi o‘z davrida g‘olib-u muzaffar edi. Nohaq qatl etilgan yozuvchilar, olimlar, san’atkorlar izzat-u hurmat ila, mustabidlar esa tavqi la’nat ila yodga olinadi.
Jamiyat bilan ziyolining munosabati – ota bilan farzand munosabatidek murakkab. Jamiyat ziyolini voyaga yetkazadi, u esa o‘zi tarbiya ko‘rgan jamiyatga oyna tutadi. Ko‘zgudagi aks goho jamiyatga manzur keladi, gohida esa mardud. Haqiqat hamisha eshituvchining g‘azabini qo‘zg‘aydi, deydi rimliklar. O‘z tanasida raiyat og‘rig‘ini his qilgan holda aynan o‘sha iztirob-u qayg‘uli aksni ko‘rsata bilish ziyolining eng muhim vazifasi hisoblanadi. O‘zini anglamog‘i uchun odam o‘zgalar dardini o‘z dardi kabi bilmog‘i darkor. O‘shanda hazrat Alisher Navoiyning “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, degan hikmati uning-da hayotiy maslagiga aylanajak.
BOQIY QUDRAT
Bir haqiqatni chuqur anglashimiz kerak: moddiy farovonlikning o‘zi to‘kis taraqqiyot belgisi emas. Rivojlanish ko‘pincha sarmoya hajmi, osmono‘par binolar soni, yo‘llar ravonligi-yu turmush qulayligi bilan o‘lchanadi. Bularning ahamiyatini inkor etmoq niyatimiz yo‘q. Ammo iqtisodiy farovonlik va ma’naviy kamolot qo‘shqanotligi hamma zamonda ham o‘lmas ehtiyoj bo‘lgan. Bir qanotli qush ko‘kka parvoz qila oladimi, ayting! Rim o‘zidan 2000 yillik yodgorliklar qoldirgani uchungina ulug‘ emas. U Vergiliy va Sitseronning fasohatli tilida so‘zlagani uchun, Avgustin va Avreliyning balog‘atli mushohadalariga beshik bo‘lgani uchun ulug‘dir. Xuddi shu kabi “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”, “Xamsa”, “Boburnoma” kabi nodir asarlar Sharq Renessansi deya ulug‘langan Temuriylar davrining shuhratini yetti iqlimga yoygan.
Taraqqiyotning chinakam belgisi – jonsiz matohlar emas, balki ashyolarga ruh bag‘ishlaydigan ma’naviy qudratdir. Agar mamlakatda olamshumul kashfiyotga qo‘l uruvchi yo hayratangez asar yaratuvchi olim yo ijodkor yetishib chiqmasa, uning xalqi iste’molchi jamiyat bo‘lib qolaveradi.
HAR TOSH, HAR RAVOQ QADRLI
Mangulikka daxldor onlar mavhum tushunchalar, olis ufqda qolib ketgan mubham damlar emas. Abadiyat biz ayni lahzada yashab o‘tayotgan fazo va makonga chambarchas bog‘liqdir. Shu ko‘klamda Yangi O‘zbekistonda ro‘y bergan ikki muhim hodisaga alohida e’tibor qaratishni istardim. Birinchisi, Olmaliq shahrida qurilishi kamida o‘n yil talab qiladigan Misni qayta ishlash fabrikasi atigi to‘rt yilda bitkazildi. Bu – texnologik qudrat mo‘jizasi, tashkilotchilikning g‘alabasi. Ayni chog‘da, Islom sivilizatsiyasi markazi 8 yilga yaqin muddatda bunyod etildi. Vaqt tafovuti sababi nimada? Gap shundaki, madaniy obida shoshmashosharlik bilan, konveyer usulida barpo etilmaydi. Zero, san’at asarining har toshi – bunyodkor niyatning ifodasi, har ravog‘i – ajdodlarning buyuk xotirasiga ehtirom ramzi.
Barcha davrlarda ziyolilar u yo bu shaklda davlat va davlatmand kishilarning ehson va in’omi, saxovat va muruvvatidan bahramand bo‘lgan. Ammo ziyolining erkiga daxl qilmasdan, uning iste’dodini o‘zining mayda istaklariga bo‘ysundirmasdan qo‘llab-quvvatlash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ziyoliga ko‘rsatiladigan e’tibor samimiy ehtiromga uyg‘un kelsa, o‘sha yerda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot poydor bo‘ladi. Florensiya Uyg‘onish davrida Medichi oilasi ma’rifatparvarlarni qanoti ostiga oldi, natijada Leonardo da Vinchi va Mikelanjelolar dunyoni hayratga oshno etdi. Buyuk temuriylar davrida olimlar, shoirlar va me’morlarga izzat ko‘rsatildi, natijada dunyoning eng ulug‘ rasadxonasi insho qilindi, turkiy tilning nafosat-u qudratini namoyon etadigan asarlar yaratildi. Yangi O‘zbekiston davrida biz – ziyolilar ana shunday beminnat himmat va muruvvatlardan bahramand bo‘lib kelmoqdamiz.
Qahramon akademigimiz Shavkat Ayupov yaqinda “Jadid” gazetasiga bergan intervyusida jasorat bilan bir haqiqatni aytdi: ilmiy kengashlardagi noxolislik, himoya jarayonidagi beparvolik va loqaydlik birinchi navbatda ana shu fanning darg‘alari, ustoz deb sharaflanmish zotlarning aybi bilan yuz bermoqda. Bu – oddiy tanqid emas. Bu – ma’naviy illatlarimiz ildizini aniq ko‘rsatgan tashxisdir.
Mulohaza qilib ko‘raylik: ilmiy kengashda o‘tirgan akademik yosh tadqiqotchining dissertatsiyasidagi jiddiy kamchiliklarni ko‘radi-yu, undan ko‘z yumadi. Chunki… yosh tadqiqotchi “o‘zimizniki”. Ana shu ayirboshlov usuli – “Sendan ugina, mendan bugina”, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilidagi qarash ilm dargohida ildiz otgan eng xavfli illatdir. Bu hol ziyolilikning tamal toshi bo‘lmish halollikni asta-sekin chetga chiqaradi.
Niyati ulug‘ bo‘lmagan kishi oydinlik haqida gapirmagani ma’qul. Nazari past, dunyoga cho‘ntak ko‘zidan qaraydigan mardum boshqalarni yuksaklikka chorlay olmaydi. Suv o‘z sathidan yuqoriga oqmaganidek, maslak ham o‘z egasining darajasidan balandga ko‘tarilmaydi. Dissertatsiyani “buyurtma” asosida yozib bergan, kengashda vijdoniga ters qarab fikr bildirgan, yosh olimning umidini bir imzo evaziga sotgan kishi, garchi professor yoxud akademik to‘nini kiygan bo‘lsa ham, aslo-aslo ziyoli emas!
Har bir ziyoli o‘zidan keyingi avlodga bilim va go‘zal xulqni meros qoldirishi kerak. Bilim kitobda darj etiladi, xulq esa shaxsiy o‘rnakda zuhur qiladi.
ZIYO BILAN ZIYONNING FARQI
Aytishlaricha, buyuk rassom va me’mor Mikelanjeloga badavlat kishilaridan biri muhtasham qasr qurishga buyurtma beradi. Mikelanjelo loyihani tayyorlab, belgilangan joyga kelsa, maydonning to‘rt tarafi ochiq, yer mo‘l-ko‘l-u ammo aynan qasr binosi tushadigan markazda juda salobatli, sersoya eman daraxti bor ekan. “Daraxtni kestirib tashlaymiz, ishni boshlayvering”, deydi sarvatmand buyurtmachi. Mikelanjelo esa e’tiroz bildiradi: “Men uchun har qanday qasrning loyihasini chizishga bir hafta, uni qurishga esa ikki-uch yil yetadi. Ammo bunday azim og‘ochni ko‘kartirmoq uchun mening butun umrim ham kifoya qilmaydi”.
Bu hikoyani birinchi marta o‘qigan odam “Buyuk san’atkorning inja fe’li, nozikta’bligi-da!” deyishi mumkin. Ammo chuqurroq qarasak, Mikelanjelo bir jumla bilan insoniyat tarixidagi eng muhim falsafiy saboqni aytgani ma’lum bo‘ladi. Uyg‘onish davri dahosi shunchaki bir daraxt haqida emas, balki vaqtning nodirligi haqida, ziyolining tabiat, jamiyat va avlodlar oldidagi mas’uliyati haqida gapirgan. Donishmandlar haq: inson o‘zini tabiatning xo‘jayini deb o‘ylaydi. Holbuki, u bu dunyoda mehmon maqomida. Oqil mehmon esa mezbonning uyiga o‘t qo‘ymaydi.
Qasrni buzib, yangidan qurish mumkin. Tayyor tarhni yirtib, qaytadan chizsa bo‘lar. Asrlar davomida ildizi tuproq qa’riga kirib, novdalari osmonga bo‘ylagan emanni kesib tashlash ham cho‘t emas. Lekin o‘shanday savlat, o‘shanday salobatga ega daraxtni joyiga keltirish amrimahol. Noyoblik, nodirlik qonuniyati ana shu.
Kelajak oldidagi mas’uliyatni his etmaydigan “ziyoli” maydon o‘rtasidagi emanni kesib, o‘rniga bino tiklamoqni ko‘zlagan buyurtmachidan farq qilmaydi. “Dam bu damdir, o‘zga damni dam dema”ni shioriga aylantirgan kimsalar uchun, ustoz adib Erkin A’zam ta’biri bilan aytganda, “hoziriylar” uchun ziyo bilan ziyonning farqi yo‘q.
VATANPARVAR ZIYOLI QANDAY BO‘LADI?
Zabardast adib Chingiz Aytmatov “Asrga tatigulik kun” romanida qalamga olgan manqurt obrazi XX asr adabiyotidagi eng yorqin obrazlardan biri hisoblanadi. Manqurt Jo‘lamon o‘z tarixi, nasl-nasabi, vatani, hatto volidasini-da unutgan bir kimsa. Adabiyotshunoslikda mazkur obraz turlicha talqin etiladi. Ayrim olimlar manqurt personajini yagona sovet xalqini yaratish bahonasida yuzlab xalqlarni o‘tmishi, tarixi, tili-yu tutumlaridan begonalashtirish, “katta og‘a” sanalgan millatning buyruqlarini so‘zsiz ado etadigan to‘daga aylantirish siyosatiga qarshi isyon deb baholaydi. To‘g‘ri, sovet hokimiyati va uning yakkaboshlik g‘oyasi barham topdi, lekin, taassufki, manqurtlik sindromi g‘oyib bo‘lgani yo‘q. Bu illat bugun ham turli shakl-u shamoyillarda bo‘y ko‘rsatayotir.
Nazarimizda, bu sindromning eng tuban darajasi ilmni vositayi johga aylantirgan, iste’dodi va e’tiqodini, vijdoni va imonini o‘tkinchi dunyo matohlariga alishayotgan “ziyoli”larda namoyon bo‘ladi. Darvoqe, mansab, martaba yoki boylik evaziga hayotiy prinsiplaridan butkul voz kechadigan ziyolilarning Jo‘lamondan bir farqi bor. Boyaqish Jo‘lamon-ku, nima qilayotganini bilmaydi, g‘ayrishuuriy tarzda noravo ishlarga qo‘l uradi. Ammo ziyoli da’vosidagi shaxslar bilgani-anglagani holda yolg‘on, egrilik, xiyonat, ma’siyatni sodir etadi. Gohida shunchaki tomoshabin emas, balki xayrixoh o‘laroq, faol hamkor o‘laroq “javlon” uradi. Bunday toifa nainki o‘zini, unga ergashganlarni ham halokatga yetaklashi, shubhasiz.
Valiylardan bo‘lgan Zunnun Misriyning “Agar Alloh taolo bir qavmga musibat yubormoqchi bo‘lsa, eng avvalo, o‘sha qavm orasidan chinakam olim, ilmiga amal qiluvchi zotlarni terib oladi. Ularning o‘rniga esa chalasavod, imonsiz ahli ilmni keltirib qo‘yadi. Ul gumrohlar esa o‘zini ham, qavmini ham halokat sari yetaklaydi”, degan mazmunda o‘giti bor. Demak, millat o‘zining chinakam ziyolilari, qutb yulduzlarini tanlab-saralab olishi muhimdir.
Ziyoli va vatanparvar so‘zlari har doim baqamti yuradi. “Vatanparvar ziyoli” bu – oddiy birikma emas, balki insoniylikning oliy maqomi. Vatanni chinakam sevish – uning vasfini madh etib, kuylashgina emas. Vatanni sevish – uning kamchiligini ko‘ra bilish, uni aytishga jur’at etish va uni isloh qilishga umr baxsh etish demakdir. Biz vatanparvar deganda, eng avval, Vatan uchun jonini fido qilgan mardi maydonlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Kindik qoni to‘kilgan yurtga shirin jonini nisor etganlar ruhiga tahsin va ta’zim! Ayni chog‘da, Vatanni sevish – uning uchun nafaqat o‘lishga, balki yashashga, butun umrini baxshida etishga tayyor bo‘lishdir. Vijdonga sodiq holda yashamoq esa gohida o‘limdan-da qiyin – sabot, mehnat, yaratuvchanlik, halollikni talab etadi.
Ziyolining vatanparvarligi u yaratgan asarlarda, tiklagan binolarida, ta’lim bergan shogirdlarida, kamolga yetkazgan farzandi arjumandlarida tajassum topadi. Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobini yozar ekan, “Vatanimga xizmat qilyapman”, deb da’vo qilmadi, shunchaki ko‘nglidagini qog‘ozga to‘kdi. Bugun biz Avloniyni vatanparvarlarning a’losi deb bilamiz. Chunki uning zahmatida zarracha ta’ma yo g‘araz yo‘q edi.
Ma’rifatli jamiyatning birlamchi sharti – ziyoli ahlining chinakam vatanparvar bo‘lishi. Chinakam vatanparvar ziyoli – halol, jasur, har jabhada shaxsiy o‘rnak ko‘rsatuvchi, so‘zi-yu amali bir inson.
Prezidentimizning har bir ishga ilmiy yondashish, olimlar va ijodkorlarning takliflarini inobatga olish haqidagi so‘zlari ziyolilarga berilgan imtiyoz emas, balki ularga yuklatilgan mas’uliyatdir. Ana shu mas’uliyat tuyg‘usi barchamizga esh bo‘lsin!
Olimjon DAVLATOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



