25.12.2024 | 09:42
623
RAQAMLAR OLAMIGA ASIRMAN
Fanlar malikasi hisoblangan matematika hamma sohaga bevosita va bilvosita daxldor. Kimdir matematika bilan boshini og‘ritgisi kelmas, yana birov uni o‘ta qiyin fan deb hisoblar, lekin hech kim undan xoli yashay olmaydi. Chunki hayotimizning o‘zi o‘lchov-u hisob-kitoblardan iborat. O‘n sakkiz ming olam matematik qonunlar bilan sobit turibdi. Uni koinot tili desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. She’rda bo‘g‘inlar soni, musiqada yetti nota almashinuvi natijasida kuy yaralishida ham matematika bor.
Bugungi suhbatdoshimiz fan va texnika yo‘nalishida I darajali Davlat mukofoti laureati, fizika-matematika fanlari doktori, professor, TWAS Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi Bahrom Omirov. U qator xalqaro mukofotlar sovrindori hamdir. Amerika va O‘zbekiston matematika jamiyati a’zosi. Yuzdan ziyod maqolalari dunyoning nufuzli nashrlarida chop etilgan. Hozirda u Xitoydagi dunyoning top 300 taligiga kiruvchi Harbin texnologiya institutida professor bo‘lib ishlayapti.

– Matematika – bir qarashda aniq, bir qarashda sirli fan. Bu fan olamida sizni hayratlantirgan narsa nima?
– Bilasizmi, bu olamning o‘ziga yarasha jazbasi, ohanrabosi bor. Raqamlar dunyosiga bir kirib qoldingizmi, tamom, ular sizni shunday domiga tortib ketadiki, chiqib ketishingiz amrimahol. Shunaqa chiroyli, qiziqarli misollar borki, yechganing sari maza qilasan kishi. Bunday olib qarasak, biror teoremani isbotlay olsang, boshqalar his etmagan narsani his qilganday, ular anglab yetmagan haqiqatning tagiga yetganday bo‘lasan, zo‘r-ku.
Bir holatni eslab o‘tmoqchi edim, bundan ancha yil burun Fransiyada ilmiy safardaligimda, o‘sha yerlik hamkasblar qiziq misolni ko‘rsatib, “Shuni yecha olasizmi?” deb so‘rab qolishdi. “Harakat qilaman”, deb so‘z berdim. Yechimni topishga sho‘ng‘ib ketdim, ikki yil deganda topdim ham. Endi shu jumboqning javobini topganimda ko‘nglimdan kechgan hissiyotlarni sizga ta’riflab berolmayman. Ilm shunday narsaki, bir yil, ikki yil azoblanasan, tunni tongga ulaysan, yegan-ichganingda halovat bo‘lmaydi, so‘ng yechim topiladi, uning ta’sirida bir oy osmonda uchib yurasan va keyin yana boshqatdan o‘zingni o‘sha shirin azobga tashlaysan.
Bir ishni boshlab, yechimini topgunimcha sutkasiga 16 soatlab ishlagan paytlarim bo‘lgan, lekin hech charchoq sezmaganman. Aspirant, doktorant shogirdlarim bilan shug‘ullanayotganimizda go‘zal, ayricha misollarni tanlashga harakat qilamiz. Garchi, adabiyotchi bo‘lmasak-da, “jozibador raqamlar”, “g‘aroyib misollar”, “qoyilmaqom natija” degan iboralarni qo‘llaymiz. Masalan, shogirdimga savolim bo‘lsa, “Qani, fikringni eshitaman”, deb emas, “Fikrlaring parvozini namoyish et”, deya murojaat qilaman.
U kutganimdek javob bera olmasa, juda pastlab uchyapsan, meni hayron qoldira olmading, deyman.
– Umuman, matematikning fikrlash tarzi qanday bo‘lishi kerak?
– Abstrakt fikrlashi lozim. Masalan, mening xotiram yaxshi emas, formulalar, teoremalarni eslab qolishim qiyin. Biror misolning yechimini topishga kirishganimda natija qanday bo‘lishini oldindan tasavvur ham qilolmayman, ammo qalam olib, qog‘oz bilan yuzma-yuz qolishim bilan beixtiyor uni yechish usullari xayolimga kelaveradi.
Umuman, matematik juda keng doirada fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. U faqatgina misol-masala yechib o‘tiraversa, shuning ichida o‘ralashib, hayotdan ham orqada qolib ketadi. U badiiy adabiyotlarni ham o‘qishi, san’atni yaxshi tushunishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi shart, hatto, matematiklar orasida juda mohir sozandalarni bilaman. 12 yoshimdan 17 yoshimgacha bir kunda o‘rtacha 100 betdan kitob o‘qirdim. Universititetda o‘qib yurgan paytlarimda kuniga o‘rtacha 20 betdan o‘qishga vaqt topganman.
Otam qanday qilib meni kitob o‘qishga qiziqtirganini aytaymi? “Har bir o‘qib bo‘lgan kitobing uchun bir so‘mdan pul beraman”, degan. Ko‘proq pul undirish maqsadida hamma o‘rtoqlarim ko‘chada maza qilib o‘ynayotgan paytda men 20 ta kitobni birpasda o‘qib chiqqanman (ularning ichida yupqagina kitoblar ham bo‘lgan, albatta). Keyin borib otamdan va’dasining ustidan chiqishini, menga 20 so‘m berishini so‘radim.
Tabiiy, otam bir so‘m ham bermagan. “Bu kitoblarning hammasi meniki, aslida, sen menga pul to‘lashing kerak”, degan. To‘g‘ri, o‘shanda biroz ranjiganman, ammo kitobga oshnoligim shundan boshlangan. Esimda, akam ikkalamiz kitoblarni talashib o‘qirdik. U bitta kitobni o‘qishga kirishsa, mutolaa vaqti tugaguncha unga topshirilgan ishlarni ham men bajarardim, toki, akam tezda o‘qib tugatsin-u, kitobni menga bersin deb. Men o‘qiyotganimda esa akam uy yumushlarini bajarardi.
Shunday qilib jahon, rus adabiyoti klassiklari, Servantes, Gyugo, Xeminguey, Tolstoy, Dostoyevskiy va o‘zimizning adiblarning kitoblarini berilib mutolaa qilganman. Bugun shuni anglab yetdimki, o‘sha o‘qigan kitoblarim hayot yo‘limda har qadamda menga asqatyapti. Masalan, Viktor Gyugoning “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romanini o‘qiganimda, yozuvchining ibodatxonani juda sinchkovlik bilan tasvirlashi menga zerikarli tuyulgan, o‘zingiz bilasiz, yosh o‘quvchi asardagi voqealar rivojiga ko‘proq qiziqadi. Yillar o‘tib, Fransiyaga borganimda Bibi Maryam ibodatxonasini ziyorat qilish nasib etdi. O‘sha bolalagimda o‘qiganlarimni bir-bir xotiramdan o‘tkaza boshladim va bu yerga oldin ham qachondir kelgandek bo‘laverdim. Yoki bo‘lmasa, Servantesning yurti bo‘lmish Ispaniyaga borganimda Don Kixotning sarguzashtlari ko‘z oldimdan o‘tavergan.
Hozir elektron kitoblarni o‘qish odatga aylanyapti. Lekin menga bosma kitob mutolaasining zavqini elektron kitoblar bera olmaydi. Shogirdlarimga ham doim badiiy kitob o‘qishni maslahat beraman.
– Bahrom aka, bundan ancha yillar oldin siz bilan suhbatlashganimizda xorijga takliflar bo‘lsa, butunlay ketasizmi, degan savolimga, “Pul hammaga kerak, ammo odam betob onasi yo ayolini boshqa sog‘iga almashtirmaydi-ku, uning salomatligini tiklashga harakat qiladi, tuzalishi uchun kurashadi”, degan javobni bergan edingiz. Bugungi kunda Xitoydagi nufuzli ilmiy dargohda faoliyat olib borayotgan ekansiz. Hozir ham o‘sha fikringizda sobitmisiz yoki?..
– Insonda kasbiga bo‘lgan muhabbat, u bilan seni bog‘lab turadigan rishtalar borki, uni osongina uzib bo‘lmaydi. Vatanga muhabbat to‘g‘risida ham shunday fikrdaman. Garchi Xitoyda ishlayotgan bo‘lsam-da, yurtimdagi ish joyim – Matematika institutining ilmiy xodimi hisoblanaman. Bir yilda to‘rt-besh oy O‘zbekistonda ishlayman. Ustozimiz Shavkat Ayupov rahbarligidagi grantda qatnashyapman. Doktorantim bor, u bilan ishlayman.
2024-yilda to‘rtta xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Shulardan bittasini sentyabr oyida o‘zim tashkillashtirdim. Anjumanda ko‘pgina rivojlangan davlatlar va O‘zbekistondan taniqli olimlar qatnashdi. Institutimiz bilan doim aloqadaman, ko‘pgina olimlarimizni bu yerga taklif qildim. Nasib etsa, 2025-yilda ham o‘zbek olimlari bilan bir qancha loyihalarni ilmiy hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Umuman olganda, men doim Matematika instituti bilan aloqadaman.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ilm-fan sohalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni xorijiy hamkasblarimiz ham e’tirof etishyapti. Biz bundan faqat faxrlanamiz va shunga javoban Vatanimiz ravnaqi, milliy ilmimiz istiqboliga hissa qo‘shishga harakat qilamiz. Qolaversa, bizning odamlarga o‘xshagan tanti, samimiy, bag‘rikeng kishilarni qayerdan topasiz! Bizchalik bir-biriga mehr-oqibatli, jigarparvar xalq dunyoda kam topiladi. Bir qo‘shningiz, tanishingiz ko‘rinmay qolsa, so‘rab-surishtirasiz, holidan xabar olasiz, vaqtingiz juda tig‘iz bo‘lsa, juda bo‘lmaganda, telefon orqali hol so‘raysiz. Oshna-og‘aynilar bilan yig‘ilib o‘tirasiz, qarindosh-urug‘ingiznikiga mehmonga borasiz, yaxshi-yomon kunida yonida turasiz. Xorijda esa bunday emas. Uning hayoti faqat o‘ziniki, topish-tutishi yaxshi bo‘lishiga qaramay, faqat o‘ziga sarflaydi, o‘zi uchun yashaydi. Shuning uchun men bu yerda butunlay qolish niyatim yo‘q va albatta Vatanimga qaytaman.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

