Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.07.2026 | 12:48

img1505

SAFARNOMA SABOQLARI

Shoir Shahriyor Shavkatning Afg‘oniston safarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib bordim. Safar haqida gazetada e’lon qilingan ikki-uch maqoladan ham xabardorman. Yaqinda Shahriyordan Telegram ilovamga shunday xabar keldi: “Assalomu alaykum. Yaxshimisiz? Sizga bir kitob atagandim, qayerga olib boray?” Xabarni o‘qib, “Jadid” gazetasi 2025-yildagi eng sara maqolalar to‘plamini nashr qilgan chog‘i”, deb o‘yladim. Biroq keyingi yozishmalardan “Hirotga, bobomning huzuriga!” nomli kitob nashr etilgani oydinlashdi. Muallifga muborak, elga manfaatli bo‘lsin!

So‘ngi vaqtda elektron kitoblarni afzal ko‘rib qoldim. Yuki yengil, smartfoningiz yoningizda bo‘lsa – bas, kun, tun, qor, yomg‘ir, anomal issiq yo sovuqni bahona qilmay, xohlagan joyda o‘qib ketaverasiz. Buning ustiga o‘zingizga ma’qul alifboga ham o‘girib olishingiz mumkin. “Bosmasini keyinroq olarman, elektron varianti bo‘lsa, o‘shani tashlang”, deb yozdim Shahriyorga. Tashlab berdi. Ikki-uch kun, ishdan so‘ng uyga borganda uyqu oldidan o‘qidim. Va kitobdagi o‘zimni ta’sirlantirgan voqealar, boshqalarni ham ta’sirlantirishi kerak bo‘lgan hodisalar haqida yozgim keldi…

* * *

Kitobni o‘qib tugatgach, xayolimga kelgan dastlabki tasavvurim: Toshkent qishi. Endigina qor yog‘ib o‘tgan. “Jadid” gazetasi tahririyati joylashgan binodan safar xaltasini orqalagan Shahriyor chiqib keladi.

Atrof sokin. O‘zi yozganiday, chinor shoxlaridagi qor eriy boshlagan, muz tomchilari yerga chak-chak tomadi. Adabiyot muzeyi hovlisidagi Alisher Navoiy haykalining sallasida oppoq qor, yelkasiga esa moviy kabutar qo‘ngan…

…
– Qayerga ketyapsan?
– Hirotga. Bobomning huzuriga. Qabrini ziyorat qilmoqchiman.

* * *

Safarnomada Shahriyorni qayta kashf etganday bo‘ldim. Men uni bosiq, shoirlarga xos hislarga bo‘ysunavermaydigan, birovning oldida qo‘shiq aytish tugul, yolg‘iz qolganda ham xirgoyi qilmaydigan yigit, deb o‘ylardim. Kitobdagi Shahriyor boshqacha bo‘lib chiqdi. U goh safarga chiqqan shoir, goh qo‘l telefonini kameraga aylantirgan muxbir, goh har bir qadimiy g‘ishtdan bobolarining barmoq izini qidirayotgan tadqiqotchi, goh muzlab, och qolib, “Nima zaril edi?” deb o‘zini koyiyotgan yigit, goh zavqi ichiga sig‘may qo‘shiq aytib yuborayotgan shovvoz, goh Navoiy sag‘anasida jorubkash.

Safarnomada yozishicha, bolaligida otasi uni Shahrisabzga, Amir Temur nomi bilan bog‘liq bir joyga olib borgan. U o‘shanda ulkan tosh ostida Sohibqiron yotibdi, deb o‘ylagan. Navoiyning maqbarasini esa bolalik tasavvuri bilan Navoiy viloyatidagi Hirot degan shaharda, deb faraz qilgan. Bola-da. Keyinroq, maktabda o‘qigan jug‘rofiya darsligi uning xayolidagi Hirotni Afg‘onistonga ko‘chiradi. Tarix kitoblari esa bu shaharni butun bir tamaddun poytaxti qilib ko‘rsatadi unga.

Odamni orzu yo‘lga yo‘llashi mumkin, ammo xatarga yuzma-yuz chiqishga unday olarmikan? Menimcha, buning uchun orzuning o‘zi kam. Armon ham kerak… Shahriyor “Boburiynoma” nomli asarni o‘qigan. Keyin ekspeditsiyaga kechikib tug‘ilganidan o‘kingan. “Qaniydi, o‘sha paytda tug‘ilgan bo‘lsam-u, ularga qo‘shilsam”, deb armon qilgan. Qolaversa, ozarbayjonlik navoiyshunos Almaz Ulvi unga Hirotga ikki marta borib, hazratni ziyorat qilgani, Suyima Gʻaniyeva esa olimaga ro‘mol tutib: “Yana yo‘ling tushsa, shu ro‘mol bilan hazrat Navoiy qabrtoshining g‘uborini artib qo‘ygin”, deganini so‘zlab bergan. Bunday hikoyalarni eshitgan shoirning ko‘ngli tinch turadimi?

* * *

Muallif Afg‘onistonda yigirma kun yuradi. Salkam uch ming kilometr yo‘l bosadi. Mozori Sharif, Balx, Hirot, Kobul, Gʻazna, Qandahor, Andxo‘y, Ishkamish… Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Sulton Husayn Mirzo, Gavharshodbegim, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Gʻaznaviy, Boborahim Mashrab, Robiya Balxiy bilan bog‘liq qadamjolarni ziyorat qiladi. U safarda eshitganlarini kitoblardan tekshiradi, mahalliy odamlarning hikoyalarini yozib oladi, olimlarni izlaydi, muallimlar bilan suhbat quradi, qabristonda adashadi, xaroba devorlarni tasvirga tushiradi, ko‘rsatuv tayyorlab, maqola yozadi.

Men kitobni safarnoma shaklidagi dala tadqiqoti deb qabul qildim. Hatto, undan ham kengroq. Bu asar media-safarnoma: matn bor, surat bor, she’r bor, suhbat bor. QR-kodni skanerlasangiz, kitobda tasvirlangan manzara jonlanib, telefon ekraniga chiqib keladi. Hazrat Bobur “ko‘rdim” deb yozgan bo‘lsa, Shahriyor “ko‘ring” deb video ham qo‘shgan. Davrning farqi shu-da.

* * *

Safarnomada men qayta-qayta o‘qigan qism – Kobul. Muallif bu shaharga kitoblar shakllantirgan tasavvuri bilan kiradi. Bobur maqtagan, so‘nggi manzili shu yer bo‘lishini orzu qilgan Kobulni izlaydi. Ammo ko‘z oldidagi shaharning havosi og‘ir, ko‘chalari chang, harakati betartib, ariqlari chiqindiga to‘lgan. Darvoza oldida qurolli soqchi. Bobur bog‘i yopiq. “Bobur maqtagan Kobul shumi?” – degan hayrat o‘quvchining ko‘ngliga ko‘chadi. Negaki, muallif shaharni bezab ko‘rsatmaydi. Ammo uni yerga ham urmaydi. Kobulni jarohatlangan xotira sifatida ko‘radi: o‘tmishi shonli, buguni toliqqan, ammo ertasidan umidvor shahar. Ana shu xolislik kitobni romantik safarnoma bo‘lib qolishdan saqlaydi.

Safarning boshqa kuni esa oddiy, ammo butun kitobning ruhiga tatiydigan voqea sodir bo‘ladi. Mehmonxona xo‘jayini Shahriyorning O‘zbekistondan kelganini eshitishi bilan chehrasi yorishib ketadi: “Imom Buxoriy yurtidanmi?!” Xo‘jayin Shahriyorni bag‘riga bosadi va xodimlariga eng yaxshi, eng toza xonani berishni buyuradi. Natijada yetti kunlik turarjoy haqidan 210 dollar tejaladi. Imom Buxoriy nomi bir necha asr masofadan turib ham begona insonni qarindoshga aylantiradi. Biz “buyuk ajdodlarimiz – xalq diplomatiyasining tayanchi” deb ko‘p gapiramiz. Kitob esa bu gapning hayotda qanday bo‘lishini bir misol bilan ko‘rsatib beradi.

* *  *

“ – Hibatullo, sen mashina tutib, narsalarimni mehmonxonaga olib boraver. Oyoq kiyimimni ham ol. Men hazrat Alisher Navoiy maqbarasigacha yalangoyoq boraman. Yig‘lab-yig‘lab boraman, g‘azallaridan aytib-aytib boraman!” – degan gapni o‘qib, Hirotda Shahriyorning “devona”ligi tutganiga chindan ishonib ketasiz. Ha, kitobdagi boshqacharoq Shahriyor shunday. U Hirotda yetti kun qolib, hazrat maqbarasini yetti marta ziyorat qiladi. To‘qqizinchi fevral kuni supurgi izlaydi. Topolmay, bir do‘kon eshigi yonidagi supurgiga ko‘zi tushadi. Do‘kondor nima qilishini so‘raydi.

– Navoiy hazratlarining maqbarasini tozalayman, – deydi Shahriyor.

Do‘kondor yigit ikki qo‘lini ko‘taradi:

– Supurgi senga tekin, qarindosh! Men maymanalik o‘zbekman.

Chegara bor. Pasport bor. Siyosat bor. Ammo qarindoshlikka bularning hech biri to‘g‘anoq bo‘la olmaydi.

* * *

Shahriyor Toshkentdan chiqish oldidan haykal qarshisida aytolmagan gapini Hirotda she’r qilib o‘qiydi:

Xush kelarmi sizga kelganim?
Qaytmaydimi ko‘nglingiz, qaytsam?
Sag‘anangiz atrofida jim
Nomingizni shivirlab aytsam:
Hazratim…

She’rning so‘nggi bandlarida O‘zbekiston ahlidan salom keltirganini aytadi. Majnun, Farhod, Bahrom singari qahramonlar orasida o‘zini ham bir oshufta, bir yo‘lovchi deb his qiladi. Bu she’rni kitobga qo‘shib qo‘yilgan lirik bezak sifatida ko‘rmaysiz. Muallif Navoiy huzuriga faqat jurnalist bo‘lib emas, shoir bo‘lib borganini tasdiqlovchi hujjat.

* * *

Shahriyorning yutug‘i shundaki, tasavvurimizdagi uzuq-yuluq ma’lumotlarni Hirotning tuprog‘i, odamlarining ovozi va o‘zining hayratiga qo‘shib, o‘quvchining ko‘ngliga olib kira olgan. Biz Navoiyni shoir deb bilamiz. Shahriyor uni madrasalar, rabotlar, masjidlar, xonaqohlar, hammomlar, ko‘priklar, hovuzlar, ariqlar bunyodkori sifatida ko‘rsatadi. Biz Navoiyni Sulton Husayn Mirzoning vaziri va do‘sti deb bilamiz. Shahriyor Xondamir ma’lumotlari orqali bu do‘stlikning so‘nggi kunlarini ko‘rsatadi. Navoiy vafot etganda Sulton Husayn Mirzo uning tobutini yelkasiga olib, piyoda boradi. Xurosonda yetti kunlik motam e’lon qilinadi. Bazmlar to‘xtatiladi. Muhtojlarga ehson tarqatiladi. Shu tariqa, buyuk davlat arbobining qadrini u ketganda paydo bo‘lgan bo‘shliq ko‘rsatadi.

Biz Navoiyning qabri Hirotda ekanini bilamiz. Ammo qabr ustidagi hozirgi xonaqoh 1947-yili hirotlik savdogar Hoji Gʻulomhaydar Muxtorzoda tomonidan bunyod etilgani, keyingi notinch yillarda nurab borgani, o‘zbekistonlik va hirotlik fidoyilar uni qayta-qayta obod qilgani, 2015-yilgi ekspeditsiyada Gʻozg‘on toshidan salkam uch yarim tonnali yangi sag‘ana o‘rnatilganini bilmaymiz. Maqbara atrofiga ekilgan ikki ming tup daraxt haqida ham. Shahriyor ularning yoniga yana bir ko‘chat qo‘shadi.

O‘zbekistondagi navoiyshunoslik maktablari haqida bilamiz. Afg‘onistondagi navoiyshunoslarni-chi? Shahriyor bizga 1968-yili Kobulda Navoiyning hayoti, ijodi va obidalariga bag‘ishlangan yirik tadqiqotini chop ettirgan Muhammad Ya’qub Vohidiy Juzjoniyni tanishtiradi. U Afg‘oniston Fanlar akademiyasida o‘zbek va turkman tillari va adabiyoti institutini boshqargan. Keyin Saripulda Alisher Navoiy nomida xususiy kutubxona tashkil etgan.

* * *

Kitobdagi yana bir lavha maqolaning avvalidagi manzarani yodimga soldi. Toshkentda – Adabiyot muzeyi hovlisida, sallasiga qor qo‘ngan, yelkasida moviy kabutar turgan Navoiy haykali. Afg‘onistonda esa buzib tashlangan yodgorlik. Atrofida beton parchalari, qoraygan temir armatura, chang va loy. Ko‘cha shovqini, motorikshalar, tartibsizlik. Undan narida obod, ozoda tartibga keltirilgan Maxtumquli Firog‘iy yodgorligi. Maxtumquliga ko‘rsatilgan ehtirom kishini quvontiradi. Ammo o‘quvchi ko‘nglida shunday og‘riqli savolni qo‘zg‘aydi: nega Navoiyning yodgorligi ham shunday asrab-avaylanmasligi kerak? Safarnomada tasvirlangan bolalardan biri: “Navoiy ham shu yerda bo‘lsa edi… shunday chiroyli joy qilib berishsa…” deydi. Bola siyosiy bayonot bermayapti. U xotiraga joy so‘rayapti. Shahriyor ularga O‘zbekistonda o‘nlab Navoiy haykali, sharif nomi bilan atalgan teatr va kino uylari, keng va gavjum ko‘chalar, muzeylar, metro bekati, boy kutubxonalar borligini aytadi. Bolalar sukutga cho‘madi…

Aynan shu yozuvlar meni shunday o‘ylashga undadi: Navoiy merosi faqat O‘zbekistonga tegishli emas. Agar Hirotdagi qabr yoki Afg‘onistonning boshqa bir shahridagi haykal qarovsiz bo‘lsa, “u boshqa davlat hududida” deb o‘zimizga tasalli berish uyat. Farzandlik nuqtai nazaridan uyat. Shu bois, O‘zbekiston va Afg‘oniston mutaxassislari ishtirokida Navoiy va Buyuk temuriylar davriga oid obidalarni xatlovdan o‘tkazish, ta’mirtalab holatini aniqlash, raqamli pasportlarini yaratish, mahalliy jamoalar bilan hamkorlikda asrash dasturini yo‘lga qo‘yish lozim.

* * *

Afg‘on o‘zbeklari orasida “Oysha va Mulla Mamadjon” degan sevgi rivoyati bor ekan. Tafsiloti shunday: ikki yosh bir-birini sevib qoladi. Qizning oilasi bunga qarshi. Oysha dardini qo‘shiq qilib aytadi. Ittifoqo, Navoiy o‘sha yerdan o‘tib qoladi. Qizning ovozidagi dardni sezib, gapga tutadi. Keyin otasining oldiga shaxsan borib, Oyshani Mulla Mamadjonga so‘raydi. Ota Navoiyning hurmatidan nikohga rozi bo‘ladi.

Bu rivoyat, tarixiy hujjat emas. Ammo xalqning Navoiysi qaysi kitobdagi Navoiydan kam? Xalq uni yoshlarning baxtini ochgan mehribon amir sifatida xotirasida saqlabdi, demak, odamlar asrlar osha qudratli amaldorlarni emas, o‘z dardiga quloq tutadigan insonlarni eslab qolar ekan!

Kitobda 1965-yili Sulton Husayn Mirzo va Navoiy qabrlari ochilgani, bu jarayonda Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon singari olim va ulamolar qatnashgani haqida ham ma’lumot keltiriladi. Sulton Husayn qabridan Amir Temurga nisbat beriladigan uzuk topilgani, uning g‘oyat chigal kechgan taqdiri haqida ham ancha to‘kis hikoya qilingan. Ochig‘i, bu ma’lumotlar men uchun chindan yangilik bo‘ldi.

* * *

“Bu kitob yoshlarga nima beradi?” degan savolga kelsak: avvalo, Navoiyni aksar yoshlar tasavvur etadigan haykaldan odamga aylantiradi. 1441–1501-yillarda yashagan Navoiyni Hirot ko‘chalarida yurgan, do‘sti bilan davlat yumushini muhokama qilgan, shogirdini qo‘llagan, kutubxona qurgan, ariq qazdirgan, muhtojga yordam bergan, keyin o‘sha shaharda vafot etgan kishi sifatida to‘laqonli tasavvur etishga imkon beradi. Kitobxon Navoiyni imtihonda tushadigan savol emas, ergashsa bo‘ladigan shaxs deb qabul qila boshlaydi. Yana bu kitob shukr qilishni ham o‘rgatadi. “Safarim meni ancha o‘zgartirdi. Hayotimizga boshqa ko‘z bilan qarashni boshladim. Shukronalik hissi ortdi”, deb yozadi Shahriyor o‘z iqrorida.

U Afg‘onistondagi yoshlarning ta’lim, ona tili, ijod va erkin harakat borasidagi sharoitlarini yaqqol ko‘radi. Keyin O‘zbekistonda xuddi osmondan tushib qolganday ko‘rinadigan ne’matlar: maktab, kitob, sahna, televizor, erkin ijod qilish imkoni haqida o‘ylab shukr qiladi. O‘quvchiga shukronalik boriga munosib bo‘lish ekanini anglatadi.

Amudaryoning u tomonida ham turkiyda so‘zlaydigan, Navoiyni bobo deydigan, farzandi o‘zbek tilida o‘qishi uchun maktab ochadigan, mehmonni uyiga boshlaydigan odamlar bor. Daryo ikki davlatni ajratadi. Oqibatni emas. Shu ma’noda, bu kitob millatni xaritadagi chiziq bilan o‘lchamaslikni o‘rgatadi.

Bu gapni isbotlaydigan bir otaxon haqida hikoya bor unda. Oyog‘ida changga belangan maxsi, qo‘llari qadoq, qalin barmoqlarining tirnoqlari sarg‘aygan. Yuzida yillar mashaqqati zohir otaxon. Muallif uni kuzatar ekan, notinchlik va bekorchilik haqida o‘ylaydi-da, beixtiyor so‘raydi: “Shuncha qiyinchiliklar ko‘ribsiz, nega bu yurtni tark etmadingiz, nega tinchroq makon izlamadingiz?” Otaxon bir zum sukut saqlaydi. Keyin oddiy, ammo so‘zsiz taslim etadigan javobni beradi: “Bu yer Navoiy, Bobur, Lutfiy, Mashrablar yurgan, Temur bobomiz ot surgan, nafas olgan, muborak izlari qolgan tuproq. Ular necha asr avval bu zaminni bizga meros qilib qoldirgan. Endi men uni bir o‘zbek sifatida qanday tashlab ketaman?” So‘ng u muallifning o‘zini savolga tutadi: “Xo‘sh, mehmon yigit, sen-chi? Amir Temur va Imom Buxoriylar yotgan muqaddas tuproqni tashlab ketgan bo‘larmiding?”

Bir lahzada suhbatdosh bilan musohibning o‘rni almashadi. Savol bergan yigit sinovga tushadi. E’tibor qiling: otaxon vatanni faqat osoyishta kunlarda seviladigan qulay makon deb bilmayapti. Vatan uning uchun – nomus. Uni tashlab ketmaslik ongli va og‘ir sadoqat.

* * *

Afg‘on o‘zbegi bu kitobda o‘z shevasini, qo‘shig‘ini, muallimini, maktabini, mehmondo‘stligini ko‘radi. Andxo‘yda ona tilida ta’lim berishga urinayotgan ustozlar, Navoiy va Boburga bag‘ishlab tadbir o‘tkazayotgan yoshlar, uyida kitob asrayotgan ziyolilar unga yolg‘iz emasligini anglatadi. Biroq shu bilan birga, uning ona tili uchun qanchalik katta badal to‘layotganini ham ko‘rsatadi. Shahriyor bu haqiqatni kitobning “O‘zbek bo‘lish mashaqqati…” deb nomlangan bo‘limida, ayniqsa, og‘riqli ochadi.

“Yangi yo‘l” maktabi direktori va uning yordamchisini bir vaqtlar O‘zbekistonda tahsil olgan, keyin yurtiga qaytib, o‘zbek tilida ta’lim berishga bel bog‘lagan insonlar sifatida tanishtiradi. Zamon o‘zgarib, o‘zbekcha maktablar birin-ketin yopilganda ham, ular taslim bo‘lmaydi. Farzandini ona tilida o‘qitishni istagan ota-onalar bilan xususiy maktab ochadi. Eng alamlisi, bu maktabni bitirgan yoshlarni davlat idoralari ishga olishga ishtiyoq bildirmaydi. Go‘yo o‘z tilida o‘qigani – ayb. Go‘yo inson o‘z ona tilida fikr yuritsa, unga imkoniyat eshiklari yopilishi kerakdek.

Shunga qaramay, o‘qituvchilar ro‘zg‘ori, bino ijarasi, kitob, jihoz, yorug‘lik, issiqlik – bari odamlarning yelkasida. Bir ota tirikchilik tashvishiga qaramay, farzandi ona tilida o‘qishi uchun har kuni bizning pulimiz bilan hisoblaganda to‘rt yarim ming so‘m ajratadi. Bir oylik to‘lov taxminan 135 ming so‘m. Bizda oddiy kartoshkali somsa sakkiz ming so‘m. U esa bir somsa puliga yetmaydigan mablag‘ni har kuni yig‘ib, bolasining o‘zbek bo‘lib qolishi uchun to‘layapti. Biz uchun ona tilida o‘qish – Konstitutsiya, qonun, maktab va darslik bilan kafolatlangan tabiiy huquq. O‘sha ota uchun esa rizqidan har kuni uzib beriladigan fidoyilik…

Maktab muammosining yonida yana bir ko‘rinmas devor bor. Alifbo. Afg‘onistondagi o‘zbeklarning aksari arab yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan foydalanadi. O‘zbekistondagi ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarixiy, adabiy va boshqa ko‘plab saytlar esa lotin yoki kirill yozuvida. Til bir, ammo yozuv boshqa. Toshkentda tayyorlangan minglab foydali matnlar Andxo‘y, Shibirg‘on, Maymana yoki Hirotdagi o‘zbek o‘quvchisiga begona. “Alifbo yangi Amudaryoga aylanmasligi kerak”, deb yuborasan buni o‘qib. Aslida, muammoning yechimi murakkab emas. O‘zbekistondagi yetakchi ma’rifiy, madaniy, diniy, ilmiy va axborot saytlarining alifbo tanlash bo‘limiga “O‘zbekcha Afg‘on alifbosi”ni kiritish kifoya.

Ishni Navoiy va Bobur asarlari, o‘zbek tili va tarixi darsliklari, bolalar adabiyoti, elektron kutubxona, kasb-hunar materiallari va ishonchli diniy-ma’rifiy manbalardan boshlash mumkin. Keyin audio-matn, darslikning chop etiladigan nusxasi va o‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar qo‘shiladi. Bu – madaniy diplomatiyaning eng arzon, eng manzilli va eng uzoq yashaydigan ko‘rinishlaridan biri.

* * *

Bir yigit kitob va kamera bilan tuzatayotgan tasavvurni ba’zan ayrim teleseriallar buzib qo‘yishi mumkin. Kitobda “La vergüenza española” – “ispancha uyat” degan bo‘lim bor. Bu ibora inson o‘zining emas, boshqaning nomaqbul xatti-harakatidan uyalishini anglatadi. Muallifga afg‘onistonlik bir o‘zbek suhbatdosh bizning telekanallarda ko‘rayotgan seriallarda xiyonat va axloqiy tubanlik qayta-qayta tasvirlanayotganini aytib: “Nahotki, O‘zbekistonda ahvol shu darajaga kelib qolgan bo‘lsa?” – deganday savol beradi. Shahriyor unga: “Bizning jamiyatimizda oila muqaddas, ayol sha’ni va iffati qadrli, oriyatli va hamiyatli insonlar yashaydi”, deb e’tiroz bildiradi. Ammo suhbatdoshning keyingi savoli uni mum tishlatadi:

– Unday bo‘lsa, televizorda ko‘rayotganimiz nima?

Mana shu savol oldida muallif “ispancha uyat”ni his qiladi. Men ham bu sahifani o‘qib uyaldim. Biroq mening uyalishim xorijlikning oldida “bizni noto‘g‘ri tushunibdi”, degan xijolat bilangina cheklanmadi. Men asrlar davomida oila, hayo, oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat degan tushunchalarni asrab kelgan xalqning madaniy qiyofasi arzon mojaro va yengil sensatsiyaga almashtirilayotganidan uyaldim.

* * *

“Muallifning asosiy yutug‘i nimada?” degan savolga men: “Navoiyga muhabbatini gapdan amalga ko‘chirganida”, deb javob qilgan bo‘lar edim. Yana bir yutug‘i – Afg‘onistonni shov-shuv uchun “fon” qilib olmaganida. U o‘zi tasvirlagan odamlarga ism, ovoz, sheva bergan. O‘quvchi Hibatulloni ham, maymanalik do‘kondorni ham, andxo‘ylik muallimni ham eslab qoladi. Kichik detallar bilan esda qoldirish ham katta mahorat.

Navoiyni o‘rganish va targ‘ib etishda ushbu kitobning ahamiyati katta. Negaki, akademik navoiyshunoslik bilan oddiy kitobxon orasida ulkan masofa bor. Olim qo‘lyozma, matn va manba bilan ishlaydi. Oddiy o‘quvchi esa qiziqarli hikoya qidiradi. Shahriyor shu ikkisining o‘rtasiga yo‘l solgan. Xalqchil navoiyshunoslik shudir, ehtimol. Men kitobni dariy va pushtu tillariga tarjima qilish, shuningdek, afg‘on o‘zbeklari qo‘llaydigan arab yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida ham nashr etish kerak. Hech bo‘lmaganda, elektron kitobini global tarmoqqa joylash lozim, degan fikrga keldim.

* * *

Shahriyor faqat Navoiy qabri g‘uborini emas, bizning tasavvurimizga qo‘ngan g‘uborlarni ham artdi, aritdi. U yozgan kitob o‘quvchini tomoshabin bo‘lib qolishiga qo‘ymaydi. U bizdan javob so‘raydi: daryoning narigi tomonidagi o‘zbek bolasiga qanday kitob yetkazdik? U o‘qiydigan alifboda qanday sayt ochdik? Navoiyning qarovsiz yodgorligini nima qilamiz? Seriallar va badiiy filmlarimiz vositasida xorijda o‘zimiz haqimizda qanday tasavvur hosil qilyapmiz?

Bu savollar kishini avvalgidek yashashiga qo‘ymaydi.

Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599