Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.10.2026 | 10:41

img894

SHOIR VA TEATR

Teatr san’ati paydo bo‘lgandan beri bu olamga bir bor nazar solgan insonki bor, uni o‘ziga maftun etmay qolmaydi. Ayniqsa, ijodkor, xususan, qo‘liga qalam tutgan adabiyot ahlining teatr dunyosiga oshufta bo‘lganiga doir anchayin afsona-yu rivoyat tusiga kirgan hayotiy voqea-hodisalar jahon san’at tarixida bisyor.

Bevosita shu dunyoda tug‘ilib, o‘sib, uni hayot mazmuniga aylantirgan Shekspir, Molyer yoki Hamza Hakimzoda kabi ulug‘larni aytmasa ham bo‘ladi. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandasi sanalmish Erkin Vohidovning teatr olamiga oshuftaligi-yu daxldorligi nomlari zikr etilmish bu ulug‘larnikidan farqli, albatta. Erkin Vohidov adabiyotga shoir o‘laroq kirib keldi va shoir bo‘lib o‘tdi. Dunyoviy hayotining biror sahifasi yo‘qki, u shoirlikdan ayro ketib, boshqa adabiy janrlar dunyosiga batamom sho‘ng‘igan bo‘lsin. Shoirimiz neki ijod etgan bo‘lsin, barida shoir, barida inja ko‘ngil nazm zargari bo‘lib bo‘y ko‘rsatib turaveradi. Vaholanki, Erkin aka teatr va kino san’atiga ham yaqindan aloqador, bu faoliyatda ham cho‘ng iste’dodini namoyon eta olgan, haqiqiy san’at namunalarini yaratgan daqiq ijodkor edi.

“Toshkent darbozalari” hujjatli filmi, Ahmad Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan bayram ssenariysi, “Oltin devor” badiiy filmi ssenariysidagi ishtiroki, umuman, oltmish yillik ijodining qay bir davrlarida u yoki bu munosabat bilan kino, bayram maydon tomoshalariga ssenariy muallifi sifatida bosh qo‘shganlarini hisobga olsak, katta ijodiy tarjimayi holning bir chekkasiga bezak bo‘larli bitiklar anchagina chiqadi. Ammo bularning barini bir tomon surib, Erkin Vohidov va teatr mavzusida o‘sha uzun-u fuzun ijodiy yo‘lga nigoh tashlar ekanmiz, ustozning bu yo‘nalishda uncha-muncha dramaturgman deya ko‘ksiga urgan mardumdan ancha baland va shoyon e’tiborli ijodiy mahsullar bergani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Biz, muxlislar uchun Erkin Vohidovning teatrga bog‘lanadigan tomonlari haqida gap ketsa, albatta, eng avvalo, “Oltin devor” komediyasi xayolimizda jonlanadi. Lekin Erkin Vohidovning dramaturgik iste’dodi faqat birgina bu mashhur komediya bilan baholanishi mumkin emas. Garchi bu komediya 1970-yildan boshlab o‘zbek tomoshabinining necha-necha avlodlari qalbidan joy olgan, jahoniy shuhrat topgan bo‘lsa ham. Shoirning turli yillarda qog‘ozga ko‘chgan “Ikkinchi tumor” tragikomediyasi, “Istanbul fojiasi” she’riy dramasi, “Malohatga maktublar” nomli fantasmagoriya pyesalarining mavjudligi Erkin Vohidov va teatr mavzusining hali ochilmagan qo‘riq bo‘lib turganidan dalolatdir. Agar shu sanalgan pyesalar qatoriga “Ruhlar isyoni” dostonining 2005-yili Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgani, ustozning yolqinli she’rlari hamda “Donishqishloq latifalari” hajviyoti asosida maxsus adabiy tomoshaviy kompozitsiyalar O‘zbek davlat drama teatri, Satira teatri va Respublikamizning turli viloyat teatrlarida maxsus sahnalashtirilgani, Viktor Gyugoning “Qirolning dilxushi” tragediyasi hamda Gyotening “Faust” falsafiy tragediyasi Erkin Vohidov tarjimasida o‘tgan asr 70 va 80-yillari telespektakl sifatida qo‘yilgani kabi faktlarni e’tiborga olsak, bu qo‘riqning miqyos va ko‘lami kattagina ilmiy tadqiqotga asos berishini tasavvur etish qiyin emas.

To‘laqonli pyesalarning uchtasi – “Oltin devor” Hamza (hozirgi Milliy akademik) teatrida 1970-yil 25-martda atoqli rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev tomonidan hamda 1996-yili Pokistonda Lahor shahrida “Al-Hamro” teatr kompleksining 1000 kishilik “Komedi Holl” tomosha zalida Ansoriddin Ibrohimov va Dadaxon Nuriy tarjimasida rejissyor Maqsud Yunusov tomonidan; “Istanbul fojiasi” yana shu teatrda 1988-yil 12-mayda rejissyor Nosir Otaboyev tomonidan, bundan biroz avvalroq, 1986-yil iyulida Surxondaryo viloyat musiqali drama va komediya teatrida rejissyor Ne’mat Pardayev tomonidan; 1995-yil sentyabrida “Ikkinchi tumor” tragikomediyasi Ogahiy nomli Xorazm viloyat musiqali drama va komediya teatrida rejissyor Mahkam Mahamedov tomonidan sahnalashtirilgani teatr jamoatchiligiga yaxshi ma’lum bo‘lsa-da, ularning ijodiy qismati har xil kechdi. Bulardan asosan “Oltin devor” komediyasining Toshxo‘ja Xo‘jayev rejissyorligidagi postanovkasi 15 yil uzluksiz Milliy teatr sahnasida benazir san’atkorlar – O‘zbekiston xalq artistlari Gʻani A’zamov, Sayfi Olimov, Eminjon Turdiyev, Saboxon Karimova, Ikroma Boltayeva va qator nisbatan yosh aktyorlar ijrosida ming marotabadan ortiq namoyish etildi. O‘sha postanovka hozir ham O‘zbekiston televideniyesi tomonidan tez-tez ko‘rsatilib, yangi-yangi avlodlarning ham ma’naviy xazinasidan joy olmoqda.

Mazmun ko‘lami, badiiy ifoda fasohati, inson qalb holatlarini kashf etish mahoratining teranligiga ko‘ra, Erkin Vohidov dramaturgiyasining doimiy sanoqdagi yana bir namunasi “Istanbul fojiasi” she’riy dramasidir. Mazkur asarning nashr variantida muallif shunday satrlarni ochqich sifatida taklif etadi:

To‘lqinini, bo‘ronini ko‘rmagan odam
Dengiz doim tinch deb o‘ylashi mumkin.
Inson ham shu, farog‘atda beozor, sokin,
Lekin yurak qatlarida to‘fon yashirin.

Bu satrlar o‘z o‘rnida dramaning asosiy qahramonlari Saodat va Jamol tilidan beriladi. Voqea shuki, o‘tgan asr 80-yillari boshlarida sayohat istagida safarga chiqqan 60 yoshlar yuqorisidagi er-xotin Jamol va Saodat bir oy chamasi O‘rta yer dengizi bo‘ylab haybatli kemada kezinib, Daniyadan boshlab Yevropaning yarim mamlakatlarini ko‘rib, so‘nggi manzil – Istanbulda to‘xtab, so‘ng yurtga qaytishlari kerak. Sayr-u sayohatdan biroz toliqqan er-xotin Istanbulda favqulodda bir hodisaga duch keladilar. Voqea sodir bo‘layotgan paytda dongdor bir kolxozning dongdor raisi bo‘lgan Jamol yigitlik davrida Ikkinchi Jahon urushiga ketib, qahramonlarcha halok bo‘lgan deya qoraxat kelgan ukasi Iskandar bilan uchrashadi. Taqdir taqozosi bilan o‘lmay qolgan Iskandar fashist konslageriga tushib, u yerdan qochgan va bir nemis ayolning yordami bilan oyoqqa turib, o‘sha o‘lkalarda qolib ketgan. Asirlikda bo‘lgan sovet soldatlarini o‘z yurtida sotqin deb qamab, yo‘qotib yuborayotganliklarini eshitib, o‘z ona diyoriga qaytmagan va tirikligi haqida ham hech kimga xabar yetkazmagan. Xorijda hayoti bir izga tushmay, qarilikda Istanbulga kelib, bandargohda biror o‘zbek yurtdoshimni ko‘rarmikanman, deb yolg‘iz kezinib umrguzaronlik qiladi. Va ittifoqo, dengiz bo‘ylab sayohatdan qaytayotgan akasi Jamol va kelinoyisi Saodat bilan uchrashadi. Ming istihola va qo‘rquvda ularga o‘zini tanitadi. Qo‘rquvining sababi, o‘sha davrlarda sovet idoralari kamdan  kam fuqarolarga xorijga chiqishga ruxsat berar, shunda ham ularga xavfsizlik idoralari ayg‘oqchilaridan biriktirib qo‘yar edi. Sovet kishilarining xorijda begonalar bilan uchrashishlari ularga nisbatan shubha-gumonlar uyg‘otar va shunga yarasha munosabat belgilanar edi.

Jamol, Saodat Iskandar bilan uchrashadilar. Tabiiyki, Iskandarning birinchi savoli – uni kenjatoyim deb chandon suyguvchi onasining qismatini bilish, onaning urushga ketar chog‘i o‘g‘liga tikib bergan tumorni urushdan qaytib kelgach, vaqti-qazosi yetganda onaning boshiga qo‘yib, o‘z qo‘li bilan ko‘mish vasiyatini ado etishga oid. Iskandar ona vasiyatini bajarolmadimmi, deb adoqsiz ruhiy qiynoqda. Umuman, hayoti nursiz, urush yillari ajal komiga tushmaganidan ming-ming afsusda. Tirik bo‘lib sonda yo‘q, o‘lik bo‘lib esa tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i markazida Jamol akasi o‘rnatib qo‘ygan ramziy qabr – marmar yodgorlikda nomi sharaflarga ko‘milib turibdi. Asar muqaddimasida “Muallifdan” deya Erkin aka quyidagi izohni beradi: “Hayotda qo‘yilgan bir yanglish qadam ba’zan umrlik qiynoqqa sabab bo‘ladi. Men qalamga olgan Iskandarning qismati shunday”.

Dramani tahlilga tortgan ko‘plab adabiyotshunoslar ham pyesani vatanjudolik fojiasi, Iskandarning vatangadolik qismati deya, birinchi planga vatan tuyg‘usini chiqaradilar. Ha, zohiran shunday. Dastlabki o‘qishda o‘quvchi uqadigan g‘oyaviy xulosa shu. Ammo pyesa matniga sinchkovroq nigoh qadagan muxlis yuqorida keltirganimiz she’riy satrlardagi mazmun-mohiyatni inkishof etadi. Ya’ni tinch, sokin dengizni ko‘rib yurgan odam uning to‘lqin-u bo‘roni ne qadar qo‘rqinchli bo‘lishini tasavvur etmaydi. Inson ham farog‘atda beozor yashayotgandek tuyulsa-da, ammo yurak puchmoqlarida dard, alam, isyon po‘rtanalari yetilib turgan bo‘lishi mumkin. Ayni shu holat “Istanbul fojiasi”ning bosh g‘oyaviy maqsadi, aniqrog‘i, botiniy dardi. Fojiani teran namoyon etayotgan hissiy po‘rtana.

Saodat:

Qanday dahshatli!
Isitmada alahlagan odamga o‘xshab
Tun bo‘yi qo‘rqib chiqdim. Bu ko‘rganimiz
Dengizdagi chayqalishdek bo‘ldi.

Jamol:

Chayqalish –
Nima o‘zi! To‘fon bo‘ldi! Men shu bir kunda
Go‘yo butun hayotimni qayta yashadim.
Dunyo ostin-ustun bo‘ldi.

Darhaqiqat, po‘rtana Iskandarning tirik qolib, vatanjudolik azobida ozurda mavjud bo‘lib yurganligi fojiasidan emas, balki uning Saodatga bo‘lgan muhabbati barbod bo‘lgani, bunga asosiy sababchi akasi Jamol ekanligi va azbaroyi alamda o‘z jigaridan ko‘rgan sitam tufaylidan ham yoshiga to‘lmayoq urush janggohlariga ketgani va o‘sha alamzadalik yarasi bitmay, begona yurtlarda qolib ketgani, ona vasiyatini ado etolmay, bir umrlik vijdon qiynog‘ida yashayotganida edi. Ha, Jamol e’tirof etganidek, “dunyo ostin-ustun” bo‘lganida edi po‘rtana. Po‘rtana asnosidagi fojia edi bu qisqa fursatlik uchrashuv. Ayni zamonda bu fursat butun bir kechmish taqdirlarga teng vaqt birligi edi.

Ukasining umr fojiasini anglab, yuragida larzavor bir to‘lqinni his qilgan Jamol endi o‘z vijdoni qarshisida yuzma-yuz bo‘ladi:

Bu yerda men o‘lib ketgan ukam bilan emas,
O‘lib ketgan vijdon bilan uchrashib qoldim.

Yolg‘on, soxtalik, haybarakallachilik bilan orttirgan dongdor raislik shuhratini o‘ylab, umri shomida halol-u pokiza bo‘lmoq ahdiga keladi:

Men ahd qildim –
yurtga qaytgach birinchi ish –
Markazkomga borib hamma
gapni aytaman,
Bu unvon-u nishonlarim, shon-u shuhratim
Bari soxta deb aytaman.
Ne bo‘lsa bo‘lsin.
O‘n yetti yil ich-etimni kemirib yotgan
Iztirobdan qutilaman.  

Nazarimda, “Istanbul fojiasi”ning mohiyat-g‘oyasi shu lavha va satrlarda bo‘y ko‘rsatadi. Albatta, Iskandarning vatanjudoligi – fojia. Ammo bu ro‘y bergan hodisaning zohiriy tomoni. Botinda esa undan qattiqroq po‘rtana yuz beryaptiki, bu endi boshqa fojialarni muqarrar etyapti, yuzaga chiqaryapti. Bu po‘rtana, avvalo, yolg‘on bilan, soxtalik bilan ushlab turilgan ijtimoiy tuzum – chirib borayotgan sovetlar jamiyatida boshlanayotgan siyosiy, ijtimoiy, ruhiy bo‘hronlar arafasi bo‘lsa, ikkinchidan, ana shu jamiyatda vijdon bilan yashamoqqa uringan insonning qalb fojiasi, o‘zligini yo‘qotish alamlariga qarshi isyoni edi. Jamol aynan shuni nazarda tutib, faryod chekadi:

Tamom! Bari tamom!
Shon-u shuhrat, martaba,
Izzat-obro‘, men tilagan
sokin keksalik,
Ofat to‘lqin yelkasida meni ko‘tarib
Olib borib toshga urdi.
Chilparchin qildi.
Oqibatda nima bo‘ldim? Osmonga qarab
Varanglatib kimdir otgan
mushak men bo‘ldim.

* * *

Iskandarga, bosh egib bor
yurtingga, dedim,
Mana, o‘zim yurtga boshni egib boraman.
Kechir, Vatan, shuhratparast
ekanman, kechir.
Iskandar – oq,
men oldingda yuzi qoraman.
Gʻarib yurtda u xoinmas,
inondim, bildim,
Men bag‘ringda yashab turib
nonko‘rlik qildim.

Mana bosh qahramon tilidan aytilayotgan iqror-fojia. Aynan shu lavhada aks etgan holat pyesaning hamma davrlar uchun ham dolzarb o‘qilishi va uqilishi kerakligini anglatadi. Aynan shu kalitni topgan rejissyor bu pyesani har qanday sahnada jaranglata olishi mumkin. Asar nihoyasida Jamol tilidan aytiladigan chuqur falsafiy xulosa “Istanbul fojiasi”ning asl g‘oyaviy mohiyati o‘laroq voqeaga so‘nggi nuqta bo‘ladi:

Bilki, inson umridan agar
Bir kun muddat qolgan bo‘lsa,
o‘sha muddatni
Poklanishga sarf etmog‘i kerak.
Ha, shunda
Nopok o‘tgan – butun umr bir tush bo‘lar-u
O‘sha bir kun hayot bo‘lar.
Chinakam hayot.

Nazaran, bu so‘zlardan keyin keladigan Iskandarning “Oh, Vatanim, buncha yaqin, buncha uzoqsan”, deya dengiz sohilida turib yurt tomon ketayotgan teploxodga xitoban, tiz cho‘kkancha yig‘lab rozi-rizolik tilashi bu avvaldan muallifning asar yuzasida zohiran anglanuvchi mavzu-motivni “tajohili orifona”, ya’ni bilib-bilmaslikka olish usuli asosida qo‘llashi, matn tagzaminidagi bosh maqsadni pardalashi sifatida qabul qilinishi mumkin. Aytganimizdek, pyesaning tilsimini ochuvchi kalit boshqa, ya’ni inson atalmish xilqatning qalb holatlari, uning evrilishlari, o‘zligini topish yo‘lidagi iztiroblari, to‘fon-u isyonlarini anglash, badiiy inkishof etishda.

Tabiiy savol tug‘iladi: nega Erkin Vohidov pyesalarining sahna taqdiri turlicha kechgan? Ularning tomoshabin e’tirofidagi shon-u shuhrati ham turlicha. Sababi shuki, teatr – bu, alohida san’at turi. Pyesaning sahna hayoti eng avvalo rejissyorga bog‘liq. Katta iste’dodlar yaratgan asarlarning bir emas, bir qancha ma’no qatlamlari bo‘ladi. Ularni uqish, tag matnlar, ramz-u ishoralarni his etish oson ish emas. Ta’kidlaganimizdek, ijodiy yondashuv har bir davr, har bir teatr, har bir rejissyorning o‘ziga xos ko‘rimi bilan belgilanadi. Sahnalashtiriladigan spektakl mumtoz pyesa-asarlarning jozib qatlamlariga kirib, uning tilsimini his qilgan ijodkorgagina kalit tutqazadi. Shu ma’noda, Erkin Vohidov hayot yo‘lida Toshxo‘ja Xo‘jayevning uchrashi bu nihoyatda muvaffaqiyatli tandemning muvaffaqiyatli samaralari uchun bosh omil bo‘ldi. Ana shu rejissyor da’vati bilan Erkin aka o‘sha 1970-yilda yana bir g‘aroyib asar – “Ikkinchi tumor” tragikomediyasiga kirishdi.

Mazkur asarni badiiy-g‘oyaviy mazmuni jihatidangina emas, ayni paytda janr nuqtayi nazaridan ham o‘zbek adabiyoti, jumladan, dramaturgiyasidagi dastlabki tragikomediya deyish mumkin. Unda kulgining o‘rni nechog‘lik e’tiborli bo‘lsa, kulgi ortidan keladigan alam-afsus, ruhiy inqiroz, ijtimoiy fojeiylik zalvori ham shunchalik kuchli va teranligi bilan o‘quvchini larzaga soladi. Taassufki, pyesaning sahna hayoti haqida baland pardalarda alyor aytishga asos yo‘q. Chunki uni rosmana tushunib, matnosti qatlamlarini kashf etib, vizual-tasviriy xayolot asosida sahnaviy talqinini ifoda eta oladigan rejissyor topilmadi. Balki ayrim mutasaddi yoki mas’ullar pyesa mazmun-mohiyatiga ko‘ra sovet turmush tarzi, odamlari haqida noto‘g‘ri xulosa chiqarishga sabab bo‘ladi, degan hadik-xavotirga borgan bo‘lishlari ham mumkin. Chunki pyesa, darhaqiqat, shunday mulohazalarga yetaklaydi.

Pyesada personajlar ko‘p emas – beshtagina: turli psixologik tajribalar bilan batamom band 35 yoshlardagi Mizrob Mahmudiy, uning singlisi – talaba bo‘lish orzusidagi Sunbul, psixoterapevt shogird Muattar, Mahmudiyning sinfdosh do‘sti, radiomuxbir Odiljon va barcha “zamzama”larning sababchisi – 22 yoshlardagi Matmusa. Erkin Vohidovning “Donishqishloq latifalari”ni bilmagan o‘zbek yo‘q. Bu latifalarning bosh qahramoni Matmusa – dumbulfe’l, g‘o‘r, laqma, noshud bir odam. Nazaran, bu obrazning evolyutsiyasi “Ikkinchi tumor”dan boshlangan bo‘lishi mumkin. Erkin aka “Ikkinchi tumor”da boshlab noshud ko‘ringan, hammol, go‘lax, mardikor bo‘lib, o‘zini har ishga urib yurgan yupun bu yigitni hayotiy dinamikada ko‘rsatib, ijtimoiy tip darajasiga ko‘taradi. Pyesaning birinchi faslida Mizrob Mahmudiy xonadoniga xolodilnik-muzlatgich tuzatadigan soxta usta sifatida kirgan Matmusa, g‘aroyib tajriba o‘tkazayotgan o‘sha psixolog olimning tasodifiy undovi bilan uning jiddiy tajriba obyektiga aylanadi.

Mahmudiy institutni bitirib, o‘n besh yildan beri inson miyasining xaritasini yaratish orzusi bilan mashg‘ul. Undan intervyu olishga kelgan sinfdosh o‘rtog‘i Odiljonga tajribalaridan maqsad nimaligini batafsil tushuntiradi: “Inson miyasining imkoniyatlari chek-u chegarasiz. Uning o‘ndan to‘qqiz qismi umr bo‘yi ishga tushmasdan qolib ketadi. Men oldinga surayotgan fikrning qisqacha mazmuni shu: inson tug‘ilishidan qobiliyatsiz bo‘lmaydi. Faqat muayyan sharoitda bosh miyaning ma’lum nuqtalari harakatsiz qoladi. Paganini tug‘ilgan yurtda skripka bo‘lmaganida, u etik moylovchi bo‘lar edi…”

“Shunday vaqtlar keladiki, psixologiya ilmi inson qobiliyatlarini to‘la, mukammal ochib tashlaydi. Bosh miyadagi milliard chiroqlardan qay biri ko‘proq kuchlanishni ko‘tara oladi, qaysi biri porlab yonishga quvvati yetadi – ilm ravshan aniqlab beradi. Shunda tug‘ilgan go‘dak faylasuf bo‘ladimi, tosh ko‘taradigan polvon bo‘ladimi – tug‘ilish guvohnomasiga qo‘shib yozib beriladi…”

“Mening niyatim inson tafakkuridagi yorug‘ yulduzni topish. Buning ma’nosi – insonning hayotidagi, jamiyatdagi o‘rnini topib berish. Men orzu qilaman: shunday odam bo‘lsaki, u bugungi hayotimizdan chetda qolgan, g‘irt omi, ongi ilm bilan zaxa bo‘lmagan… – yozilmagan oq qog‘oz bo‘lsa. Men uni antropologik, genetik, fiziologik tekshirishlardan o‘tkazsam, tafakkur tarzini o‘zgartirsam, yangiyo‘nalish, yangi dunyoqarash bag‘ishlab, yangi dunyoning yangi odamini yaratsam”.

Texnik, texnologik inqilob o‘tgan asrning ikkinchi yarmida jo‘sh urib, 70-80-yillarda favqulodda kashfiyotlarni yaratdiki, bugungi kunda robototexnika insonning har qanday vaziyat va sharoitdagi muqobilini yasab beryapti. Tafakkur jarayonlari bilan bog‘liq har qanday hodisa-holat beistisno to‘lig‘icha temir mashinalar shaklida yasalyapti, ishlayapti. Nuktabin va bashoratmaob shoirimiz Erkin Vohidov o‘sha inqilobiy texnik evrilishlarni ilk paytidayoq ilg‘ab, bu mavzuni turli janr va shakllarda tasvir-u tavsif etishga intildi. Bu mavzu-motivlar o‘tgan asrning 70-yillari boshida “Ikkinchi tumor” pyesasida dastlab keng ko‘lamda ko‘tarilgan bo‘lsa, 1977-yilda yaratilgan “Temirtan daholar” she’rida yanada yorqinroq ifoda topdi.

Umuman, Erkin Vohidovning butun ijodida ilmiy-texnik kashfiyotlarni she’riy satrlarga solish qizil ip bo‘lib o‘tadigan hodisa. Ayni paytda, xuddi “Ikkinchi tumor”dagi kabi, tafakkur yolqinlari har qancha porlab bormasin, biroq insoniy hissiyotlar dunyosiga kira olmaydi, ya’ni to‘la ma’noda inson o‘rnini bosolmaydi, degan qarash qat’iy ta’kidlanadi. Ana shu qarashdan kelib chiqib, bugun global dunyoda yuz berayotgan texnologik inqilob tufayli unga ko‘r-ko‘rona yondashish, sun’iy intellektni barcha insoniy hodisalardan ustun qo‘yish, uning iroda va mezonlariga barcha moddiy va nomoddiy hodisot-voqeotlarni bo‘ysundirish oxir-oqibat umumbashariy halokat – apokalipsisga, diniy-xalqona ifodadagi qiyomat qoyimga olib kelishi muqarrar. Bunday mash’um intihoni ustoz Erkin Vohidov o‘z davrida savqi tabiiy ila his etib, “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” o‘laroq “Ikkinchi tumor” pyesasini yozgan edi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, Toshxo‘ja Xo‘jayevning dramaturgiya, teatr borasidagi ustozligi Erkin Vohidovni bu janrning yetuk vakili maqomiga olib kelayotgan edi. Taassufki, mavjud ijtimoiy to‘siqlar Erkin Vohidov dramaturgik iste’dodining yuksak nuqtalarda yana va yana bo‘y ko‘rsatishiga monelik qildi. Pirovardida, teatr san’ati Erkin Vohidov misolida zo‘r yo‘qotishga mahkum etildi. Garchi teatr borasidagi Erkin aka bilan bog‘liq ijodiy tarjimayi hol orada 15-20 yillar o‘tib, yana davom etgan bo‘lsa-da, bu egri-bugri yo‘llarda Toshxo‘ja Xo‘jayevdek benazir san’atkorning yo‘qligi sezilib qoldi. Biroq ijodiy balog‘at pallalarida Erkin Vohidovning vaqti-vaqti bilan dramaturgiya va teatrga murojaat etib turishi ustozning qalbida sahna san’atining yolqini sira so‘nmaganidan dalolatdir.

Erkin Vohidov va teatr mavzusi, ta’kidlaganimizdek, anchagina ko‘lamdor mavzu bo‘lib, teran tadqiqotlarga asos bo‘lgulikdir. Yuqorida ko‘rib o‘tganlarimizdan tashqari, dramaturg asarlariga bevosita va bavosita murojaatlar bo‘lgan, albatta. Shu ma’noda, kelgusida yana qator ma’lumotlar qo‘shilishi, shubhasiz. Ayni chog‘da Erkin Vohidov dramaturgiyasining g‘oyaviy-falsafiy, badiiy mundarijasi, o‘ziga xosliklari xususida keng ilmiy-nazariy va amaliy tahlil-xulosalar ham bo‘lishi tayin. Binobarin, bunga ehtiyoj-zarurat ham kuchliki, boisi, zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi aynan g‘oyaviy-falsafiy, badiiy va yuksak sahna talablari jihatidan mushkul ahvolda. Demak, Erkin Vohidovdek buyuk iste’dodning pyesalariga avvalgi davrlardagiga nisbatan teranroq, o‘tkirroq va e’tiborliroq munosabat zarurdir.

Shuhrat RIZAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600