Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.05.2025 | 09:33

img620

SHUKRONASI VA HAMIYATI BUTUN ODAM EDI

– Iste’dodli shoir Muhammad Yusufning har bir she’ri millionlab qalblarni zabt etgani, o‘z ohangicha qo‘shiqlarga aylanib ko‘ngildan joy olgani bor gap. Har ko‘ngilda so‘nmas muhabbat uyg‘otgan shoirimizni xotirlab uning rafiqasi, Muhammad Yusuf nomidagi fond rahbari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, shoira Nazira As-Salom bilan suhbatlashdik.

– Nazira opa, odatda shoirlar iqtidori haqida so‘z borsa, ularning lug‘at boyligi qanchalik tosh bosishiga qaraladi. Shu ma’noda chin shoir ijodi xalq tafakkurining zalvorini ko‘rsatadi. Muhammad Yusuf ana shu tafakkurni to‘la his qilgan, boyitgan, quyma, xalqona ohanglari bilan barchaning yuragidan birdek chuqur joy olgan ijodkor edi. Bunday sharaf, mas’uliyat yuki yengil emas, albatta. Ko‘p yillar shoir bilan hamnafas, hamqadam yashagan inson sifatida bugun mana shu joyda – uning haykali poyida ko‘nglingizda qanday hislar kechmoqda?

– Bilasizmi, men uchun eng katta quvonchli voqea – Andijonda shoir nomi bilan ataluvchi ijod maktabi tashkil qilingani, maktab oldida Muhammad akamning byusti o‘rnatilgani va maxsus xiyobon barpo etilgani bo‘ldi. Ana shu xayrli ishlar uchun ham davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman. Yurtboshimiz ijod maktabiga tashrifi chog‘ida uning o‘quvchilariga qarata: “Muhammad Yusuf xalqimiz sevgan samimiy shoir, vatanparvar inson edi. Sizlar uning munosib davomchilari bo‘lishingiz kerak. Buning uchun bir daqiqayam vaqtlaringizni behuda o‘tkazmay, ko‘proq o‘qib, tarixga uyg‘oq boqib kamolga yetishlaringiz zarur. Eng katta boylik – ma’naviy boylikdir”, degan edi. U kishi aytgan bu sharafli so‘zlar nafaqat oilamiz, balki butun she’rsevar xalqimiz uchun katta ibrat va iftixordir, deb bilaman.

Men avvallari poytaxtimizda ham Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab biror xiyobon yoki xotira makoni barpo etilishini orzu qilardim. Ana shu ezgu niyatim bilan hamohang tarzda Adiblar xiyobonining tashkil etilishi unutilmas voqea bo‘ldi. Unda Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov kabi ulug‘ ziyolilarimiz qatorida Muhammad akaning ham haykali qad rostlashi juda katta hodisa bo‘ldi. Chunki hammayam Andijonga borolmaydi. Ammo poytaxtimizdagi haykal oldiga kelib, shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatish imkoni bor…

– Shoir she’rlarini o‘qirkansiz, har birida ulkan dard sezasiz…

– Dardi yo‘q shoir chin shoir emas. Asl shoirning yuragi og‘risa, vatanining dardi bilan og‘riydi. Uning quvonchi ham, shodligi ham, iztiroblari ham xalqiga daxldor bo‘ladi. Shoirni oromidan kechtirgan, bedor qilgan ham, ulg‘aytirgan ham, pirovardida elga suyukli qilgan ham shu dardlar bo‘ladi, aslida. “Qora quyosh”, “Ko‘hna quduq” dostonlarini yoki “Bosmachilar”, “Cho‘lpon”, “Usmon Nosir”, “Qodiriy bobo”, “Fayzullo bobo”larni o‘qib ko‘ring. Barchasida adolatsiz tuzumga isyon, uyg‘oq dard bor. Ezilgan, o‘z erkiga ega bo‘lmagan xalq dardi shoirimizni behalovat qilgan. Afg‘on mavzusiga oid she’rlari ana shu og‘riqlar hosilasidir.

– Bu dardkashlik bevosita ularning xalqqa, zaminga yaqinligi, soddaligi, samimiyligi, hayotsevarligidan ham bo‘lsa, ajabmas.

– Muhammad aka haqgo‘y va halol inson edi. Xalqona hayot tarzini, tabiat bag‘rida bo‘lishni, bolalar ovozini eshitishni yaxshi ko‘rar, oddiy, mehnatkash insonlar bilan suhbat qurish u kishiga ilhom berar edi. U kishining yuragiga qishloq hayoti, ona zamin hidi birday yaqin bo‘lgan. She’rni ilhom bilan o‘qishni xush ko‘rardi. Ba’zan o‘ychan, shoirona xayolot olamiga sho‘ng‘ib ketardi. Shunday kezlarda yana bir go‘zal she’r, betakror asar tug‘ilishini anglab entikardim.

Mehmonnavozlik, do‘stlar davrasida samimiy gurunglar zavqi hayotiga mazmun berar, aksincha, soxtalik, ikkiyuzlamalik va jur’atsizlikdan ko‘p ranjirdi. U kishi yurakdan gapirar, dilida nima bo‘lsa, tilida ham o‘sha edi. Faqat manfaat ortidan quvadigan ayrim kimsalardan uzoqroq bo‘lishga harakat qilardi. Har qanday sharoitda ham xolis, haqiqat tomonda turardi. Amal-martaba u kishi uchun aslo qiziq bo‘lmagan. Chinakam martaba-maqom xalq muhabbati, yurt tinchligi va xotirjamligida deb bilar edi. Qalb pokligi, toza so‘z hayotining ikki naqshi bo‘lgan. She’rlarida ham ana shu poklik, tozalikni hamisha saqlab, bunga qat’iy amal qilgan, so‘z uvolidan qo‘rqqan. Mustabid tuzum davrida ham erkinlik haqida dangal gapirar, she’rlarida ham bunga ko‘p murojaat etar, yo‘qolib borayotgan qadriyatlar uchun kuyinib, “Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar” kabi kinoyali, dilo‘rtar she’rlarini o‘zi ham yaxshi ko‘rib o‘qirdi.

– Taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov Muhammad Yusuf haqida “Uning xalqona samimiy satrlarini yozish osondek tuyuladi ba’zilarga. Qani, yozib ko‘ring-chi! Xudo yuqtirgan iste’dodning so‘zi betakror, betimsol bo‘ladi. Muhammadjon Xudo bergan shoir”, degan edi. Ayting-chi, shoir iste’dodining siri nimada edi? U kishi qanday kitoblardan ilhomlangan? Kimlarni o‘ziga ustoz deb bilardilar?

– Muhammadjon akam xalq og‘zaki ijodini, dostonlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qirdilar. Maxtumquli, Yunus Emro, Mashrab asarlaridan cheksiz zavqlanardilar. Erkin Vohidov va Abdulla Oripovni avliyo darajasida ardoqlardi. Murakkab, tushunish qiyin bo‘lgan to‘qima, ruhsiz she’rlarga ko‘zlari tushsa, jahllari chiqib ketardi. “Bu “dono”lar o‘z onasiga, bolasigayam shu tilda gapirarmikan?” deb jig‘ibiyron bo‘lardi. Taniqli rus shoiri Sergey Yesenin ijodini juda yoqtirardi. Esimda, qaysidir uchrashuvda shoir Shukur Qurbon “Muhammad Yusuf – o‘zbekning Yesenini” deb ta’rif bergan edi. She’r o‘quvchini qiynamasligi kerak, tandirnondek issiq va qadrdon bo‘lishi kerak, deb ko‘p takrorlardi. Shoir nasrni ko‘p o‘qishi shart, yoshlarimizning eng katta kamchiligi shu – kam proza o‘qiydi, deya kuyinardi. Hozir sun’iy intellekt “she’r yozyapti”, “qo‘shiq aytyapti”. Lekin ming yildan keyin ham bu qalbaki idrok Muhammad Yusufdek asl shoirlar ijodidagi samimiyatni, toza ruhiyat va asl milliylikni berolmaydi. Bu tomondan ko‘nglim tinch.

– Yurtimizda Muhammad Yusuf she’rlarini yod olmagan, qo‘shiqqa aylanganlarini jo‘rovoz kuylamagan inson kam. Mana, kuni kecha futbol bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lgan o‘smirlarimiz zavq-u shavqqa to‘lib, “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘ini hayqirib kuylashdi. Menimcha, ana shu ko‘tarinki surur ham g‘alabalarga ma’lum ma’noda omil bo‘ldi.

– Chinakam iste’dodga zamon ham, makon ham daxl qilmaydi, qilolmaydi. 2001-yil iyul. Boshimga osmon qulagandek bo‘ldi. O‘sha kunlarni eslashdan bezib qolganman. Yana mudhish fojiani boshqatdan yashashga to‘g‘ri keladi-da. O‘shandan beri ijodga qo‘lim ham, ko‘nglim ham bormay, faqat u kishining yodi bilan ovunib, o‘zimni chalg‘itib yashab kelyapman. Muhammad akamning kitoblarini chop ettirish, qayta tayyorlash kabi yumushlar menga taskin beradi. Yaqinda ijod stoli g‘aladonida qolib ketgan, chop etilmagan she’rlarini nashrga berdik. U kishi “Kuygan joydan kuy chiqadi”, deb to‘g‘ri aytgan ekanlar. Qo‘lyozmalarni varaqlab, rostdan ham Muhammad akam olovdek yonib, xalq dardida kuyib o‘tganiga, chaqmoqdek she’rlari o‘sha yorqin iztirobning uchqunlari ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.

Bilasizmi, Muhammad aka yoshlar bilan ko‘p ishlagan, hamisha atrofida navqiron qalamkashlar ko‘p bo‘lgan. Qo‘lidan kelgancha ularga g‘amxo‘rlik qilgan. Ana shu ijodkorlarning ayrimlari bugun xalq nazariga tushib, adabiyotda o‘z o‘rnini topib boryapti. Ular meni yo‘qlab kelishganida, to‘y-to‘ychiqlarda, tadbirlarda ko‘rishganda Muhammad aka naqadar oliyjanob ustoz bo‘lgani, uzoqni ko‘ra oladigan donishmand ekani haqida o‘ylayman. Bu ham katta adibning o‘ziga xos xislati ekan, o‘ylab ko‘rsam.

– Nazira opa, bugun o‘zingiz ham ustozning ana shu maslagini davom ettiryapsiz. Yoningizda qizlaringiz Madina bilan Nozima sizga beminnat adabiy dastyor…

– Biz 2003-yili Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondini ochdik. Ikki yildan so‘ng “Oltin qalam” gazetasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Bu gazetani yoshlar minbariga aylantirishga intilib, yaxshi insonlarning ko‘magi, qo‘llab-quvvatlovida niyatimizga erishdik. Fondimiz bir qancha grantlarni qo‘lga kiritdi. Iqtidorli yoshlarni, navqiron tarjimon va rassomlarni kashf qilishga bel bog‘lab, ko‘plarining yo‘llarini topishida ozmi-ko‘pmi hissamiz tegdi, tegyapti. Bu yog‘iga ham rejalarimiz ko‘p.

Eng asosiysi, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, shoirning xotirasini e’zozlash yo‘lida juda ko‘p ishlarni amalga oshiryapmiz: bir qancha asarlari xorijiy tillarga tarjima qilindi, saylanma asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, she’rlari asosida aytilgan qo‘shiqlar zavq-shavq bilan kuylanmoqda, sahna asarlari namoyish etilyapti… Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf go‘zal asarlari orqali biz bilan ikkinchi umrini yashamoqda. O‘lim – tamoman ayriliq degani emas, ruhiy mushtaraklik har qanday hijrondan baland turadi. Ko‘ring, shoir hamma yoqda – muhabbatli ko‘ngilda, otalik baxtida, keksalik gashtida, yoshlarning umidida qayta va qayta jarang sochyapti. Afsuski, Muhammad Yusuf bugungi erkin va omon-omon zamonlarni ko‘rmadi. Agar hayot bo‘lganida qanchalar zavqqa to‘lib, yana qanchadan qancha ajoyib asarlar yozgan bo‘lardi. Hayotlik vaqtlarida “Zomin seminari adabiyotimizni reanimatsiyadan hayotga qaytardi”, deb ko‘p ta’kidlardi. U kishi shukronasi va hamiyati butun odam edi.

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596