Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.09.2025 | 16:41

img421

SIFATLI TA’LIM KAFOLATI

2025-yil boshidan buyon Davlatimiz rahbari ta’lim sohasi vakillari bilan o‘n marta uchrashdi. Ularda oliy, kasbiy, maktabgacha va maktab ta’limi, nodavlat ta’lim, sport va harbiy ta’lim, xorijdagi ta’limni qo‘llab-quvvatlashga oid taqdimotlar bilan tanishdi hamda videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazdi.

Bu tadbirlar allaqachon o‘z mevasini bera boshladi. O‘qituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10–12 million so‘m maosh olyapti. Yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu oydan maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.

Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan.

Islohotlarning eng muhim omili – uzviylik va izchillik, qat’iy ijro intizomi hamda nazorat hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentyabr kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda yutuqlar e’tirof etilib, xato va kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

Mutasaddilarga yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish uchun muddat belgilanib, ayrim mas’ullarga chora ko‘rildi. Kelgusi rejalar va vazifalar aniq ko‘rsatib berildi. Mazkur videoselektorning qaynoq nuqtalari sharhi bilan quyida to‘xtalib o‘tamiz.

* * *

Bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi. Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqariladi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinadi.

Sharoit yaratib berilgani bilan undan to‘g‘ri foydalana oladigan kadrlarga ham ehtiyoj katta. Bugungi kunda davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarida esa 24 foizi oliy ma’lumotli. Shu bois, yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.

* * *

Olis hududlardagi 74 ming o‘quvchi maktabga 5–7 kilometrdan qatnayapti. Qashqadaryo va Surxondaryodagi 100 ta maktabga bepul avtobus qo‘yilgan. Bu zarurat boshqa viloyatlarda ham ilgari surilmoqda.

Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy o‘quv yurtlariga biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ularning 2-kursiga qabul qilinadi.

* * *

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar yaratiladi. Ular “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi.

Joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Mazkur markazlar maktablar bilan uzviylikni jonlantirib, o‘quvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb qiladi. Buning uchun har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Ular o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi. Ushbu to‘garaklar va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha yoshlarning “raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.

* * *

Yurtimizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Lekin ularda yoshlarning qiziqishi, kasb topish ko‘rsatkichi yuqori emas. Shuning uchun Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida barcha texnikumlarga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish zarurligi ta’kidlandi. Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi.

Endi investorlar buyurtmasi bilan texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi. Yig‘ilishda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga o‘rgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni o‘qitishni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

* * *

Videoselektorda mutasaddilar va pedagoglar bilan muloqot bo‘ldi. Albatta, qisqa vaqtda barchani tinglash va javob qaytarish imkoni yo‘q. Shu bois, tahririyatimiz o‘z munosabatini bildirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarga minbar beradi. Toshkent viloyatining tog‘ oldi hududida joylashgan Angren shahridagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi Dilafruz Razzoqova ana shunday ta’lim vakillaridan. Pedagogning taassurotlari bilan tanishamiz:

– Prezidentimiz videoselektor avvalida aynan o‘qituvchilarga e’tibor qaratgani ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi: “Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta’lim va muallimga bog‘liq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: ta’lim, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, muallim”.

Yaqin-yaqingacha xato va muammolarning bor yuki o‘qituvchining yelkasiga tushardi. Ayrim hollarda mahalliy rahbarlar, hatto maktab direktorlari ham yuzaga kelgan muammolarga parvo qilmay, yechimini oddiy muallimga qoldirardi. Bu adolatdan edimi? Albatta, yo‘q.

Davlatimiz rahbari bu borada ham qat’iy fikrni ilgari surdi: “Har bir tuman, viloyat hokimi, biz farzandlarimizni ishonib topshirgan bog‘cha, maktab, texnikum, oliygoh rahbarlari bir haqiqatni aniq bilishi zarur. Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli bo‘lishi kerak! Buning uchun yangi tovar, yangi xizmat, yangi texnologiya kerak! Sifatli ta’lim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yo‘limiz yo‘q! Shu haqiqatni anglab, har kun o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bog‘chasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi!”

Videoselektorda ta’limning barcha bosqichlari – bog‘chadan tortib oliygohga qadar bo‘lgan zanjir qamrab olindi. Ta’limning natijasi qayerda ko‘rinadi? Amaliyotda – ish jarayonida. Yig‘ilishda yoshlarni ish bilan ta’minlashning yangi mexanizmiga ham keng o‘rin ajratildi.

O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars soatlari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarga sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritilishi va buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlanishi aytildi. Yoshi kattalar “bizning davrimizda” deb gapiradi. Lekin 7-8 yil oldin ham maktablarda kompyuter yetarli emas yoki borlari ham ta’mirtalab, ma’nan eskirgan edi. Bu texnikalar faqat ko‘rgazmali qurolga yarar edi. Ammo bog‘cha yoshidayoq telefon, internet bilan tanishayotgan bolani quruq savlat qoniqtirmaydi. Ular albatta zamonaviy texnikani dars jarayonida bevosita foydalanishi kerak.

Yig‘ilishda yuksak iqtidorli o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan maktablar sonining ortayotgani, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino maktablari filiallari ochilishi haqida ham gapirildi. Bu, albatta, yoshlarning o‘z yo‘nalishida chuqur bilim olishi uchun katta imkoniyat. Shular qatorida “Kelajak” markazlarini tashkil etish tashabbusi ham e’tiborga molik. Chunki u yerda ixtisoslashgan maktablarga kira olmagan o‘quvchilar bilan chuqurroq ishlash mumkin bo‘ladi. Chunki jamiyat taraqqiyoti faqat iqtidorli guruhga emas, balki butun avlodning katta hayotga tayyorgarligiga bog‘liq.

Yig‘ilishdan keyin ikki xil tuyg‘u paydo bo‘ldi: birinchisi – quvonch va faxr, ikkinchisi – mas’uliyat. Chunki davlatimiz ta’lim sohasiga katta mablag‘, imkoniyat va e’tibor qaratmoqda. Endi biz bu imkoniyatlarni samarasiz sarflash, qog‘ozda hisobot berish yoki mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q.

“E’tibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10–12 million so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan? Men xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz, degan gaplarim, mana, uch yil ichida haqiqatga aylandi”, dedi Davlatimiz rahbari.

Nutqdagi “o‘z ustida ishlagan” iborasida hikmat katta. Chunki haqiqatda mehnat qilgan hamkasblarimiz munosib rag‘batini olyapti. Hamma gap odamning o‘zida qolyapti. Hazrat Navoiyning bir hikmatli bayti barcha ta’lim sohasi vakillariga qaratilganday:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.

Jamoliddin BADALOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596