Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.01.2026 | 10:44

img1019

TA’LIM VA HAYOT UYG‘UNLIGI

Bugungi tahlikali zamonda barqaror rivojlanish va jahon maydonida raqobatdoshlikni ta’minlashning asosiy sharti – ta’lim tizimining sifat va samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish bilan bog‘liq. Zero, tashqi tahdidlar qanchalik kuchli bo‘lmasin, har bir mamlakat uchun eng katta xavf – ichki zaiflik. Jaholat, mutaassiblik, loqaydlik, mafkuraviy bo‘shliq, qadriyatlar inqirozi, ijtimoiy adolatsizlik – bularning barchasi ichki tahdidlar bo‘lib, ular jamiyatni ichdan yemirishi mumkin. Bunday tahdidlarga qarshi kurashning samarali, ta’sirchan vositasi – ma’rifat hisoblanadi.


O‘zbekiston XXI asrda – global raqobat, texnologik inqiloblar va murakkab geosiyosiy jarayonlar davrida xalqaro maydonda nufuzli mavqega ega bo‘lishi uchun yosh avlodning intellektual va ma’naviy rivojiga, jismoniy va ruhiy sog‘lomligiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur. Bu masalada shunchaki deklarativ
bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, aniq rejalarni amalga oshirish talab etiladi. Zero,
ta’lim – mamlakatning strategik sohasi, kelajak taraqqiyotining kafolati. Bugungi sharoitda ta’lim tizimi yoshlarda mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish vazifasini ham bajarishi lozim.

Millatning najot yo‘li, mustaqillikni mustahkamlashning ishonchli kaliti bo‘lgan ta’lim tizimini isloh qilish ma’muriy masala emas, balki milliy xavfsizlik masalasi sanaladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ko‘lami va mohiyati jihatidan tarixiy ahamiyatga ega. “O‘zbekiston–2030” strategiya sida bu soha alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bejiz emas. Tizimga ajratilayotgan mablag‘lar keskin oshirilib, yuzlab maktablar, yangi turdagi zamonaviy maskanlar bunyod etilmoqda.

Ta’limning sifati faqat mablag‘ emas, balki zamon talablari va istiqbollarini to‘g‘ri baholay olish salohiyati bilan ham bevosita bog‘liq, albatta. Shu bois, xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, yuqori malakali pedagoglarni tayyorlash, o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarimizni sifatli ta’lim bilan ta’minlash borasidagi bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar hozidanoq ilk samarasini bera boshladi.

Oila pedagogikasining sohada o‘rni qanday?

Oilaning ta’lim-tarbiya borasida beqiyos rol o‘ynashi ilmiy asoslangan haqiqatdir. Bola hayotining ilk yillarida oilada olgan taassurotlari uning kelajakdagi shaxsiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarida poydevor bo‘ladi. Biroq, afsuski, bugun bu mas’uliyat ko‘proq maktabga yuklanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ta’lim-tarbiyada oila ta’siri kamayib, ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojdan ko‘ra moddiy ehtiyojning kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Ota-ona tirikchilik tashvishlari bilan band bo‘lib, farzandlarining ma’naviy hamda jismoniy tarbiyasiga yetarli e’tibor qaratmasligi oddiy holga aylanmoqda. Bu esa farzandlarning axloqiy qarashlari, ruhiy dunyosi va qadriyatlar tizimi shakllanishida jiddiy bo‘shliqlarni yuzaga keltirmoqda.

“Biz pul to‘laymiz, demak, siz tarbiyani ham ta’minlashingiz kerak!” – bu so‘zlar bugun ota-onalar, ayniqsa, xususiy maktablarga bolasini bergan oilalar tomonidan yangra yotgan da’vodir. Farzandini ta’lim muassasasiga yuborayotgan ota-ona go‘yo bola bilan birga uning tarbiyasi uchun javobgarlikni ham maktab zimmasiga yuklashga intilmoqda.

Ayni paytda ayrim yurtdoshlarimiz tirikchilik ilinjida xorijda mehnat qilayotgani sir emas. Demak, ularning farzandlari otasiz yoki onasiz, ba’zan esa ota-onasiz ulg‘aymoqda. Xorijda ishlab, farzandining ilk qadamlarini ko‘rmagan, ilk so‘zlarini eshitmagan, maktabdagi yutuqlarini kuzatmagan ota-ona nimani yo‘qotayotganini anglarmikan? Bola tarbiyasi uchun eng muhim vaqt – uning yonida bo‘lish imkoniyati qo‘ldan chiqayotganini tushunarmikan? Ota-ona va farzand o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni sovg‘a-salom yoki yuboriladigan pul bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Farzandning moddiy ehtiyojlari qongani bilan uning ruhiy olami, qalbi, ongi ham boyib qolmaydi.

Maktab – bilim o‘chog‘i, oila – tarbiya beshigi. Bu ikki muhim institut o‘rtasidagi hamkorlik, uyg‘unlik buzilsa, kelajak avlod tarbiyasida oqsash yuzaga kelishi muqarrar. Shunday ekan, keling, avvalo o‘z oilamizni ma’naviyat qo‘rg‘oniga aylantiraylik. Farzand larimiz tarbiyasini boshqalar zimmasiga yuklamaylik.

Oila pedagogikasi – farzandlarni kamol toptirish, ularning ruhiy va jismoniy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha ota-onalar amalga oshiradigan tarbiya jarayonining ilmiy asosi. Bugungi axborot oqimi, yot madaniy ta’sirlar, turli mafkuraviy xurujlar sharoitida yoshlar ongini zararli g‘oyalardan himoya qilishda ushbu pedagogika muhim vazifani o‘taydi.

Fikrimizcha, O‘zbekistonda oila pedagogikasini rivojlantirish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Avvalo, bu yo‘nalish bo‘yicha mukammal ilmiy baza yaratish, milliy tarbiya an’analari, buyuk allomalarimizning oila tarbiyasiga oid qarashlarini tadqiq etish, tizimlashtirish va zamonaviy amaliyotga joriy etish darkor. “Oila akademiyalari” tarmog‘ini shakllantirib, ota-onalarning pedagogik salohiyatini oshirish kerak. Shuningdek, mahallalarda nuroniylar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish, ibratli oilalar tajribasini ommalashtirish zarur.

Mahalla – muhim institut

Hozirgi kunda mahalla faqat ajdodlardan qolgan meros emas, balki davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan institut hamdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda eng muhim ijtimoiy muammolarning yechimini ta’minlovchi yettilik tizimi tashkil etildi, ularning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun yetarli mablag‘lar ajratildi. O‘zingiz ayting, qachon mahallalarda shunchalik ko‘p kuch va imkoniyat mujassam bo‘lgan?

Bugun mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ta’sirchan va amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish zaruriyati tobora ortib bormoqda. Ayni vaqtda, yoshlarning qiziqishi, intilishi, dunyoqarashi o‘zgargan sharoitda, ularga faqat an’anaviy yondashuv bilan ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi. Zamonaviy yoshlar bilan ishlashda innovatsion usullar, zamonaviy texnologiyalar va yangi cha yondashuvlar talab etiladi. Biz farzandlarimizning to‘g‘ri tarbiya topishidan manfaatdormiz. Lekin bugungi tezkor, shiddatli, axborot oqimi o‘ta kuchli bo‘lgan davrda hamma ham farzandiga to‘g‘ri tarbiya bera oladimi? Afsuski… Shuning uchun ham mahalla zarur. Xalqimiz “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” deb bejiz aytmagan. Bu masala bizning qonimizda, milliy pedagogikamizning o‘zagida bor.

Noto‘liq oilalarda tarbiya topayotgan bolalarga alohida e’tibor qaratish zarur. Ota-onadan birining yo‘qligi farzandda turli psixologik muammolarni keltirib chiqarishi, uning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunday holatlarda mahalla ko‘makka kelishi, bola tarbiyasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi, kerak bo‘lsa, amaliy yordam berishi lozim.

Yoshlar uchun sport to‘garaklari, madaniy tadbirlar, kitobxonlik kechalari, uchrashuvlar tashkil qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish – mahallaning muhim vazifalaridan biri. Oila muammolarini o‘rganuvchi ilmiy-amaliy markazlar har bir viloyat va tuman kesimida noto‘liq oilalar, ularning farzandlari bilan ishlash bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif-xulosalar berishi lozim. Quruq statistika emas, amaliy chora-tadbirlar kerak.

Tasavvur qiling: tumanda yuzdan ortiq noto‘liq oila bor. Oila muammolarini o‘rganuvchi markaz mutaxassislari mahalla mutasaddilari bilan hamkorlikda shu oilalarni birma-bir o‘rgansa, ularning farzandlari bilan suhbatlashsa, psixologik testlar o‘tkazsa, muammolarni aniqlasa, so‘ng har bir oila uchun individual dastur ishlab chiqsa – natija bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi. Bundan tashqari, markaz ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlarini olib borishi kerak. Oila qadriyatlarini ulug‘lash, ota-onalik mas’uliyati, oilaviy munosabatlar madaniyatini oshirish masalalari keng auditoriyaga yetkazilishi lozim.

Yangilanayotgan bog‘chalarga yangicha nazar

Yaqin-yaqingacha ham jamiyatimizda maktabgacha ta’lim haqida so‘z ketganda, “bog‘cha faqat ovqat beradi-da” qabilidagi yengil qarash mavjud edi. Bugun-chi? Yaqinda bir necha viloyat bog‘chalarida bo‘ldik. Qarang, to‘rt-besh yoshli go‘daklar allaqachon o‘qish-yozishni o‘rganmoqda. Zamonaviy bog‘chalarda bir qancha xorijiy tillarda sodda jumlalarni gapiruvchi, 100 tagacha so‘z yodlab olgan bolalarni ko‘rish mumkin. Bu Prezidentimizning maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi islohotlari natijasidir. Mamlakatimiz demografik holatidan kelib chiqib, maktabgacha ta’limni kuchaytirish, qamrovini oshirish, sifatini yuksaltirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

Bog‘chalarning soni ortyapti, ta’lim sifati tubdan o‘zgaryapti. Sohada haqiqiy raqobat paydo bo‘lib, uning ilk natijalari allaqachon ko‘zga tashlana boshladi. Endilikda bog‘chalar bolalar salohiyatini ochadigan, intellektual qobiliyatini rivojlantirib, dunyoqarashini kengaytiradigan, ijodiy fikrlashga o‘rgatadigan ta’lim maskaniga aylanmoqda. Ko‘plab bog‘chalarda “hayotiy ko‘nikmalar”, “aqliy salohiyatni oshirish”, “emotsional intellekt”, “kreativ fikrlash” kabi yo‘nalishlarda maxsus dasturlar joriy etilgan. Oddiy o‘yin orqali matematika, fizika, kimyo, biologiyaning dastlabki tushunchalari sing dirilmoqda, ingliz tilida muloqot qilish ko‘nikmalari shakllantirilmoqda.

Maktabgacha ta’lim sohasidagi raqobat pedagoglarning ham malakasini, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Bugun tarbiyachi-pedagoglardan har bir bolaning qobiliyati, iste’dodini aniqlash,
uni rivojlantirish, turli yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazish talab etilmoqda. Ishini yaxshi bilmagan, zamon bilan hamqadam bo‘lmagan tarbiyachilar esa o‘zidan o‘pkalashi kerak.

Maktab ta’limidan nima kutamiz?

Keyingi yillarda mamlakatimizda maktab ta’limiga e’tibor kuchaydi, o‘qituvchilarning maqomi, ish haqi oshirildi, yangi ta’lim muassasalari qurildi, mavjudlari zamonaviy talablar asosida rekonstruktsiya qilindi. Biroq, barcha sa’y-harakatlarga qaramay, hali maktab ta’limi sifati borasida jiddiy muammolar mavjudligini ochiq aytishimiz kerak. Ko‘plab bitiruvchilarning bilim darajasi zamon talabiga javob bermayapti. Buni so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarining kirish natijalari, ish beruvchilarning fikrlari ham tasdiqlamoqda.

XX asr boshlarida, millatimiz tarixining eng murakkab, ziddiyatli davrida jadid ma’rifatparvarlari maktab ta’limini o‘z faoliyatlari markaziga qo‘yib, millat taraqqiyotining bosh omili sifatida aynan yangi usuldagi zamonaviy maktab ta’limini ko‘rganlar va shu olijanob g‘oya yo‘lida mollari-yu jonlarini ham fido qilganlar. Ular uchun maktab ta’limi – bu shunchaki yosh avlodni savodxon qilish emas, balki mustamlakachilik asoratidan qutulish, milliy uyg‘onish, xalqimizni jaholat changalidan qutqarishning eng to‘g‘ri vositasi edi.

“Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, deb yozgan edi Mahmudxo‘ja Behbudiy. Fitrat “Najot yo‘li ma’rifatdir”, deb ta’kidlagan bo‘lsa, Munavvar qori fikricha, “Millatni qutqarmoq uchun maorif kerak!” Bu so‘zlar naqadar haqqoniy ekani bugungi yuksak texnologiyalar asrida yanada yaqqolroq ko‘rinmoqda. Maktab ta’limi – butun ta’lim tizimining poydevori qanchalik baquvvat bo‘lsa, uning ustiga quriladigan imorat – keyingi bosqich va amaliy hayot ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

Kasbni bugun tanlang, ertaga kech bo‘lmasin!

Biz maktab o‘quvchilariga qanday kelajak hadya etmoqdamiz? Haqiqiy savolning mag‘zi shunda! Kasbga yo‘naltirish masalasi bo‘yicha qancha konferensiyalar o‘tkazamiz, qancha ma’ruza va nutqlar so‘zlaymiz, ammo aksar bolalarimiz 11 yillik ta’limdan so‘ng, hamon “Endi nima qilaman?” degan savolga javob izlab sarson bo‘ladi.

Maktablarda kasbga yo‘naltirish – bu faqatgina taklif emas, bu bugungi kunimizning talabi, ertangi kunimizning kafolati! Negaki, to‘g‘ri tanlangan kasb – nafaqat shaxsiy baxt, balki butun jamiyat taraqqiyotining kaliti. O‘z kasbidan nolib yurgan minglarcha odamlarning umri bekor ketayotgani – fojia emasmi?

Zamonaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, kecha urf bo‘lgan kasblar bugun qadrsizlanib bormoqda. Bolalarimizni bu shiddatli o‘zgarishlarga tayyorlayapmizmi? Afsuski, ko‘plab maktablarimizda hamon kasbga yo‘naltirish deganda, bitiruvchi sinfdagi bir-ikki soatlik ma’ruza tushuniladi, xolos! Qani zamon talabiga javob beradigan kasbga yo‘naltirish kabinetlari? Qani jahon tajribasi asosida ishlab chiqilgan tizimli yondashuvlar? Qani ishlab chiqarish bilan maktab o‘rtasidagi amaliy hamkorlik? Savollar ko‘p, ammo amaliy javoblar oz!

Maktab o‘quvchilari orasida so‘rov o‘tkazilsa, ularning aksariyati qaysi kasbni egallashini aytib berolmaydi. Ularning tanlovi ko‘pincha ota-ona, atrofdagilar ta’siri yoki tasodifiy omillar asosida shakllanadi. Natijada ertaga minglab yoshlarimiz o‘zi qiziqmaydigan sohada mehnat qilishga majbur bo‘ladi. Bu kimga kerak? Ko‘pchilik yoshlar tez daromad topish maqsadida tijorat sohasiga kirib, oldi-sotdi bilan mashg‘ul bo‘lishni afzal ko‘rayotgani, ilmiy ishlanmalar, ijodiy loyihalar, innovatsion g‘oyalar va aqliy mehnat mahsuli bo‘lgan intellektual mulk yaratish faoliyatidan tobora uzoqlashayotgani achinarli holat. Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi mamlakatlarda kasbga yo‘naltirish maktab ta’limi davomida uzluksiz olib boriladi. O‘quvchilar turli kasblarni “tatib ko‘rish” imkoniyatiga ega. Ularda amaliyot o‘zaro bog‘liq uchlik asosida qurilgan: maktab – oila – ishlab chiqarish! Bizda-chi?

Xorij maktablarida kasbga yo‘naltirish fan sifatida o‘qitiladi. O‘quvchilarga “portfolio” tutish, rezyume tayyorlash, suhbatlardan o‘tish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Bizda esa bu masala ko‘pincha “hamma narsaga ulguradigan” sinf rahbarlari zimmasiga yuklanadi. Biz qachongacha farzandlarimizni “tasodifiy” kasblar sari yo‘naltiramiz? Qachongacha ularning bebaho qobiliyatlari ochilmay qolaveradi? Qachongacha “hamma o‘qiydigan” kasblar ortidan ko‘r-ko‘rona ergashaveramiz? Maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirishni kechiktirmay boshlash – bu, jamiyatimizga, kelajagimizga qilingan investitsiya.

Uzluksiz ta’lim uyg‘un ham bo‘lsin

Ta’lim tizimi mustahkam zanjirning bo‘g‘in lari kabi uzviy bo‘lishi, biri ikkinchisini davom ettirishi, rivojlantirishi kerak. Ammo bu zanjirda uzilish bo‘lsa, butun tizim unumli ishlamaydi. Bugungi kunda ta’lim tizimida jiddiy muammolardan biri – maktabgacha ta’lim bilan umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta ta’lim bilan o‘rta maxsus va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylik masalasidir.

Maktabgacha ta’limda bolalar ko‘proq o‘yin orqali, erkin muhitda bilim va ko‘nikma- larga ega bo‘ladilar. Biroq boshlang‘ich ta’limga o‘tganlarida, ularga birdaniga rasmiy talablar qo‘yilib, o‘quv yuklamasi keskin ortadi. Tarbiyachi bilan o‘qituvchi pedagogik yondashuvlari o‘rtasidagi farq tufayli ko‘plab bolalarda moslashuv qiyinchiliklari yuzaga keladi. Oliy ta’lim muassasalarining dars xonalariga kirib, birinchi kurs talabalari bilan suhbatlashsangiz, ularning ko‘pchiligi bir xil qiyinchilik haqida gapiradi: “Maktabda boshqacha o‘qitishgan edi, boshqa narsalarni talab qilishardi, bu yerda talablar mutlaqo boshqacha ekan”. Bu yuzaki shikoyat emas, balki ta’lim tizimidagi jiddiy uzilishning ko‘zgudagi aniq ifodasidir. Maktab sinfxonasidan universitet auditoriyasiga o‘tish talaba uchun shunchaki yangi bilim olish bosqichi emas, balki o‘zgacha tafakkur tarziga o‘rganishni talab qiladigan murakkab bosqichdir. Nega shunday? Chunki maktabda o‘quvchidan ko‘proq o‘qituvchi aytganlarini diqqat bilan eshitish, darslik va qo‘llanmalardagi tayyor ma’lumotlarni yodlash, aytib berish talab qilinsa, oliy ta’limda o‘zgacha yondashuv – mustaqil izlanish kutiladi.

Maktab o‘qituvchilari ham, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari pedagoglari ham, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ham o‘z fanlarining rejalarini bir-biridan mustaqil ravishda, ko‘pincha o‘zaro muloqotsiz ishlab chiqadilar. Natijada fanlar mazmunida yoki ortiqcha takrorlanishlar bo‘ladi (bir xil mavzular turli bosqichlarda deyarli bir xil tarzda o‘qitiladi) yoki aksincha, bo‘shliqlar paydo bo‘ladi (muhim mavzular biror bosqichda o‘tilmay, o‘rganilmay qoladi). Ta’lim bosqichlarining baholash tizimidagi tafovutlar ham qiyinchilik tug‘diradi.

Ta’lim marketingidan ehtiyojlar xaritasiga

Bugungi kunda ta’lim sohasidagi eng katta va jiddiy muammolardan biri – ta’lim marketingining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, ya’ni mehnat bozori ehtiyojlarini to‘g‘ri baholash hamda shu asosda malakali kadrlar tayyorlash masalasining oqsayotganidir. Bu muammo ta’lim tizimining ish beruvchilar ehtiyojlariga moslashuvchanligi pastligidan dalolat beradi. Iqtisodiyot va turli hududlar kesimida kadrlarga bo‘lgan “Ehtiyojlar xaritasi” hanuz to‘liq ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinmagan. Bunday xaritaning yo‘qligi kadrlar tayyorlash jarayonini rejalashtirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa, o‘z nav batida, mehnat bozorida bir qator jiddiy nomutanosiblik, disbalanslarni keltirib chiqarmoqda va mam la kat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilmoqda.

Bu murakkab holat ko‘plab yoshlar ning shaxsiy kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bir tomondan, iqtisodiyotning ayrim soha lari, xususan, yuqori texnologiyalar, muhandislik, sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar yetishmasligi kuzatilsa, ikkinchi tomondan, tashvishli tendensiya – “oliy ma’lumotli ishsizlar” toifasining paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu paradoksal vaziyat davlat va oilalar byudjetiga katta zarar keltiradi. Aslida, har bir hududning iqtisodiy salohiyatini chuqur tahlil qilish asosida, o‘sha mintaqada qaysi kadrlarga ehtiyoj borligini aniqlab olish, shunga ko‘ra talabgir mutaxassislarni tayyorlash tizimini zamonaviy ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, maqsadga muvofiqdir. Hozirgi bosqichda hududlar bo‘yicha kadrlar ehtiyojini bashoratlash metodologiyasini takomillashtirish, mehnat bozorini monitoring qilish tizimini yanada kuchay tirish, ish beruvchilar bilan ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurati mavjud. Aksariyat yoshlar zamonaviy tendensiyalarga qarab, nisbatan ommaviy kasblar, masalan, yurisprudensiya, iqtisodiyot, tibbiyot kabi sohalarni tanlashga moyil bo‘lib, ba’zida kasb egallashdan ko‘ra diplom olishni asosiy maqsad qilib qo‘yadilar. Bu holat ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik yetarli emasligidan darak beradi.

Shunday ekan, ta’lim marketingiga – mehnat bozori talablarini har tomonlama chuqur o‘rganish, ilmiy asosda tahlil qilish va shu asosda ta’lim yo‘nalishlarini kelajak ehtiyojlariga mos ravishda belgilashga alohida e’tibor qaratish vaqti allaqachon keldi. Bu masala kunni kechiktirmasdan hal etilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalardan biridir. Ta’lim sohasidagi islohotlarning asl mohiyati ham shu – mehnat bozorining bugungi va ertangi talablariga javob beradigan, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga haqiqiy hissa qo‘sha oladigan malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.

Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlaganidek, ta’lim tizimi jamiyat ehtiyojlaridan bir qadam oldinda bo‘lishi kerak, aks holda, biz global raqobatda ortda qolamiz. Bu esa ta’lim tizimidan strategik fikrlashni talab qiladi. Kadrlar tayyorlash masalasiga faqatgina “Bugun qaysi kasblar ommabop va qaysi mutaxassislar talab qilinmoqda?” degan savolga emas, balki “Ertaga, besh yoki o‘n yildan so‘ng qaysi sohalar rivojlanadi va qanday mutaxassislar kerak bo‘ladi?” degan muhim savolga javob izlab yondashish zarur. Bu yondashuv ta’lim muassasalarimizga iqtisodiyotning uzoq muddatli rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Shukritdin PAXRUTDINOV,
siyosiy fanlar doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600