Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 17:36

img401

SIRLAR-U SEHRLAR O‘RTADI MENI

Rivoyat

1

Payg‘ambar iltijo etdi: – Ey, Egam!
Bu dam bandalaring kechmishi og‘ir!
Sillamiz quridi qurg‘oqchilikdan
– Rahmatingni to‘kkin! Ayt, yog‘sin yomg‘ir!

Qavmimga qaragin – bari pokdomon!

Tangrim, o‘tmay qoldi ammo kunlari.

Tangrim, odamlarni qiynadi yomon

– Nonga zor bo‘lishning cheksiz munglari!

Dunyoda qolmadi bir barg yashillik,

Yerdan qad uzmadi bir poya bug‘doy.

Naqadar benajot bu tarz asirlik

– Qor-u yomg‘iringni yuborgin, Xudoy!

Payg‘ambar nolasi qolmas bejavob,

Vahiy yetib keldi falak toqidan: 

– Ey, rasul, chekmagil buncha iztirob,

Qavming chiqmagandir Olloh rohidan.

Ular yashamoqda halol, beozor –

Maloyiklar o‘qir bu holga tahsin!..   

Ammo orangizda bir gunohkor bor,

U tavba aylasin, tavba aylasin!

Sillasi qurigan odamlar qator…

Vahiydan bir so‘zni etmasdan tahrir

Payg‘ambar aytdikim: – Bir gunohkor bor,

U tavba aylasa, yog‘adi yomg‘ir.

Tez tavba aylasin! Yog‘ar muqarrar!

Rahmonning ra’yini aylasin rozi!..

Jamoa turibdi bosh egib – muztar,

Ammo bir kimsaning chiqmas ovozi.

Rasul xitob etdi – o‘rtanib ma’lul,

Uch bor nido qildi, ammo bekorga…

Ortiga burilib jo‘nadi rasul,

Yana roz aytgani parvardigorga.

Ammo yetib keldi bir zumda bulut,

Guldirak “qars” etdi”! Boshladi yomg‘ir!

Bir damda suv oqdi ariqlar to‘lib –

Ollohning qudrati naqadar mohir!

Bir chetda – ust-boshi yomg‘irda ivib,

Selsebor yig‘ladi bir osiy banda:

– Aybimni yashirding, qodir Xudoyim,

El aro bo‘lmasin, deding sharmanda!

Uyatdan shol bo‘ldi aqlim-u tanim,

Bir sasga quvvatim yetmadi hatto!

Sen ko‘rding egilgan boshimni manim –

Aybimni yashirding, qodir Xudo-yo!..

2

Necha kun to‘lg‘onib, qancha yo‘l bosdim

Ruhda – bu hadisning yuksak sehridan…

Allohim, to‘lg‘onib shu she’rni yozdim –

Tangrimning menga ham tutgan mehridan!  

* * * 

Ba’zan juda go‘zal odamlar ishi!

Beshmi, olti odam (yoxud yettita?)

Yod etib eng ezgu kuzning tashvishin,

Nihollar ekishar ko‘cha chetiga.

Ularning hovlisi emas, bu – ko‘cha!

Ammo beshmi, olti (yoxud yettita?)

Odam reja bilan chamalab – o‘lchab, 

Nihollar ekishar ko‘cha chetiga!

Garchi xazon fasli avjida bu dam –

Hademay, kuz tugab, kunlar qishlashar…

Ammo beshmi-olti (yo yetti odam?) –

Bahor yetganiday – gullab ishlashar.

Yomg‘irdan so‘ng 

Naqadar toza havo –

Yomg‘irdan so‘ng.

Kengayib ketgan dunyo –

Bor tarafi o‘ng.

Falak bo‘yi anqigan

Farishta suvga,

Maysalar – baxt sharhida –

Yuzlarin yuvgan.

Gullar – jannatdan chiqqan! –

Tebranar yelda…

Ruhda bu dam So‘zlar sha’n! –

Kirmoqchi she’rga.

* * * 

Ruhimda to‘lg‘ondi xavotir – tengsiz! –

Go‘yo mensiz sarson bir ulug‘ maqsad:

Bir ulug‘ voqea ro‘y berar mensiz,

Mensiz chekinmoqda bir ezgu sarhad.

Dunyoga doxillik chegarasida

Yashashga ko‘nikkan bu ruh-u yurak,

Qarigan tanimning tevaragida

Yo qafas xatarin payqadi beshak?

Yuksaling parvozning barakatidan!

Uching! Sizni duo aylayman bu dam…

Siz barpo gar umrim harakatidan…

Mensiz ham yashaysiz ammo… Mensiz ham!

Izg‘irin

Beva shamol tunda uvladi.

Izg‘irinda tog‘-u dasht – sag‘ir.

Goho g‘ussa uni quvladi,

Goh g‘ussani yamladi taqdir.  

Shamol chopdi – jarga yiqilib –

Tovonida tosh qirralari.

Bir-biriga oldi tiqilib –

Zich muzladi qor zarralari.

Inlariga kirdi jondorlar,

Izg‘irinning damidan qochib.  

Issiq g‘orda nimadir porlar…

Bo‘ri uxlar – ko‘zlari ochiq!

Bir-biriga bosh qo‘yib chandon,

Dumlarini bosib bag‘riga,

Ikki tulki oladi orom

In ichida – zulmat sahnida.

Ayiq qayda? Ayiq uxlagan

Allaqachon – sovuq yetgan dam.

U afandi – mahkam qulflagan

O‘rasini shox-shabba bilan.

Izillagan sovuqdan qochib,

Allaqayga chekingan xatar.

Ana, quyon uxlaydi yolchib,

Qo‘rqinch haddi bu dam besamar.     

Unutgancha o‘sish zahmatin,

O‘zni tamom yo‘qotib, behis –

Tandan uzmay bori qudratin –

Yer tagida mudraydi ildiz.

Beva shamol tunda uvladi.

Izg‘irinda tog‘-u dasht – sag‘ir.

Goho g‘ussa uni quvladi,

Goh uvvosni yamladi taqdir.  

Shu taqdir-u g‘amni oralab,

Yelkasida hasrati olam,

Borsa kelmas joyni qoralab,

Qaylargadir ketmoqda odam.

Yo rab! Faqat yugurar odam –

Botin yoshdan yuragi ivib.

Yelkasiga mahkam yopishgan

Tashvish uni bormoqda quvib…

* * * 

Sitam daryosi ko‘nglimni buzib yetmish, e voh, ko‘zga,

Bu daryodin demam, kechdim, bu suvlar o‘zgadir, o‘zga.

Ilohim, nurlaring jilvasig‘a qay damki cho‘lg‘onsam,

Vujudim larzaga tushg‘ay – shitobi so‘zgadir, so‘zga.

Musavvirdek rang-u dardlar aro telba talosh o‘ldim, 

Ne tasvirlar yetib qo‘nmish mato ko‘ngilga – oq bo‘zga.

Qismatim shaklini oshkor eturg‘a yetmagay holim.

So‘fiy hol topmadim, yo rab! Qolibman beda’vo ro‘zga.

She’rlar yozarda mast o‘lsam, shiddatim bepoyon kechgay,

Umidkim, yetgaymen oxir seningdek bir dilafro‘zga.

* * * 

Qor yog‘di. Dunyo oq.

Dunyo ozoda.

Dunyoni sayr etgim

Kelar piyoda.

Chalsam, dunyo – navo,

Havo – tiniq nay…

Qarshimdan sen chiqib

Keladiganday.

Qor yog‘di. Dunyo oq.

Dunyo ozoda.

Xotirani kezdim –

Dardim ziyoda.

Sirlar-u sehrlar 

O‘rtadi meni…

Ne qilay? Qorda ham

Umrim yo‘q edi.           

YAXSHI KO‘RISH

Bu gul

tun bo‘yi uxlamagan.

Tun bo‘yi uringan.

Tun bo‘yi zahmat tortgan.

Oromimni

bir zum buzmagan.

Bir zum o‘sishdan

to‘xtamagan,

bir zum…

Mana,

gullab turibdi

tongda!

Meni xursand bo‘lsin, deb

derazamda gullab turibdi

bu gul…

* * * 

– Siz tufayli yo‘llarim yorug‘, – dedi ayol, –

quyosh charaqlaydi uyimda,

ro‘zg‘orim ziyoga qorishgan,

dunyom – munavvar,

ko‘nglim – hamisha kunduz…

– Sen bergan yorug‘ni yo‘llarga to‘shaganman, – dedi erkak, –

sen bergan quyoshni yoqqanman uyimizga,

sening ziyongga qorishgan ro‘zg‘orimiz,

munavvar dunyong ham o‘zingning tortig‘ing,

ko‘nglingni

sen bergan kunduzlar bilan yoritganman…

Shu tarzda

suhbat qurishdi

nurdan iborat

erkak bilan ayol…

* * * 

Kunlar borar kuz tomon.

Havoda she’r bo‘ylari.

Jonga yog‘ar beomon –

Bargning vido o‘ylari.

Sukunatning navosi.

Vaqt o‘rtanib chalar nay.

Dilda she’rning havosi…

Yashab bo‘lmas yig‘lamay.

Usmon AZIM, O‘zbekiston xalq shoiri.

2024-yil 2-fevral 6-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599