Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.09.2024 | 15:32

img514

SOHIBJONGA BUYURGAN SARLAVHA

El orasida “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan naql bor. Bu fikrni Milliy matbuot markazida marhum jurnalist Sohibjon Alijonov xotirasiga bag‘ishlangan “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar…” kitobi taqdimotiga yig‘ilganlar ham tasdiqlashi shubhasiz. “Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan mazkur kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qismdan muallifning turli yillarda gazeta va jurnallarda chop etilgan, ko‘p o‘tmay omma e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan maqolalari hamda bir necha katta-kichik hikoya­lari, ikkinchi qismdan uning hamkasblari, yaqinlari va maslakdosh­lari yozgan turli xotiralar joy olgan. Ularda ijodkorning oila a’zolari, hamkasblari, ustoz va shogird­lariga bo‘lgan munosabati, gazeta va televideniyeda ishlagan paytlaridagi esda qolarli voqea­lar bayon etilgan.

Quyida kitob taqdimotida ishtirok etgan ustoz jurnalist Ahmad­jon Meliboyevning Sohibjon Alijonov bilan bog‘liq xotiralarini e’tiboringiz­ga havola etmoqdamiz.

TAHRIRIYAT

Ijodkor hayotida shunday holatlar ham yuz beradiki, qalami sayroqi bo‘lsa-da, boshini egib, sukutga botadi. Jumlani ilgani ilgak topolmay qoladi. So‘z so‘zga ulanmaydi, fikr quyulib kelave­ra­di-yu ammo qog‘ozga ko‘chganlari iching­dagi to‘fonni ifodalashga ojiz­lik qiladi. Nogahon yaqin kishing­ni, do‘st-qadr­doningni yo‘qotga­ningda bu og‘ir ayriliq alamidan hushing boshingdan uchadi.

Oradan yil o‘tdi, ammo biz iste’dodli telejurnalist, samimiy do‘st, dilbar inson Sohibjon Alijonovni yo‘qotganimizga, endi u safimizga qaytmasligi, biz bilan davra qurmasligi, safarlarda birga bo‘lmasligimiz, zukko mushohadalari, ichakuzdi latifalari bilan gurunglarimizga fayz kiritolmasli­giga ko‘nika olmay, endi-endi hayot nashidasini surayotgan edi-ya, endi-endi ochilayotgan edi-ya, o‘zi uchun yashash ostonasiga yaqinlashgan chog‘da-ya, degan adoqsiz armon girdobida­miz. Do‘stimizning umr daftari varaqlari ko‘p emas ekan, nachora, Allohning irodasiga bo‘ysunishdan o‘zga chora yo‘q.

Sohibjon 2000-yillarda bizning ido­ra­ga ishga keldi. Yangi jamoaga singib ketish hamisha ham oson kech­maydi. Ayniqsa, katta idorada. Har kim o‘z o‘rni, vazifasi va mas’­uliyatini to‘g‘ri anglashi, qat’iyat va talab me’yorini bilishi, quruq buyruqbozlikka berilmasligi, qisqa qilib aytganda, kekkayib ketmasligi kerak. Sohibjon bu bosqichlardan qoqil­may-turtilmay o‘tdi. Jamoaga tez singib ketdi. Katta idoraga xos tartib-qoidalarni yaxshi o‘zlashtirdi, shu bilan birga, televideniyedan uzoqlashmadi, sobiq jamoasi, safdoshlari bilan doimiy aloqada bo‘ldi. Teledasturlar mavzu­sini kengaytirish, mazmun va shakl jihatidan boyitish yo‘llarini qidirdi, tele­jur­nalistikaning boshqa ijodiy yo‘na­lish­lardan farq qiluvchi jihatlarini o‘rgan­di, uning bu “boyligi” vaqti kelib yana teleekranga qaytganida o‘zi va jamoasi uchun juda-juda qo‘l keldi.

Bu dunyoda mashaqqatsiz erishi­la­digan hech bir yutuq yo‘q, aslida. ­Od­diy bir kasbning ham ming azobi-yu yana shuncha sabog‘i, past-balandlik­lari bor. Dunyo anglash qiyin bo‘lgan mavhum bir pallaga kirib bo‘lgan va bu jarayonda o‘zligini yo‘qotayotgan paytda teleekranga qaysi mavzuni olib chiqish kerag-u, qaysilaridan tiyilish lozimligini farqlash, jamiyat, odamlar hayotini bexato kuzatib borish oson ish emas. O‘zTVda bunday holatda qanday yo‘l tutish kerakligini biladigan ustozlar ko‘p. Sohibjon ular safiga dadil kirib bordi, quruq qo‘l bilan emas, o‘z o‘rni, ovozi, teleuslubi, ifoda (nutq) mahorati, ishontirish san’ati bilan kirib keldi. Bugun uning tasmalarda qolgan ko‘rsatuvlarini, efirda men bilan qilgan suhbatlarini qayta-qayta tomosha qilar ekanman, sog‘inch hissi vujudimni qam­rab oladi.

Ko‘pni ko‘rgan momolarning deyarli unut bo‘lib borayotgan bir udumi yodimga tushadi – lo‘ppi yuzli chaqaloq­lar ko‘zikib ketmasligi uchun ularning yuzlariga jindek qorakuya surib qo‘yi­shardi. Biz – Sohibjonning yaqinlari, shu udumdan o‘ziga bildirmay goh-goh foydalanib tursak bo‘larkan-da, deyman. Chunki u ishda, oilada, do‘st­lar davrasida, xizmat safarlari-yu yig‘in-mashvaratlarda havas qilgulik ishchanligi, murakkab vaziyatda gapni gapga qovushtirishi, zehn-zakovati bilan boshqalardan ajralib turar, nima ish qilish kerak, qanday yo‘l tutish lozimligini boshqalardan avvalroq fahmlar, ammo o‘zini ko‘rsatishga hara­kat qilmas, davra to‘riga, minbarlarga intilmas edi. Shunday bo‘lsa-da, unga havas qiluvchilar bilan birga, balkim, ozroq hasad qiluvchilar ham bo‘lgandir, chetroqqa o‘tib, do‘stimizning yutuqlariga quvonish o‘rniga, miyig‘lari­da yarim oshkor, yarim sirli kulib turishgandir, degan o‘yga boraman.

Sohibjon kuyunchak, jonsarak, bir joyda harakatsiz turolmaydigan yigit edi. O‘ziniki qolib, boshqalar­ning muammolariga yechim qidirardi, g‘a­royib yo‘ltoparligi bor edi. Qoyil qolardik. Bir gal davradoshlar, odati­mizga ko‘ra, yig‘ilishib, tog‘ sayriga chiqdik. Bir azamat tadbirkor qurgan dam olish uyida tunab, charchoq yozdik, yayradik. Dam olishning ko‘p va xo‘b imkoniyatlari mavjud bunday joylar faqat xorijda bo‘ladi, degan gap eskibdi: o‘zimizda ularnikidan ham zo‘rlari paydo bo‘libdi, marhamat, do‘stlar, jamoa, oila, mehmonla­ringiz bilan kelib, huzur qiling, yayrang, tanangiz ham, ruhingiz ham orom olsin.

Shunday bo‘ldi ham. Rosa miriq­dik. Ammo…

Ertasi kuni shaharga qaytish vaqtida kutilmagan bir kelishmovchilik yuzaga keldi: biz bu yerdagi dam olish vositalaridan foydalanishda vaqt va sanoqqa amal qilmabmiz. Hisob-kitob raqamlari chalkashib ketibdi. Xizmat ko‘rsatuv­chilar “Yana faloncha so‘m to‘laysiz­lar”, deb turib olishdi. Ularni tushu­nish mumkin – hamma amal qiladigan preys­kurant bor, arzon emas. Faqat… hammamiz birga harakat qilganimizda ham so‘ralayotgan mablag‘ni to‘p­lashning iloji yo‘q. Bir-birimizga sirli qaraymiz, ammo hech kimdan sado chiqmaydi. Shunda Sohibjon “Bu nozik masalani menga qo‘yib beringlar”, dedi-da, yeng shimarib ishga kirishib ketdi. Jiddiy, ehtirosli muzokara boshlandi. Tilimizning shirin­ligi, muomala odobimizning boy­ligi­ga nima yetsin – oradan ko‘p o‘tmay qo‘shimcha xarajatsiz tarixiy kelishuvga erishdik.

Faqat shu emas, Sohibjon latifa aytishda, davrani qizitishda ustasi faranglardan edi. U bo‘lib o‘tgan kulgili bir voqeani hikoya qilar ekan, ko‘z ­o‘ngingizga o‘sha voqeani bor bo‘y-basti bilan keltira olardi. Mana, uning ko‘p yillardan beri davradoshlar og‘zidan tushmay kelayotgan bir hangoma hikoyasi: “Sohibjonning ham­qish­log‘i bir necha yil mablag‘ yig‘ib, yengil mashina sotib olibdi. Har kuni ertalab tanish-bilishlari­ning ko‘zini o‘y­natib, rulda viqor bilan o‘tirgancha ular­ning yonidan vizillab o‘tib, Qo‘qonga ketar ekan. Bitta ta­nishi: “Hoy, noinsof, bir o‘zing ketmay, meni ham olib ketsang-chi, bir joyga bora­miz-ku, axir, yo‘lingga chiqib turaman”, degan ekan, u “Bila­san-ku, chap ko‘zim yaxshi ishlamaydi, sen yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tib tur”, debdi. Tanishi shunday qilibdi ham. Mashina sotib olgan ­yigit esa uni ko‘rmaganga olib, yonidan vizillab o‘tib ketaveribdi. “Hoy, yaramas, o‘ng tomonga o‘tib tur deding, bir haftadan beri o‘tib turibman, nega to‘xtamayapsan, yo meni ko‘rmayapsanmi?”, deb xafa bo‘lgan ekan, mashi­nali yigit bamaylixotir: “Ko‘ryapman, ammo o‘ng tomonda turganingdan seni Qo‘qongamas, Bag‘dodga ketyapti shekilli, deb o‘ylabman-da”, dermish.

Sohibjon bilan marshrutli taksida ro‘y bergan g‘aroyib hangomani yoki traktorchi yigitning qishloqqa kelgan Iqbol Mirzoga ziyofat bermoqchi bo‘lganini yozish kerak emas – eshitish kerak. Men ham hangoma aytuvchilar safida borman, bu borada Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon, Temur Ubaydulloga yaqin tursam ke­rak. Ammo Sohibjonning latifa aytish mahorati o‘zgacha edi-da. U har holat ifodasi­ni san’at darajasiga yetkazish, so‘zni hara­katga aylantirish qobiliyatiga ega edi.

Insonning kamolga yetishi u ­yashab o‘tgan yillar sanog‘iga hamisha ham mos kelavermaydi. Kimdir erta, kimdir kech yetiladi. Birov qirq yoshda, bosh­qa birov yana shuncha yil yashagani­dan keyingina “ochiladi”. Ochilmay o‘tib ketganlar qancha. Bundan bir necha yil avval marhum Anvar qori Tursunov haqidagi xotira kitobga maqola yozib, unga “Erta gullagan donishmand” degan sarlavha qo‘ygan edim. Maqola kitobda boshqacha sarlavha bilan chiqdi. ­Mening sarlavham Anvar qori kabi sal ertaroq gullagan Sohibjonga buyurgan ekan. Bu gapda aslo mubolag‘a yo‘q. Biz yosh donishmand do‘stimizni yo‘qotdik.

Shunday deyman-u, sarlavhani ushbu maqola tepasiga qo‘ygim kelmadi. Xotira­siga ko‘z tegmasin deyman-da.

Ahmadjon MELIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img78

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593