21.06.2024 | 19:14
738
“QIZ CHIQARGANGA QIRQ YIL TEGMA” yoxud topgani to‘yga buyurgan odamlar…
Andijonda “yuz ochdi” degan marosim bor. To‘yning ertasi kuni yangi kelinning uyidagilari bir guruh qarindoshlari bilan kuyovning xonadoniga kelib mehmon bo‘lishadi. “Bor tovog‘im-kel tovog‘im” qilishadi.

O‘rta va katta avlod vakillari yaxshi eslasa kerak, bu marosimda kelinchakning yuziga ro‘mol to‘sib, yangi oila a’zolari oldiga olib chiqishadi. Qaynotasi qo‘liga guruch, un, yog‘ soladi. Kelinchak hovuchidagi masalliqlarni supraga to‘kadi. Keyin… Oilaning eng kichik a’zosi qo‘lida o‘qlov bilan ro‘molni ilib olib tashlaydi va shu bilan kelinchakning “yuzi ochiladi”. Marosim shuning uchun ham “yuz ochdi” deb nomlangan. Mehmondorchilik yakunida xatmi Qur’on qilinadi.
Kuyov tomon uchun o‘g‘il uylashdagi eng muhim marosimlardan biri bu – “yuz ochdi”. Chunki, “yuz ochdi”da kelinning onasi, ya’ni quda ham ilk bor qarindosh sifatida keladi. “Yuz ochdi”ga alohida bozorlik qilinadi. Maza-maza, mehmonlarga maza. Shuning uchun anjancha “yuz ochdi”ga aytilsa xotinlar jon-jon deb borishadi. Quruq qaytmasligini bilishadi-da.
“Yuz ochdi”ga quruq borib bo‘lmaydi, deyilgan joyi bor. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, kimdir manti, kimdir somsa olib keladi. Qo‘shnilar, hech bo‘lmaganda, qatlama pishirib chiqishadi. Qiz tomondan kelganlar yo osh qilib keladi (asosan devzira guruchda), yo oshning masallig‘ini solib keladi. Biz tarafda buni “xom osh” deyishadi. Kuyov tomon avval suyuq taom tortadi. Bizning mahallada yo lag‘mon, yo mampar qilinadigan bo‘pqolgan. Agar quda taraf osh qilib kelgan bo‘lsa, mehmonlarga marosim oxirida o‘sha osh tarqatiladi, masalliq olib kelgan bo‘lsa, o‘sha masalliqdan palov qilinadi.
Suyuq ovqat va osh orasida tortiladigan ovqatlarni sanayman: turli salatlar (kamida ikki xil), somsalar (go‘shtli somsa ro‘yxatda, albatta, bo‘ladi, qudalarning yuzi – bu), manti, tabaka yoki qozonkabob, shirguruch. Qisqasi, kim nima ovqat olib kelgan bo‘lsa, o‘shandan qudalarga kiritiladi. “Yuz ochdi”ning guli – kabob. Ayniqsa, to‘yxonada o‘tkazilayotgan bo‘lsa, albatta, tortilishi kerak. Issiq ovqatlardan tashqari dasturxondagi noz-ne’matlarni aytmaysizmi? Patir-somsa, gijda non, qatlama, qaymoq va holvaytar. Bir-ikki xil salat. Bahor faslida bo‘lsa qulupnay, gilos, o‘rik, yozda esa qovun-tarvuz, shaftoli, olma, mandarin, banan, kuzroqda bo‘lsa uzum, anor, behi, anjir, nok va hokazo.
Endi chaq-chuqlarga navbat. Pista, bodom, yeryong‘oq, funduk deydimi, shunaqa. Arabcha xurmo, yong‘oq, mayiz va sho‘rdanak.
Konfetlarni umumiy nom bilan shirinliklar deb atay qolaylik. Bularga qog‘ozli qandlar va pirojniy-morojniylar kiradi.
Ichimliklar: fanta, kola, pepsi, kompot yoki meva sharbatlari, oddiy suv, “Borjomi”, “Chortoq”…
Yana nima qoldi yozmaganim? Iya, go‘shtli assortini yozmabman-ku! Kesim-kesim qazi, o‘rama go‘sht, kurka go‘shti, dudlangan va qaynatma kolbasa, pishloq va brinza. O‘rtada pomidor-bodring, ko‘kat bilan bezatilgan anvoyi to‘plam.
Mehmondorchilikning avji, qaynoq nuqtasida “oldi-berdi” boshlanadi. Badiiy asarlarda “kulminatsion nuqta” deyishadi-ku!
“Yuz ochdi” marosimi kuni kelin tomon rosa “shilinadi”. Ya’ni qudalarga narsa tashlash bo‘ladi. Qaynonasiga ko‘rpa, qaynotasiga ko‘rpa. Quda bo‘lmish umra yoki hajga borib kelgan bo‘lsa, bitta chiroyli kamzul yoki jemper (ko‘proq oqidan, hojilar oq kiyim kiyadi-ku), kuyov bolani bobo-buvisi bo‘lsa, ularga ko‘rpa yoki odeyal, uyda qaynsingil bo‘lsa, ungayam biror kiyimlik tashlanadi. Amma-xola, uydagi kichkintoylar ham quruq qolmaydi. Kuyov bolaga-ku, narsalarning eng yaxshisi. Himmatli quda bo‘lsa yana bosh-oyoq sarpo qiladi, bo‘lmasa, hech yo‘q turkcha sport kiyimi. Kuyov tomon ham kelinning ota-onasi, opa-ukasiga ataganini ilinadi. Amma-xolalarga esa o‘zlari olib kelgandan biron ko‘ylaklik mato qaytariladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi to‘yda mehmonlarga tilla buyumlar tarqatilgani aks etgan video tarqalgandi. Bizda hartugul tilla tarqatishmaydi. Har bir mehmonga bittadan idish-tovoq yoki sochiq ulashiladi.
“Yuz ochdi”dan keyin dasturxonda deyarli hech vaqo qolmasligi kerak. Irimi shu. Ayollar bo‘kib yeb-ichgani yetmagandek, hamma narsadan tugunga tugib olib ketishadi. “Peshdasturxon” deb qo‘yishadi buni. Marosimdagi hamma qiz-juvonlarga dasturxon tugib beriladi. Shuning uchun “yuz ochdi”ga dasturxon tuzaganda noz-ne’matlardan biroz kemtib, bir joyga olib qo‘yish kerak. Hali oldinda “kelin ko‘rar” bor. To‘p-to‘p bo‘lib mahalladan xotin-xalaj kelinchak ko‘rgani kirishadi, “pistasidan chaqib chiqamiz” deb.
– Endi senam katta xotin bo‘pqolyapsan, shunaqa marosimlarga aralashib tur, ertagayla o‘g‘il uylaysan, o‘rganib ol! – deb qoldi kichik opam.
Uning gapi bilan katta opam o‘g‘lini uylaganda “yuz ochdi”da o‘tirdim. Avval aytganimdek, suyuq ovqat keldi. Sho‘rva, orqasidan ikki xil somsa, keyin qo‘sh manti. Bir payt taqsimchaning chetida bir kapgirgina moshkichiri, bir juftdan kartoshka, tovuq oyog‘i keltirishdi.
– Menga qo‘ymang, yemayman! – deb qaytarmoqchi bo‘ldim.
– Olib qolavering, yeyolmasangiz uyga obketasiz! – dedi qarindoshim.
– Voy, opa, sumkamga qanday solib ketaman? Daftarlarim yog‘ bo‘ladi-yu, – dedim.
– O‘zlari idish berishadi hozir, qarab turing!
Rost ekan. Marosim oxirida, ya’ni otinoyilar duo qilib bo‘lganlaridan so‘ng bir kelin kirib, hammaga bir marta ishlatiladigan yelim idish tarqatdi. Mehmonlar yeb-ichganidan ortganini idishga zichlab, joylay boshlashdi. Ovqatlar solinib, idish og‘zi yopildi. Keyin dasturxonchi kirib dasturxon o‘rtasidagi sindirilmagan nonlarning hammasini bir-bir oldi. Katta-katta chorsilar olib kirgan ekan. U chorsilar ham bobomning shoyi belbog‘iday ka-a-a-atta. Peshdasturxon tugildi. Bu otinoyilarga ekan. Hozir kattaligi savatday keladigan patirlar chiqqan ko‘rgan bo‘lsanglar. Kuyov patir deyishadimi-yey. Mazasini bilmadim-u, ko‘rkiga gap yo‘q. Bu patir sindirilmasdan shundoq mehmonlarning tuguniga kirib ketdi. Ustiga yog‘li patir, saryog‘li va do‘ltali non ustma-ust qo‘yildi. Uning ustiga qatlama, keyin somsa va ezilib ketmaydigan pishiriqlardan taxlandi. Yana qand-qurs, chaq-chuqlar, uning ustiga olma-banan-mandarin kabi mevalar. Uzum ezilib ketadi, deb solishmadi, bir gujumdan bo‘lvolib yeb qo‘yaqolishdi. Keyin dasturxonchi chorsilarni tugdi. Uchlari bog‘lashga zo‘rg‘a yetdi o‘ziyam. Chorsi jonivor tirsillab turibdi. Darvoqe, noz-ne’matlarni ustida latta-puttasiyam bor. Mehmonning obro‘si, mavqeiga qarab toza mato yo mundayrog‘i solinadi. Hozir mato o‘rniga otinoyilarga yaxshi parko‘rpa yo yopinchiq berilyapti. Xuddi to‘y-ma’rakada qori akalarga berilayotgani kabi. Undan tashqari, otinoyilarning tuguniga pul ham solib qo‘yiladi. Miqdorini bilmayman. Xullas, otinoyilarning ko‘ngli olindi hisob. Endi kelgan mehmonlarga navbat: hammaga durra tarqatildi, har kim o‘z oldida turgan yemoq-ichmoqni o‘zaro bo‘lishib, tugvoldi.
Bunaqa marosim qayda bor yana? Mehmonlar yeb-ichganidan tashqari, dasturxonni ship-shiydam qilib ketsa. Hamma ayollar tugunini tugib bo‘lgach, razm solsam, dasturxonda sindirilgan to‘g‘ramcha nonlar va piyolada yarimlagan qaymoq, chala yeyilgan tarvuz-qovundan boshqa hech narsa qolmabdi.
“Shu qaymoqqa ham yelim idish tarqatishsa bo‘lar ekan”, deb hazillashdim. Hazil tagidagi kesatiqni birov tushunganiyam yo‘q. Mehmonlar tarqashdi. Idishlarni yuvishga qarashayotsam, jiyanim bechora yana ovqatga piyoz to‘g‘rashtiryapti.
– Iye, ha? Shuncha yeb to‘ymadilaringmi? Yo kuyov oshi uyda bo‘larkanmi?
– Xola, ovqat mehmonlardan oshmadi-yu. Biz yeganimiz yo‘q. Ichkariga olib kirib ketyapti-olib kirib ketyapti… Lagan-tovoq qaytdi-yu, ovqat qaytmadi. Kabobniyam bitta qoldirmay ichkariga uzatvordik. Xotinlardan hech narsa qaytib chiqmaydi-da o‘zi…
Kulgili va uyatli. Mabodo, davramizga birorta chet ellik mehmon aralashib qolsa nima bo‘ladi? Xudo ko‘rsatmasin!
Shu narsa yaxshimas, deb dasturxonchiga gapirsam, yoqmadi. “Ehson – bu!” deydi. Bir tomondan uyam o‘zicha haq. Ammo har ishda me’yor bo‘lishi kerak. Uy egasi dasturxon yozdi, yeb-ichdingiz, sovg‘a ham berdi, kamiga talab-tunab chiqib ketish shartmi?
Ana shunaqa “mehmondo‘stlik” bilan to‘y qilamiz biz. Mundayrog‘iga ko‘nglimiz bo‘lmaydi. Ayniqsa, shaharda, shaharga yaqin hududlarda orzu-havasni mol-dunyo bilan o‘lchaydiganlar ko‘p. Andijonda qiz chiqarish juda qiyin va qimmat.
To‘y va marosimlarni kamchiqim qilib o‘tkazish haqidagi gap-so‘zlar, muhokamalar bir ko‘tarildi-yu, keyin bosilib ketdi. Hozir birovning ishi yo‘q. To‘g‘rida, mahalla idorasining boshqa qiladigan ishi yo‘qmi? Ayniqsa, uch-to‘rttadan qizi borlarga xudoyim sabr bersin! Qishloqlarda har uch oiladan birining erkagi xorijda ishlaydi. Hazil-hazil-ku, ammo ota-bobolarimizning “topganlaring to‘ylarga buyursin” deb qilgan duolari ijobat bo‘lganmi, deyman-da. Misqollab yig‘ib-terib, orzu-havas yo‘lida botmonlab sovuryapmiz.
Men to‘yshunos emasman, qaysi shaharda qanday urf-odatlar bor, qaysi hududda to‘y qay tarzda o‘tadi, bilmayman. Yozganlarim butun O‘zbekistondagi holatni anglatmaydi. Men o‘zim yashaydigan shahar holatini tasvirlab yozdim. Oriyatingiz kelib, “bekor gap, oshirib yuboribsiz” desangiz, Andijonga keling, to‘ylar ko‘p, oboraman. O‘zingiz guvohi bo‘lasiz. Hali men marosimdagi qo‘lga suv quyib yoki qudalarga isiriq solib pul yig‘ishlarni yozmadim. Sanasam, sakkiz demay, o‘z yashayotgan hududingizda ommalashtirib yubormang deyman-da…
Muazzam SOBIRJON qizi
Husan SODIQOV chizgan rasm.
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



