Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.05.2026 | 16:40

img1129

SO‘ROQ OSTIDAGI NUQTA

Esse

1.DNK “ISITMA”SI

Genetika qiziq narsa-da, qirov yegan qovunday ichidan pishgan bo‘lsamam, bir qarashda meni xom deb o‘ylashardi. Yozganimni o‘qib, o‘zimni ko‘rmaganlar bilan tanishib qolsam, xuddi chegarada buvasining boshputini ko‘rsatgan bolaga qaraganday qarashar edi. Ayniqsa, endi ish boshlagan kezlarim bunday almoyi ishlar ko‘p bo‘lgan. Yunus Qambardinovich ana shundan pand yedi. Gazetaning “qo‘li” bilan poyidagi gilamni tortgandim… ko‘tarilib ketdi.

– Do‘xtir oq bayroq ko‘tardi, – dedi yuborgan odami. – Akalarcha gapi bor ekan. “Bir kelsin”, dedilar. Tanishmoqchi.

Bordim. Ochiq yuz bilan qarshi oldi:

– Denovlikmisan? – dedi tumanning yangi bosh shifokori. – Unda, qo‘lingdagi qartani ko‘rsatib o‘yna. Qoidasi shu: har qanday ho‘kiz o‘z oyog‘idan osiladi. Kuluklab bo‘g‘izlamasang, orqadan pichoq ursang… churra bo‘lasan!

– Churra?! Umurtqadan bo‘lsa, roziman. Siz bor-ku!?

Yunus aka kulib yubordi.

– Ustozing zo‘r jarroh, – dedi “Chag‘oniyon”ning bosh muharriri Zoyir Mamajonni nazarda tutib. – Sen orqadan urilgan pichoq emas, skalpelsan. Umurtqamni qutqarding. Maslahatim – qurol bo‘lma! Ayniqsa, o‘z ustozingga qarshi. Ana shunda uzoqqa borasan. “Qo-och, Hojiqulov…!!!”ni sen yozgansan-a!?

– Hammualliflikda. Egam Do‘st bilan.

Gap shundaki, 2003-yili bir maktab paxta mavsumida kunlik rejani bajarmagani uchun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari direktorni quvalab urgan, “Qo-och…” shu haqda edi. Yunus aka kimlardanman, urug‘-aymog‘im, qavm-u qarindoshlarim kim, erinmay surishtirdi: “U bunday, bu unday… Sen bu fe’lni, – qitmirlikni demoqchi, – kimdan olgansan?!”

Qisqasi, o‘sha kuni men… o‘zim bilan tanishdim.

2. MEN KIMMAN?!

Koinot – eniga ham, bo‘yiga ham yuz million yorug‘lik yiliga teng masofani o‘z ichiga olgan, lahza sayin kengayib borayotgan doira. Bu doira ichidagi katta-kichik yulduzlar-u galaktikalar, qora tuynuklarning son-sanog‘i yo‘q. Ular oldida Yer shari qum zarrasiday, balki undanam milliard barobar kichik bir zarra, shu “zarra” ichidagi odamni-ku, endi, aytmasa ham bo‘laveradi, yo‘qlikning yo‘qligi darajasida. Shunday ekan, men kimman o‘zi, bunday ulkanlik oldida qanday qadr-qimmatga egaman?!

Ha, koinot shu qadar ulkan doiraki, Yaratgan Egam, istasa, bunday doiradan ming, milliontasi ham gapmi, cheksizlikning cheksiz darajasi miqdorida yaratishga qodir! Va bu… Uning uchun ko‘p nuqta qo‘yishday gap. Ana shunday qudratli va buyuk Zot… odam bolasidan trillion marta katta dunyoni pashshaning qanoticha ko‘rmay, pashshaning qanoticha chiqmaydigan Odamni o‘z xalifasi, yerdagi o‘rinbosari deb bildi. Uning nazdida, demakki, mening ham qandaydir qadr-qimmatim bor, arzimas bir narsa emasman. O‘zimni na yerga urishga, na ko‘kka ko‘tarib, kibrlanishga haqqim bor, chunki “hech”lik holimda qandaydir ahamiyatga egaman. Meni shunday buyuk e’tiborga noil qilgan o‘sha “hech”likning mohiyati nimada? Yanayam soddaroq aytganda, bu qadar ojiz, bu qadar “hech”ligimga qaramay, meni dunyolardan ahamiyatliroq qilgan qadr-qimmatim, mazmunim nimada: genimdami, “men”imdami? Ishqtalabligim, balki… “Shuhrat”ligim uchun “Aziz”dirman (hazil)?!

3. MUHTARAMLIK

Maktabda bizga astronomiya fani o‘qitilmagan, mutaxassis yo‘qligidan. O‘roqov esa kosmik ilmlar ishqibozi, tiriklik evolyutsiyasida osmonning “qo‘li” bor, chunki dengiz suvi oy ta’sirida ko‘tarilgan vaqtdagina bir hujayra ikkiga bo‘linadi va bu – ko‘payish jarayonining aynan o‘zi”, deb hisoblardi. Yolg‘iz qolgan kezlarimda Yunus akaning ko‘zi bilan osmonga qarab, shuni bildimki, nafaqat koinot, hatto Vaqt bir nuqtadan boshlanib, boshqa bir nuqtada tugaydigan, zamonsiz makonlar bor ekan. Qizig‘i, o‘sha zamonsiz makonlar ham, jannat-u do‘zax ham, kashf qilganim sari tobora ulug‘lashib borayotgan Allohning azamati va qudrati ham… anglaganim sayin battarroq hechlashayotgan aqlimga, o‘zimga sig‘ar edi. Biroq yorug‘lik tezligidan tez xayolim u yoqda tursin, burnimdan narini ko‘rmaydigan torgina ko‘zimga siqqan cheksizlikning loaqal bir zarrasi mendan trillion marta katta bo‘lsa-da, bu dunyoga sig‘masdi.

– Kichiklik – bu qadrsizlik, degani emas, – tushuntirgandi Yunus aka. – Koinot qarshisidagi “hech”ligimizga kelsak, bu – fizikaning haqiqati. Qadr haqidagi savol esa ma’no olamiga oiddir. Ma’no olamida yaratiqning katta-kichikligi ahamiyatsiz. Zero, Alloh chumolini yaratishdan uyalmagan; chunki atom kichik, ammo u olamning asosini tashkil etadi; neyron ham mikroskopik, ammo millionlab neyronlar ongni, tafakkurni, “men”ni paydo qiladi. Inson ham xuddi shunday: fizikada – zarra, ma’no olamida – markaz.

Islom ta’limotiga ko‘ra, inson qadrining manbayi – “ruh”. Chunki Alloh unga o‘z ruhidan puflagan. Bu – Ilohiy salohiyat degani. Ilohiy salohiyat esa aql, iroda, ifoda, mehr, tasavvur, ijod, tanlash mas’uliyati demakdir. Ya’niki, Inson koinotdagi barcha jonzotlardan farqli ravishda yaxshilikni yomonlikdan ajratadi; ma’no qidiradi; yaratishga intiladi; tanlaydi; javobgarlikni his etadi; o‘zini va borliqni anglashga urinadi.

– Koinot har qancha katta bo‘lmasin, o‘zini anglayolmaydi. Inson esa kichik, lekin u o‘zicha borliqni idrok etadi. Bu g‘aroyib paradoks: kattalik qadrni belgilamaydi; idrok belgilaydi. Xo‘sh, bu o‘rinda Insonning “xalifa”ligi, asliyati qanday ma’noga, qanday ahamiyatga ega?

– Mohiyatan, “xalifa” – hukmdor emas, balki mas’ul, amin, yaratish, o‘zgartirish, muhofaza qilish qobiliyatiga ega mavjudot. Alloh avval koinotni, so‘ng unga ma’no beruvchi mavjudot – insonni yaratgan. Ana shu ma’no inson qadrini belgilaydi: sen yarata olasan; sen sevishing, kechirishing, irodang bilan yomonlikdan qaytishing mumkin; va nihoyat, SEN… ma’no topa olasan! Bu sifatlar fizikada emas, genda emas, ruhiy mohiyatda aks etadi.

Insonning qadr-qimmati – uning ma’no yaratish qobiliyatida. Qadrimizni belgilaydigan narsa jismimiz ham, aqlimiz ham, jonimizning biologik funksiyasi ham emas. Odamning tom ma’nodagi qadri – anglash, sevish, ixtiyor erki, mas’uliyat, ma’no yaratish, yaxshilik qilish layoqatidadir.

– Inson azizmi?

– Aziz, chunki u o‘zgartirishga qodir. Aziz, chunki u “men” deganida, butun borliqqa munosabatni belgilaydi. Aziz, chunki yomonlikka qodir bo‘lsa-da, yaxshilikni tanlay oladi. Aziz, chunki o‘zi juda kichkina bo‘lsa ham… niyati va irodasini cheksizlikka yo‘naltirishi mumkin.

Ha, Inson cheksiz kichiklikda cheksiz ma’no tashuvchi mavjudotdir. Uning qiymati jismida emas, balki aqlida – borliqni idrok qilayotganida; qalbida – mehr va insofda; ixtiyor erkida – tanlovda; amalida – yaratuvchilikda; imonida – ma’noni tan olishida.

– Siz aytgan o‘sha Insonni o‘ziga xos qiladigan markaz – ruhiy o‘zak – boshqa hech bir narsada, hatto koinotda ham yo‘q. Shuning uchun ham men cheksizlik ichidagi zarra emasman. Cheksizlikka ma’no beruvchi zarradek mavjudotman. Ma’no berish uchun esa “men”ga abadiy ilhom eliksiri – muhabbat kerak.

4. MAJNUNDAN MAKTUB

“…Hayot shunday dengizki, undan bir qultum ichdingmi, tamom, chanqog‘ing bosilish o‘rniga ortib boraveradi. Ahvoling bora-bora shu darajaga yetadiki, o‘nta dengiz ham chanqog‘ingni qondirolmay qoladi. Ichadiganing – xoh bir tomchi, xoh osmoncha bo‘lsin, xohish-imkoning qandayligidan qat’i nazar, uni tafakkuring doirasida qayta ishlashing shart; ana shundagina bu sho‘r dengiz… atigi bir tomchisi bilan… cheksiz chanqog‘ingni qondirishga qodir bitmas-tuganmas obi hayot manbayiga aylanadi. Aks holda, shu cheksiz va tubsiz ummon qa’rida… tashnalikdan nobud bo‘lasan.

Muhabbatdan o‘sib chiqqan aql, iymon va manfaat birligi – bamisoli dengiz suvini ichimlik suviga aylantiradigan noyob texnologiya; u nafaqat o‘z peshonang, butun dunyoning sho‘rini aritadigan eng ishonchli, eng beqadr qurilmadir. Agar sen bu hayot ummonining loaqal bir qatrasini o‘sha qurilma chig‘irig‘idan o‘tkazib ichsang, aniq his qilasanki, bu teskari dunyoning mantig‘iga ko‘ra, har qanday manfaat shunchaki odamgarchilik yo mehr-shafqat tamoyiliga emas, shafqatsiz aniqlikdagi hisob-kitobga asoslangan; bunday qat’iy o‘lchov birligi nafaqat ma’naviyatni, kerak bo‘lsa, butun tamaddunni boshqarib, bizni… armageddon*ga yaqinlashtiradi.

Asosi muhabbat bo‘lgan manfaatning hisob-kitobi mutlaq teskari: “berganing – o‘zingniki, yiqqaning – zarar” mantig‘iga tayanadi. Chinakam oshiqlik mezoni, talabi ham aslida shu – cheksiz mehr ber va ol. Har birimiz nafaqat odamzot, balki nabotot va hayvonot olamini ham xuddi oshiq o‘z ma’shuqasini sevib-ardoqlaganday chin yurakdan seva olsaydik, bu dunyoda hech qanday ziddiyat, muammo qolmasdi. Tabiat va hayvonot olami bilan o‘zaro munosabatni mehr-muhabbat bilan tartibga solsang, sen uchun yirtqichlar beozor-u kiyiklar botir bo‘lib qoladi. Odamlar shugina haqiqatni tushuna olmagani uchun ham men cho‘l-u biyobonga bosh olib ketdim va haqligimni – muhabbatning kuch-qudratini amalda ko‘rsatdim.

Men kirgan chin sevgi yo‘lida oshiq zotining tushunmovchilik qurboni bo‘lish ehtimoli katta, shunga qaramay, ishq ahlidan cheksiz-cheksiz yaxshilik qilish qurbi va matonati talab qilinadi. Cheksiz yaxshilik qilish qurbiga ega bo‘lsang, imoning komil bo‘lsinki, himmating va jasorating bilan bu teskari dunyoni o‘ngarib qo‘yishga qodirsan.

Boshini silasang, qo‘lingni tishlaydigan zot, agar u yirtqich, xoh undanam tubanroq maxluq bo‘lsin, hech ikkilanmay qayta-qayta yaxshilik qilaversang, albatta, yengiladi va senga el bo‘ladi. Faqat yaxshilik qilishdan to‘xtamasang, umidsizlanmasang bo‘lgani. Umidsizlik bu, bor-yo‘g‘i, sening psixologik yuklamang, “bo‘ldi, endi hammasi tugadi”, deb o‘zingni ishontirgan yolg‘oning, xolos. Aslida, bu dunyoda hech qanday umidsizlikning o‘zi yo‘q: so‘raganingni bersa – chinakam mo‘minsan; kechiktirib bersa – shukrli, qanoatli, sabrli bandasan; umuman bermasa – suyukli do‘stisanki, Yaratgan Egang oxiratda, albatta, ziyodasi bilan berajak, bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Shuning uchun ham qiyomat bo‘lib qolsayam, ekmoqchi bo‘lib turgan ko‘chatingni, albatta, ekishing kerak…”

Ha, agar men Majnun bo‘lganimda, olis kelajakka, oxirzamon odamlariga xuddi shu mazmunda xat bitgan bo‘lardim.

5. SAVOLLAR

Afsuski, men Majnun emasman. Nega? Oshiqlik qonimda yo‘qmi? Ulug‘vorlikning suyak surishi xomxayol bo‘lsa, nega aynan Ergash Jumanbulbulning nevarasi Javohir Sindorov dunyoni lol qoldirib, 19 yoshida shaxmat bo‘yicha jahon kubogini qo‘lga kiritdi? Suyak suradigan daholik, gen nima o‘zi? Agar buyuklik qon sursa, odamzotning geni, DNKsi vaqt o‘tishi bilan o‘z xususiyatini o‘zgartiradimi? Yo buyuklikka o‘xshab tubanlikning ham qon surishi tabiiymi? Unda nega vaqti-vaqti bilan Yer yuziga payg‘ambarlar yuborib turilgan? Nahotki, Hobilni o‘ldirgan Qobilning geni toabad suyak sursa-yu, Majnunning muhabbati yo nubuvvat nuri muayyan muddatdan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotsa?! Bugun ilmi bilan Marsni zabt etgan odamzotning geni o‘z sifatini, ezgulik xususiyatini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinmi? Nahotki, bugun biz nainki nabotot, hayvonot olami, loaqal o‘zimizni sevishga qodir bo‘lmasak? Bizga nima bo‘lyapti o‘zi? Nega o‘tgan asrda Yer yuzida bir emas, ikki jahon urushi bo‘lib o‘tdi-yu, butun dunyo aholisi bir-birining “go‘shtini yedi”, kamiga, yana uchinchi jahon urushi ostonasiga kelib qoldik? Nega?!

Ekologik fojialar-chi, bunga ham inson omili sabab emasmi? Bir qarasang, saxovatli kuzdan bir tomchi obirahmat yo‘q. Butun el yolvorib yomg‘ir so‘raydi. Yana bir qarasang, dunyo aholisi so‘nggi 30 yilda 2 trillion 300 million tonna suvni yer bag‘ridan “sug‘urib olib” ichib qo‘ygan; shimoliy va janubiy qutb muvozanatini yo‘qotib, Yer shari o‘z o‘qidan andak siljigan; Kavkaz tog‘lari o‘sib, Kaspiy dengizi chekingan; Orol qurigan; Yer yuzidagi boshqa ko‘plab chuchuk suvli ko‘llar ham qurish arafasida; qurg‘oqchilik; Eron poytaxtining ko‘chirilishi aynan shu o‘zgarishlarning jiddiy dalili sifatida talqin qilinyapti; nega?! 

Hayotni mutolaa qilib bilganim: javobi behisob savolman, ammo mudom bir-biriga o‘zaro g‘anim Odamzot uchun “Men” chigal muammo. Toabad ohimdan chiqadi tutun, shafqatsiz tuyular hayot sabog‘i. Yechsam, chiqaverar tugundan tugun, savol chiqaverar, yo‘qdir adog‘i. Aslidan uzoqlab nasllar “men”i, asllar naslidan abad uyatda. Aynirmi yo Odam Atoning geni dosh bera olmasdan abadiyatga?

6.GEN ABADIYMI?

Fleshkamdagi eski qaydlarni tekshirayotib, 2007-yilda yozilgan bir maqolaning xomashyosini topib oldim. Matn hafsala bilan yozilgan-u “Chag‘oniyon” ijtimoiy-siyosiy gazeta bo‘lgani uchunmi, negadir,  ilmiy-falsafiy farazlar maqoladan chegirib qolingan. Yuqoridagi musohaba ayni fikrlarning qaymog‘i edi. O‘shanda Denov tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, gemotolog Yunus O‘roqovga shunday savol bergan ekanman:

– Ishonchim komilki, Odam Ato bilan ichki va tashqi tuzilishimiz, qonimiz ham, ko‘zyoshimiz ham bir xil. Oramizdan qancha vaqt, davr-u davron o‘tdi, bilmayman, ammo o‘zaro umumiyligimiz mutlaqo o‘zgarmagani, shubhasiz. Xo‘sh, Odam Atoning geni, DNKsi abadiyatga dosh bera oladimi?

Qonshunos akamiz bu savolga uch yo‘nalishda javob bergan ekan:

1. Biologik jihatdan: DNK – organizmning qurilish loyihasi. Nasldan naslga o‘tadi. Odam Ato bilan sizdagi umumiy DNKning asosiy qismi bir xil tartibdagi kodifikatsiyaga ega. Chunki bu biologik turning o‘zi shundan iborat. Ammo DNK abadiy emas. Mutatsiyalar va o‘zgarishlarga uchrab, vaqt o‘tishi bilan genda oz-ozdan o‘zgarishlar yig‘iladi. Telomerlar – xromosomalarning uzluksizligini ta’minlovchi qismlar qisqaradi. Evolyutsiya bosimi genni muhitga moslashishga, o‘zgarishga majbur qiladi. Irsiy yo‘qotishlar bo‘ladi, ba’zi genlar avlodlarda yo‘qoladi, ba’zilari paydo bo‘ladi. Shuning uchun biologik ma’noda DNK abadiyatga “dosh bermaydi” – u o‘zgaradi, evolyutsiyalanadi, ba’zan yo‘qoladi. Ammo… U abadiylikka “talpinadi”. Ko‘payish orqali o‘zini davom ettiradi. Odamzot to tirik ekan, uning DNKsi ham mavjud bo‘ladi, garchi shakllari o‘zgarsa ham.

2. Falsafiy jihatdan: Inson DNKsi vaqtga va jismga bog‘liq. Abadiylik esa vaqtdan mutlaqo xoli. Shuning uchun DNK abadiy emas, lekin doimiy; Ruh abadiy (din nuqtayi nazaridan); Biologiya insonning moddiy asosini beradi, lekin abadiy maqomni ma’no, ruh va ong beradi.

3. Ma’naviy jihatdan: Islom ta’limotiga ko‘ra, yaratilgan har bir jism vaqtinchalik; Insonning qimmati uning DNKsidan emas, ruhidan, imonidan va amalidan keladi; Qur’onda insonning abadiyligi guvohlik, niyat, aql va ruh bilan bog‘lanadi, moddiy tuzilma bilan emas. Abadiylik – biologiyada emas, ma’naviyatda.

– Demak, – xulosaladi Yunus aka, – Odam DNKsi biologik ma’noda abadiy emas. U o‘zgaruvchan, muhitga moslashadi, mutatsiyalanadi, ba’zi qismlari yo‘qoladi. Ammo inson zoti bor ekan, DNK davom etadi. Shakli o‘zgarishi mumkin, lekin umuman yo‘qolib ketmaydi. Insonni abadiy qiladigan narsa DNK emas, ruhiy mohiyatidir. Qadr-qimmat ham shunda.

Buni qarangki, oradan 19 yil o‘tib, 2025-yil 21-noyabr kuni “Kun.uz” sayti ayni fikrlarga hamohang quyidagi xabarni tarqatdi:

7. O‘ZBEKISTONLIKLARDA DUNYODA NOMA’LUM GEN O‘ZGARISHLARI ANIQLANDI…

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi (ayni paytda zamonaviy laboratoriyalar jamlangan bu ilmiy muassasada biotexnologiya, genetika, nanotexnologiya va sun’iy intellekt sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi) olimlari mamlakat tarixida ilk bor inson genlarini chuqur o‘rganish, ya’ni genlarni to‘liq o‘qish va tahlil qilish tadqiqotini o‘tkazdi.  Natijada o‘zbekistonliklarda ilgari dunyoda noma’lum bo‘lgan o‘nlab yangi gen o‘zgarishlari aniqlandi. Olimlar topgan ma’lumotlar xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritildi. Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekistonning jahon genomika fanidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi bolada irsiy mutatsiya bor. Ya’ni, kasallikka moyillik irsiy yo‘l bilan o‘tayotgani aniqlangan. Eng tashvishlisi, bolalarning 86 foizi hech bo‘lmaganda bitta “buzilgan” gen tashuvchisi ekanligi ma’lum bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich xalqaro me’yordan ikki barobar yuqori hisoblanadi. Olimlar bu holatni ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ulushining yuqoriligi bilan izohlashmoqda. Masalan, ba’zi viloyatlarda bunday nikohlar umumiy nikohlarning choragiga yaqinini tashkil etadi.

Bu holat kelgusi avlodlarda faqat irsiy kasalliklar emas, balki umumiy sog‘liq holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, genetik mutatsiyalar nafaqat kam uchraydigan irsiy kasalliklar, balki diabet, yurak-qon tomir xastaliklari, onkologik jarayonlar kabi ko‘p tarqalgan kasalliklarning ham rivojlanish xavfini oshiradi. Shu bois, bu kasalliklar nafaqat ko‘payib borishi, balki ancha yosh avlodlar orasida ham namoyon bo‘lish ehtimoli yuqori.

Shuning uchun olimlar nikohdan oldin juftliklarni genetik tekshiruvdan o‘tkazish, bolalarni erta skrining va profilaktika dasturlariga jalb etish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu orqali kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash va to‘g‘ri davolash imkoni yaratiladi.

Tadqiqot natijasida ko‘plab muhim ma’lumotlar aniqlangan. Tekshirilgan bemorlarning yarmidan ko‘piga aniq genetik tashxis qo‘yilgan, bu esa shifokorlarga to‘g‘ri davolash usulini tanlash imkonini bergan. Aniqlangan mutatsiyalarning salkam uchdan bir qismi ilgari dunyo ilm-fanida qayd etilmagan bo‘lib, ular xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritildi. Shuningdek, ba’zi bolalarda bir vaqtning o‘zida bir nechta irsiy kasallik belgilari aniqlangan. Bu holat mamlakatdagi qarindoshlik nikohlari darajasi yuqoriligini yana bir bor tasdiqlagan.

– Ilk bor xalqimiz genlarining haqiqiy manzarasini ko‘rdik, – deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori, “O‘zbekiston aholisining genetik xaritasini yaratish va milliy biobankni shakllantirishga qaratilgan “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi rahbari, professor Shahlo Turdiqulova. – Agar bolalarning ko‘pchiligi yashirin irsiy mutatsiyalarga ega bo‘lsa, profilaktika va genetik maslahat tizimisiz bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu bois, nikoh oldidan juftliklarni skriningdan o‘tkazish dasturlarini joriy etish juda muhim.

8. XOTIMA

DNKning “isitma”si Yunus aka bir paytlar sinchkovlik bilan kuzatgan yashirin simptomlarni fosh qildi. Bugun u kishi oramizda bo‘lganida, zamondoshlaridan kamida yigirma yil oldinda yurganini bilgan va,  hoynahoy, shunday degan bo‘lardi:

– O‘zlikni anglash-u ishqda-yu najot, negadir boqmaydi asliga inson. Nahotki, o‘zidan ketgan odamzot O‘ziga kelmaydi endi hech qachon? Tuyular goh olam so‘roq ostida, mahzunman, sukutim uzoq uzundan. Eng katta so‘roq ham, so‘roq ostida Yer bo‘lgan nuqta ham mening o‘zimman.

– Yo‘q, – deyman yana o‘zimga o‘zim. – Hozir ko‘p narsaning iloji bor. Najot – ilmda.

 Shuhrat AZIZOV

* Armageddon – qiyomat kuni.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599