Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.03.2025 | 12:40

img472

SOXTA NIKOHNING KASOFATI

…Dilshodga pasporti zarur bo‘lib qoldi. Ammo uyni ag‘dar-to‘ntar qilib izlab topolmadi. O‘zi shunaqa, shoshganda labbay topilmaydi. Ertasi kuni ham shu ahvol. Boshqa chora qolmadi, tuman ichki ishlar bo‘limiga bordi. Uch-to‘rt oylardan beri hujjatini topolmayotganini, yo‘qolgani uchun o‘rniga yangisini berishlarini so‘radi. Uning talabi qondirilish jarayonida ichki ishlar xodimining savoli kapalagini uchirib yubordi:

– Yaqindagina nikohdan o‘tgan ekansiz-ku?!
– Nikoh? Qanaqa nikoh? Men uylanmaganman!
– Dilshod Elmurodov haqiqatan sizmisiz?
– Xuddi shunday.
– Nigora Arslonova bilan qonuniy er-xotinsiz. Tuman FHDYdan shu oyning 25-sanasida qonuniy nikohdan o‘tgansiz…
– Qanaqasiga, men hech qanday Nigorani tanimayman, axir?!

FHDY idorasiga borgunicha o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Mudiraga o‘zini tanishtirib, qo‘lidagi yangi pasportini uzatdi. Mudira ham o‘sha fikrlarni tasdiqladi va tegishli hujjatlarni ko‘rsatdi. Uning aytishicha, o‘tgan oyda Nigora Arslonova va Dilshod Elmurodov ism-familiyali shaxslar organga ariza bilan murojaat qilgan, ularga berilgan yo‘llanma asosida yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishgan, nikohlarini rad etishga asos bo‘lmagani uchun nikoh tuzilgani haqidagi guvohnoma berilgan.

– To‘g‘ri, Dilshod Elmurodov menman, ammo Nigora Arslonova bilan nikohdan o‘tmaganman, ushbu hujjatlar soxta. Arizadagi imzo ham, yozuv ham menga tegishli emas. Iltimos, ushbu nikohni bekor qiling…

Dilshodning murojaati shu yerning o‘zida rasmiylashtirildi va darhol hujjatlar to‘planib, ushbu xatolikni bartaraf etish uchun tuman IIBga yuborildi.

Qadrli o‘quvchilarimizda savol tug‘ilishi tabiiy: “Unda bu nikoh qanday amalga oshirildi, u kimga, nima uchun kerak bo‘lib qoldi, bunday soxtalikdan kimga naf?” Shu va shu kabi savollarning hammasiga Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida aniqlik kiritildi, jinoyatchilarning asl maqsadlari, noqonuniy xatti-harakatlari fosh bo‘ldi.

“Men seni hech kimga bermayman!”

…Nigora va Dilshod ahil do‘st edi. Dilshod Nigoraning o‘zida ko‘ngli borligini bilar, ammo uni o‘ziga bo‘lg‘usi jufti halol sifatida ko‘rolmasdi. Axir, umr yo‘ldosh tanlashning ham o‘ziga yarasha tamoyillari bor-da. Ayniqsa, Nigoraning ayrim qiliqlari unga yoqmas, u bilan kelajagini baxtli ko‘rolmas edi. Shu bois qizni umidvor qilmaslik uchun unga ro‘yi rostini – uylanmasligini, faqat do‘st bo‘lib qolishini aytdi.

Aytdi-yu… sodir bo‘lgan voqea hammasidan oshib tushdi. Nigoraning ko‘nglida Dilshodga nisbatan nish urgan mehr kurtaklari kutilmaganda g‘azab va alamga aylandi, o‘zini kamsitilgan, xo‘rlangan his qildi. Bu g‘azab tun-u kun unga tinchlik bermas, aksincha, qanday qilib bo‘lmasin, o‘ch olishga undardi. “Bog‘ xayoli bog‘ga eltadi” deganlaridek, o‘ch olish xayoli unga hatto yo‘l ko‘rsata boshladi. Muhabbat uning ko‘zini chinakamiga ko‘r qilib qo‘ygandi. “Meniki bo‘lmasa, boshqaniki ham bo‘lmaydi! Bunga yo‘l qo‘ymayman! Men seni hech kimga bermayman!”

Shu maqsadda, ya’ni xayolida pishitgan jinoiy ishini amalga oshirish uchun tumandoshi, Dilshodga o‘xshab ketadigan O‘ktam Orziqulov bilan ko‘rishdi.

– Yordaming kerak, – dedi Nigora. – Men bilan nikohdan o‘tasan.
– Iye? – dong qotdi O‘ktam, – men sizga uylanaman debmidim biror marta, qolaversa, sizdan ikki yosh kichik bo‘lsam?
– Mana bu odam bo‘lib “ZAGS”dan o‘tib berasan, – qo‘lidagi Dilshodga tegishli bo‘lgan pasportni ko‘rsatdi (Nigora paynetda ishlardi. Ikki oy burun Dilshodning nomiga telefon raqami ochishga to‘g‘ri kelgandi. Hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lgach, pasportni egasiga qaytarib bermagan, Dilshod ham buni unutib yuborgan edi). – Qara, unga juda o‘xshaysan, sen Dilshod rolini o‘ynaysan, birga borib ariza topshiramiz va nikohdan o‘tamiz! Pasportning mana bu yerida men va Dilshodning er-xotin ekanimiz muhrlansa, bo‘ldi. Iltimos, menga yordam ber!

U shunday deya duv-duv ko‘zyosh to‘kdi, o‘zini jabrlanuvchi ojiza qilib ko‘rsatdi. Emishki, Dilshod uni yillar davomida aldab kelib, endi boshqasiga uylanmoqchi. Shu bois undan o‘ch olmoqchi, ya’ni rejasi amalga oshib nikohni qayd ettirib olsa, u kimga uylanishini bilsa, bo‘lajak xotiniga ko‘rsatib, to‘yini buzadi, noiloj qolgan yigit axiyri Nigoraga uylanadi. Bu “savob”li ish kelgusida boshqa bevafolarga ham saboq bo‘larmish. Qizning baxtiga O‘ktam “mard” chiqdi, “bevafo yigit”ning ta’zirini berishga hissa qo‘shishga rozilik berdi.

FHDY sari yo‘l

Xullas, Nigora va “Dilshod” pasportlari bilan birga tumandagi FHDY bo‘limiga borib, ariza berdi. Ariza kompyuterda to‘ldirildi, imzolandi. So‘ng taomilga ko‘ra ikki yoshga tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishlari uchun yo‘llanma berildi. Shu asosda tuman tibbiyot birlashmasiga borib, u yerda barcha do‘xtirlardan o‘tishdi. Hammasi risoladagidek, tibbiy ko‘rik xulosasi a’lo. Qarabsizki, Nigora va Dilshodning nikohi qayd etilib, bu haqda guvohnoma ham rasmiylashtirildi. O‘zi orzu qilgan inson bilan nikohi qonuniy qayd etilganini tasdiqlovchi guvohnomani qo‘lga kiritgan Nigora juda xursand edi.

Ammo shodligi uzoqqa bormadi…

“Hojatbaror”

Sudda “hojatbaror” O‘ktam Orziqulov o‘z aybiga iqror bo‘lib, Dilshod Elmurodovni tanimasligi va bu ishidan hech qanday mulkiy manfaatdor emasligini aytdi. Bordi-yu, kelgusida jinoyati fosh bo‘lsa, barchasi uchun javobgarlikni Nigora o‘z zimmasiga olganini, uni sotmaslikka va’da berganini va odamgarchilik yuzasidan bu tomoshada qatnashishga rozi bo‘lganini ta’kidladi. E’tibor beryapsizmi, “odamgarchilik yuzasidan” qo‘l uribdi. Kulishniyam, yig‘lashniyam bilmaysan. 21 yoshli, aqli raso yigitning so‘zimi shu?! Odamgarchilik aslida Nigora qing‘irlikka qadam qo‘yayotganda uni bu yo‘ldan qaytarishdan boshlanmasmidi? Yolg‘on bilan boshlangan turmush uzoqqa bormasligi, nikoh ikki tomonning ko‘ngil roziliklari, ota-onalarining duolari bilan mustahkam bo‘lishini, bir taraflama istak, hoy-u havaslar ustiga qurilmasligini singdirish bilan bo‘lmasmidi?

Birinchisi emas ekan…

Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi Samarqand viloyati bo‘linmasining sudga oid xatshunoslik ekspertizasi xulosasida ham FHDY organiga berilgan arizada Dilshod Elmurodov nomidan qo‘yilgan imzo va yozuv namunalari O‘ktam Orziqulov tomonidan, Nigora Arslonovaniki esa uning o‘zi tomonidan bajarilgani ko‘rsatildi.

Xullas, g‘azab va alamining yetovida aqlini yo‘qotgan Nigora kalta fahmining quli bo‘lib, bir qancha jinoyatlarni sodir etgan.

Jumladan: Oila kodeksining 14-moddasida “nikoh tuzish ixtiyoriydir, nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak, nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi”, deb belgilab qo‘yilgan talablarga zid ravishda harakatlarni amalga oshirgan; Dilshod Elmurodovning kelgusida u bilan majburiy tarzda nikoh qurib, birga yashashiga erishishni ko‘zlab, uning nomiga tuman IIB tomonidan rasmiylashtirib berilgan, muhim shaxsiy hujjatlar sirasiga kiruvchi pasportini g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda egallab, yashirib qo‘ygan; O‘ktam Orziqulov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, Dilshod Elmurodov bilan avvaldan bo‘lgan adovati tufayli kelgusida undan o‘ch olish niyatida FHDY organiga soxta ariza bilan murojaat qilib, barcha hujjatlarga o‘zi va sherigi bilan birgalikda imzo qo‘ygan. Shuningdek, Dilshod Elmurodov va o‘zining nomiga tuzilgan soxta nikoh guvohnomasini g‘araz niyatda qo‘lga kiritgan. Eng dahshatlisi, sud jarayonida yana bir sir ochildi. U qabih niyatiga yetish uchun Dilshodga qarshi avval ham hujum boshlab, “Nomusimga tegdi” deya uning ustidan tuman IIBga shikoyat qilgan ekan. Tergov bo‘limi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borganida esa uning shikoyati isbotini topmaydi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra Dilshodga nisbatan Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, ya’ni u aybsiz deb topilgan. Ko‘rinib turibdiki, Nigoraning yuragida Dilshodga nisbatan azaldan adovat  bo‘lgan va uni yomonotliq qilishga avval ham urinib kelgan.

Esiz, yoshlik!

Nigora 23, O‘ktam 21 yoshda. Umrlarining shu faslida sudlanganlik tamg‘asi bilan “siylanishdi”. Qo‘shimchasiga, oylik ish haqidan 20 foiz miqdorida davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Nurxon ELMIRZAYEVA

Ocherk Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida ko‘rilgan materiallar asosida yozildi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596