Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.04.2026 | 12:47

img1117

SOXTA KITOBXONLIK

Yigirma yillar oldin qishloqlardagi kutubxonalar kollejlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Aholi adadi o‘n besh mingga yetgan qishlog‘imizning “sho‘ro idorasi” nomini olgan ko‘rimsizgina binosining torgina xonasida joylashgan kutubxonada o‘n mingdan ortiq kitob bo‘lardi.

Butun umri ushbu kutubxonada mudira bo‘lib, nafaqaga chiqqan opam “Kutubxona fondidagi kitoblarning bir qismini makalaturaga topshirar emishlar. Borib ko‘r, keraklari bo‘lsa olarsan”, deb qoldi.

Bordim, ko‘rdim va… makulaturaga topshirilayotgan ikki mingga yaqin kitob orasidan faqat beshtasini tanladim. Tanish mas’ul ustma-ust uyib qo‘yilgan kitoblarni birma-bir ko‘zdan kechirayotganimni ko‘rib “Baribir topshiramiz, keragicha oling!” degan bo‘lsa-da, nega faqat beshtasini oldim?

“Sovet xalqi dunyodagi eng kitobxon xalq” degan ibora o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida muomalaga kirgan. Bu dabdabali ibora shiorga aylanib, deyarli barcha kutubxonalar peshtoqlarida o‘qlovdek harflar bilan yozib qo‘yilardi.

Aslida, bu alqovning poydevori “Barcha sohalarda Amerikani quvib o‘tamiz!” shiorini davlat dasturiga aylantirgan Nikita Xrushchev zamonida qo‘yiladi. Sho‘ro davlati tashkil topganligining qirq yilligi katta tantanalar bilan nishonlangan davrda chop qilinayotgan kitoblarning adadi eng ko‘pi bilan qirq ming-ellik ming bo‘lgan. Eng ommaboplari undan sal ko‘proq. Ikkinchi jahon urushi davrida “askarlarning vatanparvarlik ruhini ko‘tarish” maqsadida yaratilgan asarlar adadi ham olti raqamga yetmagan. Konstantin Simonovning “Meni kutgil” she’ri kirgan shapaloqdek to‘plami bor-yo‘g‘i ellik ming nusxada chop qilingan.

Yuz, yuz ellik, ikki yuz minglik tirajda kitoblar chop qilishga o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida rosa zo‘r berila boshlangan. Hatto tez tarqab ketgan yangi asarni ketma-ket qayta chop qilish tajribasi ham shu davrda sinovdan o‘tkaziladi.

Aholi soni ikki yuz ellik million kishiga yetgan mamlakatda taniqli bir adibning kitobi yuz ming nusxada chop qilinishi va kitob do‘konlarida uzoq vaqt chang bosib yotmasligi “sovet xalqi dunyoda eng kitobxon xalq” deyish uchun asos bo‘larmidi?

Umuman olganda sovet zamonida son va sifat uyg‘unligi qay darajada edi? Kitoblar o‘quvchi qiziqishi va didiga mosmidi yoki o‘quvchi didini majburan chop qilinayotgan son-sanoqsiz kitoblarga moslashga majburmidi?

Savolni shu tarzda qo‘ygan ma’qul.

1971-yili institutga kirish imtihonidan yiqilgan Gulsara opam qishloq kutubxonasiga mudira bo‘ldi. O‘sha vaqtda butun qishloqda kutubxonachilik mutaxassisligiga o‘qigan birorta odam bo‘lmagan (opam keyinchalik shu soha bo‘yicha sirtdan o‘qidi).

Har oy adog‘ida qishloqda “kitobxonlar soni oshishi”da opamga yaqin ko‘makchi bo‘lardik. Opam keltirgan bir dasta “kutubxonaga a’zolik daftarchasi”ga umrida kutubxona ostonasini hatlab o‘tmagan kishilar oy davomida qaysi kitoblarni “o‘qiganini” qayd qilardik. Esimda, amakimizning ayoli – yetmishdan o‘tgan Tursun momo yoki elatimiz brigadiri Egam aka va boshqa o‘nlab kishilarning “a’zolik daftarchasi”ni to‘ldirib borish mening zimmamda edi. Opamning ko‘rsatmasi bo‘yicha Tursun momo har oyda Leninning tanlangan asarlarining kamida ikki tomini “o‘qib chiqqan” bo‘lishi, bundan tashqari rus klassiklarining biror asarini ham mutolaa qilishi shart edi. Tursun momo umrida vohadan tashqari chiqmagan, yana bolaligi “yurt buzilgan davr”larga to‘g‘ri kelganidan maktab ko‘rmagan, pensiyasini olgani haqida ro‘yxatga “+” belgisini qo‘yishni arang o‘rgangandi. Rus tilida birorta so‘zni bilmagan kampir shu taxlit yil davomida rus klassiklarining o‘nlab asarlarini “o‘qir”, Lenin va Marks asarlarini “xatm” qilardi.

Va yana marksizm klassiklarini majburan “mutolaa qilish”ga mahkumlar – talabalar qatlami ham bor ediki, ular barcha OO‘Y (oliy o‘quv yurti)da o‘qitilgan “Ilmiy kommunizm” fanidan imtihon topshirish uchun yilda bir bora o‘sha tom-tom asarlarni varaqlashardi. Bu varaqlash kerak maqoladan kerak iqtibosni ko‘chirib olish va yodlash bilan nihoyasiga yetardi. Shundan kelib chiqib, qancha talaba bo‘lsa, barchasi o‘qish davrida Lenin va boshqa dohiylar asarlarini “takror va takror o‘qiganlar” ro‘yxatidan joy olishardi.

To‘g‘ri, o‘sha davrlarda kutubxonaga a’zo bo‘lganlar soni oz emasdi. Ularning aksari ziyolilar, maktab o‘quvchilari bo‘lib, ular ko‘proq o‘zbek adiblarining yangi chiqqan kitoblarini o‘qishardi. Hatto ayrim yangi chop qilingan roman yoki qissalarni navbati bilan o‘qishgan. Ammo…

Tepadagi mas’ullar faqat tanlanganlar – o‘qishga havasmandlargina emas, “barcha sovet xalqi kitobxon bo‘lishi shart”ligini talab qilishgani uchun oy adog‘ida bizlar tunda shisha chiroq yorug‘ida mukka tushib, “a’zolik daftarcha”larini yangidan yangi yozuvlar bilan to‘ldirar, bu yoqda maktabdan uyga berilgan vazifalar qolib ketardi. Opam har oyda “falon kishi faloncha kitob o‘qishi kerakligi” haqida yuqoridan berilgan rejani bajarmasa tanbeh eshitar, bu ko‘rsatkich har oyda yuqorilab bormasa, hatto ishdan bo‘shatilishi ham mumkin edi-da.

Bo‘sh vaqtlari opam mudira bo‘lgan kutubxonaga  borganimda javonlarda terilib turgan bir xil rangli muqovali Leninning 55 tomligi opam uchun qo‘shimcha tashvish ekanini ko‘rganman. Chunki ularni har haftada yaxshilab artish – changdan tozalash talab qilinadi. Bu kitoblarni varaqlash u yoqda tursin, qo‘liga olib ko‘radigan odamning o‘zi bo‘lmagan. Faqat “a’zolik daftarcha”larida sho‘ro dohiysi asarlari “qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilardi”, xolos.

O‘sha davrda amalda bo‘lgan tartib bo‘yicha Moskva nashriyotlarida chop qilinadigan rus va boshqa millatlar yozuvchilarning kitoblari barcha kutubxonalarga taqsimlanardi. Qishloqda rus tilini biladigan odamlar sanoqli bo‘lgani sabab bu asarlarni ham bizlar oy adog‘ida “kitobxonlarga majburan o‘qitish” majburiyatida qolardik. Opam aytishicha, o‘zbek tilidagi kitoblardan ko‘ra rus tilida chop qilingan kitoblarni ko‘proq “o‘qitish” bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida sho‘ro davlatida yuz mingga yaqin kutubxona faoliyat yuritgan. Bu – o‘sha yuz ming adadda chop qilinadigan kitoblarning aksar qismi kutubxonalarga taqsimlanadi, ya’ni javonda chang bosishga mahkumligini anglatadi. Endi tasavvur qiling, kemasozlik yoki o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislariga tavsiya sifatida chop qilingan ilmiy kitoblarni uzoq Xorazmning chekka qishlog‘i u yoqda tursin, markazda yashaydigan birorta odamga zarurati  bormi? Vohada o‘rmon bo‘lmasa, kemachilik temir yo‘l kelishi bilan tarix mulkiga aylanib ketgan bo‘lsa. “Raznaryadka” – taqsimlash degan amaliyot bo‘yicha shu taxlit keraksiz adabiyotlar barcha kutubxonalarga tarqatilgani bir yoq, ularni hech kim o‘qimasligidan bechora kutubxonachilar qo‘shib yozishdek noqonuniy ishga majburlangani bir yoq.

To‘rt yil – toki harbiyga ketgunimcha opamga qishlog‘imiz “faol kitobxonga” aylanishida yordam berganman. Keyinchalik bu ishni singlim va ukam davom ettirishgan…

1972-yilda opam mudira bo‘lgan kutubxonada qayta hisobga olish o‘tkazilganida chiqitga chiqarilgan ikki yuzta kitobni aravaga yuklab uyga keltirganmiz. Bular Stalinning tanlangan asarlari, Xrushchevning bir talay kitoblari, Michurin va boshqa sovet olimlarining ilmiy asarlari edi. Bunga o‘xshagan “majburiy makulaturaga topshirish” sho‘ro davlatida dohiylar almashgan davrlarda tez-tez o‘tkazilib turilgan. (Oldinlari “xalq dushmani” deb topilgan adiblar va sho‘ro siyosatdonlari kitoblari yoqib yuborilgani ham bor).

1980-yilda kommunizm quramiz deb dam urgan siyosatdonlar iqtisodiy sohalar qatorida mafkuraviy tizimlarda ham soxtagarchiliklar, qo‘shib yozishlarni eng cho‘qqisiga chiqarishgan. 1980-yilga doir rasmiy ma’lumotlarda “har bir sovet kishisi boshiga yil davomida 21 dona kitob chop qilindi”, “har bir sovet kitobxoni yil davomida 46 dona kitob mutolaa qildi” kabi yozuvlarga ko‘zimiz tushadi. 1970-yilda “dohiy”ning bir asrlik mavludini juda dabdaba bilan nishonlashadi. “Dohiy” yubileyiga atab uning tanlangan asarlari qayta chop qilinadi. Bundan tashqari, ayrim asarlari alohida holda, maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan “kichik asarlari” ham million adadlarda nashr qilinib, barcha kutubxonalar javonlarini “bezaydi”. Kutubxonalar o‘rtasida “dohiy asarlari eng ko‘p o‘qilgani bo‘yicha” tanlov ham o‘tkaziladi. Tunlari chiroq yorug‘ida ko‘zimiz tolib, uyqu elitgani, charchaganimizdan aytilgan rejani bajara olmaganimizdan opam mudira bo‘lgan kutubxona bu tanlovda g‘oliblar qatorida e’tirof etilmadi. Tursun momo, Egam aka va boshqa “faol kitobxonlar” yil davomida “dohiy” asarlarini atigi bir necha marta “mutolaa qilishga” vaqt topishdi, xolos.

Sho‘ro “dohiy”si mavludi arafasida berilgan topshiriq – uning asarlarini “ko‘proq o‘qish musobaqasi” toki SSSR tarqab ketganicha davom qilgan. Ya’ni, kitobxonlik ko‘rsatkichida qo‘shib yozishlar osmonga o‘rlab boravergan.

Son va sifat haqida aytgandik. To‘g‘ri, sobiq sho‘ro davlatida matbaa nihoyatda rivojlangandi. Partiya muassislik qiladigan vaqtli nashrlar adadi millionlarda aks etardi. Davriyligi ham shunga mos – hatto har kuni chop qilinadigan vaqtli nashrlar bor edi. Moskvada chop qilinadigan vaqtli nashrlar shu kuniyoq eng chekka qishloqlargacha yetkazib berilardi. O‘sha vaqtda qaysi idoraga bormang qabulxonada dasta-dasta gazetalar turganiga ko‘zingiz tushardi. Bosmaxona bo‘yog‘i anqib turadigan bu gazetalarni “o‘qish” uni varaqlab, suratlarini ko‘zdan kechirish bilan poyoniga yetardi.

Vaqtli nashrlar, kerak-keraksiz kitob va risolalar chop qilish yildan yilga o‘sib borishi ortidan “makulatura” degan xizmat ham paydo bo‘ldi. “O‘qib chiqilgan” gazeta-jurnal va kitoblarni davomli tarzda makulaturaga topshirish avvalida ixtiyoriy bo‘lsa, keyinchalik majburiy tus oldi. Hatto har bir idora-tashkilot va maktablarga har oyda qancha makulatura topshirish rejasi berildi. Bir kun “yashaydigan” gazetalarni qo‘ya turaylik, o‘sha makulaturalar orasida kitoblar ham bo‘lgani achinarli holat edi.

Esimda, o‘tgan asrning saksoninchi yillari makulaturaga topshirilgan gazeta-jurnallarga yangi chiqqan, kamyob kitoblarni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Masalan, yigirma kilogramm qog‘oz topshirsangiz, Aleksandr Dyumaning “Uch mushketyor” romanini navbatsiz olishingiz mumkin bo‘lardi. Farang adibining mashhur asarini qo‘lga kiritish uchun eng faol kitobxo‘r bisotidagi kitoblardan kamida o‘n donasini (majburiy-ixtiyoriy obuna qilinganidan to‘plangan gazeta-jurnallarni ham qo‘shib) makulaturaga topshirish majburiyatida qolardi. G‘alati emasmi?

Bu aslida talab katta bo‘lgan mashhur yozuvchilar asarlarini kamroq nusxada chop qilib, odamlar qo‘lida to‘planib qolgan keraksiz qog‘ozlarni (gazeta-jurnal, kitoblar) yig‘ishtirib olish, evaziga o‘sha kitoblarni berish orqali bir o‘q bilan ikki quyonni urish usuli. Ham qog‘oz fabrikalari qo‘shimcha arzon xomashyolik bo‘ladi, ham kamyob asarlarni bir necha baravariga sotish orqali nashriyotlar daromad topishadi. Aslida,  tamoman teskarisi – talab katta bo‘lgan asarlarni ko‘proq chop qilish kerak emasmi?

Toki sovet davlati tarqab ketgunicha sanoqli rusumdagi avtoulovlar do‘konlarda bemalol sotilmas, balki rayqo‘m byurosi qarori bilan go‘yoki “ilg‘orlarga mukofot” tariqasida berilardi. Halol ishlab topgan pulingga yengil mashina olish uchun idora-tashkilotlarda uzundan uzun navbat ro‘yxati shakllantirilar, ko‘pchilikning navbati pensiyaga chiqqunicha ham yetib kelmasdi. Viloyatdagi tashkilotda muhandis bo‘lib ishlaydigan amakim ishga qatnash uchun yengil ulov olishga besh yilcha navbatda turdi. Ammo navbatning oxiri ko‘rinmaydi… Bir kuni quvonib keldilar: “Jiguli” mashinasini navbatsiz olish uchun olti yuz kilogramm makulatura topshirsam berisharmish”. Amakim bilan ikki tumandagi kitob do‘konlarini aylanib, ikki mingdan ortiq kitob oldik. (Makulaturaga topshiriladigan kitoblar orasida sovet dohiylari asarlari bo‘lmasligi kerak ekan. Agar shu talab bo‘lmaganida qalin-qalin kitoblarni arzongina olgan bo‘lardik). Qisqasi, amakim bir ming yetti yuz so‘mlik kitob olib, makulaturaga topshirdi va yangi mashina egasiga aylandi.

Qizig‘i, temir matoh egasi bo‘lish uchun ikki ming kitobni chiqitga chiqarishga ruxsat berilgani.

Yanada qizig‘i, o‘sha davrda ko‘pchilik o‘zini ziyoli qatlami vakili deyishlari uchun uyida albatta kitob javoni saqlar va yangi chiqqan kitoblarni majburan xarid qilardi. Aynan javonda terilib turadigan kitoblar ko‘zingizni quvontirishi, ya’ni chiroyli bezak o‘rnini bosishi uchun nashriyotlar rus va boshqa millatlar klassik yozuvchilari tanlangan asarlari muqovasini turli ranglarda chop qilishgan. Kitobga o‘qish uchun emas, bezak o‘rnini bosuvchi matoh deb qaralgan.

1990-yil yozi adog‘ida Bolqonbo‘yi davlatlariga sayyoh bo‘lib borganimizda yerlik aholining (serblar, makedonlar, turklar, xorvat va boshqa millatlar) kitobga munosabati bilan qiziqdim. Mamlakat poytaxti Belgraddagi “Astoriya” mehmonxonasida uch kecha qo‘noq bo‘lganimizda xizmatchilardan shahardagi birorta kutubxona manzilini surishtirdim. U kitobga qiziqishimni sezib, mehmonxona kutubxonasiga olib tushdi. Kutubxona yetti qavatli mehmonxonaning birinchi qavatida, juda shinam xonalarda joylashgan ekan. Mehmonxonada yashovchilar kitoblardan foydalanishi tartibi oddiy: siz kitobni ma’lum muddatga olasiz, ketar vaqtida topshirasiz. Ketish oldidan kutubxona mas’ulidan “Olgan kitoblarini topshirdi yoki xizmatimizdan foydalanmadi” mazmunida bir parcha qog‘oz keltirishingiz shart.

Garchi tilini tushunmasak-da, matbaachilikning sifati, kitoblar muqovalanishi darajasini bilish uchun besh-oltita kitob olib, varaqlab ko‘rdik va matbaa Yevropada qay darajada taraqqiy etganiga guvoh bo‘ldik. E’tiborlisi, garchi davlat atamasida “sotsializm” so‘zi mavjud bo‘lsa-da, kutubxonada ilmiy kommunizm dohiylarining asarlari ko‘zga tashlanmaydigan joyda – chekkaroqdagi bir javonda terib qo‘yilgandi. Rastalarni ko‘zdan kechirib, bu yerda jahon klassiklari asarlari nihoyatda ko‘pligi e’tiborimizni tortdi.

Bularni ko‘rib o‘sha davrda… sobiq ittifoqda o‘sha klassiklar asarlarini qo‘lga kiritish uchun qop-qop makulatura ko‘targancha navbatda turib, topshirgan miqdorga mos bir parcha qog‘oz – talonni olib, sevinganidan telpagini osmonga otayotgan haqiqiy kitobxonlarga… eng yomoni,  tunlari “butun xalqni kitobxonga aylantirish uchun” soxta qog‘ozlar to‘ldirishga majburlangan kutubxona xodimlariga ichimiz achidi…

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596