21.10.2025 | 09:25
930
“SUNBULIN LAYLO OCHIPTUR…”
Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida V xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Alisher Navoiy avvalboshdan o‘z oldiga juda katta va o‘ta mas’uliyatli vazifa qo‘ygan. Bu turkiy, ya’ni o‘zbek so‘z san’atini forsiy adabiyotdan hech ham kam bo‘lmagan yuksakdan yuksak darajaga ko‘tarish maqsadi edi. Ochig‘i, bu maqsad turkiy adabiyot oldiga, aslida, XI asrdan qo‘yila boshlagan. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”ni aynan Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”si vazni va janrida bitgan va uni forsiylar “Shohnoma”yi turkiy” deyishlarini bekorga qayd etmagan. Keyin Sayfi Saroyi Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziyning “Guliston”i, Qutb Xorazmiy Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin”, Haydar Xorazmiy esa uning “Maxzan ul-asror”ini eski o‘zbek tiliga tarjima qilishi zamirida ham shu intilish yotgan. Lirikada Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy she’rlarida ham fors-tojik tilidagi she’riyatning kuchli ta’sirini ko‘ramiz.
Navoiy bu jarayonni oxiriga yetkazdi: fors-tojik she’riyati darajasidan aslo kam bo‘lmagan, hatto, ba’zi jihatlari bilan undan ham ustun bir pog‘onaga ko‘tarilgan ijod namunalarini yaratdi. Buni mavlono Abdurahmon Jomiyning: “Navoiy forsiy sohibi qalamlarga rahm qilib, xayriyat, turkiy tilda asarlar yozdi”, qabilidagi qaydi ham to‘la tasdiqlaydi.
Fors-tojik she’riyatidan kam bo‘lmagan she’riyat yaratishning Navoiy tanlagan bir muhim yo‘li shu ediki, u forscha-tojikcha va arabcha so‘z va ifodalarni o‘zbek tilidagi asarlarida maksimal darajada qo‘lladi. “Xazoyin ul-maoniy”da birinchi devon bo‘lmish “G‘aroyib us-sig‘ar”ning 228-g‘azali ham aynan shu yo‘lda bitilgan she’rlardan biri. Chunki undagi mavjud 10 qofiyaning hammasi forsiy-arabiy so‘zlardan iborat. Ehtimol, shoir zamonasidagi forsiy she’riyatdan to‘la boxabar turkiy kitobxon uchun bu g‘azalni tushunish u qadar katta mushkulot tug‘dirmagandir. Lekin hozirgi o‘quvchi uchun bu g‘azal baytlari mazmunini chaqish, shu tariqa ulardagi badiiy go‘zallikdan to‘la bahramand bo‘lish unchalar oson ish emas.
Keling, avval 9 baytli bu g‘azalda nechta so‘z ishlatilgani-yu uning qanchasi turkiy ekanini aniqlashtirib olaylik. Jami 119 ta so‘z qo‘llangan. Ayrimlari takror-takror ishlatilgan ham. Mayli, keling, hozir shu so‘zlarni uchga bo‘laylik:
‒ Turkiy (o‘zbekcha) so‘zlar: ochiptur, yel, emas, qonatmish, emas, ko‘zgusida, bir, sori, men, bir, sori, ko‘rguzupturbiz, emas, o‘xshatqan, uchun, aro, ko‘nglum, qushidur, emas, ustidin, eskach, qildimkim, emas, oltun, ollida, emas, dema, yo‘q, bu, emas, ul, emas, uzra, ettim, ko‘ngul, aytay, kebi, emas, bo‘lmangiz, aro, siz, kebi, bilturg‘i, biri, emas, manga, tutti, erur, ul, emas.
Demak, 119 ta so‘zdan 50 tasigina – turkiy. Bu, hatto, ishlatilgan jami so‘zlarning yarmini ham tashkil etmaydi. Bulardan “emas” 11, “bir” 3, “sori” 2, “ko‘ngul” 2, “men” 2, “kebi” 2, “aro” 2 martadan qo‘llangan. Bundan 17 so‘z qisqaradi. Demak, bu she’rda jami 33 tagina turkiy kalima keltirilgan bo‘lib chiqadi.
‒ Forscha-tojikcha so‘zlar: sunbul, dog‘ini, lolayi, hamro, nastaran, yor, chehra, guli, gulni, yorimg‘a, go‘yo, bog‘, bulbuli, shaydo, sunbul, nigorim, turrasin, yod, oshuftadur, nargis, jomining, kofuriy, pardayi, jonimdurur, afg‘onimda, bulbul, nolasidek, ham, anduhzo, gar, gulni, sarv, bo‘stonida, rost, sarvi, gulro‘yum, zebo, ey, sho‘xlarkim, bog‘, gullardin, paydo, gulrux, bulbulg‘a, gul, mast, ham, Navoiydek, rasvo.
Demak, 119 so‘zdan 49 tasi – forsiy. Miqdor jihatidan bu – turkiy so‘zlardan, bor-yo‘g‘i, 1 tagina kam, xolos. Demak, 119 ta kalimadan 99 tasi turkiy va forsiy so‘zlar. Arabcha so‘zlar 20 tagina qolyapti. Marhamat, sanab ko‘ramiz.
‒ Arabcha so‘zlar: Laylo, abiroso, Majnun, aksin, ra’no, muztarib, nasim, dimog‘, savdo, harir, marhun, qadahpolo, nishot, nishotafzo, xayol, mag‘ruri, husn, soqiy-u, qadah, vale.
O‘zbek tili o‘z guruhidagi qardosh 40 ta lison orasida eng forsiylashgan turkiy zabon hisoblanadi. Tilimizda arabiy va forsiy so‘z va iboralarning ko‘p qo‘llanishi jihatidan Navoiy ijodiga teng keladigani yo‘q. Bu an’ana undan keyingi davrlar adabiyoti, ayniqsa, she’riyatida ham izchil davom etdi. Xususan, Muhammad Rizo Ogahiy ijodida yana qaytadan bo‘y ko‘rsatdi.
Navoiy qalam tebratgan til turkiy guruh orasidagi “chig‘atoy tili” deb yuritilar edi. Bu tilning boshqa turkiy tillardan keskin ajratib turadigan uch muhim xususiyati bor edi: 1) qarluq-chigil guruhiga mansub edi, ya’ni uyg‘ur tilidagi kabi, so‘zlar, masalan, “keldim”, “ketdim” (“galdim”, “getdim” emas), “etti” (“edi” emas), “to‘rt” (“do‘rd” emas), “yig‘ladim”, “yo‘q”, “etti”, “ip”, “ilon” (“jiladim”, “jo‘q”, “jetov”, “jip”, “jilon” emas) tarzida ishlatiladi; 2) bu tilda forsiy va arabiy so‘z va ifodalar boshqa barcha turkiy tillardagidan ko‘ra ko‘p ishlatilgan; 3) forsiy-arabiy talaffuz ta’sirida rivojlanish jarayonida bu tilda singarmonizm keskin kamayib borgan, hatto, hozirgi o‘zbek adabiy tilida yo‘q darajaga tushib qolgan, ayrim so‘zlardagina saqlanib qolgan, xolos. Ammo hozirgi o‘zbek tilining o‘g‘uz va qipchoq lahjalarida u to‘la amal qilib kelmoqda.
“Singarmonizm” yunoncha “syn” (“birga”) hamda “harmoniya” (“uyg‘unlik”, “ohangdoshlik”) so‘zlarining qo‘shilmasidan hosil bo‘lgan. U asosan turkiy, qisman ayrim boshqa tillarda uchraydigan unlilar uyg‘unligini anglatadi. Bunda qo‘shimchalardagi unlilar o‘zakdagi unlilarga moslashadi. Masalan, “kel” fe’liga “-gan” sifatdosh yasovchi qo‘shimcha qo‘shiladi. Chunki “e” unlisi “-gan”ni talab qiladi. Biroq “qol” o‘zagiga sifatdosh qo‘shimchasini qo‘shadigan bo‘lsak, u endi “-g‘on” yoki “-g‘an” shaklini talab qiladi: “qolg‘on” yoki “qolg‘an” bo‘ladi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida singarmonizm yo‘qolganining isboti shuki, biz bugun adabiy tilda “qolgan” deb yozamiz va shunday talaffuz ham qilamiz.
1643–1663-yillarda Xiva xoni bo‘lgan Abulg‘ozi Bahodirxon o‘zining “Shajarayi turk” asarini yozishda tilni soddalashtirish, aynan forsiy-arabiy so‘z va ifodalarni kamaytirib, besh yashar bola ham tushunadigan qilib yozishni maqsad qilganini alohida qayd etadi: “Bu tarixni yaxshi va yomon barchalari bilsin, teb, turk tili birlan ayttim. Bir kalima chig‘atoy turkiydin va forsiydin va arabiydin qo‘shmayman, besh yashar o‘g‘lon tushunur”.
Bu qaydda, birinchidan, chig‘atoy turkiysida eski, tushunish murakkab so‘z va ifodalar ko‘pligi, ikkinchidan, unda forsiy va arabiy kalimot haddan ziyod ishlatilgani nazarda tutilgan. Ammo, ochig‘ini aytganda, Abulg‘ozi Bahodirxon har qancha eski hamda forsiy-arabiy so‘z va ifodalarni qo‘llashdan chekingani bilan o‘zi, baribir, o‘sha chig‘atoy tili an’anasi asosida asar bitgan. Chunki bu til Navoiyga qadar ham adabiy til sifatida shakllanib kelgan, Navoiydan keyin esa Movarounnahrda asosiy adabiy til bo‘lib qolgan edi. Chig‘atoycha uyg‘urlar, shuningdek, Movarounnahr va Xurosondagi o‘zbeklarning qarluq-chigil lahjasida so‘zlashuvchi vakillari shevalari asosida shakllangan adabiy til edi. Buni Zahiriddin Muhammad Boburning yaqinda ilmga ma’lum bo‘lgan “Taqte’” asaridagi ikki izohdan ham bilib olamiz.
Birinchi izoh shuki, asarning 2-sahifasida: “Buxoro lisoni ila aruzi chig‘atoy” degan sarlavhaga duch kelamiz. Bu – “Buxoro o‘zbeklarining lahjasi asosidagi chig‘atoy aruzi” degani. Ammo shuni unutmaslik kerakki, “Buxoro” deganda muallif hozirgi Buxoro viloyatinigina ko‘zda tutmagan, albatta. Buxoro tipidagi shevalar hozirgi Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, Tojikistonning ayrim tumanlari va shimoliy Afg‘onistondagi keng hududlarda uchraydi.
Ikkinchi izoh shundan iboratki, “Taqte’”ning 3-sahifasida: “Buxoro va Xo‘qand va Samarqand va Xo‘jand va atrofida maxsus chig‘atoy lisoni vaznida tartibi aruzdur”, degan qayd ham uchraydi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, “chig‘atoy tili” deganda, Bobur shu shaharlar va ular atroflarida tarqalgan qarluq-chigil lahjasi vakillari zabonini ko‘zda tutgan. Bu lahjada, tabiiyki, forsiy va arabiy kalimot va iborot bisyor edi. Buni shu hududlardagi o‘zbek shevalarida hozir ham kuzatish mumkin.
Endi, keling, g‘azalga qaytib, uning mazmunini baytma-bayt sharhlaylik.
Sunbulin Laylo ochiptur, yel abiroso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish, lolayi hamro emas, –
matla’si mazmuniga yetish uchun undagi bugungi o‘quvchiga murakkablik qiladigan so‘zlarni aniqlashtirib olishimizga to‘g‘ri keladi.
“Sunbul” degan gul juda xushbo‘y va guli halqa-halqa, ya’ni jingalak bo‘lgani uchun Sharq shoirlari ijodida yorning sochini unga o‘xshatish an’anaga aylangan. Demak, baytdagi “sunbul” istiorasi “soch” ma’nosini anglatib kelgan. Bu gulning bir turi, to‘q nofarmon, ya’ni binafsha rangda bo‘ladi va u qop-qora sochga mengzaladi.
Ammo bu gulning oq, pushti, qirmizi, ko‘kimtir, sarg‘ish, och binafsha va boshqa ranglarda ochiladigan turlari ham bo‘ladi.
Arabcha “abir” xushbo‘y moddalar qorishmasini anglatadi. Ya’ni bu “yoqimli hid” degani. Unga forsiy “-oso” qo‘shimchasini qo‘shish orqali yasalgan “abiroso” esa “yoqimli hid tarqatuvchi” ma’nosida keladi.
Baytda, bir qarashda, bugungi o‘zbek o‘quvchisiga osongina anglashilganday tuyuladigan, ammo, aslida, tushunarsiz bir so‘z bor. Bu – “hamro”. Buning tushunarliday tuyulgani shundaki, o‘zbek ismlari orasida “Hamro” uchraydi. U forscha-tojikcha “ham+roh”ning qo‘shilmasi sifatida yuzaga kelgan va talaffuzda “roh” so‘zining oxirgi tovushi qisqarib, “hamro” bo‘lib qolgan. O‘zbek tilida uning “yo‘ldosh” (“yo‘l+dosh”) degan ma’nodoshi ham bor. Lekin bu mulohazalar bilan baytdagi “lolayi hamro” so‘z birikmasidan ma’no chiqarmoqchi bo‘lsak, aniqki, kalavaning uchini butunlay yo‘qotib qo‘yamiz. Chunki tilimizda “yo‘ldosh lola” degan tushuncha mavjud emas-da. Xo‘sh, gap nimada? Gap shundaki, arab tilida “ahmar” degan so‘z bor. U bizdagi “qizil” ma’nosini anglatadi. Arab tilida rus tilidagi kabi jins, ya’ni rod bor. “Ahmar” – muzakkariy jinsdagi shakl. Uning muannasiy jinsi “hamro” bo‘ladi.
G‘azalni arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosida o‘qigan mutaxassis bunday tarzda adashmaydi. Chunki arabcha “hamro” so‘zi “heyi hutti” harfi bilan bitiladi. Buning esa yozilishida forscha-tojikcha “hamroh” so‘zidan ikki harf bilan farq qiladi. Bu kalima vazn taqozosi bilan “hamrah” shaklida yozilishi ham mumkin. Ayonlashdiki, “lolayi hamro” aynan “qizil lola” degani ekan.
Qarang, bir bayt mazmunini tushunib olish uchun shuncha lug‘at ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Ana endi bu qo‘shmisrani nasriy bayon etsa, bo‘ladi:
“Layli sochini ochibdi, yel xushbo‘y hid taratuvchi emas (ya’ni, bu xushbo‘y hid Laylining sochidan taralyapti), (uning yuzidagi) dog‘ qizil lola emas, uni Majnun qonatgan”.
“Dog‘” so‘zining “g‘am”, “anduh”, “hasrat”, “qalb azobi” kabi ko‘chma ma’nolari ham yo‘q emas. Shoir, yuzaki qaraganda, yuzdagi xol yoki norni aytayotgandek tuyulgani bilan zimdan ko‘ngil dog‘ini ham nazarda tutgani sir emas.
Shoirning bor-yo‘g‘i 11 tagina so‘z orqali bir baytda shunday ajoyib manzarani o‘quvchi ko‘z oldida chizib berish mahoratiga qarang.
Nastaran ko‘zgusida bir sori – men, bir sori – yor
Chehra aksin ko‘rguzupturbiz, guli ra’no emas, – tarzida jaranglaydigan 2-baytning mazmunini anglash unchalar mushkullik tug‘dirmaydi. Chunki undagi “nastaran” – aynan rus tilida “siren” deb yuritiladigan gulning nomi. “Guli ra’no” degani esa “atirgul”ni anglatadi. Demak, baytda quyidagi mazmun bayon etilgan:
“Nastaran shunday chaman bo‘lib ochilganki, u go‘yo ko‘zguga aylangan, undagi tasvirni ikki atirgul deb o‘ylamanglar, chunki bir tarafda mening, bir tarafda yorning chehrasi aks etib turibdi”.
1-baytda Layli bilan Majnun haqida so‘z borgan edi. Lirik shu parallellik qat’iyati asosida 2-baytda birdan “sahna”ga o‘zi bilan yorini olib chiqadi. Buyuk rassom yanglig‘ o‘quvchi ko‘z oldida boshqa manzaraning “rasm”ini chizadi.
Gulni o‘xshatqan uchun yorimg‘a go‘yo bog‘ aro,
Muztarib ko‘nglum qushidur, bulbuli shaydo emas, – degan 3-baytda muallif yana bir ijodiy “o‘yin” qiladi. O‘zi-ku, 2-baytda: “Nastaranda aks etgan ikki chehrani “atirgul” deb o‘ylamanglar”, degan edi. Endi esa gulni yoriga o‘xshatganini tilga oladi. Bu baytda bugungi o‘quvchi tushunishga qiynaladigan birgina “muztarib” so‘zi bor. U esa “iztirob chekuvchi”, “betoqat”, “bezovta”, “oshufta” ma’nolarini anglatadi. Shuning uchun qo‘shmisrani mana bunday tarzda nasriy bayon etish mumkin:
“Gulni bog‘dagi yorimga o‘xshatganim uchun iztirob chekib, bezovta bo‘layotgan (narsa) – ko‘nglim qushi, shaydo bo‘lgan bulbul emas”.
4-bayt mana bunday jaranglaydi:
Sunbul ustidin nasim eskach, nigorim turrasin
Yod qildimkim, dimog‘ oshuftadur, savdo emas.
Bundagi “nasim” so‘zi “shamol”ni, “turra” kalimasi “kokil”, “soch o‘rimlari”, “zulf”ni, “savdo” esa “aqldan ozish darajasida oshiqlik”ni bildirib kelganini inobatga olsak, undan shunday mazmun anglashiladi:
“Sunbul ustidan shamol esgach, nigorim (yorim) sochlarini esladim, (shundan) dimog‘ (ko‘ngil) oshufta (oshiq), (lekin) aqldan ozish darajasida emas”.
Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir
Pardayi jonimdurur marhun, qadahpolo emas, – degan 5-baytda yana bugun uchun tushunarsiz so‘zlar ko‘p. Gʻazalning shu yerigacha “sunbul”, “lola”, “nastaran”, “ra’no” kabi gullar tilga olingan. Endi bu safga “nargis” ham qo‘shiladi. Bu gulning ko‘p turlari oppoq rangda ochiladi.
Ammo atrofida oq gul-u, o‘rtada sap-sariq qadahga o‘xshagan kosachasi bor turlari ham uchraydi. Shoir bu baytini uning aynan ana shu turini ko‘z oldiga keltirib yozgan.
“Jom” so‘zi – “qadah”ning ma’nodoshi. “Kofur” oppoq rangdagi xushbo‘y kristal modda hisoblanadi. “Kofuriy” sifati – “kofur rangida”, ya’ni “oppoq” degani. “Harir” kalimasi ipak matoni, ya’ni yupqa va nozik gazlamani bildiradi. Bunda nargis gulining kosachasi tagidagi oq gulbarglar nazarda tutilyapti. “Marhun” esa “garovga qo‘yilgan” yoki “garovga berilgan” ma’nosida kelgan. “Qadahpolo” degani “maysuzgich”ni anglatadi. May tozalanishi uchun u doka yoki surpdan o‘tkazilgan-da.
Ana endi bayt mazmunini tugal ifodalash imkoni paydo bo‘ldi:
“Nargis gulining oltindek sap-sariq qadahi oldidagi yupqa oppoq gulbarglar jonimning garovga berilgan pardasi hisoblanadi, u mayni suzib oladigan narsa emas”.
Dema: “Afg‘onimda bulbul nolasidek yo‘q nishot”,
Bu ham anduhzo emas, gar ul nishotafzo emas, – deya jaranglaydigan 6-baytdagi “afg‘on” so‘zi “nola”, “fig‘on”ni, “nishot” kalimasi “shodlik”, “xurramlik”, “xursandchilik”ni, “anduhzo” ifodasi “g‘am-anduh keltiruvchi”ni, “nishotafzo” esa “xursandlik paydo qilish”ni bildiradi. Demak, baytda quyidagicha mazmun anglashiladi:
“Chekkan nola-fig‘onimda bulbul nolasidek shod-xurramlik yo‘q”, dema, garchi u xursandlik paydo qiluvchi bo‘lmasa-da, bu ham g‘am-anduh keltiruvchi emas”.
Endi navbat 7-baytga keldi:
Gulni sarv uzra xayol ettim ko‘ngul bo‘stonida,
Rost aytay, sarvi gulro‘yum kebi zebo emas.
Shoir gullar galareyasidan daraxtga o‘tdi, ya’ni “sarv” so‘zini qo‘lladi. Ochig‘i,“sarv” she’rlar orqali hammamizga juda tanishdek. Holbuki, unday emas. Sarv – ninabargli, ya’ni archalar oilasiga kiradigan daraxt. O‘ziga xosligi shundaki, u juda tikka va ingichka bo‘lib o‘sadi. Yog‘ochi juda qattiq bo‘ladi. Shayx Xovand Tohur hazratlari (XIII asr oxirlari – 1359) Toshkent shahrida o‘zlari ekkan bir sarv daraxti yoniga dafn etilgan. Yillar o‘tib, daraxt qurigan. Ammo Shayxga maqbara qurayotganda sarvning tanasini aynan qoldirishgan. Hozirgacha ham tik holda saqlanib turibdi.
“Gulro‘y” so‘zi – aynan “gul yuzli” degani.
Shu tariqa baytdan mana bunday mazmun chiqarish – mumkin:
“Ko‘ngil bo‘stonida gulni sarv uzra deb xayol qildim, rostini aytay, (u) gul yuzli sarvim (tik qomatli yorim) kabi zebo (chiroyli, go‘zal) emas”.
8-bayt, bir qarashda, oldingi baytlardagi bayon va tasvirga bevosita bog‘lanmaydi:
Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro
Siz kebi bilturg‘i gullardin biri paydo emas.
Musulmon Sharqi mumtoz she’riyatida g‘azalning oxirgi qo‘shmisrasi, ya’ni maqta’dan oldingi bayt yoki baytlarda shoir erkinroq bir masalani o‘rtaga qo‘yish, masalan, nasihat qilish huquqiga ega. Shuning uchun ilmda “begona bayt” deyiladi. Unda shoir oldingi 7 baytdagi izchil tasvirdan chekinadi va kutilmaganda, sho‘xlarga, ya’ni o‘z husni bilan g‘ururlanib yurgan tannozlarga nasihat qilishga o‘tadi, ularga dunyoning o‘tkinchiligini ta’kidlagan bo‘ladi:
“Ey sho‘xlar, bog‘ aro husnlaringizga mag‘rur bo‘lmanglar, (chunki) siz kabi bulturgi gullardan birortasi paydo emas (ya’ni qolmagan)”.
9-bayt – maqta’. Unda bugungi o‘quvchi uchun tushunarsiz so‘z yo‘q darajada:
Manga gulrux soqiy-u, bulbulg‘a gul tutti qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.
Faqat “gulrux” qo‘shma so‘zidagi “rux” o‘zbekchadagi “yuz”ni bildirishini qayd etish kerak, xolos. Shoir dastlabki 7 baytda qo‘l kelgan timsollarga yana qaytadi. Chunki ularda lirik qahramonning gulrux yori, bulbul, nargis gulining qadahi tilga olingan edi.
Shu tariqa baytdan mana bunday mazmun anglashiladi:
“Menga gul yuzli (yor) soqiylik qildi-yu, bulbulga gul qadah tutdi, u (bulbul) ham Navoiydek mast, lekin rasvo bo‘lgan emas”.
Ko‘rinib turibdiki, bu shoirning ancha murakkab g‘azallari sirasiga kiradi. Baytlarda zichlik bor. Ifodalarda forsiy-arabiy so‘z va qo‘shimchalar ustuvorlik qilgan. Ochig‘ini aytganda, bu asarni forsiyga o‘girish u qadar mushkulot tug‘dirmasa ham kerak.
Birinchidan, zinhor-bazinhor, shoir turkona uslubda she’r yozishga qiynalgan, shuning uchun forsiy-arabiy so‘zlardan unumli foydalangan, deb o‘ylamaslik kerak. Yo‘q, u bilib turib shu yo‘lni tutgan. Bu bilan turkiy tilda ham shunaqa yuksak darajadagi forsiy-arabiy ifoda va tasvirlarni yaratish mumkinligini isbotlash uning asl maqsadi zamirida yotgan.
Ikkinchidan, aynan shu yo‘l bilan ham u ona tili imkoniyatlarini kengaytirishga munosib hissa qo‘shgan. Chunki har qanday til, jumladan, boshqa tillardan olingan so‘zlar hisobiga boyib boradi.
Uchinchidan, Navoiyning sof turkiy so‘zlarni ko‘proq ishlatishni maxsus maqsad qilib yozgan g‘azallari ham kam emas. Bu uning turkiy til imkoniyatlarini namoyon etishdagi ikkinchi bir yo‘li edi. Biroq ayni masalani alohida ko‘rib chiqish lozim.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



