13.04.2024 | 14:52
405
KOINOT QUDUG‘I

Iskandarning shoxi borligini bilib qolgan sartarosh ichida saqlay olmay, bu sirni kimsasiz sahrodagi quduqqa aytdi. Shu bilan yengil tortib, undan qutuldim, deb o‘yladi. Ammo unday bo‘lmadi. Quduqdan qamish o‘sib chiqdi. Shu o‘rtada suruvini oldiga solib yurgan cho‘pon qamishni kesib, nay yasadi. Uni chalganida “Iskandarning shoxi bor”, degan sado chiqdi. Sartarosh ham, cho‘pon ham bunday choqda o‘zlarini bilmaslikka olib, nari ketdilar. Bori ayb nayda qoldi. Odamzod paydo bo‘lishining ilk davridayoq ibtidoiy ongining hali qorong‘i puchmoqlarida Yer hodisalarining samo bilan bog‘liqligini savqi tabiiy his-la payqab, imdodni o‘sha yoqdan kutganicha, qo‘rquv va vahima ichra umrguzaronlik qilgani behuda emas. Endilikda ko‘milib ketgan sahro qudug‘i o‘rnini koinot qudug‘iga bo‘shatib bergan ko‘rinadi. Payqaganingizdek, bu quduqning nomi ijtimoiy tarmoq, deb ataladi. Turli xalqlar turli davrlarda o‘z taraqqiyoti darajasidan kelib chiqib, hayot muammolarini turli yo‘llar bilan hal etishga urinishgan. Xalqlarning madaniy darajasi va saviyasidan kelib chiqib, bu yo‘llarning oqilona yoki aqlga muvofiq emasligi namoyon bo‘lgan. Endilikda ustma-ust qalashayotgan bunday muammolarni bartaraf etishda “bo‘shanib olish” vositasi ham qo‘llanayotgani hech kimga sir emas. Bu ahamiyatga molik, ehtimol, sog‘liqqa foydali vositadir. Ammo aslo umum e’tirofidagi qadriyatlar va tushunchalarga emas. Ma’lumki, mijozlarini davolash uchun ularning dardlarini eshitishdan erinmagan ulug‘ ruhiyatshunos Zigmund Freyd jinnilarning ichida qamalib yotgan dard-hasratlaridan ularni bo‘shatib, uzluksiz suhbatlar davomida qo‘rquv-vahimasini nari ketkazgan, sog‘lom hayotga qaytargan. Bu o‘ziga xos fan, ruhiy muolaja usuli. Yoshlar boshini silayotgan keksalarning “dardingni olay” degan so‘zlari ham bejiz emas. Naql qilishlaricha, qadim zamonda bir savdogar yigit bo‘y yetgan qizga uylanibdi. Ular baxtli hayot kechira boshlashibdi. Kunlardan bir kuni savdogar olis yurtlarga savdo karvoni bilan uzoq safarga ketibdi. Qaytib kelsa, xotini u safarga ketganidan so‘ng yarim yil ichida gulday so‘lib, rangi za’faronlashib jon bergan ekan. Savdogar yigit endi boshqa bir ayolga uylanibdi va tag‘in olis-olis yurtlarga savdo karvoni bilan yo‘lga tushibdi. Bu gal qaytib kelsa, xotini damqisma kasaliga giriftor bo‘lib, bir yil orasida olamdan o‘tgan ekan. Uchinchi safar yana boshqa ayolga uylanib, yana safarga otlanibdi. Bu gal ming hadik bilan qaytib kelganida uni gulgun xotini qarshi olibdi.
– Sen qanday tirik qolding? – so‘rabdi savdogar.
– Men har kuni xamir qorganimda, undan kichkinagina zuvala ajratib olib, qo‘g‘irchoq yasar edim, – debdi xotini. – So‘ngra ana shu qo‘g‘irchoqqa ichimdagi dardlarimni aytib, ko‘nglimni bo‘shatar edim, agar shunday qilmaganimda men ham avvalgi ayollaringiz kabi uzoqqa bormasdim… U eriga yuzlab xamir ko‘g‘irchoqlarni ko‘rsatibdi. Bu qo‘g‘irchoqlarning birortasi butun emas, ko‘pi ikki-uch bo‘lakka bo‘linib yotgan ekan. Ayolning ayriliq dardlari jonsiz xamir qo‘g‘irchoqlarni shu ko‘yga solgan ekan. “Hayot qoniqishdan iborat” degan Zigmund Freydning “Izhor etilmagan hissiyotlar hech qachon o‘lmaydi, ular tiriklay ko‘milgan holda keyinroq o‘zini xunuk munosabatlarda namoyon etadi”, “Hech bir odam sir saqlay olmaydi, agar lablari qimirlamasa, barmoq uchlari gapiradi; uchragan joyidan xiyonat oqib chiqaveradi” singari ruhiyat bilan bog‘liq so‘zlari inson hayotida nechog‘li ulkan ahamiyatga molik ekanini takrorlashga hojat yo‘q. Biz orzu qilgan jamiyatlar aholisi bunday mutafakkirlar asarlarini e’zoz etgan holda mutolaa qilib, erkin hayot, inson va jamiyat munosabatlari haqida bemalol mulohaza yurita olishadi va har biri shu tariqa o‘zligini saqlagan holda cheksiz olamda o‘zi bir olam bo‘lib yashaydi. Yoshlik chog‘larida qonilmagan mayllar keyin-keyin xastalik tusini oladi. Chala qobiliyat, erishilmagan orzular, mayda maqsadlarning jilvakor namoyon bo‘lishi insonni ayanchli ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Afsuski, Freyd ta’kidlagan, “o‘zingni ko‘rsat”, “mashhur qo‘shiqchi bilan hamsuhbat ekaningni ayt”, “falonchi-pistonchi bilan shaxmat surib, qahvaxonaga borganingdan gapir” qabilidagi boshqalarga aytmaydigan va hatto o‘zi ham fahmiga bormaydigan istaklar har bir individni ichdan turtkilab turadi. Uning qulog‘i ostiga “sen ham chakana emas”, deya shipshib, qutqu soladi. Bu aslo rahmoniy emas. Rahmoniy bo‘lmagan hodisalarga esa shaytoniy tuyg‘ular aralashadi. Qutqu tinchitmaydi, u o‘zini ko‘rsatadigan maydon izlashga majburlanadi. Ochiq maydonlar o‘tmishda qolib ketgan. Bunday kimsa kitob, musiqa, san’at, madaniyat, teatr kabi har bir xalqning ma’naviy-ma’rifiy hayotida muhim ahamiyatga molik hodisalarga qiziqmaydi. Yoki ma’naviy darajasidan kelib chiqib, ularga bepisand qaraydi. Shu choqda uning qo‘lida telefon yoki qarshisidagi kompyuter monitori ham harakatga kiradi. Qonilmagan mayllar ehtiyojini qondirish koinot hududida davom etar ekan, uning qudug‘i endi qamish o‘stirish nari tursin, mayda-chuyda g‘iybatlar, tarafkashliklar, javobsiz istaklar, foydasiz tilaklar, e’tiborsiz tanqidlar kabi barchasini yutib, sohibining peshonasidan ter chiqaradi. Keyingi paytlarda “dardini aytib olsin” imkoniyati “bug‘ini chiqarib olsin” iborasiga aylanib ulgurgani ham shundan. Asta-sekin koinot qudug‘i insonning o‘zligini ham so‘rib-yutib yuboradi. Uning zaxkash devorlarida issig‘ida izhorini topgan kuchli, emosional tuyg‘ular, kun kelib o‘z egasining aqldan ozishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan dardu g‘amlar yopishib yotadi. Darddoshlik seanslari koinot qudug‘i tublarida suv o‘rnida jilvalanadi, qamish o‘rnida ohang taratadi. Bor-budini to‘kib solganlar esa, endi yangisini izlay boshlashadi. Uzoqqa borib o‘tirishning hojati yo‘q. Endi muhabbat, oila, do‘stlik, mehr, oqibat kabi pinhoniy tuyg‘ular yuziga parda tortishga ham hojat qolmaydi. Bahosi bir chaqaga aylangan narsalarning asl qimmati o‘sha pardada ekani esa ko‘pchilikning xayoliga ham kelmay qoladi. Yana Freyd ta’biri bilan aytganda, “Ahmoqlikning ilk belgisi uyatni bilmaslik” bo‘lib qoladi. Nima yegani, nima ichgani, qachon uyg‘ongani, qachon uxlagani, xotini nimaga qiziqadi, otasi qachon o‘lgan, ammasining quvonchi, xolasining safari, badanining ozgani, tanining semirgani, hammomga borgani, hammomdan chiqqani, oyog‘ining og‘rigani, suvining muzlagani kabilarni bajonidil qabul qilib o‘tiradigan koinot hududidagi do‘sti qadrdon bir devor ortidagi qo‘ni-qo‘shnidan, tanbeh beradigan aqlli do‘stdan, o‘zligini izlashga undaydigan kitobdan, mumtoz asarlardan ko‘ra qadrdonroq emasmi? Axir, unga buvagining tuvagigacha ayta olish imkoni yaratilgan bo‘lsa? Inson, uning fikr-o‘ylari, his-tuyg‘ularini suiiste’mol qilgan holda tabiiy boyliklar, bugun va kelajak uchun asqotadigan muhim narsalardan mosuvo qilish maqsadi asrlar silsilasidagi kurash davomida hech qachon to‘xtamagan. O‘z qudug‘ida qonmagan maylini qondirib, o‘z dardu hasratini to‘kib solayotganlarning umumijtimoiy hodisalar bilan ishi yo‘q, chunki fahmiga yetgani va o‘zini qiziqtirgani hadsiz darajada chegaralangan. – Bir mahal boshimni ko‘tarib qarasam, barcha yaqinlarim mendan uzoqlashib ketganini ko‘rib hayron qoldim, – deydi koinot qudug‘i tepasida o‘rin olganlardan biri bosh chayqab. – O‘rnimdan turay desam, undan uzoqlasha olmayman, men unga aytish uchun sarguzasht izlaydigan telba sayyohga o‘xshab qolibman. Bir tomonga og‘ishga moyil omma o‘z fikriga ega emas. Bugun qoraga qarshi turganlar, ertaga oqni yerga urishadi; vaqt o‘tib, oqni ham, qorani ham olqishlay boshlashadi. Chetdan koinot qudug‘i orqali ongni boshqarib turadigan qandaydir ko‘rinmas kuch cheksiz rohatlansa kerak. Jamiyat hodisalarini tahlil qiladigan fanlar-chi? Masalan? Masalan, sotsiologiya. Afsuski, bizda uning nomi bor-u o‘zi yo‘q. Muammo esa kengayib, koinotning tubsiz qudug‘i o‘z qa’riga tortib boraveradi. U Bermud uchburchagidan ham xavfliroqdir. Ezgu maqsad sari olib borishi mumkin bo‘lgan kemangizni undan ehtiyot qiling…
Shoyim BO‘TAYEV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 15 -mart 12-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

