23.09.2026 | 16:16
1038
TANQIDMI, CHAQIRIQ?
So‘nggi oylarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupovning “Jadid” gazetasining 14-sonida chop etilgan “Yangi zamon ilmi” suhbatida ko‘tarilgan masalalar keng jamoatchilik, ayniqsa, ilm-fan kishilari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hatto, ilm ko‘chasiga kirmagan ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa egalari ham olimning jurnalist savollariga bergan javoblarini peshma-pesh e’lon qilib bordi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

Omma diqqatini shou biznesdan, shov-shuvdan ma’rifiy majlisga burgan omil nima edi? Menimcha, bunga suhbatda nafaqat yutuq va imkoniyatlar, balki jiddiy muammolar ham ochiq-oydin tilga olingani, ya’ni, mavzuga xolis yondashilgani sabab.
Suhbatga munosabatlar turlicha bo‘ldi: bir toifa qo‘llab-quvvatlagan, bir toifa norizo, yana bir toifa so‘z qolib, so‘zchini muhokama qilgan… Bu tabiiy. Men esa suhbat asnosida bir qator mulohazalarni o‘zim uchun belgilab oldim. Mazkur suhbat bizga bir vaqtning o‘zida ikki haqiqatni ko‘rish imkonini beradi. Birinchisi, O‘zbekistonda ilm-fan uchun imkoniyatlar sezilarli darajada kengaymoqda. Ikkinchisi, imkoniyatlar ko‘paygan sari tizim oldidagi mas’uliyat ham ortyapti.
Bugun ilm-fanga munosabat kechagidan ancha farq qiladi. Yangi institutlar, laboratoriyalar, grantlar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari paydo bo‘ldi. Ilmiy daraja olish, xalqaro ilmiy maydonga chiqish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar kengaydi. Ammo imkoniyatning ko‘payishi hali ilmning o‘zi rivojlandi, degani emas. Imkoniyat – sharoit. Natijani esa olimning salohiyati, ilmiy maktabning quvvati, tadqiqotning sifati va tizimdagi halollik belgilaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilmiy daraja olishga intilayotganlar soni sezilarli ko‘paydi. Bu, bir tomondan, ilm-fanga qiziqish ortganidan dalolat. Doktorantura tizimining kengayishi, yangi ilmiy kengashlarning tashkil etilishi, tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar – bularning barchasi ijobiy jarayon. Biroq savol paydo bo‘ladi: ilmiy daraja sohiblarining soni ortishi bilan natijalar ham shunga mutanosibmi? Mohiyat aynan shunda.
Ilmiy daraja oddiy rasmiy maqom emas. U insonning muayyan sohada mustaqil ilmiy izlanish olib borish, yangi natija yaratish va ilm rivojiga hissa qo‘shish qobiliyatini tasdiqlashi kerak. Agar daraja diplom yoki mansab uchun olinadigan navbatdagi hujjatga aylansa, uning ilmiy qiymati pasayadi. Bunday holatning xavfi faqat bir tadqiqotchining obro‘si bilan cheklanmaydi. Bir kishining yuzaki yoki ko‘chirma tadqiqoti butun ilmiy tizimning ishonchliligiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bugun bizga dissertatsiyadan ko‘ra, ko‘proq sifatli tadqiqotlar kerak.
Darvoqe, ilm qilish uchun imkoniyatlar kengaygan ekan, ilmiy mehnatning o‘ziga qo‘yiladigan talablar ham yuqori bo‘lishi lozim. Har bir tadqiqotning o‘z tabiati bor. Ayrim sohada ilmiy natijaga bir-ikki yilda erishish mumkin. Boshqa bir yo‘nalishda esa buning uchun o‘n yillab mehnat talab etiladi. Ayniqsa, fundamental fanlarda bu yanada yaqqol ko‘rinadi. Shuning uchun doktorantni faqat “Qachon himoya qiladi?” degan savol bilan baholash to‘g‘ri emas. “Nima yaratdi?”, “Qanday yangi ilmiy natija oldi?”, “Uning tadqiqoti o‘z sohasiga qanday ta’sir qildi?” degan savollar birinchi o‘rinda turishi kerak.
2027-yildan ilmiy attestatsiya jarayonida ayrim ortiqcha byurokratik talablarning bekor qilinishi ijobiy qadam sifatida baholanishi mumkin. Olimning vaqti qog‘oz to‘ldirishga emas, tadqiqotga sarflanishi kerak. Hisobotlar, ma’lumotnomalar va formal talablar ilmiy faoliyatning mazmunini bosib ketmasligi lozim. Ilmiy darajani himoya qilish jarayoni ham ochiq, shaffof va xolis bo‘lishi muhim. Biroq sifat talabini oshirish jarayonida yana bir nozik jihatni hisobga olish shart. Sifat uchun kurash halol mehnat qilayotgan, o‘z sohasida izlanayotgan olimlarga nisbatan ortiqcha shubha muhitini shakllantirib qo‘ymasligi kerak.
Bu jarayonda ilmiy jamoatchilikning o‘rni beqiyos. Tizimga qancha nazorat mexanizmi kiritilmasin, oxir-oqibat, fanning ichki madaniyatini olimlarning o‘zi belgilaydi. Bir soha olimlari bir-birining ishiga talabchan va xolis baho bersa, ilmiy muhit sog‘lomlashadi. Shu jihatdan, ayrim ilmiy kengashlarda OAK talablaridan tashqari patent, nufuzli xalqaro bazalarda indekslanadigan jurnallarda maqola kabi qo‘shimcha mezonlarning qo‘llanayotgani e’tiborga loyiq. Buni sun’iy to‘siq sifatida emas, agar mezonlar aniq, ochiq va barchaga birdek qo‘llansa, ilmiy sifatni ta’minlash vositasi deb nomlash mumkin. Demak, fanning sofligini himoya qilishning eng kuchli vositasi olimning ichki mas’uliyati va ilmiy jamoaning professional madaniyati bilan bevosita bog‘liqdir.
Ilm-fanda avlodlar almashinuvi tabiiy jarayon. Ammo bu almashinuv uzilishga aylanmasin. Katta olim o‘z tajribasini yoshlarga berishi, yosh olim esa ustozning tajribasini yangi bilim va zamonaviy yondashuvlar bilan boyitishi kerak. Bunda o‘zaro hurmat va professional raqobat uyg‘unlashadi. Ilmiy maktab aynan shunday muhitda shakllanadi.
Bugun butun dunyo intellektual kapital uchun kurashmoqda. AQSH, Xitoy va Yevropaning yetakchi davlatlari iqtidorli olimlarni jalb qilish uchun milliardlab mablag‘ sarflamoqda. Chunki qaysi mamlakatda kuchli olimlar ko‘p bo‘lsa, o‘sha davlatning iqtisodiy, texnologik va strategik qudrati ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. O‘zbekiston ham Prezidentimiz rahbarligida aynan shu yo‘ldan dadil bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, akademik Shavkat Ayupovning chiqishi tanqid emas, balki ilmning obro‘sini saqlab qolish, ilmiy darajalar qadrini oshirish, plagiatga qarshi murosasiz bo‘lish, ilmiy maktablarni asrash va haqiqiy olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dolzarb chaqiriqdir. Zero, ilmning sofligini saqlab qolgan millat o‘z kelajagini ham saqlab qoladi.
Sanjar SHOQO‘CHQOROV,
texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



