01.11.2024 | 12:16
503
TARAQQIYOTNING QO‘SH QANOTI
Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab barcha oliy va oʻrta ta’lim dargohlarida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar hamda publitsistlar ishtirokida adabiy uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida uyushtirilayotgan mazkur loyiha navqiron avlod vakillarini milliy adabiyotimiz, bebaho qadriyatlarimiz va shonli tariximiz bilan yanada yaqinroq tanishtirish va ularning dunyoqarashini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

MA’RIFAT ULASHIB
Loyihaning navbatdagi mavsumida poytaxtda yashab ijod qilayotgan qalamkashlarning ijodiy safar manzili – vodiy gavhari boʻlmish Fargʻona shahri boʻldi. Fargʻona shahrida joylashgan Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti hamda Latviyaning axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi Fargʻona filiali, shuningdek, shahardagi oʻnga yaqin maktabda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, taniqli adabiyotshunos olim Bahodir Karim hamda iste’dodli shoir Dilmurod Doʻst ishtirokida oʻtkazilgan qator uchrashuvlar, davra suhbatlari talaba va oʻquvchilar tomonidan qizgʻin kutib olindi.
Uch kunlik dastur va unda belgilangan ijodiy uchrashuvlardan tashqari mehmonlar talabalarning oʻqish sharoitlari, ta’lim muassasalarida yaratilgan qulayliklar bilan ham yaqindan tanishib, oʻquv maskanlaridagi kutubxonalar faoliyatini hamda ma’naviy-ma’rifiy yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarni yangi sifat bosqichiga koʻtarish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishdi.
Shuningdek, oliy ta’lim dargohlariga biriktirilgan maktablarda oʻtkazilgan tadbirlarda iqtidorli oʻquvchilar ham oʻz ijodiy imkoniyatlarini namoyish etdi.
– Hamma zamonlarda ham inson qalbi eng qiziqarli va dolzarb mavzulardan biri boʻlib kelgan. Boʻlajak shifokorlar bilan oʻtkazgan uchrashuvlarimizda ular bilan bir xil ishni bajarayotganimizni gapirdim, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim. – Ya’ni tibbiyot oliygohida tahsil olgan talabalar vaqti kelib inson tanasining salomatligi uchun tunni tongga ulab zahmat chekkanlari kabi biz adabiyot, soʻz xizmatkorlari ham inson ruhiyati, uning kayfiyati, bir soʻz bilan aytganda inson koʻngli “sogʻlomligi” uchun mehnat qilyapmiz. Aslida adabiyotshunoslar dunyoga kelgan asarni yoki uzoq umr koʻrayotgan kitobni astoydil oʻrganib, unga “tashxis” qoʻyadi. Agar boʻsh va saviyasiz bitilgan asarga duch kelib qolsa, unda “yurak” va “miya” faoliyati bilan bogʻliq kasallik alomatlari kuzatilayotganini bildirib oʻtish adabiyotshunos olimlarning vazifalaridan biridir. Tibbiyot yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalarga soʻzning qudrati, uning bemor bilan oʻzaro munosabatlarda eng samarali qurol ekani haqida gapirdik.
Besh-olti yil davomida universitetda oʻqib oʻzlashtirilgan bilimlar va ish davomida egallangan tajribani tarozining bir pallasiga qoʻysak, ikkinchi pallada turgan soʻz atalmish buyuk ne’mat ham zalvorli tosh bosishini alohida ta’kidladik. “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida tibbiyot universitetlarida adib va shoirlar bilan uchrashuvlar oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri ham soʻzning moʻjizaviy qudratini boʻlajak shifokorlarga anglatishdan iboratdir.
KOʻZ OʻNGIMIZDA ROʻY BERAYOTGAN OʻZGARISHLAR
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Fargʻona viloyatiga tashrif buyurgan mehmonlar bu yerda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarini alohida e’tirof etishdi. Darhaqiqat, Prezidentimiz joriy yil 11-iyulda Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va ijtimoiy infratuzilmani yanada takomillashtirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratib, bu borada bir qator muhim loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan topshiriqlar berdilar.
Xususan, Prezidentimiz Fargʻona shahrida 65 ming nafar aholiga moʻljallangan 365 ta koʻp qavatli uydan iborat “Yangi Oʻzbekiston” massivida bajarilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdilar. E’tiborlisi, ushbu zamonaviy maskanda foydalanishga topshirilgan 2 887 xonadondan iborat 75 ta koʻp qavatli uy va uning atrofida barpo etilgan bogʻlar allaqachon odamlar bilan gavjum boʻlgan obod manzilga aylangan. Uch yuz gektar maydonni egallagan “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishida aholi uchun zarur boʻlgan ijtimoiy obyektlarning qulay lokatsiyalarda bunyod etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Fargʻona vodiysida ham ulkan bunyodkorlik ishlari ma’rifat va ma’naviyat asosida koʻkka boʻylayotganiga guvoh boʻlib turibmiz, – deydi shoir Dilmurod Doʻst. – Zamonaviy shaharlarga fayz bagʻishlaydigan kutubxona, kitob doʻkonlari, ilm-u fan maskanlari ham qad rostlayotgani bizni behad quvontiradi. Yana bir gapni aytib oʻtishim kerak, bu loyiha nafaqat adabiyot muxlislari, balki ijodkorlar uchun ham manfaatli boʻlyapti. Bir ustozim lutf etganidek, biz nafaqat ma’rifat ulashyapmiz, oʻz navbatida ma’naviyat durlarini ham terib, ma’nan ham boyib qaytmoqdamiz.
Yurtboshimiz fargʻonaliklar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Margʻilon shahri yurtimizdagi aholi gavjum hududlardan biri ekanini alohida ta’kidlab shunday degan edilar: “Mamlakatimizning koʻp joylarida yangi massivlar, shaharchalar quryapmiz. Margʻilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, koʻpchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni oʻylayapmiz”.
Tadbir davomida Margʻilonda Burhonuddin Margʻinoniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, shoir va san’atkorlar xiyoboni, zamonaviy mehmonxonalar, savdo va xizmat majmualari barpo etilishidan xabardor boʻlgan margʻilonliklar behad xursand boʻlishgan edi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan uchrashuvlarda islohotlarning chekka hududlargacha yetib borayotgani, buning natijasida odamlarning hayoti yaxshi tomonga oʻzgarayotgani hayotiy misollar asosida ta’kidlab oʻtildi.
– Fargʻona shahriga ijodiy safarimiz chogʻida muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning Fargʻona misolidagi amaliy natijalarini oʻz koʻzim bilan koʻrdim, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov. – Biz kasbimiz taqozosi bilan koʻplab odamlar bilan suhbatlashamiz. “Ma’rifat ulashib” loyihasi sabab ta’lim muassasasidagi oʻqituvchi va oʻquvchilar hamda mahallalardagi uchrashuvlarda, aholi bilan boʻlgan suhbatlar chogʻida e’tiborimni tortgan jihatlardan biri fargʻonaliklarning hayotga, ertangi kunga boʻlgan ishonchi, ularning yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunligi boʻldi. Ana shunda uzoqni koʻzlab olib borilayotgan oqilona siyosat, inson qadrini ulugʻlovchi ezgu gʻoya bugun odamlar hayotini oʻzgartirayotganiga guvoh boʻldik.
Mamlakatimiz rivojining bir qanoti iqtisodiyot boʻlsa, uning ikkinchisi, hech shubhasiz, ma’naviyatdir. Ularni bir-biridan ayro tasavvur etib boʻlmasligi bugun hech kimga sir emas. Shu ma’noda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga hamohang ravishda tashkil etilayotgan “Ma’rifat ulashib” adabiy-ma’rifiy loyihasi ham Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot parvozi ishonchli va bardavom boʻlishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ulugʻbek SOLIYEV,
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti prorektori
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
329



