Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.10.2025 | 12:25

img535

TARAQQIYOTNING BOSH OMILI NIMADA?

KO‘PCHILIKNI O‘YLANTIRGAN SAVOLGA JAVOB

Faqat johil kishi inson huquqlari va erkinligi borasidagi me’yorlarni toptashi, o‘zgalarni undan mahrum etish asnosida, o‘zi va yaqinlarini ham bu mahrumlikka sherik qilishi mumkin. Bunga asosiy sabab nima, degan savolga esa, jamiyatdagi diniy qarashlarning xato talqinidan kelib chiqqan johilona qadriyatlar, deb javob beruvchi kishilar ham bor.

Ammo boshqa omillarni ham unutmaslik lozim. “Hokimiyat – qonundan yuqori” degan qarash bilan yashaydigan kishilardan iborat jamiyatda faqat johilona qarashlar rivojlanib, huquqiy madaniyat tanazzulga yuz tutib boraveradi. Huquqiy ong va madaniyat shakllanmagani bois, jamoatchilik nazorati hech qachon amaliyotga tatbiq etilmaydigan bunday davlatlarning fuqarolari muntazam tarzda g‘oyaviy-mafkuraviy bosim ostida ushlanadi. “An’ana”, “madaniy xususiyat”, “o‘ziga xoslik” yoki “diniy me’yor” degan bahonalar bilan inson huquqlari toptalaveradi. Qonuniy huquq va erkinliklar butunlay yo‘qolib, korrupsiya gullab-yashnaydi. Jamiyatning siyosiy va iqtisodiy salohiyati nolga tenglashgach, alamzada kishilarning adolattalablik hissi sabab radikallashuv vujudga keladi.

Demak, johilona qadriyatlardan tashqari, huquqiy savodxonlikning pastligi, huquqiy ong va madaniyatning shakllanmagani ham inson huquqlarining toptalishiga asosiy sabablardan biri bo‘ladi.

G‘ARB DEMOKRATIYASI TARIXIDAN SABOQLAR

Huquq haqida so‘z ketganda, G‘arb jamiyati tarixida sodir bo‘lgan diniy islohotlar borasida to‘xtalib o‘tish joiz. XVI asrda Yevropada katta ahamiyatga ega bo‘lgan protestant harakatlari, Martin Lyuter, protestantlar va katolik cherkovi o‘rtasidagi kurash haqida tarix darsliklarida o‘qiganmiz. Ammo bu voqealarning oxir-oqibat nimaga olib kelgani borasida teran xulosa qilavermaymiz.

Jorj Marshall nomidagi strategik xavfsizlik markazi professori Aleksandr Garin jurnalist Irina Lagunina bilan bo‘lgan suhbatida (“Ma’rifat” gazetasining 2003-yil 14–21-iyun sonlarida e’lon qilingan) bu tarixiy hodisalarni tizimli tahlil qilib bergan. Unda cherkov va davlat munosabati, cherkov hukmronligiga qarshi huquqiy harakatlar, jamiyatning diniy va siyosiy ozodlik uchun kurashi oqibatida yuzaga kelgan qonunchilik va konstitutsiyaviy tizim, Yevropa mamlakatlarida siyosiy huquqlar va fuqaro erkinliklarining bosqichma-bosqich tarzda shakllanishi, xalq irodasi va parlament hokimiyatiga yo‘l ochgan hodisalar haqida ijtimoiy-tarixiy xulosalar o‘rtaga tashlangan.

Garinga ko‘ra, demokratiya G‘arbda tabiiy jarayon sifatida emas, balki tinimsiz kurashlar, islohotlar va falsafiy bahslar natijasida yuzaga kelgan. Yevropa tarixidagi har bir bosqich – diniy va konstitutsiyaviy islohotlar – demokratiya taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Demakki, G‘arb demokratiyasi diniy-siyosiy kurashlar va falsafiy izlanishlar yo‘lini bosib o‘tgan. E’tibor qilsak, bu hodisalar ko‘hna qit’ada demokratik qarashlarni mustahkamlashga olib kelganini anglaymiz.

HUQUQSIZ DEMOKRATIYA BO‘LMAYDI

G‘arb demokratiyasining asosiy tarixiy bosqichlari xususida so‘z ketganda, XI–XII asrlarda sodir bo‘lgan Investitura nizosi, ya’ni imperatorlar va papalar o‘rtasidagi bahslar natijasida cherkov va davlat vakolatlari ajratilganini alohida eslash shart. Ayni shu hodisa tufayli Yevropada huquqiy chegaralar va har bir institutning o‘ziga xos huquqi e’tirof etilgan. XIII asrda Angliyada qirol Jon Laklend majburiy imzolagan hujjat – “Magna Carta” (“Katta erkinliklar xartiyasi”) ilk bor “qirol ham qonunga bo‘ysunishi shart” degan tamoyilni huquqiy jihatdan mustahkamlagan. Bugungi demokratiya va inson huquqlari nazariyasining dastlabki qadamlaridan biri hisoblangan bu hujjat “Hech bir hokimiyat qonundan yuqori emas, fuqaro erkinligi davlat tomonidan himoya qilinishi lozim” degan qarashni “huquqiy davlat” g‘oyasining asosiga aylantirgan.

Umuman, Yevropada demokratik taraqqiyotga turtki bergan ko‘plab tarixiy hodisalar mavjud. Masalan, XVII asrda Angliya parlamenti tomonidan qabul qilingan “Bill of Rights” (“Huquqlar deklaratsiyasi”) fuqarolarning asosiy huquqlari qonun himoyasida bo‘lishini, monarxiya vakolatlari cheklanishini belgilagani bois, zamonaviy konstitutsionalizmning huquqiy asosiga aylangan. XVIII asrdagi fransuz inqilobi va 1789-yili qabul qilingan “Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi” ham demokratik taraqqiyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. XIX asrga kelib, Yevropa va AQSHda huquqiy bilim va huquqshunoslik sohasi taraqqiy etishi tufayli davlat tizimlari rivojlanib, fuqaro huquqlari konstitutsiyaviy himoyaga ega bo‘lgan.

Huquq tizimi qonun ustuvorligi, tenglik va erkinlikni ta’minlagani uchun G‘arb demokratiyasi bugungi kungacha yashab kelmoqda. Demak, huquqiy rivojlanish nafaqat demokratik taraqqiyotning eng muhim omili, balki, asosi hamdir. Davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun iqtisod, ma’rifiy sekulyarizm ham muhim omilligini e’tirof etgan holda, aytish mumkinki, huquqiy ongni rivojlantirish, huquqiy tizimni kamol toptirish ham o‘ta muhim. Chunki huquq tizimi zaiflashsa, demokratiya o‘z mohiyatidan uzoqlashib, amalda avtoritar yoki oligarxik tuzum shakllanishi mumkin.

SHARQDA KUZATILGAN VA KUZATILAYOTGAN HOLAT

Ayrim Sharq davlatlarida shar’iy huquq hukmronligi, fuqarolik huquqlarining cheklangani, mustaqil sud tizimining yo‘qligi yoki zaifligi, parlament va qonun chiqaruvchi organlar faqat qog‘ozda mavjud bo‘lgani uchun institutlarning ojizligi, iyerarxik, qabiladoshlik yo urug‘-aymoqchilik tizimi qonundan ko‘ra ta’sirliroq ko‘rinish olgani kuzatiladi.

Huquq rivojlanmagan joyda demokratik qadriyatlarning jamiyatga singishi sekin kechadi. Saylovlar va siyosiy islohotlar o‘tkazilsa ham, huquqiy mexanizmlar ularni amalga oshirishga qodir bo‘lmagani bois, bu harakatlar shunchaki formal ko‘rinish oladi. Masalan, aksar Sharq davlatlari konstitutsiyasida demokratik me’yorlar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi ta’minlanmagani uchun ular amalda ishlamaydi. Ammo bu mutlaq shunday degani emas. Aslida, Sharqda ham huquqiy an’analar boy tarixga ega. Masalan, Islom huquqi (fiqh), Xitoyda Konfutsiy qonunchilik an’analari, Turkistonda Amir Temur “Tuzuklar”idan kelib chiqqan, adolatni ta’minlashda muhim rol o‘ynagan tizimlar bor. Lekin bu huquqiy tizimlar fuqarolik huquqlarini emas, davlat va jamiyat intizomini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan. Shu sababli, demokratiya uchun zarur bo‘lgan so‘z erkinligi, siyosiy tenglik, mustaqil sud kabi omillar cheklangan holda rivojlangan va bu holat demokratik qadriyatlarning o‘zlashtirilmasligiga sabab bo‘lgan.

Bundan “holat bugun ham o‘zgarmagan”, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri. Chunki bugungi zamonaviy Sharq davlatlari, xususan, O‘zbekiston ham huquqiy islohotlar, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligiga alohida e’tibor qaratayotgani barchaga ma’lum.

O‘ZBEKISTONNING HUQUQIY ISLOHOTLARI

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini takomillashtirish bo‘yicha jiddiy qadamlar tashlanmoqda. 2023-yili amalga oshirilgan Konstitutsiya islohoti inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini yanada mustahkamladi. Sud mustaqilligi Konstitutsiya darajasida e’tirof etilib, sudyalarni tayinlash va ozod etish tizimi takomillashtirildi. Ularning mustaqil faoliyatini kafolatlaydigan Sudyalar oliy kengashi tuzildi. Sud qarorlari ustidan shikoyat qilish va apellyatsiya mexanizmlari kengaytirildi.

Inson huquqlari sohasidagi o‘zgarishlar sabab, O‘zbekiston BMTning ko‘plab xalqaro konvensiyalarini ratifikatsiya qildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) instituti faoliyati rivojlantirildi.

Jamoatchilik nazorati va OAV erkinligida yaqqol ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgani holda, davlat organlarining oshkoralik va hisobdorlik mas’uliyati oshirildi. Axborot olish erkinligi qonun bilan kafolatlandi. Bundan tashqari, iqtisodiy huquqlar borasida zarur choralar ko‘rilib, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida vakolatli tuzilma – Biznes-ombudsman tashkil etildi.

Elektron hukumat va onlayn sud tizimlari orqali fuqarolarning huquqiy imkoniyatlari, davlat hokimiyati organlarining nodavlat tashkilotlar, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kengaytirildi. Maktab va oliygohlarda huquqiy savodxonlik va maxsus ta’lim dasturlari takomillashtirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda “qonun barchaga barobar” degan tamoyilni amalda qaror toptirish bilan bir qatorda, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

HUQUQ VA DEMOKRATIYA TENGSIZLIGI

Bu holat dunyoning turli davlatlarida har xil darajada kuzatiladi. Ba’zi G‘arb davlatlarida huquqiy tizim mustahkam bo‘lgani sababli, sudlar mustaqil, qonun ustuvor, siyosiy partiyalar va parlament instituti barqaror ishlaydi. Shuning uchun jamiyatga demokratik qadriyatlarning singishi oson. Ayrim Sharq davlatlarida huquqiy baza mavjud bo‘lsa ham, amalda qonun ustuvorligi zaif. Inson huquqlari qonunlarda yozilgan, lekin amalda to‘liq kafolatlanmagan.

Markaziy Osiyodagi ba’zi davlatlarda konstitutsiyalar demokratik tamoyillarni e’lon qilgan, ammo sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi borasidagi muammolarga to‘la barham berilmagan. Xitoy, Eron, Saudiya kabi mamlakatlarda davlatning siyosiy ustuvorligi ustun qo‘yiladi. Qonun ko‘proq davlat apparatini muhofaza qiladi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi mamlakatlar huquqiy tizimni rivojlantirishga e’tibor bergani uchun demokratik tamoyillar samarali kafolatga ega.

Qonunlar faqat ma’lum shaxslar foydasiga ishlasa, huquqiy va demokratik muvozanat buziladi. Bunday jamiyatlarda korrupsiya yoki radikallashuv muhiti yuzaga keladi. Fuqarolar va davlat o‘rtasida ishonch yo‘qolib, odamlar qonunga emas, shaxslarga yo tanish-bilishlariga ishona boshlaydi. Natijada korrupsiya tabiiy “boshqaruv mexanizmi”ga aylanadi, iqtisodiy rivojlanish sekinlashib, chet el investitsiyasi qochadi, davlatning ichki resurslari shaxsiy manfaatlarga sarflanadi.

Eng yomon jihati, korrupsiya tufayli ildiz otgan adolatsizlik hissi radikallashuvning asosiy sababiga aylanadi. Negaki, qonun quvvatsiz bo‘lgan joyda ayrimlar “haqiqiy adolat”ni davlatdan emas, balki radikal kuchlardan qidiradi. Shuning uchun terrorchilik va ekstremistik harakatlarning aksari: “Biz adolat olib kelamiz, chunki hukumat olib kelolmadi”, degan da’vo bilan o‘rtaga chiqadi.

Qonun quvvatsiz bo‘lgan davlatlar ikkita katta xavfdan hech qachon qochib qutulolmaydi. Birinchisi, korrupsiyaning tizimli kuchayishi bo‘lib, mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy inqirozga olib keladi. Ikkinchi xavf – radikallashuv muhitining kengayishi siyosiy va diniy ekstremizm uchun “eng yaxshi o‘g‘it” vazifasini bajaradi.

Mamlakatda huquq tizimining zaifligi sababli korrupsiya ildiz otsa, byudjet defol’ti, xizmat ko‘rsatish va xususiy sektor kollapsi yuzaga keladi, milliardlab mablag‘lar sirli yo‘llar bilan g‘oyib bo‘ladi, bularning barchasi radikallashuv omilini jadallashtiradi. Jismoniy zo‘ravonlik, ommaviy norozilik, qurollangan guruhlarning paydo bo‘lish ehtimoli oshib boradi. Oqibatda davlat va jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Shu bois, huquqshunos ekspertlar barcha davlatlarni “qonun zaifligi + korrupsiya + radikallashuv” kombinatsiyasiga tushib qolishdan ogohlantirib keladi. Qonun harakatsizligi ortidan yuzaga keladigan radikallashuv mamlakatni eng qisqa fursatda vayronkor halokatga boshlaydi, eng chuqur va uzoq muddatli halokatni esa barcha institutlarni to‘liq ishdan chiqargan holda, korrupsiya olib keladi.

IJOBIY YECHIM QAYERDA?

Tarixiy va zamonaviy tajribalardan ko‘rinadiki, huquq ilmini rivojlantirmasdan turib, jamiyatda adolat, qonun ustuvorligi va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash mumkin emas. Savol tug‘iladi: xo‘sh, bu ilmni rivojlantirish, mamlakatning barcha fuqarolari ongiga yetkazish uchun qanday ijobiy yechim mavjud?

AQSH maktablarida “Civics education” (“Fuqarolik ta’limi”) va “Law-related education” (“Huquqiy ta’lim-tarbiya”) dasturlari mavjud. Ular konstitutsiya asoslari, fuqarolik huquqlari, sud tizimi va qonun ustuvorligi bo‘yicha bilim beradi. Ayrim shtatlarda “Mock trial” (“Simulyativ sud jarayonlari”) mashg‘ulotlari ham bo‘lib, o‘quvchilar huquqiy fikrlash va adolat hissini shakllantirish uchun prokuror, advokat, sudya rollarini o‘ynaydi. Shu bois, AQSHda huquqiy savodxonlik yuqori, kishilar sud orqali o‘z huquqini talab qila oladi.

Angliya ta’lim tizimiga 2002-yildan “Citizenship education” (“Fuqarolik ta’limi”) majburiy predmet sifatida kiritilgan. Unda huquqiy bilim, fuqarolik mas’uliyati, saylov, parlament, sud va boshqa tizimlardagi demokratik jarayonlar o‘rgatiladi. Maktablarda “Law in Action” (“Amaliy qonun”) va “Crime and Society” (“Jamiyatdagi jinoyatchilik muammolari”) kabi fakultativ kurslar ham bo‘lib, ular kriminologiya va kriminalistika asoslarini o‘rganishga yordam beradi.

AQSH va Angliyada maktab dasturlariga rasman kiritilgan, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya va Niderlandiya kabi mamlakatlarda fuqarolik yoki jamiyatshunoslik fanlari tarkibida o‘qitilayotgan kriminologiya fani (lotincha “crimen” – “jinoyat”, “logos” – “ilm, ta’limot”) jinoyat va jinoyatchilikka olib keluvchi ijtimoiy, psixologik, iqtisodiy va huquqiy omillarni o‘rganadigan kompleks fan hisoblanadi.

Jinoyatni tekshirish va dalillar bilan ishlash ilmini o‘rgatadigan kriminalistika AQSHda ko‘plab o‘rta maktablarda kurs sifatida, Yevropaning Buyuk Britaniya, Chexiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Avstriya va Ispaniya davlatlarida oliy ta’lim tizimida, ayrim mamlakatlarda litsey va gimnaziyalarning yuqori sinflarida maxsus yo‘nalish yoki seminar shaklida o‘rgatiladi.

SHU FANLARNI MAKTABDA O‘QITISH SHARTMI?

Bu masalani Ichki ishlar vazirligining Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida vazir maslahatchisi, General-polkovnik Zokir Almatov ko‘targan edi. Mavzuni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, aksar ekspertlarning fikricha, kriminologiya va kriminalistika fanlarini maktab ta’limiga integratsiyalashgan holda kiritgan chindan afzal ekan.

Xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda, maktab dasturida “Huquqiy madaniyat” va “Fuqarolik jamiyati asoslari”ni majburiy fan sifatida joriy etib, unda kriminologiya va kriminalistika elementlarini integratsiyalash mumkin. Shuningdek, ushbu fanlarni amaliyot asosida o‘qitish, sud jarayoni simulyatsiyasi, huquqshunoslar ishtirokida seminarlar tashkil etish, yoshlarning huquqiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, debat klublari, huquqiy masalalarda blog va media loyihalarni yo‘lga qo‘yish ham maqsadga muvofiq.

BUNDAN TASHQARI

OAVning huquqiy ongni rivojlantirishda, radikallashuv va korrupsiyaga qarshi kurashda hech qanday omil bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan jihatlarini ham inobatga olish lozim.

Aniq maqsadga xizmat qiluvchi Media markazlar va OAV qonunlarning mazmun-mohiyatini tushunarli tarzda yetkaza oladi. Shu bois OAV shaffoflikni ta’minlaydigan asosiy kuchlarning biri hisoblanadi. OAV orqali huquqiy bilimni samarali ommalashtirish mumkinligini Angliya va AQSHdagi “Public legal education” (Ommaviy huquqiy ta’lim) dasturlari allaqachon isbotlagan.

JADIDLAR JIDDIY QARAGAN MASALA

Tarixdan ma’lumki, jadidlar jamiyat va davlatda huquq ustuvorligi va huquqiy davlat tamoyili masalasiga juda jiddiy qaragan. Jadidlar uchun bu masala faqat huquqiy tizim emas, balki millatning ma’naviy, siyosiy va madaniy uyg‘onishi edi. Shuning uchun ular shaxs erkinliklarini huquqiy mustahkamlashga oid konstitutsiyaviy g‘oyalarni ilgari surgan.

Ha, huquqiy savodxonlik, huquqiy ta’lim va targ‘ibot masalasiga jiddiy e’tibor qaratish o‘ta muhim. Mavzuning muxtasar xulosasi shuki, huquq ustuvor bo‘lgan mamlakatda yashaydigan hayvon ham huquqsiz jamiyatda yashayotgan fuqarodan ko‘proq huquqqa ega. Shunday ekan, maktab ta’limida huquqiy fanlarni yanada takomillashtirish, OAV orqali huquqiy savodxonlikni muntazam tarzda targ‘ib etishga jiddiy e’tibor qaratish shart. Chunki huquq – taraqqiyotning bosh omillaridan biridir.

Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” media markazi direktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604