Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.07.2025 | 16:34

img751

TARIX ILMINING RUSTAMI DOSTONI

Bayoniy “Xorazm tarixi” asarida keltiradi: “Tarix kitobi yozishning bir sharti bor. Tarixiy voqealarni yozuvchi tarafdorlik etmasdan, bo‘lgan voqealarni rostlik bilan bayon etishi kerak. Agar rostlik bilan bayon etmasa, uning so‘zlari hech bir odamga ma’qul bo‘lmaydi”.

Chindan, tarixiy mavzuda tadqiqotlar olib borayotgan muarrix xolis bo‘lsagina moziydagi jarayonlarni haqqoniy tahlil eta oladi. Tabiiyki, buning uchun tarixchi siyratida adolatparvarlik, e’tiqod va iymon mustahkam bo‘lishi, u o‘z tanlagan yo‘lidan sobitqadamlik bilan yura bilmog‘i zarur.

Sakson olti yoshni qarshilagan taniqli tarixchi olim, ustoz Rustambek Shamsutdinov – Andijondagi “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi raisi, Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, “Vodiynoma” jurnali bosh muharriri, professor. Bu fidoyi inson ana shunday xolislik tamoyillariga nafaqat so‘zida, yozgan asarlarida, balki hayotida ham amal qilib kelayotgan qat’iyatli shaxs sanaladi.

Ustozning harakatchanligi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, ko‘plab iqtidorli yoshlarni atrofiga jipslashtirib, ularning ilmiy ishini yoqlashiga, maqola va kitoblarini nashr etishga yordam berishi doim tildan tilga ko‘chib yuradi. Qisqasi, domlani tolibi ilmlarning sevimli murabbiysi, fan fidoyisi deb atash mumkin.

Sir emas, ayrim keksa olimlar ilmiy daraja va unvonlarning hammasini olib bo‘ldim, kitoblarim ham chiqdi, endi do‘stlar bilan otamlashib yurganim ma’qul deya ilmga, jamiyatdagi jarayonlarga ancha befarq bo‘lib qoladi. Ular hattoki, o‘z sohasidagi yangiliklarga, ijtimoiy-siyosiy jarayonga ham mutlaqo qiziqmay qo‘yadi. Yana bir achinarli jihat shuki, ayrim tadqiqotchilar yoqlash osonroq bo‘lishi uchun yengilroq mavzuni ilmiy ish sifatida tanlaydi. Na ilm-fanga, na jamiyatga foydasi bo‘lmagan tadqiqotlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Aslida esa ziyoli, ilm-u fan xodimi yangiliklardan, sohadagi o‘zgarishlar va umuman, hayot bilan hamnafas yashaydigan keng dunyoqarashli shaxs bo‘lmog‘i lozim.

Muarrix ustozimiz Rustambek Shamsutdinov tom ma’noda ziyoli, yangiliklardan, ijtimoiy jarayondan xabardor, keng dunyoqarashli shaxsdir. U doim tarixiy qo‘lyozma va hujjatlarni izlash, ularni o‘rganish, boshqa manbalar bilan taqqoslash, shulardan kelib chiqib xolis va haqqoniy xulosa chiqarishga harakat qiladi. Shogirdlarini ham shunday ishlash tartibiga chorlab charchamaydi. Dunyoning qaysi davlatida bo‘lmasin, shunchaki sayohat qilib qolmasdan, u yerdagi muzey, kutubxona, ilmiy muassasalardan Vatanimiz tarixiga oid qo‘lyozma, hujjat nusxalarini, kitoblarni izlab, o‘zi bilan olib kelishning payida bo‘ladi. Ustozning Andijon shahridagi uyi, u kishi rahbarlik qilayotgan muzeydagi kutubxona javonlari dunyo davlatlarida nashr etilgan adabiyotlar, ilmiy jurnallar bilan to‘laligining sababi ham shunda.

Domla yov qochganda qilich sug‘urgan mardi maydonlardan emas. U kishi naq sovetning qonli qamchisi odamlar boshi uzra aylanib turgan zamonda, o‘tgan asrning 70-yillarida qatag‘on domiga tushgan millatdoshlarimiz taqdiriga oydinlik kiritish maqsadida yeng shimargan. Umrining eng gullagan davri Moskva, Leningrad shaharlaridagi xilvat arxivlarda qog‘oz g‘uborini yutib, bir vaqtlar ne-ne yurtdoshlarimiz tortgan qiynog‘-u azoblarni yuragidan o‘tkazib, dilxasta bo‘lib o‘tdi. U davrlar o‘ta qaltis edi, salgina nojo‘ya so‘z yoki ishora kishini o‘sha shahid jadid bobolarga qismatdosh qilib qo‘yishi hech gap emas edi. Rustambek Shamsutdinov haq yo‘lidan aslo chekinmadi, bobolarga bosilgan tamg‘alarni olib tashlashga astoydil bel bog‘ladi va mana bugun o‘z murodiga to‘la-to‘kis yetdi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, domla dunyoning qaysi qit’asida bo‘lmasin, mudom tariximiz xususida qayg‘urib, shunga doir asarlar bilan tanishadi, olimlar bilan muloqot qiladi. Hatto haj ziyorati, umra ibodatini ado etish uchun Makka va Madinadek ulug‘ shaharlarga borganida ham, avvalo, Alloh zikri bilan mashg‘ul bo‘lib, so‘ngra quloqlashtirish siyosati sabab u yerga borib qolgan vatandoshlarimiz taqdiri bilan qiziqib, izlanish olib borgani shuning dalilidir.

Ustozning sa’y-harakatlari, asarlari orqali Chor imperiyasi va sobiq Sovet davri tarixshunosligida kollektivlashtirish, quloqlashtirish, surgun, “katta terror” yo‘nalishi muammolarini tadqiq etuvchi o‘ziga xos Andijon ilmiy maktabi yaratildi.

Tadqiqotlarida ushbu mavzularni xolis, haqqoniy yoritish maqsadida respublikamizning turli arxivlari bilan kifoyalanib qolmay, 30 dan ortiq davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlardan keng miqyosda foydalandi va ular asosida tarixiy haqiqat aks etgan sara asarlar yaratdi.

Professor Rustambek Shamsutdinov o‘z ilmiy faoliyati davomida Kembrij, Oksford, Shimoliy Karolina, Moskva, Indiana, Bonn, Anqara, Dehli, Mozori Sharif kabi nufuzli universitetlarning taniqli olimlari bilan yaqindan ilmiy aloqa o‘rnatgan fan fidoyisidir.

Ayrimlar tarixchilarni faqat arxiv manbalari, arxeologik tadqiqotlar, etnografik ma’lumotlar-u qo‘lyozmalarni varaqlab, shinam xonada o‘tirib kitob bitadi, deb o‘ylaydi. Aslida, bu manbalarni qo‘lga kiritish, ilmiy ekspeditsiya deb atalmish zahmatli safarlar chog‘ida ilm mas’uliyati va mashaqqatini his qilish, turli murakkab vaziyatlar ichra yo‘l yurish, joyida material yozish tarixchi olimdan kuchli iroda bilan birga jismoniy kuch-quvvat va sabr-toqat talab qilishini hamma ham bilavermaydi.

Ustoz rahbarlik qilayotgan “Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspeditsiyasi jamoat fondi 2001-yil 21-sentyabrda Andijonda faoliyatini boshlagan. Ilmiy safarlar tashkillashtirishni maqsad qilgan fond faoliyati keyingi yillarda yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.

Jamoat fondi sobiq tuzum davrida quloq qilingan, qatag‘onga uchragan ajdodlarimiz hayotini, ular badarg‘a etilgan, zulm ko‘rgan qamoqxonalardagi iztirobli davrni, bobolarimizning hurriyat yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ilmiy tadqiq etish, ekspeditsiyalar uyushtirish orqali qimmatli ma’lumotlar to‘plash bilan shug‘ullanadi.

“Meros” jamoat fondi o‘tgan davr mobaynida respublikamizning barcha hududida bo‘lib, qatag‘on qilingan, o‘sha davr jabrini chekkan, “quloq” tamg‘asi urilgan kishilar, ularning avlodlari bilan bog‘liq xotira, surat hamda hujjatlarni aniqladi va atroflicha o‘rgandi. Keyin ishni keng ko‘lamda davom ettirib, Ukraina, Qozog‘iston, AQSh, Yevropa davlatlari va Rossiyaning turli hududlariga xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyalar uyushtirib, mavzuga doir ma’lumotlar to‘pladi. Shuningdek, o‘zbekistonlik “quloq”lar badarg‘a etilgan Xerson, Shimoliy Kavkaz, Stavropol, Qozog‘iston hududlarida saqlanib qolgan turli mehnat lagerlarida bo‘ldi. Ayanchli yillardagi holatni bevosita joyida o‘rgandi.

Ekspeditsiya a’zolari turli arxiv, kutubxonalardagi hujjatlar bilan cheklanib qolmasdan, qattol davr fojialarining guvohi bo‘lgan insonlar bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Domla yaratgan asarlarning ayrimlari rus, ingliz, portugal, fransuz, hind, bengal, urdu, arab va boshqa tillarga tarjima etilgan. Xalqaro kongresslardagi sermazmun ilmiy ma’ruzalari tilga tushgan professor Rustambek Shamsutdinov Shimoliy Karolina va Kembrij xalqaro biografik institutlarining hay’at a’zosi etib saylangan.

Tariximizning turli davrlariga oid yuzdan ortiq fundamental asar, monografiya va darsliklar, 700 dan ortiq ilmiy-ommabop maqola muallifi bo‘lgan ustozning g‘ayrat-shijoatiga biz shogirdlari hamisha qoyil qolamiz. U kishi nafaqat ilmiy doiralarda, balki ommabop nashrlarda ham bugungi islohotlar, o‘zgarishlar xususida xalqchil maqolalar bilan ko‘rinishni kanda qilmaydi.

Ustozimiz hali qatag‘on mavzusi kun tartibiga chiqmagan paytlarda ham shu masalani o‘rganish maqsadida arxivlarda zahmat chekkan fidoyi olimlardan biridir. U kishi sovet davridan buyon jadid namoyandalar faoliyati, umuman olganda jadidlik harakatini bevosita arxiv manbalari asosida tahlil etayotir.

“Jadid” gazetasining ilk sonidan buyon “Qatag‘on qurbonlari” ruknida u kishining sobiq tuzum davrida fojiali taqdirga duch kelgan minglab yurtdoshlarimiz haqida to‘plagan ma’lumotlari muntazam chop etilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, mazkur gazetaning deyarli har bir sonida domlaning maqolalari nashr etilmoqda. Yuzlab fidoyi ma’rifatparvarlarning hayoti, faoliyati va taqdirini hujjatlar asosida tadqiq etish jarayonida ular kechirgan fojialarni ham yurakdan o‘tkazish, ko‘ngildan kechira bilish talab qilinadi. Buning uchun olim shaxsiyati naqadar matonatli bo‘lishi kerak. Professor Rustambek Shamsutdinov ana shunday matonatni o‘zida mujassam eta olgan chinakam olimdir.

O‘rni kelganda bir taklif bildirib o‘tsam: tahririyat jamoasi tashabbus ko‘rsatib, ustozning “Jadid” gazetasida chop etilgan maqolalari jamlangan bir to‘plam chop etsa, ayni muddao bo‘lar edi. Jadidlar faoliyatini arxiv hujjatlari, ilmiy adabiyotlardagi manbalar bilan o‘zaro taqqoslash asosida bitilgan, ta’sirchan badiiy uslubda, chuqur dard bilan yozilgan ushbu maqolalar yaxlit kitob qilib jamlansa, o‘ylaymanki, ko‘pchilik uchun foydali manbaga aylanadi.

Serg‘ayrat, qat’iyatli ustoz ayni damda ham o‘z sevimli ishi – turli arxivlarda hujjatlarni o‘rganish, yana yangi maqolalar, kitoblar yozish bilan band. Ustozga ilmiy va ijodiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, xalqimiz baxtiga hamisha salomat bo‘lsinlar, deymiz!

Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591