02.06.2026 | 17:23
1035
TAVALLUD KUNLARI O‘TDI…
Chorak asr avval Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida ishlar edim. Bir kuni Belorussiya elchisi telefon qilib, “Biz mamlakatingiz bosh ma’rifatxonasi bo‘lgan Milliy kutubxonaning katta zalida ulug‘ shoirlarimiz Yanka Kupala bilan Yakub Kolas yubileyini nishonlamoqchi edik”, deb qoldi.

Albatta, bu iltimos o‘rinlatildi. “Biron o‘zbek adabiyotshunosi ham qatnashsa”, degan so‘rovni yerda qoldirmay, taniqli olim Laziz Qayumovdan shu anjumanda bir ma’ruza bilan chiqishini so‘radik. Domla keldi, kelib shunday bir otashin nutq so‘zladiki, Belorussiya elchisi hurmatiga kelgan Ozarbayjon, Ukraina, Rossiya, Tojikiston, Hindiston, Qirg‘iziston-u Qozog‘iston, Pokiston… elchilari anjuman tugashi bilanoq Laziz akani o‘rab olib, tashrifnomasini so‘rab, elchixonalariga chorlashgani, domlani o‘z yurtlariga taklif qilishgani yodimda.
Oradan ikki oy o‘tdimikin, ukrain shoiri Taras Shevchenkoning yubileyini ham zo‘r shukuh bilan o‘tkazgan edik.
Yana boshqa shoirlarning…
Shunday. Ma’rifatli xalqlar eng atoqli shoirining yubileyini har yili nishonlaydi. Ruslarda bu – Pushkin, ukrainlarda Taras Shevchenko, olmonlarda Gyote va hokazo. Boshqa kishi, u buyuk sarkarda yo podshoh bo‘ladimi, ikki-uch Nobel mukofoti olgan olimmi, baribir, tavallud kuni har yili bayram qilinmaydi. Faqat millatning yuzi bo‘lgan eng ulug‘ shoir shu sharafga loyiq ko‘riladi.
O‘zbeklarda bu – Navoiy. Navoiyning tug‘ilgan kuni bizdagina emas, Afg‘oniston-u Tojikistonda, Qirg‘iziston, Qozog‘iston-u Turkmanistonda ham tantana qilinadi. Yana, davlatimizning qaysi yurtda elchixonasi bo‘lsa, o‘sha yerdagi vatandoshlarimizni chorlab, to‘y uyushtirishadi, har bir ishtirokchi o‘zbek ekanidan, Navoiyning avlodi ekanidan faxrlanadi. Vazirlik va oliy o‘quv yurtlarida, maktablar, harbiy qismlar va san’at dargohlarida har yilning 9-fevrali “Navoiy kuni”ga, she’riyat bayramiga aylanadi.
Navoiyning o‘lmas ruhi – millatni uyushtiruvchi qudratli ma’naviy omildir, globallashayotgan bugungi dunyoda o‘zbek ruhini saqlab turishimizda tengsiz madad berayotgan xaloskordir.
Keyingi yuz yilda o‘zbek adabiyotshunosligining asosiy masalasi Navoiy ijodini o‘rganish bo‘ldi. Yuzlab navoiyshunoslar yetishib chiqdi.
Qilingan behisob ishlar e’tirofga, tahsinga sazovor. Ammo Navoiy ijodi tubi ko‘rinmaydigan bepoyon ummonday. Shuning uchun har birimizning dilimizdan, shoir asarlarini u zotning sha’niga munosib ravishda teran tadqiq etyapmizmi, xalqimiz orasida yetarlicha ommalashtirish nasib bo‘lyaptimi, degan savollar kechadi.
To‘g‘ri, navoiyshunoslik avjida. Bu ish, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ta’sis etilib, ish boshlagach, yangicha kuch olgani ham chin, ammo navoiyxonlik – ulug‘ shoirni xalqqa tanitish saviyasi ham o‘shanga munosib darajada bo‘lyaptimi?
Kamina navoiyshunos emas, shoir asarlarining oddiy bir muhibi. Shundan kelib chiqib, Alisher Navoiy asarlarini ilmiy-nazariy o‘rganish borasida emas, elimiz orasida ommalashtirish haqida biroz to‘xtalsam.
Qirq yildirki, 9-fevral oldidan Navoiyning, 14-fevral arafasida esa Boburning tavallud kuni munosabati bilan ma’ruza qilib berishga kaminani ham taklif qilishadi. Maktab-u dorilfununlarga, vazirliklarga boraman. Shuning uchun bunday kunlar qanday o‘tkazilishi haqida ba’zi mulohazalarimni aytsam.
Bilasiz, hozir nima ko‘p, “tadbir” ko‘p – har haftada bir necha yig‘ilish o‘tkaziladi. Shuning uchun har bir muassasada maxsus tadbir o‘tkazuvchi odam belgilangan. Aksar bayram va yubileylarning ssenariysiga ko‘ra, boshlovchi anjuman mavzuini e’lon qilib, uni “ochib berish uchun” shu tashkilot rahbari (yo o‘rinbosari)ga so‘z beradi. U besh-olti daqiqa gapirib, bu dargohga tashrif buyurgan shoirni yoki olimni minbarga taklif qiladi.
Mehmonning ma’ruzasidan so‘ng “badiiy qism”ga navbat keladi: o‘siq sochi ustiga salla qo‘ndirgan, chopon kiygan yigitlar, atlas ko‘ylakli qizlar sahnaga chiqib, “Kecha kelgumdur debon”ni, “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish”ni necha bor tutilib, ma’nosini o‘zi ham tushunmay, uzib-buzib o‘qigan bo‘ladi, ko‘pincha baytlar esdan chiqib, to‘xtab ham qoladi.
Boshlovchining da’vati bilan olachalpoq chapak chalingach, “qutuldik”, deya yengil tortib, sahnani tark etishadi. So‘ng bir-ikki ashula yo raqs. Ashula ham Navoiy yo Boburdan emas, ko‘pincha Chokarning “Mustahzod”i bo‘ladi, raqs esa – “Andijon polkasi” va “Lazgi”!
Pirovardida “hurmatli mehmon”ga ramkaga solingan tashakkurnoma taqdim qilinadi, tadbir chindan ham bo‘lib o‘tganiga “yuqori” ham ishonch hosil qilishi uchun o‘n marotabalab rasmga tushiladi. Ana, tugadi, vassalom!
Navoiyga… shu kerakmi? Yo o‘zimizga?
Bir paytlar biz o‘qigan chog‘da Navoiy g‘azallariga bastalangan ashulalar aytilar, g‘azallari hayajon ila o‘qilar, shoir hayotiga oid sahna tomoshalari qo‘yilardi, unga necha kun tayyorgarlik ko‘rilardi. Anjumanda Navoiy ruhi kezardi. Hozir-chi, bormi o‘shanday davralar?
Ming xayriyatki, yo‘q emas, bor ekan. Shu yil 19-fevralda Toshkent viloyatining Parkent tumanida, Chingiz Aytmatov nomidagi qirg‘iz maktabida bo‘ldik. Butun dunyo ona tili bayrami kuniga bag‘ishlab o‘quvchilar dastur tayyorlagan ekan. Unda Chingiz Aytmatovning “Momo yer” asari bo‘yicha lavhalar, ayniqsa, jonli chiqdi. Bir o‘quvchi qiz To‘lg‘anoy rolida, fojiali lavhalarni shunday samimiy talqin etdiki, ko‘ziga yosh kelmagan tomoshabin qolmadi. Keyin esa, garchi Navoiy bilan Boburning tavallud kunlari avvalroq o‘tgan bo‘lsa-da, “Navoiy” dramasi (Uyg‘un va Izzat Sulton)dan aruzda bitilgan monologlarini bir qatra ham buzmasdan ijro qilishdi, qirg‘iz o‘g‘il-qizlari – o‘zbek tilida!
Toshkentda yo Qarshida ham qaysidir maktabda bu dramani shunchalik ijro qila oladigan o‘zbek yoshlari bormikin, deb o‘ylab qoldim, azizlar!..
Alhol, navoiyxonlikni yangi bosqichga ko‘tarmasak bo‘lmas. Ammo buning sharti qanday?
Menimcha, farzandlarimiz ulug‘ mutafakkir ruhidan uzoqlashmasin desak, shoirni XXI asr ruhiga moslashtirishga urinmaylik. G‘azallarini estrada janrida qo‘shiq qilish, dostonlarini G‘arb simfonik orkestri sadolari fonida o‘qish – Krilovning “Стрекоза и муравей” masalini qo‘lga likopcha tutib, katta ashula qilib aytish kabi beo‘xshov chiqadi.
Yoki “flesh-mob” yaratishni ayting. Bir necha rahbar yo aktyor jalb etiladi. Biriga avtobusda bir bayt ayttiriladi, so‘ng boshqasi keyingi baytni aeroportda, yana o‘zgasi uchinchi baytni dorilfunun auditoriyasida eplab-seplab o‘qiydi… Bular… bachkana, sun’iy emasmi?
Navoiy ijodi shu bilan ommalashadi deb ishonasizmi? Shoirning g‘azallari “uloq” qilinayotgani yo‘qmi?
Durust, urinishyapti, yo‘l izlashyapti, deylik. Ammo har bir dargohda, loaqal maktablarda Navoiy, Bobur kunlarini ertasigayoq esdan chiqib ketmaydigan qilib o‘tkazish uchun nima qilsak ekan?
Gap yubileyni chiroyli o‘tkazishdagina emas. Biz o‘zbeklik ruhidan uzoqlashib borayotganimizni e’tirof etaylik, uning oldini olishga intilaylik. Milliy ruhni boy bersak, orzu qilib intilayotganimiz – yangi tamaddunni barpo eta olmaymiz, amalga oshsa ham, u bizniki bo‘lmaydi.
Bamisoli, dov-daraxt ham, ekin-tikin ham tomiridan suv ichadi. Supsenziyali (o‘g‘it aralashtirilgan) suvdan bargi orqali oziqlangan daraxt mevasi biz o‘rganganday bo‘lmaydi. Shu kabi, o‘tmishidan uzilgan avlod ham tarixiy ildizlardan bebahra o‘sib qoladi, moziy ruhini his etmaydi.
Bu borada eng birinchi ishimiz – adabiyot muallimlarining o‘zi she’r o‘qishni bilishi. G‘azalni g‘azalday o‘qib, shuurimizga quyib qo‘yadigan o‘qituvchilar qolganmi maktablarda?
Yo‘q deyarli. Biz aruzdan ham, Navoiydan ham tobora olislab boryapmiz.
Afsuski, teatr sahnasida, TVda, radioda jaranglatib g‘azal o‘qiydigan suxandon-diktorlardan hech birining ijrosi aruzga tushmaydi, bari g‘azalni deklamatsiya qiladi. Axir, g‘azalning o‘z vazni-kuyi bo‘lar edi-ku!
Aruzdan bexabar muallim bolaga g‘azal o‘qishni qaydan o‘rgatsin? Shuni mulohaza qilib, aytamanki, maktabda adabiyotni “shoirning hayoti va ijodi” tarzida o‘rgatishday daqqiyunusdan qolgan usulni cheklab, masnaviy va qasida o‘qish, uqish borasida saboq bersak, u yog‘ini bolaning o‘zi kashf eta boshlaydi.
Ikki og‘iz maktab darsliklari haqida. Yodingizdami, bir paytlar “O‘qing a’lo, Bo‘ling dono…” degan mashhur bir she’r bo‘lardi? Uning misralari hamon qulog‘imizda jaranglaydi. Chunki bu she’r aruziy edi: hazaj bahrining musammani solim (mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun) vaznida edi. Uni “Toshkent irog‘i” ashulasi muallifi Miskin domlaning o‘g‘li Muhammadjon Qo‘shoqov yozgan. O‘shanday she’rlarni o‘qib, bola birinchi sinfdanoq g‘azal o‘qishga moyil bo‘lib qolardi, bu – Navoiy sari ilk qadam, yuksaklikka eltuvchi shotining birinchi bosqichi edi. Hozir esa uning dastlabki poyalari olib tashlangan – boshlang‘ich sinf darsliklarida aruziy she’r yo‘q. Yo, bolalar uchun g‘azal yozadigan shoir qolmaganmi?
Gunafshajon, gunafsha,
Kulishlaring chiroylik.
Bog‘imizda ochilib
Turishlaring chiroylik.
(Mafoilun foilun, Mafoilun foilun)
O‘zbek tili haqida, vatanimiz to‘g‘risida, ota-onamiz, Alisher Navoiy, tabiat… borasida hammamiz – butun millat biladigan, davralarda barcha qo‘shilishib aytadigan, birga kuylaydigan she’rlar ko‘pmi bizda? Hadeb “ko‘nglumo ko‘nglum” deya bermasdan, tashqariga ham bir qarab qo‘ysak-chi? Bugungi jamiyatning, ayniqsa, bolalarning ehtiyoji ham tashvishlantirishi kerak emasmi adiblarimizni?
2019-yil bo‘sag‘asida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Muhitni yaratmas ekanmiz, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisholmaymiz. …kadrlar dunyoqarashini o‘zgartirishimiz kerak”, deb da’vat etgan edi.
Sakkiz asrlik o‘zbek adabiyotining kamida yetti yuz yillik rivoji aruz asosida kechgan bo‘lsa-da, talabalarga, loaqal bo‘lajak filolog muallimlarga g‘azal o‘qish mutlaqo o‘rgatilmasligiga qanday vajimiz bor?
She’r o‘qishning o‘zi pirovard-maqsad emas. Kitob o‘qiydigan, badiiy asar mutolaa qiladigan bolalar ko‘paysin, deymiz. Ana o‘shalar dunyoqarashi keng, axloqi mukammal, tarbiyasi benuqson bo‘ladi. Qancha ko‘p bola adabiyotga oshno bo‘lsa, jamiyatda jinoyat shuncha kamayadi, korrupsiya keskin qisqaradi.
Pirovard-maqsad mana shu. Unga esa Navoiyni o‘qish orqali, shunchaki o‘qish emas, teran uqish orqali boramiz. Buning uchun bir qaraganda payqalmaydigan, arzimasday tuyulgan narsa – aruziy she’rdan zavq tuya olishga erishish kerak. Aruz bilmagan odam Navoiyga qanday yetishsin?
Alisher Navoiy – xalqimizning ma’naviy otasi. Ota tarbiyasini ko‘rmay o‘sgan bolaning esa holiga voy.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



