12.03.2025 | 16:42
663
TEMURIYLAR DAVRI JADIDI
Namozmi yoki niyoz?
“Xamsa” – hazrat Navoiydan eng buyuk yodgorlik. Undagi dostonlarda xotin-qizlar timsollari yorqin tasvirlangan, ilm-ma’rifat bobida ularning erkaklardan aslo kam emasligi o‘z ifodasini topgan.

Birinchi doston bo‘lmish “Hayrat ul-abror”ning 25-bobi – “Ibrohim Adhamning Ka’bag‘a namoz bila borg‘oni va Robiayi Adviyag‘a Ka’baning niyoz bila kelgani” deb nomlanib, hikoyat keltiriladi. Unda Robia al-Adaviya timsoli yaratilgan. Voqeasiga ko‘ra, Shayx Ibrohim Adham Makka ziyoratiga yo‘l oladi. Ka’ba joylashgan katta cho‘l boshlanganida u har qadamda joynamoz solib, ikki rakatdan namoz o‘qiydi. Shu yurish bilan u o‘n to‘rt yil deganda Makkaga yetib boradi. Sahrodagi har bir giyoh tilga kirib, uni madh etadi. Lekin shuncha zahmat chekib yetib kelsa, Ka’ba joyida yo‘q emish.
Shayx oh-u fig‘on chekadi. Shunda Hotif farishtadan ovoz keladiki, Ka’ba ziyoratiga kelayotgan bir ayol Allohga shavq-u muhabbati yuki og‘irligidan qaddi bukilib, betob bo‘lib qolgani uchun Ka’baning o‘zi uning ziyoratiga ketgan.
Bu zaifa – Robia al-Adaviya edi. Keyin Robia bilan Ibrohim Adham o‘zaro ko‘rishishadi. Unisi bunisini maqtaydi, bunisi unisini… Oxiri, Robia gapning po‘stkallasini aytadi.
Robia dedi anga: “Ogoh bo‘l, –
Kim necha yil bodiyada borcha yo‘l.
Bo‘ldi ishing arzi namoz aylamak,
Sheva manga arzi niyoz aylamak.
Sanga samar berdi namoz-u riyo,
Bizga bu bar berdi niyoz-u fano”.
“Niyoz-u fano” deganda hech qanday manfaatni o‘ylamay, hamma narsani unutib, dunyodan ham kechib, qalbning tub-tubidan Alloh vaslini yalinib-yolvorib so‘rash tushuniladi. Ibrohim Adham esa Xudoga ko‘proq yoqish uchun har qadamda ikki rakatdan namoz o‘qidi. Xudoga intilishning xuddi shu ikki bir-biriga zid yo‘lini qiyoslab, Hazrat Ali bir ajib hikmat aytgan va uni Navoiy o‘zbek tiliga qoyilmaqom o‘girgan:
Toat ko‘pidin ma’rifat ozi yaxshi.
Bu yerda “ma’rifat” so‘zini “ilm-ma’rifat” ma’nosida emas, “tasavvuf” tariqasida tushunish kerak. Tasavvuf esa Alloh taologa oshiqlik, uning vaslini tilashni anglatadi. Demak, ko‘p toat-ibodat qilgandan Xudoni ko‘proq sevish afzalroq ekan.
Bu yerda shoir riyo bilan, ya’ni ko‘z-ko‘z qilib o‘n to‘rt yil har qadamda ikki rakatdan namoz o‘qigandan ko‘ra chin dildan Allohga niyoz qilishning ustunligini ta’kidlaydi. Shu tariqa Robia al-Adaviyaning bu sidqi Ibrohim Adham ibodatidan ustun kelgani ayon qilingan.
Xo‘sh, nega ayol avliyoning yo‘li erkak avliyoning yo‘lidan ustun ko‘rsatildi? Savolga javobni yana Navoiyning o‘zidan – uning bir qit’asidan topamiz. Hazrat Ali nasriy hikmatning o‘zbekcha she’riy tarjimasi asosida bitilgan bu satrlarda so‘zni kim (erkakmi yoki ayol) aytayotganiga emas, balki nima deyayotganiga e’tibor berish lozimligi uqtiriladi:
Chun g‘araz so‘zdin erur ma’ni anga,
Noqil o‘lsa xoh xotun, xoh er.
So‘zchi holin boqma, boq so‘z holini,
Ko‘rma kim der oni, ko‘rgilkim, ne der.
Demak, Allohga ibodatda bandaning jinsiga emas, uning a’moliga qaraladi, deyilmoqchi.
“Teng huquqli” bosh qahramonlar
“Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ayi sayyor” dostonlaridagi ikki bosh qahramondan biri, ya’ni Shirin, Layli va Dilorom – ayol.
Shirinning ilm-ma’rifati, aql-farosati yuksak darajada ekaniga amin bo‘lamiz. Dostonning 35-bobi. Farhodning Mehinbonu saroyida mehmon bo‘lishi tasviri. Ziyofatda Shirinning har biri bir fan sohasida kiroiy kamolot kasb etgan o‘n kanizi ham qatnashadi.
Bu majlis ichra hozir o‘n dilorom,
Bori ham sarvqomat, ham gulandom.
Bo‘lub Shirin bisotining nadimi,
Alardin xush Mehinbonu harimi.
Kelib har qaysi bir fazl ichra mohir,
Mahorat shevasi har birda zohir.
Biri ash’or bahri ichra g‘avvos,
Biri advor davri ichra raqqos.
Biri mantiq rusumida raqamkash,
Biri hay’at ruqumig‘a qalamkash.
Birining shevasi ilmi haqoyiq,
Balog‘atda biri aytib daqoyiq.
Biri tarixda so‘z aylab fasona,
Biri hikmat fani ichra yagona.
Hisob ichra birining zehni borib
Muammoda birisi ot chiqorib.
Bu fanlarda bular bir-birdin ahsan,
Yuz ul fanliq aro har qaysi yakfan.
Dilorom-u Diloro-yu Diloso,
Gulandom-u Sumanbo‘y-u Sumanso.
Parichehr-u Parizod-u Parivash,
Paripaykar – zihi o‘n ismi dilkash.
Bu parcha tahlilida bir muhim nuqtaga alohida diqqat qaratishimiz zarur. Ya’ni, o‘n qizning she’rshunoslik, musiqa nazariyasi, mantiq, astronomiya, tasavvuf, balog‘at (poetika), tarix, falsafa, matematika, muammo (she’rda yashiringan so‘zlarni topish) bo‘yicha yetuk ilmga ega bo‘lganligiga! Buning zamirida nima orzu yotibdi?
Savolga javobni oradan besh asr o‘tib, jadidlar harakatida topish mumkin. Ular madrasalarda tabiiy fanlar o‘qitilmasligi, bu jihatdan ilg‘or Yevropa mamlakatlaridagi ilm-ma’rifat darajasidan juda ortda qolib ketganimiz masalasini ko‘tarib, yangi tartibdagi maktablar ochadi, dunyoviy fanlardan ham ta’lim berila boshlaydi. Diqqat qaratish kerak bo‘lgan jihat shuki, sho‘ro zamoniga qadar xotin-qizlar uylarda savod chiqargan, qizlar maktablari bo‘lmagan. Qizlar madrasasi haqida-ku xayol qilishning o‘zi imkonsiz edi.
Qarang, Navoiy o‘z davrida o‘n qizning o‘n fanda mohirligini yozyapti. Bu tahlillar asosida hech ikkilanmasdan “Navoiy temuriylar davri jadidi edi”, deya olamiz.
Va’daga vafo
Farhod tog‘ga suv chiqardi. Shuning sharafiga saroyda shohona mehmon qilindi. Hammasi yaxshi edi. Shirin ko‘nglida ham Farhodga muhabbat jo‘sh urgan edi. Shunday bir yaxshi kunda Shirinning ta’rifi Eron shohi Xusrav Parvezga yetib boradi. Xusrav bu masalada yaqin do‘sti, donishmand Buzurg Umiddan maslahat so‘raydi. U sovchi yuborish fikrini aytar ekan, Mehinbonuni “kordon”, ya’ni “ishning ko‘zini biluvchi”, “dono”, Shirin (“paripaykar”)ni esa “bisyordon”, ya’ni “ko‘p narsani biluvchi” deb eshitganini aytadi:
Eshitmishmenki, Bonu kordondur,
Pari paykar dog‘i bisyordondur.
Shoirning bu satrlarida ham ayollarning aqlli va ilm-ma’rifatli ekanini qayd etish bor.
Mehinbonu sovchilarga nima deb javob berishni bilmay boshi qotadi. “Xo‘p” desa, Farhod nima bo‘ladi, “yo‘q” desa, Eron shohi uni va mamlakatini tinch qo‘yadimi? Sovchilarni maslahatlashishini aytib jo‘natadi. Oxiri Shirinning o‘zini ham bu mashmashadan xabardor qiladi. Kutilmagan bu gapdan uning fig‘oni falakka chiqib:
Boshimg‘a tig‘i g‘am sursang, ne bo‘lg‘ay,
Bu so‘z deguncha o‘ltursang, ne bo‘lg‘ay?!
…Manga Farhod ishqi tuhmati bas, –
deydi.
Menga ne ishq-u, ne oshiq havasdur,
Agar men odam o‘lsam, ushbu basdur!
“Ushbu” deganda Farhod bilan bog‘liq ishq-muhabbati mojarolari ko‘zda tutilgan. Bunda Shirinning odobi namoyon bo‘ladi.
Farhodni Xusrav hiyla bilan halok etadi. Shirin uning dardida kuyib, bir necha karra o‘zini o‘ldirishga urinadi. Har gal odamlar bunga xalaqit qiladi. Chunki Mehinbonu unga kecha-kunduz qorovullar tayinlagan edi.
Oxiri Mehinbonu Xusrav bilan yarashadi. Qamal qilingan shahar darvozalari ochiladi. Shirinni Eron shohiga berishga rozilik bildiriladi. Shirin tog‘da Farhod bunyod etgan qasr ziyoratiga izn so‘raydi. Xusrav noilojlikdan rozilik beradi. Shirin ot ustidagi shohona kajavada tog‘ sari yo‘l olganida Xusrav lashkarining bari saf tortadi. Ular orasida shahzoda Sheruya ham bor edi. Shirinning husnini ko‘riboq uning ko‘ngliga ishq o‘ti tushadi. Oromini yo‘qotadi. O‘ylab-o‘ylab, otasini o‘ldirish rejasini tuzadi. Xusravning zulmi haddidan oshgani uchun a’yonlari shahzoda tarafga o‘tadi. Otani o‘ldirib, taxtiga o‘tiradi-da, Shiringa sovchi yuboradi.
Shirin esa oqila, vafodor qiz. Ichida masalani puxta hal qilib oladi:
Ani ko‘rmakdin o‘lmak yaxshiroqdur!
Bu Shirinninggina qo‘lidan keladigan mardlik va qat’iyat edi.
Charbzabonlig‘
Navoiy qo‘llagan bu so‘z lug‘atda “shirinzabonlik”,“tilyog‘lamalik” tarzida izohlanadi. Shirin donolik qiladi. Navoiy tili bilan aytganda, “charbzabonlig‘” bilan Sheruyaga shart qo‘yadi: “Avval Farhodning hurmatini bajo keltirib, azasini tutay, keyin sening hukmi farmoningda bo‘lay, ko‘nmasang, meni tirik ko‘rmaysan”, deydi. Sheruya noiloj ko‘nadi.
Shopur yo‘lboshchiligida tog‘dan Farhod jasadini topishadi-da, shohona kajavaga solib, o‘zi bunyod etgan qasrga qo‘yishadi. Shirin Mehinbonudan ruxsat so‘rab, Farhod jasadi bilan vidolashmoqchi ekanini bildiradi. “Odamlar xalaqit qilmasin”, deb ham iltimos qiladi. Qasrga kirib, eshikni ichkaridan qulflaydi-da, o‘lik yori bag‘aliga kirib, jon beradi.
Maktabdoshlar
“Layli va Majnun”ning 11-bobida tasvirlanishicha, Qays, ya’ni Majnunni Laylining otasi qizi uchun bunyod etgan maktabga o‘qishga berishadi. U o‘qishni boshlagan kunlari Layli uyida betob yotgan, davolanayotgan edi. Tuzalib, o‘qishga kelgan kuni uni ko‘rgan mahzun Majnun ko‘nglida ishq olovlandi.
Bizni qiziqtirgan masala shundaki, Navoiy bu yerda, birinchidan, qizi uchun maktab qurdirgan otani, ikkinchidan, maktabda o‘g‘il bolalar bilan qizlarga birga ta’lim berilayotganini yozyapti. Amalda esa biz XX asrga kelibgina ming mashaqqat bilan o‘g‘il-qizlar birga ta’lim oladigan maktablarga erishdik.
Odam tinmay mashq qilsa, yuksak mahoratga erishib bo‘ladi
Bu gapni har kim ayta olmaydi. Shunga ishongan, shuni o‘zida sinab ko‘rib, samara topgan kishigina bu qadar dadillik bilan shunday deya oladi.
Dilorom o‘zida shunday kuch topdi. Nega?
U Bahrom shohning suyukli yori edi, ovga uni birga olib chiqqan, podshoh sarxush edi. Diloromga maqtangisi, ovchilik mahoratini ko‘rsatib qo‘ygisi, undan olqishlar eshitgisi keldi. “Kiyik uchrasa, qanday qilib otay?” deb so‘radi undan. Dilorom: “Avval shunday bir o‘q otingki, u uchib ketayotgan kiyikning ikki qo‘lini bir yo‘la teshib o‘tib, uni to‘xtatsin. Keyin yana bir o‘q otingki, bo‘ynini teshib o‘tib, uni bo‘g‘izlasin. Chunki: “Bo‘ynidan bo‘g‘izlangan hayvon go‘shti halol bo‘ladi”, deyishadi”, deydi.
Kiyik paydo bo‘lishi bilan Bahrom yorining bu shartini haddi a’losida bajaradi va yoridan maqtov kutib: “Qalay?” deydi. Dilorom esa “Odam tinmay mashq qilsa, bunday yuksak mahoratga erishib bo‘ladi”, deydi bamaylixotirgina.
Shoh jahl ustida yorini o‘limga hukm qiladi. Ammo a’yonlari uni cho‘l-u biyobonda sochini bo‘yniga o‘rab, tashlab kelishadi. Doston voqeasi bo‘yicha Dilorom tirik qoladi, yillar o‘tib, er-u xotin bir-biri bilan topishadi ham.
Bizni bu yerda qiziqtirgan jihat boshqa – tinmay mashq qilish masalasi. Diloromning o‘zi ham o‘ta mahoratli jangchi edi. Bu yuksak darajaga esa u tinimsiz mashq bilan erishgan edi, albatta. Tabiiyki, shoir iste’dod bobida ayollar erkaklardan aslo qolishmasligini ko‘rsatgan. Zimdan esa sozandalik xotin-qizlar uchun ham kasb bo‘lishi mumkinligini targ‘ib qilgan. Bahrom aynan Diloromning changchilik mahorati sharofati bilan yorini topadi.
Temuriylar davri jadidi
“Jadid” so‘zi “yangi” degani. Buni bugun bilmaydigan kishi kam topilsa kerak. Hamma zamonda ham ilg‘or kishilar yangiliksiz olg‘a intilib bo‘lmasligini teran anglagan. Navoiy esa bu jihatdan ilg‘orlarning ilg‘ori edi.
Axir, xalqona aytganda, “eski tos, eski hammom” bilan jamiyat qayergacha bora oladi? Asr-asrlar mobaynida ham jahon tamaddunidan batamom uzilgan holda yashab kelayotgan xalqlar borligini tasavvur qilish uchun misol qidirib, uzoq-uzoqlarga borishning hech ham keragi yo‘q: shundoq O‘zbekistonimiz janubiy chegarasida oqib o‘tayotgan Amudaryoning chap qirg‘og‘iga o‘tib, qo‘shni va qondosh xalqning yashash ahvolini bir ko‘rgan odam bu fikrimizga darhol qo‘shiladi-qoladi.
Buyuk Navoiyning sabog‘i saboq: taraqqiyotga faqat va faqat yuksak darajadagi ilm-ma’rifat bilangina erishiladi.
Murod HOSHIMOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596


