16.06.2026 | 11:44
1322
TIBBIY MA’RIFAT NIMA?
O‘zFA Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori, akademik Tamaraxon ARIPOVA bilan suhbat

– Tamaraxon O‘ktamovna, tibbiyot fanlari doktori diplomini qo‘lga olgach, Immunologiya va inson genomikasi institutida ish boshlagan ekansiz. Shunga ham 34 yil to‘libdi. Muassasaning Mustaqillik davridagi, xususan, keyingi o‘n yillikdagi faoliyati ko‘z o‘ngingizda kechgan. Shunday emasmi?
– Ha, aynan. Ko‘z ochib ko‘rganim – ilmiy va amaliy faoliyatim kechgan, yangi yutuqlarimga zamin hozirlagan, keng quloch yozib jahon maydoniga kirib borishim uchun tayanch bo‘lgan dargoh shu.
1985-yilda tashkil etilgan institutimiz o‘tgan yillar davomida mintaqamizda immunologiya, tibbiy genetika, allergologiya, immunopatologiya va genomika sohalaridagi muhim ilmiy markazga aylandi.
Bugungi kunda jamoamiz faqat fundamental tadqiqotlar bilan cheklanib qolgani yo‘q. Asosiy maqsadimiz – ilm-fan natijalarini amaliyotga, shifokorga va eng muhimi, bemorga yetkazishdir. Biz kasalliklarning immunologik va genetik mexanizmlarini o‘rganamiz, erta tashxis qo‘yish, profilaktika va davolashning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiqamiz, tibbiyotning kelajagini belgilaydigan yangi texnologiyalarni joriy etishga harakat qilamiz.
Institutimiz bazasida akademik Nikolay Bochkov nomidagi Tibbiy-genetik ilmiy markazning Toshkent filiali faoliyat yuritayotgani alohida ahamiyatga ega. Chunki tibbiy genetika irsiy va kam uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash, prenatal maslahat, oilaviy xavf omillarini baholash va bemorga individual yondashishda muhim o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda institut xalqaro ilmiy loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Markaziy Osiyo aholisi genomini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilyapti. Shu vaqtgacha mintaqamiz aholisining genetik xususiyatlari yetarli darajada chuqur o‘rganilmagan edi. Aniq va individual tashxisni rivojlantirish uchun biz o‘zimizga xos ilmiy bazaga, o‘z genetik ma’lumotlarimizga, kasalliklarga irsiy moyillikni mintaqaviy jihatdan tushunishga ega bo‘lishimiz kerak.
Muhim yo‘nalishlaridan yana biri preeklampsiyaning immunologik va genetik mexanizmlarini o‘rganishdir. Preeklampsiya – homiladorlikning ikkinchi yarmida yuzaga keladigan, qon bosimi oshishi va peshobda oqsil paydo bo‘lishi bilan xarakterlanuvchi, ona va bola hayoti uchun xavfli bo‘lgan tibbiy patologik holat. Bu nafaqat ilmiy, balki jiddiy ijtimoiy ahamiyatga ega masala. Gap ona-bola hayoti ustida ketyapti, axir. Agar xavf guruhlarini, asoratlarning immunologik va genetik belgilarini erta aniqlay olsak, og‘ir oqibatlarning oldini olish imkoniyati ancha kengayadi.
Alohida ta’kidlashni istardimki, yangi strategik yo‘nalish – hujayraviy terapiya ham rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va topshiriqlari asosida hujayraviy terapiya bo‘limi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – mamlakatimizda hujayraviy texnologiyalar bo‘yicha ilmiy va texnologik asosni shakllantirish, mutaxassislar tayyorlash, ushbu yo‘nalishda xavfsiz, standartlashtirilgan va ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
Institut o‘z filiallari va hududiy bo‘linmalari orqali faoliyatini kengaytirib bormoqda. Bu bizga tadqiqotlarni faqat markazda emas, balki hududlar ehtiyoji bilan bog‘liq holda olib borish, ilmiy natijalarni amaliyotga yaqinlashtirish imkonini beradi.
– Mana shunday yangi va murakkab ishlarni amalga oshirayotgan jamoa tarkibi qanday tuzilgan?
– Institutda 20 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Xodimlarning o‘rtacha yoshi – 48 yosh. Bu yaxshi ko‘rsatkich, chunki bizda katta tajribaga ega ustozlar bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan, qator xorijiy tillarni chuqur o‘rgangan, yangicha fikrlaydigan yosh mutaxassislar salmog‘i ortiq. Ilm-fanda avlodlar zanjirining uzluksizligi va mustahkamligi juda muhim.
Ba’zan yoshlar orasida “Ustozsiz ham maqsadimga erishaman. Til bilaman, texnika qo‘limda, o‘zim izlab, o‘rganib mustaqil odam bo‘laman”, degan qarashlar uchrab qoladi. Garchi tarixda mustaqil ta’lim orqali buyuklikka erishgan olimlar uchragan bo‘lsa-da, bu istisno holatlar bo‘lib, ommaviy talqin qilib bo‘lmaydi. Ustoz ilm ostonasidagi yigit-qizlarni eng to‘g‘ri yo‘lga, eng kerakli manbalarga, eng manfaatli manzilga yo‘llaydi. Aslida, shunday bo‘lishi kerak.
Jamoamizning bosh maqsadi – Yangi O‘zbekiston tibbiyoti va ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shish, xalqimizga xizmat qilish, umuman, dunyodagi barcha bemorlarning dardiga darmon bo‘lishdir.
– Immunitet tizimi, allergik kasalliklar va inson genetikasi davrimizning og‘riq nuqtalaridan biri. Ko‘p xastaliklarga immunitet pastligi sabab qilib ko‘rsatiladi. Bu nima bilan bog‘liq?
– Darhaqiqat, immun tizimi muvozanatining buzilishi bugungi kunda salomatlik masalasidagi eng katta muammolardan biri. Immunitetni uzil-kesil “kuchli” va “zaif” deb baholash mavzuga jo‘n yondashuvdan kelib chiqadi. Immun tizimi to‘g‘ri ishlaganda, u organizmni infeksiyalardan himoyalaydi, yallig‘lanishni nazorat qiladi, o‘sma hujayralariga qarshi kurashda ishtirok etadi. Shu bilan birga, bu tizim o‘z to‘qimalariga qarshi hujumga o‘tmasligi va oddiy tashqi omillarga haddan tashqari kuchli reaksiya bildirmasligi kerak.
Bugun ana shu nozik muvozanat buzilayotganini ko‘ryapmiz. Oqibatda, allergik kasalliklar, autoimmun patologiyalar, surunkali yallig‘lanish jarayonlari, infeksiyalardan keyingi immun buzilishlari, metabolik kasalliklar ko‘paymoqda. Buning zamirida faqat bitta omil emas, balki irsiy moyillik, ekologik muammolar, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress, infeksion yuklama va tartibsiz turmush tarzining birgalikdagi ta’siri yotadi.
Yana bir muhim jihat bor: har bir insonning immun tizimi o‘ziga xos. Kimdir kasallikni yengil o‘tkazadi, boshqasida esa og‘ir asoratlar qoladi. Ba’zi bemorlar organizmi umumiy davolashga yaxshi javob beradi, ba’zilariga esa mutlaqo boshqacha yondashuv kerak. Aks holda, barcha uchun yagona tibbiyot qo‘llanmasi yozilib, shunga ko‘ra davolanardi.
Shu nuqtada ilm-fanning kuchi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kelajak tibbiyoti – hamma uchun bir xil sxema emas, balki insonning immunologik va genetik xususiyatlariga asoslangan shaxsiy yondashuvdir. Bizning institut uchun ham muayyan insonda immun muvozanati nima uchun buzilayotganini tushunish, bu holatni vaqtida aniqlash va organizmning to‘g‘ri immun regulyatsiyasini tiklash yo‘llarini izlash asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
– Bugun ijtimoiy tarmoqlarda salomatlik haqida bong uradigan blogerlar soni ortib bormoqda. Ular orasida mutaxassislar bilan birga, havaskorlarning ham uchrashi odamni cho‘chitadi. Ba’zi tavsiyalarga quloq tutsangiz, ular xorij manbasidan ko‘r-ko‘rona tarjima qilingani, kamida sun’iy intellekt “ilmiy izlanishlari mahsuli” ekanini fahmlaysiz. Har bir sohada o‘z mutaxassisi gapirganiga nima yetsin! Immunitetni mustahkamlash bo‘yicha qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
– Dolzarb bo‘lib borayotgan masalani ko‘tardingiz, Zarnigorxon. Men o‘zim ellik yillik tibbiyot vakili bo‘la turib, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tavsiya berishda kuchli mas’uliyat his qilaman. Tibbiy tahlillar va maxsus tekshiruvlar natijasini qo‘lga olmay, bemorning kasallik tarixini o‘rganmay, faqat shikoyatiga qarab yechim taklif qilish – bu, jaholat.
Organizm shunday murakkab tuzilganki, bir a’zoning og‘rig‘iga umuman boshqa a’zo sabab bo‘lishi mumkin. Siz aytgan internetdagi g‘ayriilmiy retseptlar bo‘yicha davolangan yoki sun’iy intellekt shafeligida muolaja olgan odamlarning nogiron bo‘lib qolayotgani, hatto, o‘lim holati kuzatilayotgani jahon axborot maydonini tez-tez larzaga solib turibdi.
Avvalo, odamlar bir narsani to‘g‘ri tushunishi kerak: immunitetni bir kunda “ko‘tarib” qo‘yish mumkin emas. Bir tabletka, bir vitamin yoki biror mashhur preparat insonni darhol sog‘lom qilib qo‘ymaydi. Immun tizimi ortiqcha va asossiz aralashuvni yoqtirmaydi. Unga barqarorlik, to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu, harakat va oqilona munosabat kerak.
Birinchisi – to‘g‘ri ovqatlanish. Kundalik ratsionda oqsil, sabzavotlar, mevalar, don mahsulotlari, zarur mikroelementlar bo‘lishi kerak. Lekin bu yerda ham me’yor muhim. Bugun ko‘pchilik shifokor tavsiyasisiz turli vitaminlar, biologik faol qo‘shimchalar, immunomodulyatorlarni qabul qiladi. Bu to‘g‘ri emas.
Ikkinchisi – jismoniy faollik. Albatta, hamma ham sport bilan shug‘ullanishi shart emas. Oddiy yurish, muntazam harakat, me’yoriy jismoniy faollik ham immun tizimi, moddalar almashinuvi va qon-tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Uchinchisi – uyqu. Biz ko‘pincha uyquni yetarlicha qadrlamaymiz. Ayniqsa, kechqurunlari telefon yo kompyuter qarshisiga mixlanib o‘tiradigan yoshlardan xavotirim bor. Inson doimiy ravishda to‘yib uxlamasa, organizm tiklanishga ulgurmaydi va bu immunitetga ham ta’sir qiladi.
To‘rtinchisi – stress. Surunkali ruhiy zo‘riqish organizmni asta-sekin holdan toydiradi. Shuning uchun dam olishni bilish, ichki xotirjamlikni saqlash ham kasalliklarning oldini olishning bir qismi hisoblanadi.
Albatta, tibbiy madaniyatni ham unutmaslik kerak. Profilaktik ko‘riklardan o‘tish, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish, zarur holatlarda emlash tavsiyalariga amal qilish muhim.
Immunitet – alohida bir a’zo emaski, uni vaqtincha “davolab” qo‘yilsa. U inson hayoti, turmush tarzi va o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan munosabatining namoyonidir.
– Siz qizlarning ilm-fanga kirib kelishi mushkul bo‘lgan yillarda 26 yoshda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgansiz. Ko‘p yillik samarali faoliyatingiz va yutuqlaringiz mevasi o‘laroq, 2017-yilda akademik sharafiga erishgansiz. Yangi O‘zbekiston ayoli, Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yadigan millat olimasi qanday bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Bilim, ta’lim, ilm-fan – albatta, katta kuch. Ular ayolga ishonch, mustaqil fikrlash, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va jamiyatga foyda keltirish imkonini beradi. Lekin ayolning ma’rifati faqat diplom, lavozim yoki ilmiy unvonlar bilan o‘lchanmaydi. Ma’rifatli ayol, avvalo, ichki madaniyatga ega inson. Bu – tarbiya, qadr-qimmat, mehr-oqibat, mas’uliyat, oilaga, jamiyatga va milliy qadriyatlarga hurmat demak. Juda muhim narsa bor: bilim insonga kibr bermasligi kerak. Haqiqiy bilim insonni donishmandroq, mehribonroq, sabrliroq, mas’uliyatliroq qiladi.
Bizning madaniyatimizda ayol hamisha alohida o‘rin tutgan. Menimcha, zamonaviy ayolning kuchi aynan shu uyg‘unlikda: bilimdonlik, kasbiy jihatdan yetuklik va faollik, shu bilan birga, samimiylik, oilaviy mehr va insonlar oldidagi mas’uliyatni saqlab qolishda ko‘rinadi. Ma’rifat – inson qanchalik bilishi bilangina emas, balki o‘sha bilimini qanday maqsadda ishlatishi bilan o‘lchanadi. Olimning maqsadi nima, faqat shaxsiy manfaat – karyera, mukofot, mansab va shon-shuhratga erishishmi yoki jamiyat va Vatan manfaati uchun xizmat qilishmi? Shu savolning javobi muhim.
Men o‘z taqdirimdan minnatdorman. Ilm-fanga, xalqimga, mamlakatimga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan, O‘zbekiston nomi jahon ilm doiralarida yangrashiga hissa qo‘shayotganimdan baxtliman. Vatanim mendan rozi bo‘lsa, oilam faxrlansa, shogirdlarim foyda olsa, institut rivojlanib, insoniyatga foyda keltirsa, demak, umrim behuda o‘tmayapti.
– Umrning bekor o‘tmayotganini ko‘ksingizni bezab turgan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda xalqaro darajadagi oltin medallar tasdiqlab turibdi. Tilagimiz: umringiz uzoq, ilmiy faoliyatingiz yanada barakali bo‘lsin! Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 12-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



