19.10.2026 | 12:44
679
“TILGA E’TIBOR – ELGA E’TIBOR”
Til xalqlar va madaniyatlarni bir-biriga bog‘laydigan eng muhim diplomatik ko‘prikdir. Xorijiy tilni o‘rganish orqali o‘sha xalqning tarixi, madaniyati, adabiyoti va bugungi hayoti bilan yaqindan tanishish mumkin. Boy tarix va merosga ega bo‘lishiga qaramay, o‘zbek tilini chet elda targ‘ib qilish hanuz oqsayapti. Tarixan turkiy, xoqoniy va chig‘atoy tili deb atalgan jonajon tilimiz 1920-yillardan boshlab rasman “o‘zbek tili” nomini oldi. U bugun Markaziy Osiyodagi eng ommabop, dunyo bo‘ylab qirq milliondan ortiq inson so‘zlashadigan til hisoblanadi.

Chingizxon bosqiniga qadar “asl turkiy til” nomi bilan mashhur bo‘lgan tilimiz Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asarida xoqon saroyi va davlat ishlarida qo‘llanilgan “xoqoniy” til sifatida alohida e’tirof etilgan. Unda ilk turkiy she’rlar va rasmiy hujjatlar bitilgan, Alisher Navoiyning shoh asarlari ham shu daryodan suv ichgan. XX asrgacha Sharqda ilm-fan, din va adabiyot zaboni sifatida arab hamda fors lisonlari yetakchilik qilgani bois, Gʻarbda ham aynan shu tillarni o‘rganishga qiziqish yuqori bo‘lgan. Mumtoz o‘zbek tili esa mintaqadan tashqarida keng yoyilmay qoldi. Mustaqillik yillarida tilimizni jahonga tanitish uchun keng imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa-da, dastavval o‘tgan davr mobaynida bu borada sezilarli natijaga erishilmadi.
O‘zbek tili va adabiyotini chet elda o‘qitish hamda undan “yumshoq kuch” sifatida foydalanishda qator tizimli muammolar mavjud. Bugungi kunda xorijiy tilni o‘rganuvchilarning asosiy qismi ma’lumotlarni internetdan, asosan, inglizchada izlaydi. Afsuski, o‘zbekchani o‘rganmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan darsliklar juda kam. Ularning aksariyati rus tilida yozilgani uchun xorijliklarga murakkablik qiladi. Natijada, chet elliklar tilimizni o‘rganishdan oldin rus tilini o‘zlashtirishga majbur bo‘lyapti, bu esa ulardagi qiziqishni so‘ndiradi. Vaholanki, ingliz va boshqa ommabop til darsliklari mutlaqo boshqacha tizimga asoslanadi.
Xususan, darslar soddadan murakkabga qarab tuzilib, kitoblar A1, A2, B1, B2, C1 va C2 kabi xalqaro darajalarga ajratiladi. Bunda faol ishlatiladigan so‘zlar, kishilik olmoshlari, sonlar, fe’l zamonlari va gap qurilishi alohida-alohida o‘rgatiladi. Boshlang‘ich bosqichda asosiy e’tibor kundalik muloqotda eng ko‘p qo‘llanadigan iboralarga qaratilib, o‘rganuvchilar uchun bir ming, ikki ming hamda besh mingta asosiy so‘zni o‘z ichiga olgan maxsus lug‘atlar taqdim etiladi. Xalq orasida keng qo‘llanadigan iboralar o‘rgatiladi. O‘zbek tili qoidalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan kitoblarda esa qator jihatlarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
Masalan, o‘zbek tili alifbosidagi “a” va “i” harflari ingliz tilida maxsus transkripsiyalar bilan beriladi. Rus tilidagi “она” (“u ayol”) va o‘zbek tilidagi “ana” (“mana”, “anavi”) so‘zlari ham turlicha talaffuz qilinadi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, /ɪ/ tovushi o‘zbek tilida alohida tovush emas, qisqa “i” deb ataladi, ammo turk, ingliz, xitoy va boshqa ko‘plab tillarda u alohida tovush sifatida o‘qitiladi. Fe’l zamonlari qaysi hollarda qo‘llanishi bo‘yicha ham ma’lumotlar kam. Masalan, hozirgi o‘zbek adabiy tiliga oid aksar kitoblarda uzoq o‘tgan zamon fe’lini tushuntirishda fe’lning “-gan” shakli “-di”ga nisbatan harakatning nutq so‘zlangan vaqtdan ancha oldin ro‘y berganini bildirishi” ta’kidlangan. Albatta, bu ta’rif ba’zi hollarda mos kelsa-da, xorijliklar ko‘zi bilan qaralganda, ko‘p holda chalg‘itadi. “O‘zbekiston 1991-yilda mustaqil bo‘ldi” jumlasida voqea bundan 35 yil oldin bo‘lgani haqida so‘z yuritilmoqda. “Shuhrat uyga kelgan” jumlasida Shuhrat hozir uydaligi ifodalangan (hozirgi zamon ma’nosi). Bu holda voqea ancha oldin emas, besh daqiqa oldin sodir bo‘lishi ham mumkin.
O‘tgan zamon hikoya fe’li o‘zbeklar orasida ommalashmagan va ko‘pchilik uchun tushunarsiz, lekin grammatika kitoblarida u mavjud. Shunday ekan, “qilib edi” kabi fe’llarning qo‘llanishi va o‘qitilishi qayta ko‘rib chiqishga muhtoj. Uzoq o‘tgan zamon hikoya fe’li “qilgan ekan” shaklida tushuntiriladi, ammo “qilmoqchi ekan”, “qilyapti ekan” kabi shakllarga izoh berilmaydi. Tushum kelishigini yasovchi “-ni” qo‘shimchasi ba’zi hollarda tushirib qoldirilishi mumkin. Masalan, “Menga kitob bering” yoki “Menga kitobni bering”. Ammo bu holatlar farqi tushuntirilmasligi til o‘rganuvchini chalg‘itadi.
Hind-Yevropa tillaridan farqli o‘laroq, turkiyda qo‘shimchalar nihoyatda keng qo‘llanadi va tilning eng asosiy qismlaridan hisoblanadi. Lekin bu masalaga kam e’tibor qaratiladi. Imkon qadar barcha qo‘shimchalar, jumladan, yangi grammatik ma’no beruvchi qo‘shimchalarga alohida urg‘u berilishi o‘rganuvchiga yengillik yaratadi. Shuningdek, turkiy tillarda oddiy fe’llardan ko‘ra ko‘proq va kengroq qo‘llanadigan qo‘shma fe’llarni batafsil tushuntirish, lug‘atda alohida ko‘rsatish foydalidir. Odatda xorijiy tilni o‘qituvchi grammatika kitoblariga faol so‘zlarni o‘z ichiga oluvchi mini-lug‘at ilova qilinadi. Ammo o‘rganib chiqilgan o‘zbek tilini o‘qituvchi qo‘llanmalarda mini-lug‘at bo‘lsa-da, unda faol so‘zlar emas, biron mantiqqa asoslanmay “duch kelgan” so‘zlar jamlangan. Bu ham chet ellik uchun sezilarli qiyinchilik tug‘diradi.
Ushbu jihatlar inobatga olingan holda, mustaqil o‘rganuvchi xorijliklar uchun ingliz tilida “O‘zbek tili grammatikasi” nomli qo‘llanma tayyorlandi. Unda o‘rganuvchiga yengillik yaratish maqsadida, fonetika va grammatika qoidalari qiyosiy taqqoslanadi. O‘zbek tili grammatikasiga oid kitoblarda fe’l zamonlarining ishlatilish hollari minimal tarzda tushuntirilgani bois, taklif etilayotgan darslikda bu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Yuqorida keltirilgan muammoli vaziyatlarni chuqur o‘rganib hamda akademik bahslar va tadqiqotlar asosida xorijiy tillar tajribasidan kelib chiqib, o‘zbek tili grammatikasini isloh qilish lozim, deb hisoblaymiz. Fikrimizcha, fe’l zamonlarini o‘qitishda ularni kategoriyalarga ajratib tushuntirish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. Taklif etilayotgan darslikda fe’l zamonlari jadval asosida shakllarga ajratilgan. Shuningdek, qo‘llanmada “-ni” qo‘shimchasining ishlatilishi va tushirib qoldirilishi, barcha faol va ba’zi nofaol zamonlarning qo‘llanish holatlari, qo‘shma fe’llarning yasalishi, qo‘shimchalar vazifasi kengroq tushuntiriladi. Boshqa qo‘llanmalardan farqli ravishda, kitobning asosiy qismidagi yigirmata darslar yirik mavzularni alohida-alohida to‘liq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni o‘rganish uchun eng zarur bo‘lgan qoida va konstruksiyalarni o‘rgatishga bag‘ishlanadi, keyinchalik mavzular murakkablashib boradi. O‘zbek tilida fe’l zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, ular ingliz tiliga qiyoslab sodda ko‘rinishda tushuntiriladi. Har bir dars so‘ngida qisqa mashq va matnlar keltirilgan.
Ma’lumki, xorijiy tilni o‘rgangan shaxs tegishli davlatga borganida, rasmiy til va xalq qo‘llaydigan so‘zlashuv o‘rtasidagi farq tufayli, tilni tushunishda qiyinchilikka uchraydi. Shuni inobatga olib, o‘zbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan ba’zi keng foydalaniladigan o‘zlashgan so‘zlar ham kitobga ilova qilingan. Tilimizni she’r va qo‘shiqlar, yurtimiz tarixiga oid qiziqarli matnlar hamda 2400 ta eng faol so‘zni o‘z ichiga olgan ilk o‘zbekcha-inglizcha mini-lug‘at orqali o‘rgatish yangi qo‘llanmaning bosh afzalligidir.
Bugun tilimizni xalqaro miqyosda ommalashtirishda sifatli darsliklar va xorijiy tillarda erkin dars beradigan mutaxassislarning yetishmasligi hanuz asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, xorijlik talabalar uchun til o‘rganishda kelajakda yaxshi ish topish imkoniyati birlamchi o‘rinda turadi. Masalan, fors adabiyotiga dunyo bo‘ylab qiziqishning yuqoriligi asarlarning o‘z vaqtida mahorat bilan tarjima qilingani bilan bog‘liq bo‘lsa, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarimiz merosining chet tillariga o‘girilmagani tilimiz va adabiyotimizning jahon sahnasida lozim darajada tan olinishiga xalaqit beryapti. Bu yerda asosiy muammo Navoiy asarlarini tarjima qila oladigan salohiyatli mutaxassislarning yo‘qligidir. Chunki bunday tarjimon nafaqat zamonaviy va eski o‘zbek tilini, balki arab, fors tillari, tasavvuf va Sharq falsafasini mukammal biladigan, o‘z ona tilida mohirona qalam tebratuvchi universal olim bo‘lishi lozim. Buning ustiga, ochiq manbalarda ingliz yoki arab tillarida Navoiy haqida sifatli ma’lumot va filmlarning yo‘qligi xorijiy navoiyshunoslarni yetishtirishni yanada qiyinlashtirmoqda.
Ushbu masalani hal etish tizimli yondashuvni talab etadi. Masalan, Misrda eski o‘zbek tilini tadqiq etayotgan olimlar juda kam va ularning bilim darajasi hanuz sayoz. Bu muammoni ijobiy hal etish uchun O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga arab tilidan dars berish uchun aynan turkiy tillar bo‘yicha izlanayotgan misrlik tajribali professor-olimlarni jalb qilish maqsadga muvofiqdir. Bunday mutaxassislar salohiyatidan unumli foydalanish orqali mumtoz adabiyotimizni arab tiliga sifatli tarjima qilish, xorijdagi qadimiy qo‘lyozmalarni tadqiq etish va tilimiz jozibasini dunyoga yoyishda kutilgan natijaga erishish mumkin.
O‘zbek tilini xorijda o‘qitish va ommalashtirish yuzaki yondashuvni emas, balki tizimli dasturni talab etadi. Buning uchun, avvalo, xorijliklar uchun ularning ona tilida tushunarli bo‘lgan soddalashtirilgan qo‘llanmalar va sifatli lug‘atlar yaratish zarur. Qisqa muddatli istiqbolda chet ellik turkshunos olim va professorlarni mamlakatimizga jalb etish, ularga o‘zbek adabiyotshunoslarini biriktirib, erkin faoliyat yuritishlariga sharoit yaratish lozim. Uzoq muddatda esa yurtimizda ishlab, madaniyatimizga mehr qo‘ygan bunday mutaxassislar orqali mumtoz va zamonaviy shoh asarlarimizni chet tillariga mahorat bilan tarjima qilishga erishish mumkin.
Shu bilan birga, o‘zbek diplomatiyasining muhim vazifalaridan biri sifatida, paritet tamoyili asosida xorijiy maktab va universitet darsliklariga Navoiy, Bobur, Qodiriy kabi buyuk adiblarimiz hayoti va asarlarini kiritish tavsiya etiladi. Zero, adabiy merosimizning dunyo bo‘ylab sifatli tarjima qilinishi va keng yoyilishi mamlakatimizning jahon maydonidagi “yumshoq kuch”ini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Otabek ALIMOV,
tarjimon
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



