16.01.2026 | 12:27
1561
TOMCHIDA QUYOSH
“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam KALONOV bilan suhbat
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali biz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish borasidagi ishlarni davom ettiramiz”.
Prezident Shavkat MIRZIYOYEVning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan

– Rustam aka, mahallalarimizni nuroniylarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yoshlar tarbiyasi, mahalla obodligi, jamoatchilik nazorati, ma’naviy muhitni shakllantirishda bevosita katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega otaxon-u onaxonlarning o‘rni beqiyos…
– To‘g‘ri aytasiz, oilada ham, yurt taraqqiyotida ham nuroniy otaxon va onaxonlarning o‘rni alohida. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning oxirida davlatimiz rahbari Toshkent shahri faollari bilan uchrashdi. Ochig‘i, bu uchrashuv unda qatnashganlar uchun juda katta saboq bo‘ldi. Uchrashuvda har bir mas’ulga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. “Har biringiz bilib qo‘ying: Vatan mahalladan boshlanadi”, degan aniq va lo‘nda fikr aytildi. Bilasiz, shu kungacha ham mahalla va uning obodligi haqida tegishli hujjatlar imzolangan. Bu bejiz emas. Chunki mahalla yurtimizning qaynoq o‘chog‘i hisoblanadi.
Yurtimizga kelayotgan chet elliklar bilan xizmat yuzasidan suhbatlashishimizga to‘g‘ri keladi. Shunda ularning o‘zbek mahallalarida yashayotganlarning turmush tarzidan, mahalla tuzilmasining faoliyati va bunda nuroniylarning o‘rnidan hayratga tushganini ko‘p ko‘raman. Ayniqsa, oilalarning boshiga og‘ir kunlar tushganda yoki to‘y-hashamlarda mahalla odamlarining birlashishi, har qanday yordamga tayyor turishi ularning aqliga sig‘maydi, taajjublanadi.
Aksariyat chet mamlakatlarda oilalar, hatto bir oiladagi ota-ona, bola-chaqalarning o‘zaro aloqasi yo‘qligi, hamma o‘z boshiga yog‘gan qorni o‘zi kurashi, yaxshi-yomon kunlarni ham tanho o‘tkazishini bilamiz. Afsuski, bizda ham ko‘p qavatli uylarda o‘z qobig‘iga o‘ralib qolganlar yo‘q emas. Lekin bugun mahalla faollari bu holatga tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q, barchaning mahallaga moslashishi, singib ketishida yordamini ayamayapti.
Bugun mahallada hech kim o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
“Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak”.
Murojaatnomadan
Ilgari keksa odam biror nojo‘ya ish qilayotgan bolani ko‘rsa, “Kimning bolasisan? Nima qilyapsan?” deb savol berardi. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” maqolining haqiqiy amaliy ko‘rinishi edi bu. Ochig‘i, bu an’anadan yiroqlashib boryapmiz. “Birovning bolasi bilan nima ishim bor”, degan kayfiyatga o‘tish juda xavfli. Chunki zamon shiddatli va umumiy, bugun bir bolada illat paydo bo‘lsa, ertaga boshqa oilaga ham kirib bormaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. “Suyunchi” filmida: “Kim begona ekan buvingga bu mahallada? Ko‘rsat, o‘sha begonalarni”, deb aytiladi-ku.
Yana bir gap. Ayrim yoshlardan “Mahallangning nomi nima?” yoki “Nega bunday atalishini bilasanmi?” deb so‘rasangiz, aksariyati “bilmayman” deb javob beradi. Ilgari buva-buvilarimiz tanchaning atrofida gardish patnisga turshak-mayizni tashlab qo‘yib, nevaralariga avlod-ajdodlari haqida gapirib berishardi. Keksalarimiz ko‘cha-ko‘yda yurganida, atrofida yuz berayotgan voqealarga befarq emasdi. Yaxshi ishlarga ham, yomonlikka ham munosabatlari bor edi.
Esimda bor, onam pensiyaga chiqqanlaridan keyin kechki salqin paytlari eshigimiz oldida kursichaga o‘tirib, o‘tgan-ketgan bilan suhbatlashardi. Begona odam ko‘rinsa, albatta, kimligini surishtirardi. Har bir mahallada kosiblik, zargarlik, misgarlik degandek, biror kasb-hunar bilan shug‘ullanuvchi guruhlar bo‘lardi. Albatta, bugun davr o‘zgardi, odamlar o‘zgardi, kasb-hunarlar ham o‘ziga xos rivojlanyapti. Nazarimda, bugun mahalla rahbarlarining ham ish tutumi, odamlar bilan munosabati davrga hamohang bo‘lishi kerak.
Hozir ko‘pqavatli uylarda yashovchi aholi bilan ishlashda muammolar uchrab turibdi. Ochig‘i, bu uylarda o‘zaro befarqlik, bir-birini kamsitish kabi illatlar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday holatlar bizning jamiyatga yarashmaydi. Bu borada Sergelida qurib foydalanishga topshirilayotgan mahallalarni ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi. Ularda nuroniylar, mahalla faollari bosh bo‘lib, aholini o‘zaro birlashtiradigan ibratli tadbirlar o‘tkazilyapti.
2025-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, aholi, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, tovlamachilik, firibgarlik, ajrashish kabi illatlar ancha kamaygan. Bunda, shubhasiz, mahallada obro‘ va nufuzga ega bo‘lgan nuroniylar, dono buvijonlarning jonkuyarligi muhim rol o‘ynayapti.
Shahrimizdagi 585 ta mahallaning har bir nuroniysiga 10 ta oilaning axloqi buzilgan, yomon yo‘lga kirib ketgan farzandlari biriktirilgan. Albatta, bu nuroniylar bir o‘zi emas, yonida bir-ikki faol shaxslar bilan ularning muammolarini hal qilishda yordam berishyapti.
– Shubhasiz, nuroniylar, mahalla yetakchilarining faolliklari bugungi kunda o‘z natijalarini berayotgani hammamizni quvontiradi. Poytaxtda turli millat va e’tiqod vakillari jamlangan mahallalar ham talaygina. Ular bilan ishlash tarzi qanday?
– Mahalla o‘n yil yo yuz yillik tuzilma emas. O‘lkamizda bu birlik tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Buyuk Ipak yo‘lining muhim bo‘g‘inida joylashgan, azaldan bag‘rikeng va tinchlikparvar bo‘lgan xalqimiz mahallalarga birlashar ekan, azaldan u yerda tillar, dinlar, qarashlar xilma-xilligi bo‘lgan. Mahallada har kim avvalo insoniyligi uchun hurmat qilinadi. Muqaddas dinimiz va milliy qadriyatlarimiz ham do‘stlik va uyushqoqlikni targ‘ib qiladi.
O‘zbekiston – ko‘pmillatli mamlakat. Faqat yangi ko‘chib kelganlar va yoshlarda mahallada yashashning o‘ziga xos tomonlarini tushunishda biroz qiyinchilik tug‘ilishi mumkin. Ilgaridan yashab kelayotganlar allaqachon urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilib olgan. Hozir ko‘plari tilimizni suv qilib ichib yuborgan. Ochig‘i, hashar, o‘zaro yordam tadbirlarida birinchilardan bo‘lib qo‘l cho‘zadiganlar ham aynan do‘st va qardosh millat vakillari. Odamgarchilikning millatga aloqasi yo‘q. Bu oilaga, undagi ta’lim-tarbiyaga bog‘liq.
“Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”.
Murojaatnomadan
– To‘qqiz mingdan ziyod mahallada, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalar katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ziyolilar, tadbirkorlar, Vatan posbonlari – butun xalqimiz zimmasiga yuklandi. Ana shu jabhada, nazarimda, nuroniylar oldingi safda qayd etilgani bejiz emas.
– Ha. Yangi yil, shubhasiz, yangi rejalar, yangi vazifalar bilan kirib keladi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” xalqimiz ruhini ko‘tarish bilan birga, respublikamiz mahallalarida faoliyat yuritayotgan nuroniylarimiz, mahalla faollari oldiga katta vazifalarni ham qo‘ydi.
Xalqimizda “Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi” degan maqol borligini eslatib qo‘ymoqchiman. Ya’ni hammamizning oldimizda yurtimiz iqtisodini yanada ko‘tarishga, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga hissa qo‘shish vazifasi turibdi. Bu yo‘lda nuroniylarimiz, oqsoqollarimiz, yosh faollarimiz – hamma birlashib harakat qilishi kerak.
Bugun nuroniylarimiz, faollarimiz odamlarning nima dardi bor, ularni qiynayotgan narsa nima, yoshlarga, yosh oilalarga qanday yordam kerak, degan savollar ustida o‘ylanib, ularga javob topish yo‘llarini izlashlari, jillaqursa, maslahatlari bilan yordam berishlari lozim. Chunki mahallaboshi nuroniylar hisoblanadi.
Eslasangiz, biz yoshi ulug‘lar ko‘cha boshida ko‘rinsa, o‘yin-u yumushimizdan to‘xtab, yo‘l chetiga chiqib, solim turardik. Oilaning kattalari – otaxonlar, onalar dasturxon atrofiga kelib o‘tirmaguncha, qozon ochilmasdi. Barcha tadbirlarda mahalladagi obro‘-e’tiborli otaxon duoyi fotiha qilardi. Menimcha, hozir ham ko‘p joylarda shunday va shunday bo‘lib qolishi kerak. Bu kabi udumlarimiz asrlar davomida o‘zini oqlab kelgan. Bizning vazifamiz mavjud an’analarimizni davom ettirishga bosh-qosh bo‘lishdan iborat.
An’analarimizni davom ettirish maqsadida muntazam ravishda uch avlod uchrashuvlarini o‘tkazib turamiz. Uchrashuvlarga ko‘proq yoshlarni jalb etamiz. Shu bilan birga, mahallada olib borilayotgan ishlarni muntazam kuzatib boramiz. Deyarli barcha tadbirda nuroniylarimiz, mahalla oqsoqollari bosh-qosh. Ishonasizmi, tadbirga kelayotgan keksalarni ko‘rib, yoshlar ham qatnashishni xohlab qoladi. Bekorga nuroniy deyishmaydi, axir, yuz-ko‘zlarida nur bor ularning.
– Boya xorijliklarning mahalla institutimizga qiziqishini ta’kidladingiz. Shu haqda batafsilroq gaplashsak. Zero, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyishadi-ku.
– Birinchi navbatda etnograflar, ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar mahallalarga olib borishni so‘rashadi. Odatimiz bo‘yicha bir piyola choy, dasturxon ustida suhbatlashamiz, ko‘cha-ko‘ylarni aylantiramiz, odamlar bilan ko‘rishadi. Fuqarolar bilan muloqotlardan, mahalla aylanib ko‘rganlaridan so‘ng amalga oshirilayotgan ishlarning natijasiga iqror bo‘ladi. Qanday delegatsiya kelishidan qat’i nazar, sayohatining bir kuni, albatta, mahallalarda o‘tadi. Ayniqsa, yaponlar jiddiy qiziqadi. Fransiya, Germaniya, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan kelganlar ham mahallalarda bo‘lishni istaydi.
Eng muhimi, ular ko‘rgan-bilganlari asosida davlatning fuqarolar uchun qilayotgan sa’y-harakatlari, amallari to‘g‘ri ekaniga amin bo‘ladi. Tomchida quyosh aks etadi, deydilar-ku. Ana shu tomchilar daryolar, dengizlar, ummonlarni tashkil qiladi.
Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb atab, “Yashil makon” umummilliy harakatiga yangicha ruh va ma’no berdi. Biz, mahalla ahli uchun bu iqtisodiy siyosat ayni muddaodir. Chunki mahalla degan so‘zning o‘zagida bog‘-u bo‘ston, farovonlik va obodlik degan tushuncha yotibdi. Biz bu borada ham belni bog‘lab, Vatanimizni gullatishga doimiy hissamizni karrasiga ko‘paytirishga kirishganmiz.
“Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m, har bir deputatga 3,3 milliard so‘mdan beryapmiz. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltiramiz. Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kiramiz”.
Murojaatnomadan
– Mahalla haqida gap ketganda, albatta, marosimlarni chetlab o‘ta olmaymiz. To‘y-hasham degan ikki so‘z va uning ortidagi ikki mingta mashmasha hamda ularni tartibga solish bo‘yicha tajribangizdan kelib chiqib fikr bildirsangiz.
– To‘ylarni ixchamlashtirish, ma’raka va boshqa oilaviy tadbirlarni tartibga solish ham bevosita mahallaga tegishli masala. Muhimi, odamlarimiz dunyoqarashida ijobiy o‘zgarish bor. Ayniqsa, yoshlar bilim doirasi kengayib borayotgani hamda keng ko‘lamli targ‘ibotlar natijasi o‘laroq isrof va mantiqsiz ishlardan o‘zini olib qochyapti. Endi ular hech kimga naf bermaydigan xarajatlardan ko‘ra, pulni jamg‘arib ota-onasini sihatgohlarga, ziyoratlarga yubormoqda. Kelin-kuyov to‘ydan tejalgan pulni ta’limga, sayohatga va kelajakka yo‘naltirmoqda.
Kattalar ham yoshlardagi bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Yunusobodning mahallalaridan birida onaxon bosh bo‘lib, nevarasiga 50 odam bilan to‘y qildi. Ochig‘i, hamma hayron qoldi. Hammay oq ozoda, tartibli, chiroyli bir tarzda o‘tdi to‘y. Mana bu ibrat, mana bu shaxsiy namuna deyiladi!
Agar mol-davlati oshib-toshib ketayotgan bo‘lsa, shuni keraksiz tomoshalarga emas, yordamga muhtoj oilalarga, bemorlarga, talabalarga beraylik, deb yo‘naltiryapmiz. Bu jihatdan mahallaning, nuroniylarning roli muhim. Chunki biror rahbar gapirsa, “konyuktura” dardi qo‘zib, “Pulimga xo‘jayinmisan? Bir-ikki so‘m cho‘ntagimga solib qo‘yganmiding?” deyishlari mumkin. Lekin keksalarning gapini to‘g‘ri qabul qiladi.
– Demak, gaplaringizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugun mahallalar filtr vazifasini ham bajaryapti.
– Shunday. “O‘tmish bisotimiz shaksiz buyuk, ammo orasida bu kungi turmushga yaraydiganlari ham, oyog‘imizga kishan bo‘lib, bizni chohga sudraydiganlari ham bor”, degan gapni o‘qidim yaqinda. Ana shu bisotning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish – mahallaning ishi. Qolaversa, yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayonlar, islohotlar mohiyatini odamlarga yetkazish ham bizning burchimiz.
Mana, bu yil mahallaga bog‘liq ishlar bilan keng qamrovda shug‘ullanish imkoni yaratildi. Vatan xizmatiga doim shaymiz.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Gulchehra UMAROVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
57
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
583
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
580



