04.11.2024 | 09:47
336
YURAGIDA QUYOSH TAFTI BOR
Fidoyilikning qiymati boʻlmaydi. Qaysiki ishda boʻlmasin, mehnatga muhabbat, oʻz vazifasiga vijdon amri bilan qarash, mas’uliyatni chuqur his qilish kishini yuksaklikka koʻtaradi.
Qoraqalpoq ayoli Turdigul Adenbayeva oʻsmirlik yillaridanoq jamiyatning faol a’zosiga aylangan. Uncha-muncha qiyinchiliklarni tan olmaydi. Ish degan joyda halovatni unutadi. Opa bir yilda oʻn sakkiz million oltinkoʻz kapalak yetishtiradi. Buning uchun esa…

U har mavsumda zararkunandalar uchun qoʻlbola tuzoq-feromon tutqichlari yogʻochining oʻzigagina oʻn millionlab pul sarflaydi. Mavsum shu bilan oʻtsa qaniydi. Bundan tashqari, opa bozor oralab, bir yarim tonna shakar, ming metr boʻz, bir yarim ming dona shisha idish, sakkiz tonna arpa, yuz kilogramm toza asal, yarim tonna asalari uyasi, oʻn quti saryogʻ va hokazolarni sotib oladi. Yil davomida bir oilani toʻydirsa boʻladigan mablagʻ bilan lichinka boqadi, erta bahor esa moʻjiza roʻy beradi – u kishi parvarishlagan qurtchalar qanot chiqarib, haqiqiy fitosanitarlarga aylanadi.
Yoshi yetmishni qoralayotgan bu mehnatkash ayolni koʻrgan odam hayratda qolishi shubhasiz. Uning chaqqon harakatlari, bolalarcha begʻubor olami, va eng muhimi, oʻz davri-davronidan rozi-yu rizoligi koʻnglingizga iliqlik olib kiradi. Shu yoshida kajavali mototsikl minib dala kezayotgan, yoshi bir joydaligini roʻkach qilmay yugurib-yelgan momoni koʻrganmisiz?
– Ziyofat degan narsani bilmayman, toʻy-ma’rakaga ham kiraman-u chiqib ketaman. Hayotimning mazmuni – ish. Kapalaklarni bolamni boqqanday yaxshi koʻrib boqaman, – deydi Turdigul opa.

Qoʻngʻirot tumanidagi Oʻrnak ovul fuqarolar yigʻinida uning xizmatidan foydalanmagan odam yoʻq. Shuncha xarajat tortib, qishi bilan boqib chiqqan kapalaklarini fermer olib ketishini kutib oʻtirmasdan, dala kezib paxtazor-u gʻallazorlarga oʻzi qoʻyib chiqadi. Ovuldagilarning tomorqalari uchun esa pulga chaqmay berib yuboraveradi. Uyida ekini, koʻki boʻlsa, soʻrab oʻtirmay, hovlisiga tashlab ketadi. Yer egalariga, tadbirkorlarga, qoʻni-qoʻshnilarga beminnat xizmat koʻrsatadi.
Axir, kam emas, uch ming gektar gʻalla, toʻrt ming gektar paxta maydoniga mas’ul u. 1999-yilda ekin maydonlarini shira bostirgan oqpalaklar uning qarovidagi yerlarda yoʻq bugun. Opaning oltinkoʻz kapalaklari, trixogramma, brokin etnomofaglari tufayli Qoʻngʻirotning koʻkalamiga hasharot dorimay qoʻygan.
Asli Turdigul opaning ish boshlashi tarixi ham qiziq. Adenbay bobosidan koʻp yaxshiliklar koʻrgan otasining doʻsti sovxozga direktor etib tayinlanadi. U oʻqituvchi holiga yetti farzandni qiynalib boqayotgan qadrdoniga oqibat koʻrsatib, 6-sinfda oʻqib yurgan Turdigulni statistlikka ishga qabul qiladi. Tabiatan mehnatga chanqoq qiz hisob-kitob ishlarini qattiqqoʻl otasidan oʻrganadi.
– Hisobni chiqarolmay qiynalsam, otam koyib berardi. Chunki ishni eplab ketishimni juda-juda istar edi-da, – deydi opa oʻsha kunlarni eslab.
Otaning umidi, sovxoz rahbarining ishonchi tirishqoq Turdigulning qat’iyatini mustahkamladi. Yoʻqsa, ellik uch yil bir joyda ishlab, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, matonat kasb etish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Oʻquvchilik yillaridayoq katta sovxozda ham statist, ham direktor kotibasi, ham hisobchining yordamchisi boʻlib ishlashiga toʻgʻri keldi. Shu orada paxta dalalarini taftish qilish masalasida borib-kelib, agrar sohaga ham qiziqib qoldi. 1998-yilda sobiq sovxoz mehmonxonasini unga biolaboratoriyaga moslashtirib berishdi-yu, joni kirdi. Boʻlganda ham fidoyi agronom etimolog boʻlib, bir gʻayratiga oʻn gʻayrat qoʻshib, faoliyat yurita boshladi. Qirq besh yoshida sadoqatli suyanchi – umr yoʻldoshidan ayrilgach, ota oʻrnida ota boʻlib, bolalarining toʻrtalasini ham mehnatga oʻrgatdi. Ularni laboratoriyadan nari ketgani qoʻymadi.
Bugun Turdigul opaning oʻn nabirasi, ikki evarasi bor. Oʻn besh jon kunduzi boshqa yumushlarini bajarsa, kechasi laboratoriya ishi bilan mashgʻul. Musiqa qoʻyib, tungi soat 3-4 gacha zavq bilan lichinkalarga ovqat tayyorlashadi, ularni koʻpaytirish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishadi. Shartnoma boʻyicha hamkorlik qilayotgan fermerlar ba’zan toʻlovni kechiktirsa yoki berolmasa ham opa ogʻrinmaydi. Oʻz yumushlarini savob umidida bajarib ketaveradi.
– Ba’zi odamlar qarzini uzish tugul, salomimga alik olgisi kelmaydi. Axir, salomga alik ham qarzi azaliy emasmi? Nima derdim? Mayli-da, deyman. Vijdonim uchun ishlayman. Koʻzim toʻq, koʻnglim toʻq boʻlsa bas, chala-chulpa ish qilib birovni aldayolmayman. Dalaning ikki boshidan ikki bolamni solib, oʻrtadan oʻzim oralab tekshirib chiqaman. Biror ish bitmasa, uyqum qochadi. Hayotimda biron marta sanatoriyga borgan emasman. Kasalxonada ham hech qachon davolanmadim. Chunki kasal boʻlishga vaqtim yoʻq.
Opa “raddi balo” tayyorlash uchun oʻn kilogramm makka uniga uch kilogramm arpa uni, oʻn kilogramm kepak, ikki yarim kilogramm qumshakar, shuncha olma qoqini goʻsht qiymalagichdan oʻtkazib qoʻshadi. Yana unga uch litr qatiq qoʻshib qoradi. Qovurilgan masalliqni duxovkaga solib, kunjara tusiga kirguncha pishiradi. Soʻng uni quritib, lichinkalarga yediradi… Daraxt koʻchatlarini koʻpaytirib mahalladoshlariga, tanish-notanish odamlarga tarqatishni, paxta dalalari boʻylab ekishni ham kanda qilmaydi. Turdigul opa ekkan daraxtlarning hisobi yoʻq.
U nabiralari bilan chiqib, defolyatsiya tegmay qolgan barglar orasida yashirin rivojlangan kapalaklarni tutib, bankaga soladi. Oila kuniga 10-15 banka kapalak teradi. Kapalakning har bittasi bir sutkada 50-60 donadan urugʻ qoʻyadi. Bir lichinkadan esa 15 dona brokin etnomofoklari olinadi. Boshqa tumanlar uchun ham “onalik” tayyorlab beradi. Qoraqalpogʻistondagi 70 ta laboratoriyaning eng ilgʻori Turdigul opaning “Oltinkoʻz – Sartur”i.
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar Turdigul Adenbayeva kabi mehnatkash insonlar uchun ayniqsa, xayrli keldi. Inson qadri ulugʻlanib, opaning yurtga qilgan xizmati sharaf topdi. 2021-yilda opa “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoniga sazovor boʻldi. Bir necha bor koʻkrak nishonlari bilan mukofotlandi. 2023-yilda esa “Doʻstlik” ordeniga munosib koʻrildi. Eski mehmonxona joylashgan hudud opaga 99 yillik shartnoma bilan rasmiylashtirib berildi. Xudo ol qulim, desa hech gap emas ekan-da…
Oʻsha berilgan joydan ham oʻziga ish topdi. Qarovsiz boʻlib, ajriqzorga aylanib ketgan, tosh qotgan yerni tirnab tozalab, bir boshidan bogʻ-u gulzorga aylantira ketdi. Ishlab yurgan kezlaridayoq qadagan koʻchatlari meva berib, tonnalab nok olishga tushdi. Hosilni yigʻib-terib, bozorda sotib keladi, kuzda katta-katta idishlarga har xil tuzlamalar tayyorlab, yaqin atrofdagi doʻkonlarga topshiradi. Opadan daromadi haqida soʻradik.
– Ish koʻp. Pul esa har doim ham boʻlavermaydi. Tashqaridan ishchi olib koʻrdim. Ertalab soat toʻqqizda kelib, kechki beshda ketadigan yordamchilar yolladim. Pul berolmay qolgan paytimda meni sudga ham berishdi. Chunki ular tushunmaydi. Men foyda qilyapmanmi, zarar qilyapmanmi, hisob-kitob qilmayman. Nima boʻlsa ham ishlayveraman. Ba’zan arzimagan pulni ham topolmay qolaman. Chunki menga pul beradigan fermer ham hosilini yigʻib foydaga chiqadigan kunni kutadi. Hatto, u kutilmagan muammo tufayli koʻzlagan hosilini ololmay qolishi mumkin. Shunday vaqtlarda men unga yopishmayman-ku mening pulimni ber, deb. Ha, topgan paytida beradi-da, deb qoʻl siltab qoʻyaman. Lekin ishchi olsangiz, haqli ravishda maoshini talab qiladi. Shuning uchun ham oilaviy ishlashga oʻtib oldim. Faqat mavsum paytidagina 15-20 odamni kunbay ishlataman. Ular bilan ham kelishib olaman, pul berolmay qolgan paytim, uyiga oziq-ovqatini oʻz nomimga nasiyaga yozdirib olib kelib beraman. Qoʻlimga pul tushishi bilan doʻkondagi qarzimni yopib ketaveraman. Shunday qilmasam, ish toʻxtab qoladi-da!
Turdigul Adenbayeva bilan yana koʻp masalalar haqida gaplashdik, uning yutuqlaridan quvondik, orzularidan boxabar boʻldik. Opaning “Bundan keyin ham foyda-zararimni bilmay xalqqa xizmat qilishim uchun Xudodan har kuni menga kuch-quvvat berishini soʻrayman”, degan gapi xayolimda qattiq oʻrnashib qoldi.
Men bu zahmatkash, samimiy ayolning qalbida saxiy qoraqalpoq quyoshining taftini his qilgandek boʻldim.
Muhayyo PIRNAFASOVA
Toshkent-Qoʻngʻirot-Toshkent
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



