12.11.2024 | 14:43
758
TO‘RAQO‘RG‘ON TO‘RASI TO‘G‘RISINDA
Tongda Namangan sori yuzlandik. Is’hoqxon To‘ra Ibrat muzeyiga! Ketarkanmiz yo‘lchilikda anqoning urug‘i bo‘lgan yuqori didli haydovchi uchraganiga bir sevinsak, to‘lqinida oqizayotgan qo‘shiqlarda ming yayradik. Yo‘l davomida hazrat Lutfiydan tortib Shoh Mashrabgacha hamrohimiz bo‘ldi. Buni ham Ibrat domla ziyoratining xosiyatiga yo‘ydik. Nihoyat, qadamimiz To‘raqo‘rg‘onga yetdi. Dastlab, Is’hoqxon Ibrat muzeyiga yondosh bog‘ qarshi oldi bizni, ko‘nglimiz gurkiradi. Ibrat domlaning haykallari qoshida haykaldek qotdik.

Uning atrofida munchoq ko‘zli qushchalar, charx urib, quyidagi satrlarni xirgoyi qilardi go‘yo:
Umringiz bo‘lsun daroz, ham baxtingiz bo‘lsun kushod,
Oxuni barpo bilan qo‘sha qaring,xush keldingiz…
Biroz narida soqollari uzun, qoshlari qora va qalin, yuzidan nur yog‘ilib turgan otaxon ko‘rindi. Yo tavba! Is’hoqxon To‘raning shaxsan o‘zlari-ku?! Uyqu kam bo‘ldimikin? Ko‘zimizga ko‘ringan ro‘yomikin bu? Ko‘rsatkich barmoqning orti bilan qovog‘larni ishqay ketdik. Tasvir bir xiralashib, sekin-asta o‘shal aziz siymo yana paydo bo‘ldi. Bir payt deng, mayin ovozda salomlashib, qo‘l cho‘zib qolsa bo‘ladimi?!
– Yaxshi keldinglarmi? Siz bilan telefonlashganmidik?
E-ha! Bo‘ldi, bo‘ldi! Mashinadagi oromijon qo‘shiqlar xayolni ancha chalg‘itib qo‘yibdi. Qarshimizda turgan muhtaram zot Ibrat domlaning chevarasi – Islomxo‘ja Sulaymonov bo‘ladilar-ku?! Qayta salomlashdik. U kishi bizni muzey tomon boshladi.
Is’hoqxon Ibrat muzeyi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi madaniy meros obyekti bo‘lgan Gʻoyibnazar Qozi madrasasi negizida tashkil etilgan. Chunki bu moʻjaz maskanda Ibrat domla yigirma yildan ortiqroq vaqt mobaynida qozilik qilgan. Mana shu eshikdan kirib-chiqqanlarning arz-dodini tinglab, mushkulini oson etgan. Muzey bir necha bo‘limdan iborat.

Ilmiy, adabiy meros va shaxsiy buyumlar
Avvalo, muzey eksponatlari qanday yig‘ilganiga qiziqdik. Islomxo‘ja Sulaymonovning aytishicha, muzey tashkil etilishi to‘g‘risida qaror chiqqach, ishchi guruh Ibrat domlaning avlodlari bilan hamkorlikda ish olib borgan. Ular esa o‘zlarida mavjud bo‘lgan buyumlarni muzeyga taqdim etgan. Siz aynan qaysilarini keltirgansiz, deganimizda uchta buyumni ko‘rsatdilar:
Bambukdan yasalgan hassa. Bilamizki, Ibrat domla “Lug‘ati sitta al-sina” ya’ni olti tilli lug‘at yaratish maqsadida Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, shuningdek, Kobul, Makka, Kalkutta, Bombey, Qashqar kabi shaharlarda bo‘lgan. Bunda olis va mashaqqatli safarda hamroh bo‘lgan hassa avloddan avlodga o‘tib, Islomxo‘ja otaning uzoq qarindoshlarida saqlanib qolgan.
Milliy naqshlar tushirilgan belbog‘. “Bu chorsini Is’hoqxon to‘ra Ibratning nabirasi, volidayi muhtaramamiz Ma’sudaxon Baqqosova berganlar. Yillar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab, oxiri shu yerga topshirdik.”
Yog‘ochdan ishlangan qadimiy qalamdon. “Bu qalamdon ham bizda saqlanardi. Bulardan tashqari mis obdasta ham bor. Uni ammamiz Zarifaxon berganlar. Buni ham Ibrat bobomizning shaxsan o‘zlari ishlatganlar”, deydi mezbon.
Navbatdagi vetrinada Is’hoqxon Ibratning o‘zi va oila a’zolari tushgan suratlar saqlanadi. Uning yonida esa ma’rifatparvar shoirning o‘zi tuzgan shajarasi turibdi. Ushbu hujjat yigirmadan ortiq qozilarning muhri bilan tasdiqlangan. U Ibrat domlaning ajdodlari Xoja Ahmad Yassaviyga borib taqalishini isbotlovchi hujjat hisoblanadi..
Ibrat taxallusimdur, ahfodi Hazrati Sulton,
Shuhratda – Hoji to‘ra, ma’vosi – To‘raqo‘rg‘on.
Bu yerda ip yigiruvchi charx ham mavjud. Bu eksponat Ibrat domlaning oila a’zolariga tegishli bo‘lgan. Devorga osilgan tanbur va uning ostida turgan qizil patefon esa domlamizning musiqa shaydosi bo‘lganidan dalolat berib turibdi. U kishi chet el safarlarida tirikchilik qanday bo‘lgan degan savolga shu yerda saqlanayotgan qo‘lyozmalar javob beradi. Ibrat domlaning husnixatlari juda chiroyli bo‘lgani uchun u kishi turli kitoblar, xat-hujjatlar, shuningdek, qabrtoshlarni ko‘chirib berish orqali safar xarajatlari uchun yetarli pulga ega bo‘lgan.
Ibrat domlaning sayohatlari aks etgan xaritaga qarab, hayratimizni yashira olmadik. Uning yonidan Is’hoqxon Ibrat avlodlarining rasmlari joy olgan.
Ilmiy meros
Bizni keyingi bo‘lim bilan muzey direktori Otabek Maqsudjonov tanishtirdi. Kiraverishda xona o‘rtasida joylashtirilgan Ibrat domla yashagan xonadon maketi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Unda arkka tutash bino, ichkari hovli va “usuli savtiya” maktabi gavdalantirilgan. Ular ortida kattagina bog‘ va favvora (!) ham bo‘lgan. Hozir mazkur xonadondan faqatgina kiraverishdagi ark saqlanib qolgan.
Bugun til o‘rganish uchun sharoitlar yetarli. Vaholanki, Ibrat domla bugungi sharoitlarsiz ham arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Buning ustiga eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgangan. Tirik tillar-ku, mayli, lekin deyarli muloqot qilinmaydigan yunon tili-chi? Hamma gap o‘sha tilda qadimgi yunon olimlari yozib qoldirgan noyob asarlarni o‘qish, o‘rganish ishtiyoqi kuchli bo‘lganida!
Bu bo‘limdan joy olgan “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”), “Jome’ ul-xutut” (“Xatlar majmuyi”), “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat” , “Mezon uz-zamon” (Zamon tarozusi), “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” kabi o‘ndan ortiq tilshunoslikka oid, ilmiy-tarixiy hamda ma’rifiy asarlar, xarita va qo‘lyozmalar uzoq yillik mehnatlar samarasidir.
Muzey hovlisida tuyalar va karvonboshi haykali bor. Bu ham ramziy ma’no kasb etadi. Ma’rifatparvar shoir, olim, sayyoh, matbaachi va muallim Is’hoqxon To‘ra Ibrat o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908-yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o‘z hovlisida “Is’hoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko‘rsatib kelgan va u yerda o‘tgan davr mobaynida bir qator ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab kitob do‘konlari tashkil qilingan. Ikkinchi bo‘limda o‘sha davrga oid buyumlar va suratlar saqlanmoqda.

Ijodxona
Ushbu bo‘lim ramziy ashyolardan iborat. Uzoq-yaqindan kelgan ziyoratchilar o‘sha davr muhitini his qilishi va yetarlicha tasavvurga ega bo‘lishi uchun o‘zbekona ko‘rpacha, sandal, so‘zana va shu kabilar bilan bezatilgan.
Shuningdek, majmuadan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ham joy olgan. Unda Namangan viloyatida tug‘ilib-o‘sgan, turli sohalarda faoliyat olib borgan qatag‘on mashinasi ishlagan vaqtlarda hibsga olingan, qiynoqlarga solingan va jismoniy yo‘q qilingan ziyoli insonlarga oid ma’lumotlar, suratlar va buyumlar saqlanadi. Hatto bir xonasi NKVD askarlari so‘roq qilayotgan ma’rifatparvar olim ko‘rinishi maniken orqali gavdalantirilgan. Ko‘rgan kishini seskantiradigan ushbu xona o‘sha paytdagi tergov-surishtiruv jarayonlari haqida ma’lum tasavvurlarni jonlantirib yuboradi.
Ikki gektardan ziyod maydonni tashkil etgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasida g‘ururlanishga arzigulik ishlar qilingan. Loyiha qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod majmua bog‘-xiyobon, uning o‘rtasida Is’hoqxon To‘ra Ibratning haykali, milliy me’morchilik uslubidagi ayvon, bosmaxona, ilg‘or texnologiyalar asosida qurilgan musiqali favvora, chet tillarga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat va tarixiy me’morchilik obidasida barpo etilgan muzeyni o‘z ichiga oladi. Endi bizga bulardan faqatgina unumli foydalanish, ajdodlar me’rosini chuqur o‘rganish, ilmiy yutuqlarini amaliyotga tatbiq qilib, jahonning ilg‘or davlatlari bilan bellasha oladigan avlodni shakllantirish qoldi.
Umuman olganda mazkur manzil haqida gazetada o‘qish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishish yetarlicha taassurot bermaydi. Boshqalarga ibrat bo‘lishni istasangiz, siz ham Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasini “ko‘rgoni keling”!
Shahriyor SHAVKAT
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599


