24.03.2025 | 15:55
1201
TO‘RT OYOQLI… BOLALAR
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda urchiyotgan va jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri – kvadrobika harakati. Kvadrobika hozir ayrim yoshlar orasida mashhurlashgan submadaniyat bo‘lib, mohiyati hayvonlarga taqlid qilishdan iborat. Kvadrobika izdoshlari, odatda, o‘zlari taqlid qilayotgan hayvon niqobini kiyib, to‘rt oyoqlab harakat qiladi.

Ular it bo‘lib vovullashi, mushuk bo‘lib miyovlashi mumkin, ba’zan ular qutirgan hayvonga taqlid qilib o‘tkinchilarga tashlanib qolishi ham mumkin…
Kvadrobika dastlab sport turi sifatida paydo bo‘lgan, desam ishonmassiz. Ammo bu haqiqat. Yaponiyalik yengil atletikachi Kenichi Ito uning asoschisi hisoblanadi. U 2000-yillarda to‘rt oyoqlab yugurish bilan shug‘ullangan. Biroq vaqt o‘tgani sari bu mashg‘ulot sportdan submadaniyatga evrilib ulgurdi. Achinarlisi, keyingi vaqtlarda “to‘rt oyoqlab” yurishni odat qilganlar poytaxtimizda ham onda-sonda bo‘lsa-da, uchrab turibdi. O‘tgan yili Toshkent shahrida hayvon niqobini kiyib, turli harakatlar bilan unga taqlid qilayotgan bola videosi ijtimoiy tarmoqda keng tarqaldi, ko‘p vaqt o‘tmay yana bir o‘spirin it niqobida yo‘lovchilarga hujum qildi.
“Новые известия” nashri sharhlovchisi Viktor Levin Rossiyada kvadroberlar “yurish”ining ommalashishi sabablari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazishga qaror qiladi. Uning ta’kidlashicha, buning boisi ruslarning uy hayvonlarini oila a’zosi sifatida qabul qilishi bilan bog‘liq. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 42 foizi mushuk va 34 foizi uyida it boqar ekan. Ularning aksariyati bu hayvonlarga do‘st sifatida, yana bir qismi esa xuddi o‘z bolasi sifatida qarashini ma’lum qilgan. Jurnalistning xulosasi shunday bo‘ldi: oiladagi hayvonlar va bolalar kattalar e’tiborini jalb qilish uchun o‘zaro kurashmoqda.
– Bugun ayrim ota-onalar bilib-bilmasdan farzandiga cheklov va taqiqlar sonini ko‘paytirib yuboryapti. Natijada bola erkinlik istagida o‘z ota-onasidan uzoqlashib qolmoqda, – deydi Toshkent shahridagi 282-maktab bolalar ruhiyatshunosi Barnogul Fayziyeva. – 10-12 yoshli o‘smirlarda ota-onasi o‘rnatgan taqiqlardan qochish istagi ortib boradi. Ya’ni ota-onaning ortiqcha nazorati ham bola shaxsiyatining shakllanishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Chunki bu yoshda ongida ruhiy o‘zgarishlar kechayotgan bola ko‘proq erkinlik istashi tabiiy.
Demak, bolalarda kvadroberlikka moyillik paydo bo‘lishi sabablaridan biri ham aynan oiladagi muhitga borib taqaladi. Ya’ni bolaning nazarida ona undan ham ko‘ra mushukka mehribonroq, ota esa ko‘ppakka e’tibor qaratayotgandek tuyuladi. Shu bois unga hayvon bo‘lish osonroq, yaxshiroq ko‘rina boshlaydi. Eng asosiysi, hech kim uy hayvonidan yaxshi o‘qish, uy ishlarini bajarish va o‘z kelajagi haqida o‘ylashni talab qilmaydi…
Bundan tashqari, kamdan kam hollarda ushbu holat ruhiy kasallik oqibati bo‘lishi ham mumkin. Bu xastalikning belgilaridan biri shuki, biror jonzotning harakati va ovozi bolaning butun ijtimoiy hayotini egallab oladi va oxir-oqibat u o‘zini aynan o‘sha hayvondek his qila boshlaydi. Bunday holatda zudlik bilan mutaxassis shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Quvvatbek Kamoliddinov,
o‘quvchi:
– Ijtimoiy tarmoqda hayvonlarga taqlid qilayotgan bolalar haqida ko‘p lavhalarni kuzatdim. Men odam bolasining bunday beo‘xshov qiliqlar qilishini, shuni o‘ziga ravo ko‘rishini tasavvur ham qilolmayman. Chunki aqli-hushi joyida, sog‘lom fikrlaydigan odam bunday bachkanalikni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Menimcha, o‘smirlar bu harakatlarni faqat ijtimoiy tarmoqlarda tezroq mashhur bo‘lish ilinjida qilishyapti. Buning ortida boshqa biror maqsad bor, deb o‘ylamayman.
– Bolaning o‘yin va voqelik o‘rtasidagi chegarani yo‘qotib qo‘yishi tashvishli, – deydi Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi bolalar bilan ishlash bo‘limi katta inspektor-psixologi kapitan Muzaffar Turdiyev. – Uzoq vaqt davomida begona qiyofada yurishni istash, yangi qiziqish tufayli o‘qishni ham bir chetga surib qo‘yish va hatto o‘zga odamlarga hujum qilish kabi holatlar bu muammo xususida jiddiyroq bosh qotirish kerakligidan dalolat beradi. Bu yerda muammo kvadrobikada emas, bunday xatti-harakatlarning ildizi chuqurroq, aslida. Biz shuni o‘rganish va bu kabi harakatlar yanayam urchib ketmasligining oldini olish maqsadida Mirobod tumanidagi maktab va bog‘chalarda nosog‘lom trendga qarshi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdik. Ota-onalar va o‘quvchilar bilan muloqotlar davomida bolalarga jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalari, ijtimoiy tarmoqlardagi taqlidlarni takrorlamaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbirlar davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishining huquqiy oqibatlari haqida ogohlantirdik.
Salomat Pardayeva,
uy bekasi:
– Qizim uch yoshdan oshgan. U mushuk kabi miyovlashni, uning harakatlarini takrorlashni yoqtiradi. Hatto to‘rt oyoqda yurib kelib oyoqlarimga suykalanadi. Men ham uni xuddi mushuk kabi erkalatishga odatlangan edim. Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda kvadroberlar haqida berilayotgan ma’lumotlar bilan tanishgach, to‘g‘risi, yuragimga vahima oraladi. Hozir qizimni boshqa qiziqroq o‘yinlarga jalb qilib, unga ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilyapman. Xayriyat, qizim ham avvalgi odatini tark eta boshladi…
Jamiyatimizga chetdan kirib kelayotgan g‘ayritabiiy odat va qiliqlar borgan sari ko‘payib, yoshlar tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mana shunday sharoitda bolalarimizning ruhiyatini bunday illatlardan himoya qilishga jiddiy ahamiyat qaratishimiz lozim. Tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasi ekanini aslo unutmaylik!
Vasila HABIBULLAYEVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



