Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.02.2026 | 11:00

img1042

TOSHKENTDAGI SAFEDBULON

Ahmadjon Meliboyev haqida gap ketganda, avvalo, bir narsani ta’kidlashim zarur. Uch-to‘rt kishilik mo‘jazgina qur bo‘ladimi yo uch yuz-to‘rt yuz kishilik katta davra bo‘ladimi, baribir, o‘sha joyda Ahmadjon akaning o‘rni, lafzi, fikri alohida ajralib turadi, so‘zlaganda atrofidagilarning diqqat-e’tiborini ba’zan bir voqea yo hangoma, ba’zan esa, hatto, bir jumla bilan tortib ketadi.

Gapni o‘rniga qo‘yish katta farosat egalariga xos xususiyatdir. Bunga sabab ko‘rib-kechirish, dunyoga o‘z nazari bilan qarash, mudom mulohaza bilan yurishdir. Ba’zan o‘ta rasmiy, sovuqqina o‘tayotgan lanjroq yig‘ilishlarda Ahmadjon aka so‘zga chiqishi bilan ob-havo birdan o‘zgaradi, davra jonlanadi, bir necha daqiqaning ichida qizg‘in tus oladi. Shunday paytlarda Ahmadjon aka odamlarning ko‘nglidagi gapni qanday topa oladi, buning ustiga shu gapni ifodalashni qanday qilib maromiga yetkaza oladi, deb o‘ylab qolardim.

Yaqinda “Ma’naviy hayot” jurnalida u kishining “Safedbulonliklar” essesini nashrga tayyorlayotganimizda, bu savolga qisman javob topganday bo‘ldim. Mutolaa vaqtida Ahmadjon Meliboyev O‘sh viloyatidagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Safedbulon qishlog‘ini hamon o‘zi bilan olib yurganiga, ta’bir joiz bo‘lsa, Toshkentdagi Safedbulonga aylanganiga amin bo‘ldim. Ahmadjon aka Safedbulonga, Safedbulon Ahmadjon akaga juda o‘xshar ekan. Shuncha yillar davomida, yaxshi-yomon hodisalar ichida, past-baland kechinmalar-u, hayotning og‘ir-yengil sinovlarida, dolg‘ali gavjum shahar hayotida o‘zing tug‘ilib o‘sgan olis qishloq tabiatini, ma’naviy ruhini ko‘nglingda butun saqlab yurish oson emas. Buning uchun odamga unib-o‘sgan yerlariga mehr-muhabbat, ildizlariga chambarchas bog‘liqlik kerak bo‘ladi. Goho, shaharga uzoqdan kelgan ayrim yigitlarning ikki yil ichida o‘zidan boshqa bir odamni yasab olganiga guvoh bo‘lamiz. Tuppa-tuzuk, soddagina, beg‘uborgina inimiz bir dumalab ayyorgina, xudbingina, soxta bir nusxaga aylanadi-qoladi. Siz tanigan, yaxshi ko‘rgan do‘lvor yigitdan asar ham qolmaydi.

Esseda Ahmadjon aka shunday yozadi: “Safedbulonda tesha tegmagan qiziq-qiziq aytimlar, maqol-matallarga duch kelasiz. Yonida qog‘oz-qalami bor mehmonlar bu yerdan ancha boy bo‘lib ketishadi. Mana eshiting: “Urg‘ochi eshakning tepkisi yomon”, “Kalga malham bersang, boshiga suradi”, “Qirqqacha to‘lmagan cho‘ntakka somon ham hayf”, “Luqmaning kattasi, gapning kichigi yaxshi”, “Qirda oting, qariganda xotining o‘lmasin”, “Mardga maydon, o‘yinchiga ayvon yaxshi”, “Quruq arava shallaqi xotinga o‘xshaydi”, “Eshak siypaganni bilmas, ahmoq – siylaganni”, “Toshbaqa elman deydi, chivin biyman deydi”, “Oyog‘ing oqsoq bo‘lsa ham, so‘zing cho‘ltoq bo‘lmasin”, “Burgut qarisa kuni sichqonga qoladi”, “Bir biyali jonini saqlar, ikki biyali elini boqar”, “Yaxshi ovqatning hidi oshqozondan oldin oyoqni qitiqlaydi”, “Ot qochsa, eshak orqasidan yuguradi”.

Bular oltin gaplar. Yuz yil o‘ylasang ham topilmaydigan gaplar. Har jumlada katta tajriba, chuqur bilim, teran mulohaza, ko‘pqirrali kinoya, til jozibasi, badiiy ifoda mahoratini ko‘rasiz. Shularni o‘qiy turib, “Mana, Ahmadjon akaning topqirligi, hozirjavobligining ildizi qayerda ekan”, deb o‘ylandim. Shu o‘rinda yana bir gap, dunyo dunyo bo‘lganidan beri kashf qilolmagan ba’zi g‘aroyib o‘lchov birliklarini safedbulonliklar allaqachonlar kashf etib qo‘yishgan ekan. Diqqat qiling: “bir jag‘lik gap”, “Bir ko‘tarim poxol”, “Bir so‘kkilik ayb”, “Bir ot yuki ko‘ch-ko‘ron”, “Bir ayg‘irlik biya”, “Bir jilimlik beda”, “Bir choy qaynashlik vaqt”, “Bilakday suv”, “Bir tepkilik (mushtlik, chertkilik) odam”, “Bir yo‘tallik ish”.

Darhaqiqat, odamning qanday muhitda o‘sib-ulg‘aygani, ona tili, el-yurtining an’analari va tafakkuri bilan ilk uchrashuvlari uning butun hayotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Safedbulon haqida o‘qiganimda, Ahmadjon Meliboyevning hayotiy va ijodiy tomirlarini ko‘rganday bo‘ldim.

Ahmadjon akaning ijodiy faoliyatining 45 yilligiga bag‘ishlab 2008-yilda chop etilgan “Qirq beshinchi bekat” degan kitobi bor. Bu kitobni har bir jurnalist bo‘laman degan ijodkor o‘qib chiqishi kerak. Kitob “Qirq besh yildan beri bosmaxona bo‘yog‘ining hidi dimog‘imga uriladi, ammo biror kunimni gazetasiz tasavvur qila olmayman”, degan jumla bilan boshlanadi.  Qirq besh yillik tajriba – katta tajriba. Kitobning 1-yanvardan to 31-dekabrgacha bir yillik kundalik shaklida yozilgani alohida e’tiborga loyiq.  Chunki keyingi davrda kundalik va albom tutish urfdan chiqib ketdi. Bir paytlar har bir maktab o‘quvchisining ham o‘z kundaligi bo‘lar va u bir kunda ko‘rganlarini shu daftariga batafsil yozib borardi. Kundalik tutishning yo‘qolishi ijodiy tafakkurning keskin susayishiga sabab bo‘ldi. Har bir oilaning o‘z albomi bo‘lardi. Kelgan mehmon oldiga mezbon choydan ham avval oilaviy albomni qo‘yardi. Natijada mehmon shu oila tarixi bilan tanishib olardi. O‘quvchilik davri albomi, talabalik albomi bo‘lardi. Harbiy xizmatdan qaytayotgan yigit albatta uyoqda tushgan suratlaridan albom tayyorlab qaytardi. Bu hammaga qiziq edi. Bugun suratlar benihoya ko‘p, lekin albom yo‘q. Albomning yo‘qolishi inson xotirasining qadrsizlanishiga olib keldi.

“Kundaliklar” haqidagi gaplarimizga qaytsak, “Qirq beshinchi bekat” kitobining kundalik janrida yozilishining o‘zi Ahmadjon Meliboyevning o‘ziga xos bongi hamdir. Ahmadjon aka o‘quvchilik yillaridan boshlab yondaftar tutishni odat qilgan ekan. Bu odat uni asta-asta katta ijodga, katta hayotga tayyorlab borgan. “O‘quvchilik yillarimdan boshlab yondaftar tutishga odatlanganman. Unga o‘zim guvoh bo‘lgan, boshqalardan eshitgan, o‘qigan kitoblarimda uchratgan qiziqarli, ta’sirchan voqealarning qisqacha tafsilotini, avvallari uchratmagan so‘z va iboralarni, maqol va matallarni, turli rivoyatlarni, qishloq, tepalik, dala, adir, jilg‘a, soy va ariqlarning nomlarini erinmay yozib yuraman. Keksalar bilan gaplashganimda, ular nutqining o‘ziga xos xususiyatlari, masalan, qanday bahslashishlari, tanbeh berishlari va hatto… jahllari chiqqanda qanaqasiga so‘kinishlarigacha eslab qolishga harakat qilaman”.

Ko‘ryapsizmi, Ahmadjon akadagi muntazamlik, ijodiy faollik, yurtparvarlikning ildizi qayerda? Bu tajriba bugungi yosh ijodkorlarga saboq bo‘lishi kerak. O‘zini, tomirlarini, elini, Yerini tanish shunday boshlanadi. Bugungi kunda o‘ttiz-qirq yil bir joyda yashab, o‘sha joy nomining ma’nosini bilmaydigan muloyimxunuklar, ildizsiz kimsalar ko‘payib boryapti. Sin-u sumbatiga qarasang, bip-binoyiday, hatto havas qilgulik, lekin tiynatiga qarasang, sun’iy gulday, joni yo‘q.

Xuddi shu gaplarga hamohang, Ahmadjon akaning yana bir gapi menga qattiq ta’sir qildi: 

“Yaqinda bir guruh bo‘lajak jurnalistlarga dars o‘tdim. Bu ish bilan ancha yillardan beri shug‘ullanib kelaman, ammo bu gal juda… qiynalib ketdim. Gapim qovushmay qoldi. Sababi…

Qo‘lingizda bir bog‘lam mevali daraxt ko‘chatlari. Ularni ekish kerak. Ammo, ko‘rib turibsizki, aksariyatining ildizi yo‘q. Siz ekasizmi, boshqa bir mirishkor bog‘bon ekadimi, baribir, ko‘klamaydi, barg yozmaydi, meva tugmaydi. Shuni bila turib ham, ularni ekib, tagiga suv quyayotganingizni, ko‘klaydigan va ko‘klamaydigan ko‘chatlarni bir xil parvarishlayotganingizni, bu bilan o‘zingizni o‘zingiz aldayotganingizni qanday baholash mumkin?

O‘sha kuni men o‘zimni o‘zim aldab, dars o‘tdim. Chunki menga tikilib, ko‘zini olib qochib, saqich chaynab o‘tirgan turfa xil talaba do‘stlarimizning ko‘pidan jurnalist chiqmasligi aniq va buni boshqalardan ko‘ra ularning o‘zlari yaxshi biladilar. Juda achchiq gap, lekin shunday…”

Ahmadjon akaning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida va “Jahon adabiyoti” jurnalida bosh muharrir lavozimidagi faoliyatining o‘zi bir tarix. Aka qattiq ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlar va internetdagi suronlar ancha qisib qo‘ygan bosma nashrlarning bugungi ahvoli, g‘ariblashayotgan mutolaa madaniyati, ziyosizlashayotgan ziyolilik va buning oqibatida o‘tmaslashayotgan did, parokandalikka yuz tutayotgan farosat, mog‘orlayotgan dunyoqarashlar uni qattiq tashvishga soladi. Qayda bo‘lmasin, hatto oshda bo‘lsa ham, bu haqda goho jiddiy, goho hazil-huzul bilan ko‘nglidagi gaplarini aytib oladi. Bir vaqtlar katta tirajga ega ilg‘or gazet-jurnallarning obunasi keskin kamayib ketishi milliy tafakkurga nechog‘li ta’sir ko‘rsatishidan kuyinib so‘zlaydi. Shu bois, Ahmadjon aka borgan davraga obuna muammosi ham ergashib boradi. Aka bu masalada bezgina betlarni hech bo‘lmaganda bir chimchilab o‘tishi bor gap. Ba’zan esa,  bir ajoyib lutf bilan bu mavzuga “siyosiy” tus berib yuboradi.

Ahmadjon akaning yana bir fazilati bor. Gap kelganda andavalab, bejab o‘tirmaydi. Ko‘nglidagini ro‘yirost aytadi. Bu birovga yoqib, birovga yoqmasdir, lekin shaxsning pozitsiyasi shunday vaqtlarda bilinadi. Zero, na issig‘i, na sovug‘i bor bir vagon safsatadan ko‘ra, bo‘ladigan bitta gap yaxshi.

Ko‘pgina adiblar Ahmadjon Meliboyevning sarlavha topish mahoratiga ham tan beradilar. Sarlavhada maqolaning mohiyati, o‘zbekcha aytganda, gapning indallosi ko‘rinib turishi kerak. Arabchada “indallo” so‘zi “Alloh yonida”, “Allohga yaqin” degan ma’noni anglatadi. Demak, tilimizda  Xudoga yaqin – “haq gap” ma’nosi shu so‘zda ifodalanadi. Maqolani uy desak, sarlavha shu uyga olib kiradigan kalit, karvon desak – sarbon. Qolaversa, o‘quvchi avvalo sarlavhaga qaraydi. “Hushtakni kim chaladi?”, “Torning cho‘michdan farqi”, “Suvda oqib kelayotgan po‘stin”, “Oliy nayrang”, “O‘zimdan o‘tganlari”, “Cho‘zma lag‘mon”, “Ko‘mirga aylangan umr” kabi sarlavhalarni ko‘rgan odam bu maqolalarni o‘qimay ham ko‘rsin-chi.

O‘z ishingni sevishing eng katta baxtdir. Hamma muvaffaqiyatlarning siri ham aslida shunda. Ishi yurishmaganidan nolib yurganlar, avvalo, shu ishiga qancha mehri borligi haqida o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi. Men ko‘p mashaqqatli yo‘llardan Ahmadjon akani o‘z kasbiga mehri yetaklab o‘tganiga ishonaman. Bu haqda u kishining o‘zidan o‘tkazib bir gap aytish qiyin: “Jurnalist sifatida dunyoning o‘nlab davlatlarini borib ko‘rdim. Kitoblar, maqolalar yozdim. Turmushning ko‘p mushkulotlarini sabr-qanoat bilan yengib o‘tdim. Yaqinda shogirdlarimdan biri mendan: “Agar jurnalist bo‘lmaganingizda… boshqa qaysi kasbni tanlagan bo‘lar edingiz”, deb so‘rab qoldi. Men: “Boshqa kasbni tasavvur qila olmayman, jurnalist bo‘lmaganimda ham… jurnalist bo‘lar edim”, deb javob qaytardim”.

“Jurnalist bo‘lmaganimda ham… jurnalist bo‘lar edim” – bu Ahmadjon Meliboyevning hayoti va ijodiga, ruhiyati va tabiatiga mos va xos gap!

O‘sha gapim – gap! Mabodo, Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Safedbulon atalmish g‘aroyib va ajoyib qishloqqa borgingiz kelsa-yu, yo‘l olisligi bois borolmasangiz, shundoq Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan Adiblar xiyoboni yonidagi Yozuvchilar uyushmasi binosiga borib, “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyatiga kirib, eshigiga “Bosh muharrir” deb yozilgan xonaga mo‘ralasangiz, qog‘ozlarga ko‘milib, qattiq ishlab o‘tirgan donishmand Safedbulonni ko‘rasiz. Siz albatta ichkariga kirib, Safedbulon bilan suhbatlashing. Menga ishonavering, bu suhbatda ko‘p narsadan bahramand bo‘lasiz.

Eshqobil SHUKUR

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600