07.05.2024 | 20:45
508
TO‘YDAN OLDIN (hikoya)

– Allo!..
– Allo. Kim bu?
– Kechirasiz… nol besh, yuz ellik uch, ellik sakkiz, yetmish oltimi?
– Ha, shunday.
– Oxirgi raqami o‘n uch.
– Ha, o‘n uch. Kechirasiz, men sizni tanimadim. Kimsiz, adashib tushmadingizmi?
– Men-ku adashganim yo‘q, bu – aniq, ammo sizga nima bo‘ldi? Biror joyga shoshib turibsizmi deyman, yo uyingizga o‘t tushdimi?
– Nima-nima? Tushunmadim. Kim o‘zi bu? Qanaqa o‘t? Adashdingiz…
– Yo‘q, meningcha, siz adashyapsiz. Telefoningizni to‘g‘ri terdimmi? Ismingiz nima?
– Ha, to‘g‘ri terdingiz.
– Demak, adashganim yo‘q. Men sizga qo‘ng‘iroq qilyapman.
– Bu bilan nima demoqchisiz? Men sizni tanimayman. Siz ham meni tanimaysiz. Nega endi eski tanishinizga qo‘ng‘iroq qilayotganday gapirasiz?
– Tanish bo‘lmasak, tanishamiz-da. Buning qiyin joyi yo‘q. Nima, xotiningiz yoningizda turibdimi? Ovozingiz qaltirab chiqayotibdi. Demak, xotinidan qo‘rqadigan erkaklardansiz…
– Bekorlarni aytibsiz. Xotinidan qo‘rqadigan erkak emasman. Siz o‘zi meni biror joyda ko‘rgansizmi, tanishganmizmi?
– Tanish bo‘lmasak, tanishamiz, deb aytdim-ku. Mening ismim Lira.
– Lira?
– Oldingizdan ilon chiqib qolganday qo‘rqib ketdingiz. Lira ismli tanish oyimingiz yo‘qmi?
– Yo‘q, bunaqa ismli ayolni tanish u yoqda tursin, tushimda ham ko‘rgan emasman.
– Sal oshirvordingiz, begim.
– Uff, bu tasqara kim bo‘ldi o‘zi? Hozir go‘shakni joyiga qo‘yaman.
– Hay-hay. Bunday qilmang. Yuragimni chiqaray dedingiz-ku. Raqamingizni bilaman, qayta-qayta telefon qilaveraman.
– Qanaqa xudo urgan odamsiz o‘zi?
– Nimaga jahl qilyapsiz? Ismimni eshitib, o‘zingizdan ketay deb qoldingiz. Haligacha ismingizni aytmadingiz. Bilsak bo‘ladimi?
– Ismim Samad. Shunaqa ismli tanishingiz bormi? Yo‘q!
– Yaxshi ism ekan. To‘g‘ri, Samad ismli tanishim yo‘q, ammo nega endi shunday kishi bilan tanishmasligim kerak?
– Ushlagan joyini uzadiganlardan ekansiz. Mayli, o‘zingiz haqingizda bir-ikki og‘iz gapirib bering.
– Qo‘rqyapsiz-a? Qo‘rqmang. Nyu-Yorkdagi baland imoratlarni qulatgan emasman, Kolizey fojiasida ham mening qo‘lim yo‘q.
– Gap deganni juda o‘rniga qo‘yar ekansiz.
– Ha, shunday. Hazil-huzul qilib gaplashishdan boshqa choram qolmadi.
– Tushunmadim. Unchalik emasdir-ov?
– Ertaga turmushga chiqyapman.
– Nima-nima? Turmushga chiqyapman?
– Voy, issiq sut og‘zingizni kuydirdimi, nega hayajonlanyapsiz?
– Mana endi hammasi aniq bo‘ldi – siz adashib, butunlay boshqa kishiga qo‘ng‘iroq qilyapsiz.
– Pardon. Ismingiz Samadmidi? Shu raqam siznikimi?
– Meniki bo‘lsa, nima qipti? Baribir, men sizni tanimayman.
– Bu muhim emas, balki… xushtorim bo‘lib qolarsiz?…
– Nima-nima?
– Nima-nima – eshitganingiz, suvga bo‘kkan taka!
– Yaxshi qiz, biror narsani tushunayotgan bo‘lsam, o‘lay agar. Boshim g‘ovlab ketdi. Siz bo‘lsa…
– Boshingiz joyida turibdi. Anqovlanmang. Yoshgina, endi-endi turmush qurmoqchi bo‘lib turgan bir hurliqo ko‘ngilxushi bo‘laman deb tursa, nega burningizni jiyirasiz? Tan oling – xohlaysiz-u, ammo qo‘rqasiz…
– Qo‘rq… qo‘rqayotganim yo‘q.
– Ovozingiz titrayotganidan bilinib turibdi-ku! Qo‘rqmang, bo‘lajak erimga bir oy avval o‘zimni topshirib bo‘lganman.
– Nima-nima? Axir ertaga to‘y-ku?
– Ana endi ochilyapsiz. Men ham ochilay – vannada qip-yalang‘och cho‘milyapman. Eshityapsizmi?
– Xudo urib qo‘yibdi sizni…
– Gapni boshqa yoqqa burmang. Siz, erkaklar, bilasizmi, kimsizlar o‘zi?
– Hmm. Kimmiz?
– Uchiga chiqqan qasamxo‘rsizlar! Qo‘yib bersa, ilonning yog‘ini yalashdan toymaysizlar. Keling, ochiqchasiga gaplashaylik. Bunaqa tomoshaning kimga keragi bor? Yuzingizdagi niqobni yechib oting. Qani, ayting-chi, “Yo hayot, yo mamot”, degan so‘zning muallifi kim?
– Hamlet.
– Ana, intellektual darajangiz ancha balandga o‘xshaydi. Shekspirni o‘qigan ekansiz-da.
– Bil… bilaman. Axir, men… faylasufman, Fanlar akademiyasida kichik ilmiy xodimman…
– Mana. O‘zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Platon, Diogen, Monteskyo, Konfutsiy, Nitshe deng? Tentaklar to‘dasi. Miyasi tamom aynib bo‘lgan kishi ekansiz-ku. Miyasi aynimagan odam filosofiyaga yaqinlashmaydi.
– Kechirasiz, indamasam, siz… juda…
– Nima, faylasuflarning ustidan kulsam kulibman-da. Mayli, ularni qo‘ya turaylik, ammo ikkovimiz eski tanishlarday bo‘lib qoldik. Hali ko‘rmasam-da, sizni o‘zimga o‘ynash qilib olishga urinib yotibman. Bilib qo‘ying, men duch kelgan erkakka bunday imkoniyat bermayman.
– Martabangiz ancha baland ekan. Shunisiga ham rahmat.
– Nega endi shivirlab gapiryapsiz? Nima, xotiningiz eshik oldiga kelib, so‘zlaringizni tinglab turibdimi? “Hoy xotin, xarxasha qilma, men jonimdan ortiq sevgan xushtorim Lira bilan gaplashyapman”, desangiz bo‘lmaydimi? Eh, bechora erkaklar, xotinlari oldida shunaqa titrashadiki… Sizdan bir narsani so‘ramoqchiman, hurmatli faylasuf. Diogen nima sababdan bir umr bo‘chkaning ichida yashagan?
– Buni bilmayman, eshitmagan ekanman.
– Bilmagan bo‘lsangiz – bilib qo‘ying: xotini uyidan quvib solgan.
– Nahotki?
– Xuddi shunday. Xotinidan qo‘rqqan erkakda “qo‘shimcha” maydon bo‘lmaydi. Ko‘ngilxushi tutish oson emas, bunga ham yurak kerak. Menga o‘xshagan yosh qizchaga ilashish uchun erkakboy akam boshini kundaga qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Sizda bunday “rohat-farog‘at” bormi o‘zi? Faylasuflarning sochi tovuq oldin yaralganmi yo tuxummi, degan savolga javob topa olmay oqaradi. Dadamning faylasuf bir do‘sti bor, gaplashsangiz, og‘zidan allambalo atamalar tushmaydi: apofansis, kreatsianizm, logosentrizm, refleketsiya, so‘fizm, gnozis, noezis…
– Bularning hammasi ilmda bor gaplar. Menga qarang, siz mening yoshim nechadaligini bilasizmi o‘zi? Bilmasdan o‘zingizcha…
– Yoshning nima ahamiyati bor?
– Aytdim-qo‘ydim-da.
– Shunchaki aytgan bo‘lsangiz, eshiting. Yoshingiz ellikda. Ikki qiz, bir o‘g‘lingiz bor. Titrab, birov eshitib qolmasin, deb shivirlashingizdan ko‘rinadiki, xotiningiz erkak zotining jonini sug‘urib oladiganlardan. Ellikka yaqinlashib qolgan. To‘g‘rimi?
– Siz… nima desam ekan, ko‘p narsa biladiganga o‘xshaysiz. Ha, yoshim ellikda, xotinimning yoshi ham shunga yaqin. Universitetda birga o‘qiganmiz…
– Yaxshi, birinchi muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi deyishadi. Xo‘p, davom eting.
– Uch farzandimiz bor, uchovi ham qiz…
– E, zargar bo‘lib keting-e. Demak, ma’shuqali bo‘lishga haqingiz bor…
– Gapni chuvalashtirmang.
– Chuvalashtirayotganim yo‘q. Juda terisi yupqa odam ekansiz-ku. Bir gap aytsam, burgaday sakraysiz-a. Ayol kishini puldan qismasangiz bo‘ldi – ko‘p narsaga ko‘z yumadi.
– Men sizdan ancha kattaman.
– Darvoqe, yosh haqida. “Muhabbat yosh tanlamaydi” degan gapni kim aytgan?
– Yodimda yo‘q.
– Pushkin aytgan.
– Pushkin shunday degan bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘lishi mumkin.
– Daholar xato qilishmaydi. Men sizdan yana bir narsani so‘ramoqchi edim.
– So‘rang, ammo jo‘mragingiz ochiq qolganmi, suvning shildirashi eshitilyapti…
– Men sizga aytdim-ku, vannada cho‘milyapman, deb. Onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsam, shu kiyimdaman. Siz bo‘lsangiz, erkak sifatida bunga e’tibor ham qilayotganingiz yo‘q. Yana bu kishini ma’shuqlikka chaqirib yotibman-a.
– Kechirasiz, men… haligi… siz o‘ylayotgan narsa haqida bir nima deganim yo‘q.
– Mayli, o‘zingizni oqlamang. Ko‘nglim uchun bir og‘iz “Mayli, men roziman” deb qo‘yish qiyinmi? Shuni aytishga ham qo‘rqasizmi? Mendan aslo cho‘chimang. Aqli-hushi joyida qizman. Ko‘rinishim binoyidek. Qunduz qo‘shiqchi kuylaganidek, “qomatim 90x60x90”. O‘ttiz ikki tishim butun. Yaxshisi, yana bitta narsani so‘ray.
– So‘rang, javob berishga harakat qilaman.
– “Harakat qilaman” deganingiz nimasi. Lanj odamni yoqtirmayman. To‘g‘risini ayting – menga jazman bo‘lasizmi, yo‘qmi?
– To‘yim bo‘ladi, erim bor, dedingiz-ku?
– Bor desa ham bo‘ladi, yo‘q desa ham. Nikohdan o‘tganimiz yo‘q.
– Esingizni yig‘ing. Ertaga to‘yingiz. Men sizlarga baxt, uzoq umr…
– E, to‘xtating bunaqa havoyi gaplarni. Jonimga tegib ketgan. Menga aql o‘rgatmang.
– Eshitsangiz fikrimni aytay.
– Nima fikr aytishingizni bilib turibman. Ayting.
– Kimgadir ma’shuqa bo‘lsangiz, eringizning ko‘ziga qanday qaraysiz? Fikrimni ochiq aytayinmi?
– “Kechirasiz”, “Ochiq aytay” degan so‘zlardan boshqasini ham bilasizmi? Erkakka o‘xshab, shartta-shartta bo‘ladigan gapni ayting-qo‘ying-da.
– Bo‘lajak eringizni yaxshi ko‘rasizmi?
– Hmm…
– Nega ovozingiz chiqmay qoldi?
– Hozir, vannadan chiqib olay.
– Allo?
– Ha, gapiravering.
– Bo‘lajak eringizni sevasizmi, deb so‘rayapman.
– Sizningcha, faqat sevadiganlargina turmush qurishadimi?
– Fikrimcha, shunday.
– Xo‘-o‘sh, hurmatli faylasuf bobo, siz hozir eshik tirqishidan qarab, so‘zingizni eshitib turgan xotiningizni sevib olganmisiz?
– Mening xotinimni aralashtirmang.
– Nega aralashtirmas ekanman. Uch qizingiz sizlarning favqulodda kuchli muhabbatingizdan dunyoga kelganmi? Iste’dodlari qanday? O‘rtacha darajadagi bolalarni ko‘paytiravermay, yulduzlarga qarab, aql bilan ish qilish kerak, hurmatli faylasuf og‘ay. Sizlar sevgi u yoqda tursin, kundalik turmushning oddiy ikir-chikirlarini ham bilmaysizlar. Sevgini tinch qo‘yinglar. Bu tuyg‘uni his etish qo‘lingizdan kelmaydi. Ishq bog‘idan juda uzoqdasiz. Juda uzoqda! “Yo‘q, unday emas, sevgini bilamiz, qadriga yetamiz”, deb aytishingiz mumkin. Xo‘p, shunday ham deylik. Unda, eshikdan mo‘ralab turgan xotiningizga qarab, eshittirib, bor ovoz bilan: “Jonim, hayotim, men senga ishqingda devona bo‘lib uylanganman”, deng-chi? Qani, marhamat? Iye, nega ovozingiz chiqmay qoldi? Hoy, faylasuf tog‘a, Akademiyaning kichik ilmiy xodimi, muhtaram mirza janobi oliylari, qaydasiz, ku-ku, ovoz bering.
– Haddingizdan oshib ketyapsiz, indamasam meni…
– Sal gapgayoq jahlingiz chiqmasin-da. Qon bosimingiz ko‘tarilib ketsa, yurakka kuch keladi. Yurak bezovta bo‘ldimi, sevgi ham lat yeydi. Sevgi lat yesa, xotiningizga qiyin bo‘ladi.
– Hoy, nega xotinimni ko‘rmay turib, uni yomonlayapsiz?
– Xotiningizning yonini olyapsizmi, nima, u hali ham joningizga tegmadimi? Shundoq yuziga qarab, “Xotinjon, sendek ayol mendek noshud kichik ilmiy xodimga uvol”, deya olasizmi? Deyolmasangiz go‘shakni qo‘liga tutqazing-chi? Qani, bering unga.
– Xotinim uxlab yotibdi…
– Siz uni himoya qilayotganingizdan sizlar sevib-sevilib turmush qurgan bo‘lsangiz kerak, degan fikr keladi. O‘zingiz faqat sevishganlar turmush qurishi kerak, dedingiz-ku?
– Prinsip jihatidan qaraganda, shunday bo‘lishi kerak.
– Bravo! Bis! Bellissimo, muhtaram faylasuf! Sizlarni aql odamlari deb bekorga aytishmagan.
– Falsafa so‘zi bizning tilimizda “aql muhabbati” bo‘ladi.
– Aql muhabbati? Juda g‘aroyib-ku! Gʻaroyib fikr. Faylasuf. Gʻaroyib kasb. Sizlar aqlni emas, oddiy bir ayolni sevib ko‘ringlar-chi. Sevgi-muhabbat haqida og‘iz to‘ldirib gapirasizlar, ammo uydagi sadoqatli xotiningizga “Men seni sevaman, jonimdan ortiq ko‘raman, sen yagonamsan”, deya olmaysiz. Sizning faylasufona fikringizga ko‘ra, agar hamma bir-birini sevib turmush qurishlari shart bo‘lsa, sevishmaganlar qayerga boradi? Bilib qo‘ying: turmush qurayotgan har o‘nta yoshdan yettitasi, agar u Xudodan qo‘rqsa, yolg‘on so‘zlamay, “Men sevmay turmushga chiqmoqdaman”, deb bemalol ayta oladi. O‘sha yettitaning bittasi – menman. Sizga, sizga o‘xshagan “aqlli”larga qolsa, sevgi ostonasiga yetolmagan, ishq bog‘iga qadam bosish nasib etmagan million-million yoshlar bu dunyoda armon bilan yashab, armon bilan o‘tib ketishlari kerak ekan-da, janob faylasuf? “Ulug‘ kitob”dagi: “Xudo sevgi emas, sevgi – Xudoning inson qalbida zohir bo‘lishi”, degan so‘zlarni bilsangiz kerak? Biz bu ulug‘ hikmatni unutib qo‘ymadikmi? Qalbimizdagi Xudoni unutmadikmi? Xudo biz uchun ato etgan buyuk muhabbatdan uzoqlashib ketmadikmi? Unutdik, uzoqlashib ketdik. Mana endi sevgi-muhabbat haqida quruq, hech kimga keragi yo‘q safsata gaplarni tinmay chaynab yotibmiz.
– Hmm… Allo, yig‘layapsizmi?
– Kechirasiz… Ichim to‘lib ketdi. Ertaga to‘yimiz bo‘ladi. Turmushga chiqyapman…
– Kechirasiz, hozir uyda bir o‘zingizmisiz?
– Ha, bir o‘zimman. Yolg‘izman. Hamma qudalarnikiga ketdi. Bundan keyin ham yolg‘iz bo‘lsam kerak. Yuragida sevgi bo‘lmagan odam yolg‘iz yashaydi. Ilojsizman, ilojsiz, chorasiz qolayotgan million-million yoshlarning biriman.
– Ha, aytgancha, siz mendan bir nimani so‘ramoqchi edingizmi?
– Meni yengiltak ekan deb o‘ylamang.
– Yo‘q-yo‘q, mutlaqo.
– Sizga nima sababdan qo‘ng‘iroq qilganimni bilasizmi? Telefon raqamingiz: besh yuz ellik uch, ellik sakkiz, yetmish olti, o‘n uch. Shundaymi?
– Ha, shunday.
– Besh, besh, uch – bu raqamlarni bir-biriga qo‘shsak – o‘n uch, ellik sakkiz – o‘n uch, yetmish olti – o‘n uch, oxirgi ikki raqam ham o‘n uch. O‘n uch – mening taqdirim. Siz numerologiya degan fanni bilasiz. Raqamlar shunchaki hisob-kitob emas, ularda inson taqdirining ham hisoboti bor. Men sizga taqdirim raqamidan kelib chiqib qo‘ng‘iroq qildim. Ichimdagi bor gapni shu raqam egasiga aytib, yuragimni bo‘shatib olmoqchi bo‘ldim. Qarangki, sizga tushibman.
– Ko‘plar o‘n uch raqamini xosiyatsiz deb bilishadi. Ammo bizda bunday emas, boshqalarda shunaqa. Baxt raqamga bog‘liq emas. Ishonasizmi, men har xil bashoratchilarga, astrologlarga, Vanga, Nostradamusga mutlaqo ishonmayman.
– Kimga ishonasiz?
– Xudoga ishonaman.
– Keyin-chi?
– Keyin… Nima desam ekan…
– Ayolingizga ishonasiz. Ammo… ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham, buni ochiq ayta olmaysiz. To‘g‘rimi? Hayot o‘zi shunaqa – aytmoqchi bo‘lasan, lekin aytolmaysan. Mening sizdan farqim – yuragimda nima bo‘lsa, ochiq aytaman, yashirmayman. Men juda kuchliman. Zarur bo‘lganda nochor odamga yordam bera olaman, yonida tirgak bo‘lib turishim mumkin, menga dushmanlik qilganni esa ezib tashlayman. Menga o‘xshagan ayollarning baxtsizligi – mana shu ochiqligimizda! Bizdaqalarni hamma ham yoqtiravermaydi. Ichimiz to‘lib-toshib, shu ahvolga tushdik.
– Tun yarimlab qoldi. Ertaga to‘yingiz. Vaqtingizni olayotganim yo‘qmi? Ay, hozir, hozir…
– Go‘shakni qo‘lingiz bilan yopsangiz ham “Hozir, hozir” deganingizni eshitib turibman. Taqdirim to‘g‘risida sizga beradigan savollarim ko‘p edi. Siz bo‘lsangiz, xotiningizning vajohatidan qo‘rqib, go‘shakni joyiga ilmoqchi bo‘lib turibsiz. Iltimos, bunday qilmang.
– Hozir, hozir. Gapiravering, eshityapman.
– Shivirlamay gapiring, shivirlayversangiz, umringiz o‘tib ketganini bilmay qolasiz…
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, gapiravering, ertaga to‘yingiz…
– To‘yim bo‘lsa nima?
– Erta turishingiz kerak-ku, shunga… ertaroq yotganingiz ma’qulmi deyman-da…
– Ha, ertaga to‘yim, turmushga chiqyapman. Kelin keladi deb zamonaviy qaynotam, deyarli shunday qaynonam, “Leksus” mashina, hashamatli xonsaroy, nimjon va noshud turmush o‘rtog‘im kutib turibdi. Baxtdan boshqa hamma kutmoqda…
– Hozir, hozir…
– Shoshilyapsiz. Turmushga siz emas, men chiqyapman-ku, nega shoshasiz? Yuragimda yana nimalar borligiga qiziqmaysizmi? Siz bilan yana so‘zlashgim, ichimlik ichib biroz sarxush bo‘lgim kelyapti…
– Hozir, hozir…
– Sizga qanaqa ichimlik yoqadi?
– Moldovanlarning qizil vinosi.
– Byudjet tashkilotlarida ichiladigan vinomi?
– Uning shunaqa nomi ham bor deng?
– Arzonligi uchun shunday deyishadi. Men fransuzlarning qizil vinosini xush ko‘raman. Hozir oldimda sizga ma’qul keladigan xilma-xil vino turibdi: “Bordo”, “Burgund vinosi”, “Korbyer”, “Bandol”, “Bellet”, “Kassis”…
– Hozir, hozir…
– E, qanaqa odamsiz o‘zi? Oldingizga Azroil kelsa ham, “hozir, hozir”, deb gapni olib qochar ekansiz. Sizga ko‘nglini ochayotgan, dardini to‘kib solayotgan bir bechoraga ozroq vaqt ajratolmaysizmi? Siz bilan taqdiridan zerikkan bir kimsa gaplashayotgani yo‘q! Ha, mening taqdirim boshqacha bo‘lyapti – raqamlari qo‘shilsa hech qanday hisob, ma’no chiqmaydi. Men sizdan ayollik savollarimga javob kutdim. Bu dunyoni maraz dunyo deymiz, uni shu ahvolga tushirgan kim – o‘zimiz emasmi? Ha, o‘zimiz. Boshqa hech kim, hech narsa emas! Chunki biz ong-sezimimizni, insoniy tuyg‘ularimizni marazlashtirdik. Bu yorug‘ olamda endi kim baxtli? Bo‘yga yetgan qizini yog‘liroq joyga uzatsam deb yurgan onami? Borgan joyida tosh qotsin deya niyat qilayotgan otami? Kelinning ko‘ngli, orzu-havasi, nozik fe’l-atvorini lolaqizg‘aldoqning bargichalik ham ko‘rmaydigan qaynotami? Undan qolishmaydigan qaynonami? Yo “Xotinim – mening mulkim”, deyishdan nariga o‘tmaydigan xomkalla kuyovmi? Kim? Hech kim!
– Hayot hamisha shunday bo‘lgan.
– Yo‘q, hayot bunday bo‘lmagan, uni o‘zimiz buzdik. O‘sha buzg‘unchilarning ichida siz ham borsiz. Hurmatli faylasuf, siz ko‘proq aqlga e’tibor berdingiz, hayot esa e’tiborsiz qoldi, uni sevish kerak edi. Hayotni sevganingizda, aqlingiz yanada to‘lishar edi. To‘g‘risini aytsam, siz hech kimni yurakdan sevmagan, hech narsaga mehr qo‘ymagan, hatto ayolining hurmatini ham joyiga qo‘ya olmagan nochor bir bandasiz. Siz kabi odamlar bilan gaplashib, vaqtimni bekor o‘tkazganimga, sizlardan maslahat so‘raganimga, o‘zaro dillashib, yolg‘izligimni bir muddat bo‘lsa-da, unutmoqchi bo‘lganimga afsuslanaman, o‘zimni o‘zim kechirmayman, o‘zimdan jirkanaman. Siz suhbatdosh bo‘lishga ham arzimaysiz, yuragingiz sovuq, tosh. Sizga o‘xshagan odamlar hayotning rasvosini chiqardi. Dunyoni sizlarga o‘xshagan hissiz, tuyg‘usiz odamlar bosib ketdi. Muhabbat inson maqomida yashamoqlikning sharti ekanligini bilmaysizlar. Go‘shakni joyiga qo‘ying. Qo‘ying deyapman. Qancha tez qo‘ysangiz, shuncha yaxshi. Qo‘ying!..
– Allo! Allo! Alo-oo…
Qirg‘iz tilidan Ahmadjon MELIBOYEV tarjimasi.
Muallif haqida: TURKSOY xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti kotibi, Qirg‘iz xalq yozuvchisi Sulton Rayevning nomi o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Uning “Chang ko‘cha”, “Toj” singari ko‘plab asarlari qirg‘iz, xitoy, rus, ukrain va boshqa tillarda chop etilgan.
Iste’dodli dramaturg va rejissyor sifatida ham nom qozongan adibning “Ayol”, “Malikaning faryodi”, “Devor”, “Qizlarjon, qizlar” dramalari ko‘plab mamlakatlarning sahnalarida xalqaro festivallarning sovrinlariga sazovor bo‘lgan.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 26-aprel 18-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



