26.09.2025 | 09:18
1687
TO‘YLAR MUBORAK…
To‘y abadiy hayot tantanasidir. To‘yda ikki yosh ahd-paymon qilib bir-biriga qo‘l beradi, murod-maqsadiga yetadigina emas, o‘tgan ajdodimiz bilan kelajak avlodimizni bir-biriga bog‘laydigan oltin halqa, go‘zal va xushaxloq kishilarni yetishtiradigan tarbiya o‘chog‘i vujudga keladi. Shuning uchun to‘y nihoyatda ulug‘vor, nihoyatda go‘zal marosim bo‘lishi kerak.

Hozir shahar va qishloqlarimizda bo‘layotgan to‘ylarga razm solsangiz, yosh-qari hamma shunga intilayotganini payqaysiz, lekin ko‘p odamlar ulug‘vorlikka to‘yni cheksiz-chegarasiz katta qilish, go‘zallikka “bir umr yiqqanini to‘kib tashlash” bilan erishmoqchi bo‘ladi.
Menimcha, to‘yni katta qilishga urinish qadimgi boylarga ko‘r-ko‘rona ergashishdir.
Qadimgi boylar to‘yni mumkin qadar katta qilishar edi. Lekin boyning to‘yni katta qilishdan, bir hafta, o‘n kun va hatto bir oy to‘y berishdan maqsadi, shubhasiz, tekin tomoq ulashish emas, obro‘ orttirish, chunki pul sochib orttiradigan obro‘ydan yana pul yasash mumkin edi. Modomiki shundoq ekan, hozirgi zamonda pul sochishning ma’nosi bormi? Bu zamonda obro‘yning birdan bir manbayi – mehnat, obro‘ esa pul yasash quroli emas, xalqning hurmatiga sazovor bo‘lishdir. Demak, obro‘ni pul sochib topish mumkin emas, bunga urinish xalqning o‘rinli shubha va nafratini qo‘zg‘atadi, xolos.
To‘yni qimmatga tushiradigan rasmlardan biri, uning ikki joyda – ham kuyovning, ham kelinning uyida bo‘lishi, har ikkala to‘yning yana “to‘ycha”larga bo‘linishidir. Har ikkala quda ham “orzu-havas ko‘rish”, “qudadan kam emasligini” ko‘rsatish, falonchini qoyil qoldirish, allakimlardan o‘ch olish va hokazo, deya bor-yo‘g‘ini to‘kadi, bundan tashqari, bolasini qarzdor-abgor qiladi. Ko‘pgina yoshlar “ota-ona roziligi” deb, o‘zlari istamagan holda shu ishlarning boshida turishadi. Holbuki, “ota-ona roziligi”da ham rozilik bor, bularning to‘g‘ri keladiganiga ko‘nib, bid’atlarga qarshi bosh ko‘tarish zarur…
O‘g‘lining to‘yiga yetti yarim ming so‘m sarf qilgan 69 yashar bir cholni ko‘rdim. Chol to‘yga atab yostiqqa pul tiqib yurgan ekan, to‘yga yaqin o‘g‘lining qo‘lidagi pullarni ham qoqishtirib olipti, 200 kilo gurunch damlash bilan to‘yni boshlab yuboribdi. Quda tomon ham, albatta, “bir chol”dan qolishmaslikka harakat qilganligi turgan gap. To‘y o‘tgan hovlini, yangi oilaning ro‘zg‘orini ko‘rdim. Solinayotgan ikki uy, bir dahlizning usti yopilmay qolibdi. Chol-kampir o‘zlari turgan uyni yoshlarga bo‘shatib berib, hozirgacha tokning tagida yotib yurishar ekan.
Yangi oilani mana shunaqa ortiqcha chiqimdor qilmaslik, to‘yda isrofgarchilik bo‘lmasligi uchun to‘y yo qizning, yo kuyovning uyida, yo bo‘lmasa klubdami, biron bog‘dami yoki maxsus to‘yxonadami o‘tkazilsa, nima qilar ekan? Xizmat qilishni ko‘ngliga tugib yurgan qavm-qarindoshlar, yor-oshnalar shu yerda xizmat qilishsin. Har ikkala tomondan aytilgan odamlar tabrik va sovg‘a-salom bilan shu yerga kelishsin. (O‘rni kelganda shuni aytib qo‘yaylik: to‘yga hol-baqudrat to‘yona bilan kelish yaxshi, bu narsalar kelin bilan kuyovga to‘yni, jamoatchilikni uzoq vaqt eslatib turadi, lekin dasturxon ko‘tarib kelib, dasturxon olib ketishdek chirib ketgan odatga barham berish kerak).
Yaxshi o‘tgan to‘y haqida mahalliy gazetalar axborot, qolaversa taassurotlar, lavhalar bersin. To‘y mana shundoq ulug‘lansa, to‘y egalari mansub bo‘lgan kollektiv va butun jamoatchilik diqqat markaziga qo‘yilsa, yigit bilan qiz shundoq to‘yga munosib bo‘lishga harakat qiladi, to‘y ularning dilida va ongida chuqur iz qoldirib, oilaning mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu birovning xayoli emas, balki hayotning talabidir, chunki ko‘p joylarda shunga intilish bor…
Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerakki, hech bir eski urf-odat shovqinsiz, yig‘isiz taslim bo‘lgan emas, hech bir yangilik daf’atan quchoq ochib qarshi olingani yo‘q… To‘yni qimmatga tushiradigan, ko‘pincha uning xunini chiqaradigan bid’atlardan yana biri ichkilikdir. Men shaharda o‘tgan bir qancha to‘ylarning sarf-xarajatiga sarhisob soldim. Bu to‘ylarda bo‘lgan sarf-xarajatlarning 28–53 protsentini ichkilik tashkil qiladi…
Shaharlik bir o‘qituvchi “Ichkilik to‘ydangina emas, umuman hayotimizdan quvib chiqarilsa juda olijanob ish bo‘lar edi, chunki o‘g‘ri mol o‘g‘irlasa, ichkilik jon o‘g‘irlaydi, jamiyat a’zosini safdan chiqarib tashlaydi”, dedi. Bu gapga safdan chiqib qolgan piyanistagina e’tiroz bildirishi mumkin.
…Men ichkilik oralagan uchta ta’ziyada bo‘ldim. Marhumni qabrga qo‘yib kelgan odamlar qadahlarni to‘ldirib, uning salomatligiga-ku emas, “yorqin xotirasiga” ichishmoqda edi. Shu ta’ziyalardan birida birov ashula aytib yubordi. Hamma xijolat. Hushyor odamlar: “Marhum shu ashulani yaxshi ko‘rar edi”, deb odamlarni xijolatdan chiqarishga harakat qilishdi. Ba’zi odamlar: “To‘yda ichkilik bo‘lsin-u, me’yorida bo‘lsin”, deyishadi. Xo‘sh, bu “me’yor”ni kim belgilab beradi? Ta’ziyada ashula aytib yuborgan mastmi yo araqxo‘rni o‘g‘ridan battar ko‘radigan boyagi o‘qituvchimi?..
Nasha chekish ayb, ko‘knor ichish uyat. Nima uchun ichkilik ichish ayb-uyat emas, nima uchun to‘yni ayb-uyatlikdan qolishmaydigan ichkilik bilan bezaymiz? Nasha bangilikka, ko‘knor ko‘knorilikka eltib, kishini odamgarchilikdan chiqaradi deymiz, nima uchun piyanistani odam hisoblaymiz? Ichkilikning, masalan, ko‘knordan nima afzalligi bor? Ko‘knori ko‘knor ichib o‘g‘irlikka tushgani, odam o‘ldirgani ma’lum emas, lekin piyanistaning qilmagan jinoyati yo‘q-ku! Shumi ichkilikning boshqa bangilardan afzalligi! Ichkilikni hozircha hayotdan butkul quvib chiqarish mumkin emas, chunki hozircha xalq orasida ichuvchilar bor ekan, ichkilik taqiq qilingan kundan boshlab ichuvchilar, ayniqsa tekinxo‘rlar uyida xum qaynaydi…
Biz bu yerda to‘yni ulug‘vor va chiroyli qilib o‘tkazish, uni ortiqcha chiqimlardan bo‘shatish to‘g‘risida gapirdik. Ortiqcha chiqimlar faqat to‘ydagina emas, undan oldin va keyin o‘tadigan turli “to‘ychalar”da ham bo‘ladi. Biz bu to‘g‘rilarda ham fikr olishib, yangicha to‘yning har jihatdan mukammal va go‘zal shaklini topishimiz kerak.
Abdulla QAHHOR
1963
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



