05.06.2025 | 09:19
681
DARYO BO‘YIDAGI O‘YLAR
Taniqli sharqshunos olim, akademik Ne’matilla Ibrohimovning qutlug‘ yoshi sabab u kishi haqida bir nima qoralashga jazm qildim. Chunki anchadan beri taniyman, ko‘p bor suhbatdosh bo‘lganman. Dastlabki satrlar qog‘ozga tushib-tushmay, negadir xayolim chalg‘idi, ustoz Erkin Vohidov aytib bergan bir muhim gapni esladim.

“Alixonto‘ra Sog‘uniy domla ishtirokida bir to‘p ziyolilar har oyda davra qurib turardik. “Mulla bilganini o‘qiydi” deganlaridek, hamma o‘zicha gap boshlar, suhbatimiz ba’zan foydasiz bahs, futbol, savdo-sotiq, uy-joy yumushlariga burilib ketardi. Bundan ajablangan domla bir kuni menga: “Erkinjon, hammalari munavvar odamlar, behuda gapbozliq qilgandan ko‘ra, bilmaganlarini mendan so‘rashmaydimi, bilganimcha aytib bermaymanmi?” deb qoldilar o‘kinganday bo‘lib. Bu gapni darhol jo‘raboshimizga yetkazdim. Keyingi gal domlaga bir-ikkita savol berishni mo‘ljal qildik. Belgilangan kuni yig‘ildik. Suhbat boshlandi, ammo… yana o‘sha eski mavzular.
Men jo‘raboshiga qaradim, u savol berishi kerak bo‘lgan do‘stimizga qarab ma’noli tomoq qirdi. Nihoyat savol so‘raldi:
– Domla, arab tilini yaxshi bilarkansiz, arablar piyolani nima deydi?
Ustozning qoshlari chimirildi, ammo sir boy bermay, piyola, choynak, likopcha, lagan, tog‘ora, qozon, cho‘mich, qoshiq va boshqa shu kabilarni arablar bir necha lahjalarda nima deyishlarini, mehmondorchilik, dasturxonga taom tortish udumlarini batafsil so‘zlagach, savol bergan kishiga qarab:
– Birodar, sizga shu ma’lumotlar kerakmi o‘zi? – dedilar ranjib.
Alixonto‘ra tirik xazina edi. Bir necha tillarni mukammal bilardi u zot. Afsuski, biz u kishidan ko‘p narsalarni so‘ramadik. Mana endi afsusdamiz, ammo foydasi yo‘q…”
Kitoblardan birida o‘qiganman: “Suhbati oshiq seni oshiq qilur, suhbati fosiq seni fosiq qilur”.
Xo‘p, deyman o‘zimga o‘zim, Alixonto‘radek ulug‘ alloma bilan zamondosh bo‘libmiz, bir muddat birga yashabmiz, tengma-teng nafas olibmiz, bir dasturxonda taomlanibmiz, ammo u kishining ummon yanglig‘ ilmidan bahramand bo‘lmabmiz-da! Ehtimol, istihola qilgandirmiz, salobatlari bosgandir?
Shundoq deb o‘zimizni ovutmoqchi bo‘lamiz, lekin ilmiy, zehniy, ma’naviy kemtik joylarimizni to‘ldirishga qodir boshqa allomalar ham bor edi-ku? Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan so‘radikmi? Alibek Rustamiy, G‘aybulla as-Salom, Erkin Vohidov, Najmiddin Komilov, Botirxon Valixo‘jayev kabi ustozlardan-chi? Bugungi yoshlar Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Izzat Sulton, Abduqodir Hayitmetov, Suyima G‘aniyeva, Po‘lat Habibullayev kabi salmoqli olimlarimizni nechog‘li bilishadi?
Ne’matilla Ibrohimov ustoz Erkin Vohidovni shunday xotirlaydi: “Erkin aka har yili Ozarbayjon va Turkiyada o‘tkaziladigan fuzuliyxonlik tadbirlarida qatnashib turardi. Istanbulda o‘tkazilgan ana shunday yig‘inlarning birida eronlik, ozarbayjonlik va turkiyaliklar Fuzuliyni o‘zlariniki, deb bir-birlari bilan bahslashib turganlarida Erkin aka bu ulug‘ qalam sohibining “Layli va Majnun”ini yoddan o‘qib berganlar. Hay’at a’zolari bir ovozdan: “Bo‘ldi, bo‘ldi, Fuzuliy sizlarniki ekan”, deb g‘oliblikni o‘zbek shoiriga topshirishgan. Yana bir gap. Qibraydagi bog‘imizda ham tez-tez g‘azalxonlik kechalari bo‘lib turardi. Ayniqsa, Saudiya Arabistonida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz Safoxon to‘ra, A’zamxon qori aka, Meliboy aka, Mo‘minjon aka va boshqalar kelishganida biz ularni bog‘imizga taklif qilar edik. Bu majlislarda Erkin aka, Shamsuddin Boboxonov, Abdulaziz Mansur, muftiy Usmonxon Alimov, marg‘ilonlik Osimxon aka, taniqli san’atkorlar ishtirok etishardi. Shunday kechalarning birida Fuzuliy va Navoiy g‘azallarining tahliliga bag‘ishlangan bahs qizib ketib, tong yorisha boshlaganini sezmay qolibmiz. Bu dilbar suhbat tasvirga olinmaganidan Shayx Abdulaziz Mansur, muftiy Usmonxon aka, hammamiz anchagacha afsuslanib yurdik… Qiyomatli akam Erkin Vohidov bilan o‘tgan davrlarim, sermazmun suhbatlarimiz hayotimning eng totli, qiyossiz lahzalari edi”.
Qiziq odatimiz bor-da: oldimizda kim turganiga uncha e’tibor bermaymiz, shovullab oqayotgan daryoni sezmaymiz, shohlar yillar davomida jon va qon bilan to‘plagan xazina yanglig‘ ma’naviy boylikning oldidan beparvo o‘tib ketamiz. Ushbu satrlar qog‘ozga tushayotganida internetda g‘aroyib xabar tarqaldi. Fransiyalik fermer Mishel Yunon o‘z yer uchastkasidan 4 milliard dollarlik oltin topib olgan. Fermer xazina topilgan joydan har kuni bir emas, bir necha marta o‘tgan, ammo shuncha boylik yerda yotgani xayoliga ham kelmagan. Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasi ham fransuz tilida e’lon qilingach mashhur bo‘ldi.
E’tiborsizlik yomon illat. U bois insoniyat ko‘p hollarda fermer Mishel topgan xazinadan ham ko‘p boylikdan judo bo‘ladi. Buning sababi – ko‘pchiligimiz bag‘rikeng emasmiz, xatolarni mardona tan olmaymiz, uzr so‘ramaymiz, qalb ko‘zimiz ochilmagan. Mening fikrim to‘g‘ri, boshqalarniki noto‘g‘ri degan o‘y vujudimizni egallab olgan.
Necha asrlarki, ulug‘ mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomizning insoniyatni ezgulik, odamiylik, mehr-oqibatga da’vat etuvchi asarlari sevib o‘qiladi. Navoiyshunos olimlar bu buyuk xazinani tadqiq etar ekanlar, uni o‘qib anglaymizki, adolat, haqiqat, imon, e’tiqod, ezgulik kabi fazilatlarsiz yetuk insonni, komil jamiyatni, xalqparvar davlatni tasavvur qilish qiyin. Har qanday adolatsizlik, haqsizlik jamiyat rivojiga, tinch-totuv hayotga, ahil-inoqlik yo‘liga to‘siq bo‘ladi, adolat chirog‘i yonib, chor-atrofga shu’la taratib turmagan joyda ulg‘ayish bo‘lmaydi, el-ulusning peshonasi oqarmaydi.
Navoiy bobo umrini shu buyuk haqiqatga bag‘ishladi. Buni hech kim inkor etmaydi, ammo, boshqa davrlarni qo‘ya turaylik, Navoiy yashagan davrning o‘zi bu mo‘tabar zotni tushundimi, qalbiga, orzu-niyatlariga quloq tutdimi? Yo‘q, tutmadi. Tutganida edi, “Xazoyin ul-maoniy” asari debochasidan bunday oh-nolali satrlar joy olmagan bo‘lardi: “Oldimga oncha dushvorliklar yuzlandi va tegramda oncha sa’b giriftorliklar aylandi va boshimg‘a sipehr oncha balo toshlarini otdi va ishq sipohining lagabkubi (tepki, zarbalari) zaif paykarim bila so‘ngaklarimni oncha oyoq ostida ushotdikim, ne o‘zimdan xabarim, ne o‘zlugim bila o‘zimdin asar qoldi”.
Yon daftarimda “Agar inson bir-birini tushunganida edi, bu dunyoda yashash yanada zavqli, maroqli bo‘lardi”, degan yozuv bor. O‘zimga kelgan fikrmi yo biror kitobda o‘qiganmanmi – aniq ayta olmayman. Ammo inson tushunish mumkin bo‘lgan oddiy narsalarni nega tushunmaydi, ko‘rib-bilib tursa ham, o‘zini ko‘rmaganday, bilmaganday tutadi, his etgan narsalarini e’tirof etishga jur’ati yetmaydi, aksincha, boshqalarning yutug‘ini ko‘rib, fitna, hasad, ig‘vo yo‘liga o‘tadi, nega shunday qiladi, degan savollar qiynaydi. Balxga borsa, Mahmudxon dorga osishini bilsa ham, yo‘lidan qaytmagan Boborahim Mashrab qachon tushunilgan? Ibn Sinoni tushunish oson bo‘lganmi? Bobur Mirzoni-chi? Nasimiyni-chi?
Dorga osilgan yana bir alloma Mansur Xalloj edi. Uni ham tushunmadilar, uni birinchilardan bo‘lib fransiyalik olim Lui Massinon tushundi. U shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” kitobini o‘qigach, butun umrini Xallojni o‘rganish, tushunishga bag‘ishladi. Yaponiyalik olim Eyji Mano o‘zini boburshunoslikda topdi. Amerikalik olim Yuriy Bregel o‘ttiz yildan ortiq vaqt sarflab, Munis va Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs ul-iqbol” asarining tanqidiy matnini tayyorladi. “Bu alloma falon millatniki, falon yurtga tegishli”, degan gap chiqmadi.
O‘ylab qolasan. Insonni tushunish, Rumiy hazratlari aytganidek, bu dunyoni o‘zaro baham ko‘rib yashash, nahotki anglash ilojsiz sir, tugun bo‘lsa?
Navoiy hazratlariga qaytamiz. Bu ulug‘ zot “Muhokamat ul-lug‘atayn”da rohat-u zahmat bilan qorishib ketgan umr yo‘llari haqida yozar ekan, bu yo‘l bir tekis kechmagani, haqorat va mashaqqat vayronalarida dod solib yig‘lagani, yarashtirish niyatida o‘rtaga tushib, tuhmatga qolgani, ilm madrasalarida kovush qatorida yer tutgani, ulamo majlislarida ilm nuridan ko‘nglini yoritgani, taqvodorlar majlislarida ular qadami yetgan yerga yuz qo‘ygani, sajdadan peshona terisi shilingani, pastkashlar, nokaslar oldida xorlik va bee’tiborlik ko‘rgani haqida yozadi. “Lison ut-tayr”da bu savolga javob topganday bo‘lamiz: “O‘n sakkiz ming olamni yaratgan Xudo “Tongni oppoq rang bilan yoritdi, shomni mushkin qora libosga o‘radi. Quyoshni kunduzi porlatib, Oyni kechaning shamiga aylantirdi… Suvni olovga dushman qildi, shamolni tuproqqa zid qildi. Yaratuvchining qudrati bilan ayni shu bir-biriga zid to‘rt narsa inson vujudida bir butun holda birlashdi…”
Tushunilmagan faqat Navoiy emas, Mashrab yo Bobur Mirzo emas. Xalqimizning har bir bo‘g‘in allomalari, olimlar, ijodkor ziyolilari orasida tushunilganlardan ko‘ra tushunilmaganlar ko‘p. Rauf Parfi “She’r – kunduzi ko‘rilgan tush”, deb yozdi. Halima Xudoyberdiyeva “Vatan bayrog‘i imoratlar peshtoqidan avval millat qayg‘usidagi har yurakda hilpirab tursin”, dedi. Shavkat Rahmon turkiy dunyo birligini orzulab yashadi. Biz ularni endi-endi tushunmoqdamiz. Donishmand Osho “Eshitmoq va tinglamoq Xudo qasri sari yo‘ldir”, deydi.
1990-yilning may oyi. Sobiq tuzum parchalana boshlagan kezlar. Uning o‘sha paytdagi rahbari isyonkor Boltiqbo‘yi davlatlariga borib, ittifoq tarkibidan chiqish harakatlarini to‘xtatmoqchi bo‘ldi. Riga ko‘chalarida namoyishchilar bilan uchrashdi. Yo‘l chekkasida yig‘lab turgan bolaga ko‘zi tushib, uning oldiga keldi va “Bolakay, qani menga ayt-chi, nega yig‘layapsan, senga nima kerak?” deb so‘radi. Bola: “Menga ozodlik kerak!” dedi. Shu oddiy javob sobiq Ittifoq tanazzulini tezlashtirib yubordi, desak xato bo‘lmaydi.
Teatr va kino sahnasida bemisl muvaffaqiyatlarga erishgan Rimma Ahmedova hayotining so‘nggi kunlarida boshiga ne dushvorliklarni solgan kishilarga nisbatan: “Men ularning hammasini kechirganman, ko‘nglimda kek qolmagan… Ular uchun ham ibodat qilaylik, ko‘ngilni tozalaylik”, degani yodga tushadi. Ko‘ngilni tozalash nima? Uning kirlanib ketmasligi uchun har qanday holatda ham adolatli bo‘lish. Bu oddiy fazilat kechadan bugunga, bugundan ertaga qolmasligi zarur.
Hayot charxi aylanishda davom etar ekan, yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat, adolat va zulm hamisha yonma-yon yuradi. Inson bularning birini anglagani sari, anglanmagan haqiqatlar ochilishiga ishonchi ortadi. Shu ishonch uni yuksak ma’naviy cho‘qqilarga ko‘taradi.
Darvoqe, Ne’matulla aka haqida yozmoqchi edim. Xolislik xomasini qo‘lda mahkam tutib, albatta, yozaman.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



