Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.02.2025 | 17:51

img546

“UMIDIM BULDURKIM, UMIDINGG‘A YETG‘AYSEN!”

Tahririyatdan: Darhaqiqat, Germaniyada “Alisher Navoiy fenomeni” deb nomlangan muhtasham asarning O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonivich Mirziyoyev So‘zboshisi bilan chop etilishi yurtimiz madaniy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Zotan, buyuk bobomiz Alisher Navoiy o‘zining insonparvarlik g‘oyalari, badiiy-falsafiy qarashlari, o‘lmas she’riy asarlari bilan bashariyat tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan malik ul-kalom va mutafakkir sifatida dunyo ahlini tobora kengroq o‘ziga jalb qilmoqda. Chunki bugun uning umumbashariy gumanistik g‘oyalar tarannum etilgan bebaho adabiy merosining ahamiyati har qachongidan ham muhim sanaladi. 

Sharq adabiyotining deyarli barcha janrlarida ijod etgan, jami she’riy satrlari yuz mingdan ortiq bo‘lgan bunday so‘z san’atkori jahon adabiyotida sanoqli desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mana, qariyb olti asrki, Navoiyning ma’naviy xazinasidan bahra olib, ko‘nglimiz va ruhiyatimizni tarbiya qilmoqqa chog‘lanamiz. Bu ulug‘ yo‘lda ne-ne olimlar qanchadan qancha yillarni, ko‘z nuri, qalb qo‘rini bag‘ishlamadi deysiz. Lekin hamon bu ummon tubidagi dur-u javohirlarga to‘liq egalik da’vosini qilolmaymiz. Shunday mashaqqatli va sharafli yo‘lda izlanishlar olib borayotgan taniqli navoiyshunos, “Alisher Navoiy fenomeni” asari muallifi, akademik Shuhrat Sirojiddinov bilan ayni shu bitmas-tuganmas mahzan borasida suhbatlashdik.

– Assalomu alaykum, domla. Shu chog‘gacha sizning Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan kitoblaringiz  Ozarbayjon, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya va AQShda nashr etilganini eshitgan edim. Shubhasiz, “Alisher Navoiy fenomeni” asaringiz ham ulug‘ mutafakkir bobomizning olamshumul adabiy merosini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib qilish borasida yana bir salmoqli qadam bo‘ldi. Avvalo, o‘quvchilarimizni ushbu asar Germaniyada nemis tilida emas, aynan ingliz zabonida nashr etilgani qiziqtirishi tabiiy.

– Vaalaykum assalom. Buning o‘ziga xos tarixi bor. Avvalo, kitoblarim chet ellarda nashr etilishi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning biz kabi olimlarga yaratib bergan sharoit va g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq. Davlatimiz rahbarining Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosini chet ellarda targ‘ib etish, xorijda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazlarini ochish bo‘yicha bizga topshirgan vazifalari ijrosi jarayonida ko‘p mamlakatlarda bo‘lish va u yerdagi olimlar bilan suhbatlar qurish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Juda ko‘p do‘stlar va ilmiy hamkorlar orttirdim. Qayerda bo‘lmay, Alisher Navoiy hayoti va ijodi bahonasida gap aylanib xalqimizning shonli tarixi, buyuk madaniyati va salohiyati, shuningdek, bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga borib taqaladi. Ularning ko‘zidagi hayrat havasga aylanayotganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Chet elliklarga beradigan sovg‘alarim ichida 2018-yili Toshkentda ingliz tilida nashr etilgan “Buyuk Mir Alisher Navoiy” kitobim ham bor edi. Ularga Navoiyni o‘rgansangiz, millatimizni taniysiz deb aytardim. Tabiiyki, xorijliklarda Navoiy shaxsiyatiga qiziqish bilan birga yurtimizga kelish niyati tug‘ilardi.

Do‘stona hamkorlik natijasida “Amir Alisher” monografiyam Ozarbayjonda, Turkiyada nashr etildi. Amerika fuqarosi bo‘lgan bir millatdosh do‘stim uni AQShda nashr ettirdi. Shu orada Prezidentimiz topshirig‘iga binoan “Boburnoma” asarining italyancha tarjimasi va nashrini  tayyorlash uchun Italiyaga borishga to‘g‘ri keldi. U yerdagi noshirlar asarlarni yuksak saviyada nashrga tayyorlashga usta ekan. Havasim keldi. “Boburnoma” asari Prezidentimiz so‘zboshisi bilan juda chiroyli bezaklarda nashr etildi. Shunda mening xayolimda dunyoga Navoiy dahosini ko‘rsata oladigan matn va shunga yarasha dizayn bilan bir kitob qilish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Kitob matni va dizayni tayyor bo‘lgach, Prezidentimizning oq fotihasi bilan uni nashr qilishga kirishdim. Bundan xabar topgan do‘stlarim, garchi u ingliz tilida bo‘lsa-da, Germaniyada chop ettirishni tavsiya qildilar va ko‘maklashdilar. Kitob Navoiy “Xamsa”si qo‘lyozmasi charm muqovasidan andoza olingan bo‘rtma muqovaga ega. U o‘n beshinchi asrning mashhur miniaturachi rassomi Kamoliddin Behzod va undan keyingi asrda yashab o‘tgan mashhur miniaturachi rassomlarning Navoiy asarlariga hamda mashhur shoirlarning asarlariga ishlangan  81 ta miniaturasi, o‘zbek rassomlari va haykaltaroshlarining 30 ta ijod namunasi suratlari bilan bezatilgan. Kitobdan Navoiyning taniqli tarjimonlar Qosimboy Ma’murov va Aidaxon Bumatova tomonidan mahorat bilan ingliz tiliga tarjima qilingan 141 ta she’ri joy olgan. Bu tarjimalar sal ilgariroq AQSh va Buyuk Britaniya adabiy jurnallarida chop etilgan bo‘lib, chet ellik sharqshunos va turkolog olimlarning yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan edi.

– Prezidentimiz so‘zboshisi bilan chop etilgan ushbu asaringizda Navoiy fenomenining qaysi jihatlari yoritilgan?

– Kitobda Alisher Navoiyning buyukligiga dalolat qiluvchi faoliyatining olti qirrasi ochib berilgan. Muqaddimada Navoiyning tarjimayi holi bayon etilgan. Keyin bobokalonimiz avvalo shoir sifatida, so‘ngra davlat arbobi, fan va san’at homiysi, buyuk taqvodor mutasavvuf, komil inson g‘oyasi targ‘ibotchisi kabi yorqin qiyofalarda namoyon bo‘ladi.

– Bu kitobning o‘quvchilari kim? Keng ommami yoki ilmiy jamoatchilik?

– Albatta, keng ommaga mo‘ljallangan. Afsuski, dunyo hanuz Navoiy haqida rus sharqshunosi V.Bartold muhrlab qo‘ygan tasavvurlar bilan yashab kelmoqda. Biz uchun dunyo ziyolilari hazrat Navoiy kim ekanligini bilishi, unga Hofiz va Rumiyga bo‘lgani kabi muhabbat qo‘yishi muhim. Zotan, Navoiyni bilmoq – o‘zbekni tanimoq demakdir. O‘zbekni tanimoq esa millatimizga hurmat, Yangi O‘zbekistonimizga xayrixohlikni shakllantiradi. Umid qilamanki, ushbu kitob dunyoning eng nufuzli kitob rastalaridan munosib joy oladi. Sharq adabiyoti muxlislariga sovg‘a qilinadigan eng muhtasham hadya bo‘ladi.

– Ma’lumki, Alisher Navoiy Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiy tilli xalqlar madaniy va ma’naviy hayotining rivojida alohida o‘rin tutishi butun dunyo ilm ahli tomonidan e’tirof etilgan. Buning asosiy sabablari haqida nima deya olasiz?

– Alisher Navoiy nafaqat shoir va davlat arbobi, balki turkiy tilning boy imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olgan tilshunos olim sifatida ham beqiyos mavqega ega. Bundan tashqari, shu tilda go‘zal asarlar yaratish uchun o‘z asarlarini namuna qilib bera olgan noyob iste’dod sohibi hisoblanadi.  Bu bilan u zoti muborak turkiy tilli xalqlarning milliy adabiyotlari rivojiga zamin yaratdi. Tarixga bir nazar solsangiz, o‘n oltinchi asrdan keyingi turkiy xalqlar adabiyoti ayni Navoiy tilida yaratilgan. Navoiy asarlarini har bir turkiy xalq o‘z lahjasi talaffuziga moslab bemalol o‘qiy olgan. Yana bir narsani shu yerda ta’kidlab o‘tish joizki, Navoiy butun ongli hayotini turkiy xalqlarning nufuzini, milliy g‘ururi va milliy o‘ziga xosligini qayta tiklashga sarflagan buyuk millatparvar daho edi. Navoiy tufayli dunyo xalqlari turkona madaniyat va ma’naviyatga alohida ehtirom ko‘rsata boshlagan.

Navoiy buyuk adabiyotshunos olim ham edi. U Sharq she’riyatining nazirago‘ylik, masnu qasidago‘ylik, xamsanavislik, badiiy san’atlar kabi XV asrga kelib deyarli unutilayozgan an’ana va janrlarini qayta tiklashga alohida e’tibor berib, forsiy adabiyot rivojiga ham katta hissa qo‘shdi. Abdurahmon Jomiyning Navoiyning fors adabiyoti oldidagi xizmatlarini alohida ta’riflagan qit’asi bor.

– Alisher Navoiyning adabiy merosi Gomer, Firdavsiy, Dante, Shekspir kabi ulug‘ ijodkorlar bilan bir safda turishi ayni haqiqat. Sizning fikringizcha, Navoiy ulardan nimasi bilan ajralib turadi?

– Avvalo, Alisher Navoiy muayyan bir xalqqa emas, balki butun bashariyatga tegishli mutafakkir shoirdir. Uning asarlari faqat bir millat uchun yozilgan emas. Siz tilga olgan ulug‘lardan farqli o‘laroq, Navoiy ko‘targan g‘oyalar butun insoniyatni kamolotga yo‘naltiruvchi asosiy prinsiplar targ‘ibotidan iborat. Navoiyning har bir satrida ezgulik, bag‘rikenglik, tinchlikka chorlov, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, do‘stlik va o‘zaro hamkorlikka da’vat o‘zak o‘qi bo‘lgani uchun ham ushbu g‘oyalar nafaqat o‘z davri, balki turli mintaqa va hududlarda o‘zaro nizolar avj olayotgan, axborot xurujlari tinch-osoyishta yashab kelayotgan xalqlarning totuvligiga raxna solayotgan, diniy qobiqlarga o‘ralgan iddaolar, hokimiyat uchun kurash birodarkushlik urushlarini keltirib chiqarayotgan hozirgi tahlikali zamonda har qachongidan ko‘ra chuqurroq ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Navoiyning “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish” degan xitobi bugun ham butun insoniyatga, xalqaro hamjamiyatga ogohlikka da’vatdek yangraydi.

Asrlar qa’ridan kelajakka yuzlanib, turli-tuman xatarlar va tahdidlarni oldindan ko‘ra bilgan, insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga solishga intilgan bu buyuk mutafakkirning asarlarini o‘qisangiz, bugungi murakkab muammolar yechimiga yo‘l topgandek bo‘lasiz. Mutafakkir asarlarida adolat va insof, sabr va qanoat, ezgulik va saxovat, mehr va muruvvat qanchalik ulug‘lansa, kibr, ta’ma va manmanlik bilan bog‘liq illatlar shu darajada qoralanadi. Navoiyning fikricha, nafsoniy lazzatlarga berilish, hayot mazmunini faqat shaxsiy manfaatlarni qondirishdan iborat deb bilish insonni tubanlashtiradi. Ilm o‘rganish – kamolot sari intilishning asosiy vositasidir. Ilm orqali inson borliqning mazmuni, hayotning mohiyati va umuminsoniy qadriyatlarning azaliyligi haqida mulohaza yuritadi, ularni tajribadan o‘tkazish orqali haqiqatni idrok etadi va zimmasidagi bosh vazifa –  kurrayi zamin obodligi uchun mas’ullik, tabiat bilan uyg‘un yashash va jamiyatni taraqqiy ettirish burchini tushunib yetadi. Ushbu mas’uliyat va vazifa insonni yer yuzida kechayotgan barcha siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa jarayonlarga, insoniyat taqdiriga xavf tug‘diruvchi omillarga loqayd bo‘lmaslikka, ezgulik hukmronligiga erishuv uchun kurashga chorlaydi. “Ezgulik eng ulug‘ ishdir, – deydi Navoiy. – Butun dunyo xalqlari oldida isbotlangan haqiqat shuki, ezgulikning mukofoti ezgulikdir. Ezgulikni o‘zingga shior qil va uni abadiy baxtning garovi deb bil. Odamgarchilikning eng qimmat gavhari ezgulikdir.”

Insonni har tomonlama yetuk, barkamol va bag‘rikeng, yurtni tinch va obod ko‘rish, raiyat tinchligi va farovonligini ta’minlash, turli xalqlarni o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikka, ezgu maqsadlar yo‘lida hamkorlikka chaqirish – mutafakkir ijodining asosiy leytmotivini tashkil etadi. Bu g‘oyalar, ayniqsa, Navoiy “Xamsa”siga kiritilgan dostonlar turkumida badiiy-falsafiy jihatdan benihoya ta’sirchan, betakror she’riy pardalarda ifodalangan bo‘lgani uchun ham u jahon adabiyotining noyob obidalaridan biriga aylandi.

– Bu gaplaringiz ayni haqiqat. Biroq Alisher Navoiyning jahon miqyosida yanada kengroq tanilishi, targ‘ib qilinishi yetarli darajada emasdek, nazarimda. Bu borada sizning fikringiz qanday?

– Fikringizga qo‘shilaman. Buning obyektiv va subyektiv sabablari bor. Biroz tarixga qaytsak. Alisher Navoiy hayoti va ijodi masalalari o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab dunyo sharqshunoslari e’tiborini tortib keladi. Rus va turk olimlari ko‘proq, g‘arb olimlari kamroq darajada bo‘lsa ham bu borada muayyan tadqiqotlarni amalga oshirib kelganlar va bu jarayon bugungi davrda ham to‘xtab qolgani yo‘q. Ammo hech bir davlatda Navoiy ijodi bizdagidek chuqur o‘rganilmagan. O‘tgan yuz yil davomida O‘zbekiston olimlari tomonidan ulug‘ shoir ijodi bo‘yicha necha yuzlab katta-kichik tadqiqotlar e’lon qilingan. Fidoyi manbashunos va matnshunos olimlarimiz dunyoda birinchi bo‘lib mamlakatimizda va turli davlatlar muzeylariga sochilib ketgan qo‘lyozmalarini o‘rganish orqali Navoiy asarlarining to‘liq ro‘yxatini tuzish va zamonaviy yozuvga o‘girishga muvaffaq bo‘ldilar. Natijada shoir asarlari minglab nusxalarda qayta-qayta nashr etilgan, asarlarining ilmiy-tanqidiy matnlari, ko‘pjildli to‘plamlari yaratilgan. Hatto sovet davrida ulug‘ shoir asarlarini rus tiliga tarjima qilish ishlari ham o‘zbek olimlarining tashabbusi bilan amalga oshgan.

Yaxshi bilasiz, sobiq Ittifoq yopiq davlat bo‘lgani uchun ham o‘zbek olimlarining tadqiqotlari chet ellarda mashhur bo‘lmagan. Boz ustiga, Alisher Navoiyni dunyoga tanitishga mavjud tuzum ham ro‘yxushlik bermagan. Chunki Navoiy ijodida ko‘tarilgan g‘oyalarning jahonga tarqalishi turkiy xalqlar o‘rtasida milliy birlashuvga sabab bo‘lishi va ayniqsa, o‘zbek xalqining buyuk o‘tmishidan dunyo xabardor bo‘lishi imperiyaparast kuchlarni xavotirga solgan. Bu – masalaning obyektiv sababi. Subyektiv sabablarga kelsak, mustaqil bo‘lgunimizcha mamlakatimizda chet tillarni keng o‘rganish rag‘batlantirilmagan. Katta yoshdagi kishilar yaxshi biladi, oliy o‘quv yurtlarida g‘arb tillari fakulteti eng reytingi past bo‘lim hisoblanardi. O‘zingiz shundan xulosa qilavering.

Navoiyshunoslarimiz arab va fors tillarini mukammal bilsalar-da, ingliz tilidan bebahraligi uchun milliy qobiqdan chiqa olmadilar, nari borsa, o‘z tadqiqotlarini rus tilida nashr qilishga erishdilar. Bu ham sanoqli olimlarga nasib etgan. Rus tilidagi kitoblar ham, yuqorida aytganimdek, qattiq senzura nazorati ostida nashr etilgan. O‘zbek olimlari o‘z tadqiqotlarini chet tillarda nashr qilishning iloji bo‘lmaganidan bu ishga qo‘l siltab qo‘yishgan. Shunday bo‘lgach, Navoiyni dunyoda targ‘ib qilishdan ko‘ra mamlakat ichida ko‘proq tanishtirish bosh maqsadga aylangan. Ayni mana shu ezgu harakatlari uchun ham ustoz navoiyshunoslarimiz oldida mangu qarzdormiz. Ayni shu insonlarning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston bugun jahon navoiyshunosligining markaziga aylandi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning amaliy harakatlari bilan O‘zbekistonning jahonga ochilishi butun dunyo turkologlarining o‘zbek navoiyshunoslari ishlari bilan yaqindan tanishishiga imkon yaratdi. Shuning barobarida davlatimiz rahbarining o‘zbek ziyolilarining ingliz va boshqa chet tillarni o‘rganishga qiziqishini oshirishga qaratilgan siyosati va bu borada yo‘lga qo‘yilgan rag‘batlantirish tizimi navoiyshunos olimlarning yangi avlodi uchun ham Navoiyni chet ellarga tanitish borasida katta imkoniyat berdi. Oxirgi yillarda chet ellarda o‘tkazilayotgan ilmiy konferensiya va simpoziumlarda qatnashayotgan o‘zbek navoiyshunoslarining safi kengayib bormoqda, olimlarimizning tadqiqotlari chet ellarda nashr etila boshladi.

–  Ustoz, bu lutfingizga bobo til bilan javob aytganda: “Umidim buldurkim, umidingg‘a yetg‘aysen!” Suhbatimiz so‘ngida sizga mushtariylarimiz nomidan minnatdorlik bildirgan holda, buyuk bobomiz tavallud ayyomi bilan ham qutlab qolamiz.

– Tashakkur.

Iqbol MIRZO suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596