Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.02.2025 | 09:04

img552

“UNUTMOG‘IL YANA BU NOMUROD BOBURNI…”

Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar qatorida Zahiriddin Muhammad Bobur ham nafaqat millatimizning g‘ururi va iftixori, balki butun insoniyat tamadduniga hissa qo‘shgan daho sifatida tilga olinadi. O‘z vaqtida kommunistik mafkura shunday ulug‘ siymoga ham necha asr berida turib tosh otishdan tiyilmadi. Uning buyuk ijodiy merosi esa sinfiy manfaatlar oldida arzimas deb hisoblanardi. Buning aksini isbotlamoqchi bo‘lganlar millatchilikda ayblanardi. Shuning uchun ko‘pchilik uning nomini tilga olishdan ham qo‘rqardi. Shunday murakkab vaziyatda – 1958-yilda Andijonda Mirzo Bobur tavalludining 475 yilligiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkaziladi. Unda ishtirok etganlarning jamoaviy surati saqlanib qolgan. Rasmda Ibrohim Mo‘minov, Azizxon Qayumov, Xadicha Sulaymonova, Sabohat Azimjonova, Abduqodir Hayitmetov, Gʻafur Gʻulom, Toshmuhammad Qori Niyoziy, Yahyo Gʻulomov va xalqimiz orasida katta obro‘-e’tibor qozongan yana bir qator ziyolilarni ko‘rish mumkin.

Suratda mening dadam – Abdumannob Egamberdiyev (kitobxonlar uni “Sariq ajdar hamlasi” tarixiy romani muallifi sifatida yaxshi bilishadi) ham kamtarona joyda, uchinchi qatorda turibdi. U kishi 1957-yili 29 yoshida Andijon davlat pedagogika institutining rektori etib tayinlangan edi. Albatta, o‘sha anjuman atoqli ilm-fan vakillari, adabiyot va madaniyatimiz namoyandalari, shoiru fuzalolarimizning xohish-irodasi va qat’iy talablari bilan o‘tkazilgan. Lekin tadbir Andijon pedagogika institutida o‘tkazilishida rektorning qarori hal qiluvchi rol o‘ynagani o‘z-o‘zidan ayon bo‘lsa kerak. Ma’lumki, o‘shanda tepadan “Mirzo Boburning yubileyini o‘tkazishga kim ruxsat berdi?” degan dag‘dag‘a yog‘ilgudek bo‘lsa, malomat toshlari birinchi bo‘lib rektorning boshiga tushardi. Lekin endigina karyerasini boshlagan, kelajakka yaxshi niyatlar bilan boqib turgan yosh Abdumannob Egamberdiyev bunday “xatarli” ishga qo‘l urishdan qo‘rqmadi. 

Anjuman nihoyatda yuqori saviyada o‘tkaziladi. Bundan jamoatchilikning dimog‘i chog‘ edi. Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari uchun Andijon musiqali drama teatrida konsert uyushtiriladi. El orasida keng tanilishga ulgurgan iste’dodli xonanda Faxriddin Umarov shu sana munosabati bilan Bobur Mirzoning “Jamoling vasfini, ey oy…” g‘azaliga kuy bastalab, ilk bor ijro etgan. Shunda dadam sahnaga chiqib quyidagi so‘zlarni aytgan ekan: “Bobur bu go‘zal g‘azalini yozib, kamon o‘qlariga o‘rab fazoga otgan ekan. U muallaq uchib yurib besh asrdan keyin Faxriddin Umarovning qo‘liga kelib tushibdi. Mana, bugun biz Boburning go‘zal g‘azalini yangidan kashf etdik”.

Kezi kelganda oilamizdagi ta’lim-tarbiya haqida to‘xtalib o‘tsam. O‘zim aniq fanlar sohasi vakiliman. Lekin bolalikda dadam qalbimda adabiyotga havas uyg‘otgan. “Temur tuzuklari” ilk bor “Guliston” jurnalida chop etilganida butun oila jam bo‘lib o‘qiganmiz. Ba’zan hovlida ishlaganimizda dadam oldimizga kelib, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” va boshqa she’rlarini baland ovoz bilan o‘qib berardi. “Boburnoma” bilan ham men ilk bor o‘shanda tanishganman.

Abdumannob Egamberdiyevning “Bul yurak dog‘indadur” kitobida millatimizning ardoqli farzandlariga bag‘ishlangan qator g‘azallar bor. Xususan, u kishi Mirzo Boburning “Topmadim” radifli g‘azaliga nazira bog‘lab shunday degan:

Sendan ortiq elsevar bir mehribonni topmadim,
“Andijon!” deb yig‘lab o‘tgan jonajonni topmadim.

Lekin dadamning Mirzo Boburga bildirgan yuksak ehtiromi uning “Jamoling vasfini, ey oy…” g‘azaliga yozgan muxammasida yorqinroq ifoda etilgan. Ma’lumki, biron shoirning g‘azaliga qofiya va vaznini saqlagan holda uch misra qo‘shish mumtoz she’riyatimizning keng tarqalgan janri muxammas (“beshlangan”) hisoblanadi. Bunda g‘azalning lafz va ma’nosining mutanosibligini saqlanishiga qarab uch misra baytlarning oldiga qo‘shiladi. Bu amal taxmis deyiladi. Lekin misralar baytning birinchi va ikkinchi qatorining orasiga ham qo‘shilishi mumkin. Unda bu usul tashtir deyiladi. Tashtirning boshqa nomi mutarrafdir. Taxmisshunos olim Tolibjon Ro‘ziboyevning yozishicha, arablarda mutarraf so‘zi boshi va quyrug‘i qora, o‘rtasi esa ochiq rangli otga nisbatan aytilgan. Keyinchalik bu atama she’riyatda qo‘llanilgan.

Yana uning yozishicha, bu janr asosan arab mumtoz she’riyatida qo‘llanilgan. O‘zbek mumtoz she’riyatida bu shaklda yozilgan tashtirlar deyarli uchramaydi. Dadam Bobur Mirzoning mashhur “Jamoling vasfini, ey oy…” g‘azaliga muxammas bitmoqqa chog‘langanida undagi ba’zi baytlar mantiqan yopiq, shuning uchun oldiga g‘azalning ma’nosini buzmasdan misralar qo‘shish muammosiga duch kelgan. Shundan keyin u ham tashtir (orasiga), ham taxmis (oldiga misra qo‘shish) usulini qo‘llab muxammas bitgan. Bu tashtir-taxmis usulida yozilgan muxammas aruz vaznining o‘zbek tilidagi san’atida yangi so‘z bo‘ldi.

Bobur Mirzo bilan bog‘liq yana bitta muhim mavzu bu – Andijon pedagogika institutiga uning nomini qo‘yish uchun kechgan oshkor-pinhon kurashlardir. O‘sha kezlarda KPSSning yoshlar orasida mafkuraviy ishlarni kuchaytirish siyosati jiddiy tus olgan edi. Shuning uchun 1953-yilda Markazqo‘mning maxsus qarori bilan Andijon o‘qituvchilar bilim yurti negizida Andijon davlat pedagogika instituti tashkil etilgandan keyin unga “VLKSM 30 yilligi” nomi berilgan edi. Bobur tavalludining 475 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan keyin jamoatchilikning institutga uning nomini berishga qaratilgan sa’y-harakatlari ham kuchaygan edi. Dadam bu borada viloyat va respublika rahbarlari bilan qizg‘in bahslashgani esimda. Bu nihoyatda qiyin ish bo‘lishiga qaramasdan dadam qat’iyat bilan harakat qilib, o‘z maqsadiga erishdi: oliy ta’lim dargohiga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi.

1980-yillarning o‘rtalarida, mamlakatda “o‘zbek ishi” deb nom olgan qatag‘on tufayli tang vaziyat vujudga keldi. Shunda ayrim laganbardorlarning ko‘rsatmalari bilan institutga “VLKSM 30 yilligi” nomi qaytarildi.

Nihoyat, mustaqillik sharofati bilan Andijon pedagogika instituti negizida Andijon davlat universiteti tashkil etildi va unga buyuk hamyurtimiz nomi berildi. Uzoq kutilgan adolat nihoyat qaror topdi!

Boburning insonparvar g‘oyalaridan cho‘chigan, adabiyotdan uzoq, hissiz amaldorlar allaqachon unut bo‘lib ketdi. Bobur Mirzo merosi esa hanuz barhayot. Uning olamshumul ijodi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun insoniyatga yuksak ilm-fan va mukammal adabiyot namunasi sifatida xizmat qilib kelmoqda. Zero, shoirning o‘zi kelajakka qarata aytgan:

Murod vasling erur – ayla yod Boburni,
Unutmog‘il yana bu nomurod Boburni!

Shuhrat EGAMBERDIYEV,
O‘zR FA Astronomiya instituti direktori, akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605