17.09.2025 | 09:31
455
VAQF – ILMDAN VOQIFLIK
Mushtdek bola vaqtimizdan kuzda paxta terimiga majburan haydalgan avlod vakilimiz. 1-sentyabrda o‘qish boshlanar, hafta o‘tmay maktablar yopilar va qora qishgacha otizdan chiqmasdik. Shunday zamonlar edi. Hozir gap bu haqda emas.
Elatimizdagi brigadaga tegishli yer maydonlarining o‘z atamalari bo‘lardi: “Chovdur karta”, “Traktor surgan otiz”, “Shavak”, “Cho‘plik” kabi. Yana ikki yerda “Vaqf karta” atalmish otizlar bo‘lib, u yerda paxta terishga navbat kelganida onam: “Bu otizda soyalama! U yerdan cho‘p ham olib bo‘lmaydi”, deb qulog‘imga quyganlari yodimda. Onalarimiz takror-takror ta’kidlaydigan bu nasihat ma’nosini anglash qayda? Bizga “vaqf” so‘zi “vahm” bo‘lib tuyular, shundan ko‘pincha o‘sha otizlarni “Vahm karta” atardik ham.

O‘tgan asrning 70-yillariga kelib, yangi oila qurganlar, turar-joylari eskirgan oilalarga imorat uchun yer maydoni ajratishga qaror qilinadi. O‘sha vaqtda amakimiz Riyimboy brigadir edi. U kishi yer uchun ariza bergan o‘n chog‘liq odamni oldiga solib, “Mesit” arig‘iga yondosh otizga olib boradi. Ariza yozganlar orasida eng keksasi Qobul buvaga: “Qani, Qobul buva qoziqlarni oling! Sizga birinchi bo‘lib o‘lchaymiz”, deb o‘lchov tayog‘ini paxtasi terilib, g‘o‘zapoyadan tozalangan otiz chekkasiga suqadi. Qobul buva: “Men bu yerda uy qurolmayman – bu vaqf yeri. Ilm o‘rgatilgan joyni tepkilab yashamayman”, deb turib oladi. Qobul buvaning gapidan so‘ng boshqalar ham ortiga tisariladi. Brigadir amakim nima qilsin, kecha boshqaruv raisi shu yerdan o‘lcha, degan topshiriq bergan. U jahli chiqqancha, o‘lchov tayog‘ini yelkasiga tashlab, ketib qoladi.
Kechqurun bo‘lib o‘tgan voqeani eshitgan rais tumandagi yig‘ilishda gap eshitib qaytgan, asablari o‘ynab turgan ekan, “Irim qilishdimi, o‘zlaridan ko‘rsinlar! Hammasini kolxoz markaziga ko‘chiraman”, deydi. Qobul buvaning bir og‘iz gapidan so‘ng elatimizning yarmidan ko‘prog‘i qishloq markazidagi posyolkaga ko‘chib ketishgan.
Elatning “biylar” urug‘i yashaydigan qismida olti-yetti sotixcha keladigan yaydoq yer ekilmasdan yotar, hatto u yerga odamlar mol-qo‘ylarini bog‘lamasdi. Qariyalar: “Bu yerda Biylar masjidi bor edi, bolalarni o‘qitishardi, o‘rislar kelgach buzishdi”, deganlari qulog‘imda. Onam tengqurlarim bilan shu yerda o‘ynab yurganimni ko‘rib qolsa, quvib solardi. Yer 80-yillargacha bo‘sh yotdi, keyin kolxoz raisi uning ustidan yo‘l soldi…
Qo‘shni qishloqlik Odamboy mullaga ikki marta janoza o‘qilganini odamlar hali hamon eslashadi. Odamboy mullaning otasi ulamo inson o‘tgan – masjidda bolalarga saboq bergan, o‘zi ham bir muddat otasi qatida eski maktabda yoshlarning savodini chiqargan ekan. Salkam to‘qson yoshga kirgan Odamboy mulla buva omonatini topshirayotgan vaqti o‘g‘liga vasiyat qiladi: “Meni Sayyid Alijon qabristoniga, otam yoniga qo‘yinglar. Yo‘lning qabristonga burilish joyida mayitimni yerga qo‘yib, yana bir karra janoza o‘qilsin!” U kishining vasiyati bajarilgan. Mayitga ikkinchi marta janoza o‘qilgan yer otasi va o‘zi bolalarni o‘qitgan masjidning o‘rni bo‘lgan…
O‘zim guvoh bo‘lgan yoki eshitgan voqealarni keltirishimga sabab, ajdodlarimizning ilmga bo‘lgan hurmat-e’tibori, ilm beruvchi insonlar u yoqda tursin, ilm dargohlari va hatto shu dargohlar ilkiga berilgan yer maydonlarini asrlarki go‘yo moʻjiza bir maskan o‘laroq his qilishganidir. Bu odat sovetlar vaqf yerlarini avval yersiz odamlarga bo‘lib bergach, so‘ng kolxozlar ixtiyoriga o‘tkazgach, yana yarim asrlar davom qilgani hayratlanarli va e’tiborga loyiqdir.
Xonliklarda yoshlarga bilim berish tizimi ancha mukammal bo‘lib, bu nafaqat toliblarning ilm egallashi, balki tirikchiligi ham e’tiborga olinib, ta’lim olayotgan toliblar va domlalar soniga qarab har bir madrasaga alohida yer maydoni ajratilishi qonuniylashganida ko‘rinadi.
Xiva xonlari arxiv hujjatlarida shunday yozuvlarga guvoh bo‘lamiz:
“1275-yilda (milodiy 1858–1859-yillar) Muhammad Murod inoq madrasasi 1800 botmon bug‘doy oldi…
…Sherg‘ozixon madrasasiga qarashli yerlardan 1960 botmon bug‘doy undirilgan…”
Bu o‘rinda gap mazkur madrasalarga xon tomonidan ajratib berilgan yer maydonlaridan olingan hosil haqida ketyapti. Madrasa (va o‘z o‘rnida bolalar o‘qitiladigan katta-kichik masjidlarga ham) tolib-u o‘quvchilari soniga qarab ajratiladigan “vaqf” yerlarini tasarruf etish madrasa mutavallisi yoki masjid imomi ixtiyorida bo‘lgan.
Madrasa mutavallisi yoki masjid imomi ilkiga berilgan vaqf yerlarini vaqfkorlarga ma’lum miqdor hosilga egalik qilish evaziga berishgan. Vaqfkorlar esa yerlarni korandalarga ijaraga berib, dehqonchilik qilishgan. Ya’ni, bir yillik sarf-xarajatlarni qoplaydigan darajada hosil ko‘tariladigan vaqf yerlariga na mutavalli, na imom qadam bosishmagan. U yerlarda “tekin ishchi kuchi” sifatida toliblarni ishlatish ta’qiqlanganini aytib o‘tirmaylik.
Vaqfkorlar korandalarga yerlarni ijaraga berar ekan, ularning o‘z vaqtida bug‘doy ekishlari, oziqlantirishlari, sug‘orishlarini nazorat qilib turishgan. Yoz boshida bug‘doy o‘rib olingach, 3/1 qiymatda korandalar bilan bo‘lishib, asosiy hosilni madrasaga eltib topshirishgan. Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga tezpishar boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham ekilib, kech kuzda ulardan ikkinchi xirmon ko‘tarilganida ham taqsimlash yuqoridagi singari bo‘lgan.
Aholi adadi sakkiz yuz ming atrofida bo‘lgan xonlikda XIX asrning o‘rtalarida davlat yerlari masjid va madrasa yerlariga qaraganda ancha kam bo‘lgani yurtda ilm maskanlari soni ko‘pligini ko‘rsatadi. Davlat yerlari deganda xon va uning amaldorlari ixtiyoridagi yerlar tushuniladi. Vaqf yerlari miqdori qanchaligini tasavvur qilish uchun xonlik chor hukumati tomonidan bosib olingan davrda daryoning chap qirg‘og‘ida xonning amakivachchasi ilkida 20 ming tanob yer bo‘lganini eslatish kifoya.
Vaqf yerini korandalarga ijaraga beradigan vaqfkor uning necha tanobligidan kelib chiqqan holda ma’lum miqdorda soliq to‘laganini ham eslab o‘tish joiz.
…Endi yuqorida tilga olingan Muhammad Murod inoq madrasasi vaqf yerlaridan olingan 1800 botmon bug‘doyning nima maqsadlarda ishlatilganiga to‘xtalamiz. Bu miqdor bug‘doyning bir qismi madrasa mudarrisi, mutavallisi, boshqa xizmatchilari uchun o‘qish yilidagi ish haqlari bo‘lsa, bir qismi toliblarning kundalik oziq-ovqati uchun ishlatilgan. Xiva xonligida bir botmon 36 kilogrammga teng bo‘lganidan kelib chiqsak, demak, madrasa bir mavsumda salkam 70 tonna bug‘doy olgan. Tibbiy me’yorlarda bir kishi uchun yiliga 220 kilogramm bug‘doy ozuqa sifatida yetishi belgilangan. Agarda faqat ozuqa sifatida ishlatilganida ham, bu miqdordagi bug‘doy salkam uch yuz kishiga yetadi. Madrasalarda o‘sha vaqtda o‘rtacha 100–150 talaba saboq olgan. Domlalar va boshqa xizmatkorlar soni yigirmaga yaqin bo‘lgan. Bundan kelib chiqsak, madrasa mutavallisi bug‘doyning ortiqcha qismini sotib, toliblar ovqatlanishi uchun zarur boshqa mahsulotlarni olgani ma’lum bo‘ladi.
Qishloq joylardagi masjidlarda faoliyat yuritgan eski maktab ataluvchi o‘quv dargohlariga ham bolalar soniga qarab vaqf yerlari ajratilgan. Odatda, ovul va elatlardagi masjidlarda yigirma nafargacha bola tahsil olgan. Vaqf hosilining bir qismi bolalarga saboq beradigan imom yoki xatib maoshiga, bir qismi o‘quv qurollari xarid qilish uchun sarflangan. Bolalar masjidda tushgacha saboq olgani uchun ularga issiq ovqat berilmagan. Imomlar saboq bilan mashg‘ul bo‘lganidan dehqonchilik qilishga vaqti bo‘lmaganki, ularni rag‘batlantirish uchun aynan vaqf yerlari ajratish usuli qo‘llanilgan.
“O‘zbekiston SSR tarixi” nomli ko‘p tomli asar yozgan “bilag‘on” tarixchilar “xalq maorifi” bo‘limida asriy tamoyilda bo‘lgan vaqf tizimini o‘rganish, tahlil etish o‘rniga uni “toshbo‘ron qilish”ni ma’qul topgan: “Vaqf mulklarining ko‘p yoki ozligiga qarab madrasalarning mudarrislari va mullavachchalari turlicha ta’minlanganlar, lekin ko‘pgina madrasalarda ta’minot oz edi”. Asrlarki amalda bo‘lgan tizimga tosh otishdan oldin, hech bo‘lmaganda, o‘sha “ta’minoti oz edi” luqmasini biror misol bilan ko‘rsatib berishmagan. Aslida ko‘rsatib beradigan misol topa olishmagan.
Vaqf usuli ta’lim tizimining davlat tomonidan moliyalashtirilganini bildiradi. Har qanday tuzumda yer davlatning bosh boyligi sanaladi. Tarixda barcha urushlar aynan yer uchun bo‘lgan. Demakki, taxt so‘ragan hukmdorlar vaqf tizimini yaratib, hamisha uni saqlab, takomillashtirishga bosh bo‘lgan ekan, ular yurtdan bilimli ulamolar, olimlar yetishib chiqishi tarafdori bo‘lgan. Sovetlar “zulmkor, ilm-fandan yiroq xonlar” haqida to‘qigan cho‘pchaklar shu o‘rinda o‘z-o‘zidan ko‘pikdek yorilib ketadi.
Arabiydan tilimizga o‘tgan “vaqf” so‘zining ogohlik ma’nosini beruvchi “voqif” so‘zi bilan o‘zagi bir. Qarangki, vaqf insonlarga bilim olish, dunyoni tanish, farovon turmush poydevori bo‘lishidan ogoh qilgan, bilimsizlik jaholatga olib kelishidan ogohlantirgan.
Yana bizda qadimdan kitoblarni vaqf qilish amalda bo‘lganki, bu endi alohida mavzu.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
