Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.10.2024 | 12:30

img770

“VATAN! BOR QISMATIM SHU BIR SO‘ZDA HAL…”

Vatan va millat hayotining yuksak va jonli tasviri Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir kabi ulug‘ shoirlarimizning she’rlarida ham mavjud. Lekin ustozlaridan farqli ravishda Abdulla Oripov mavzuning qaltis qirralari­ni cho‘chimasdan, sovet mafkurasining bir yoqlama­lik­ka rioya qilish talablaridan kechib, yangicha yo‘l tutdi. Bu esa haqiqatda she’riyatimizda hali ravshan ko‘rinmagan jasorat edi. Shoir “O‘yla­rim” nomli she’rida “Vatan! Bor qismatim shu bir so‘zda hal”, degan edi. Vatan mavzusini yoritishda Abdulla Oripov ustozlaridan (masalan, tilda, obrazli tasvir va ohang yaratishda) o‘rgangan, lekin u taqlidga yon bermaganidek, takrorga ham yo‘l qo‘ymagan. Buning ham o‘ziga xos sabablari bor, albatta.

Birinchidan, Abdulla Oripov ulkan talant. Talantli shoir esa, qaysi mavzuda qalam teb­ratmasin, hamisha o‘zining gapini, ya’ni yangi fikr-tuyg‘ularni aks ettiradi.

Ikkinchidan, Abdulla Oripov yurt tarixi va taq­dirini o‘zicha mushohada etadi, o‘zicha ko‘ra­di. Shuning uchun Gʻafur Gʻulom, Oybek, Shayxzoda va Mirtemir nigohidagi Vatan bilan Abdulla Oripov tasavvuridagi Vatan ma’lum farqlanishlarga ega. Shu ma’noda Abdulla Oripovning o‘z Vatani bor.

Millat, til, tarix, din tushunchalari bo‘lmasa, Vatan so‘zi o‘z-o‘zicha muhim bir ahamiyat kasb etmaydi. Shoirning dastlabki ijod namunalaridan bo‘lgan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’rini o‘qigan kishi Vatan degan tushunchaning tub mohiyati xalq qismati va haqiqatlari orqali yoritilganligiga iqror bo‘ladi. Uning:

…Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo‘lsa kechirma aslo!

– degan satrlari xuddi qasamday yangraydi. Sovet zamonida yurt va millat to‘g‘risidagi haqiqatni to‘la-to‘kis ifodalash imkoni yo‘q edi. Tildan, tarix va qadriyatlardan bahs yuritish ham yozilmagan qonunlarga ko‘ra cheklangan edi. Aksariyat shoirlar Vatan va millatni baxt, baxtiyorlik, ulkan zafarlar og‘ushida tasav­vur etar, yozgan she’rlari ham soxta ko‘ta­rinkilikka asoslanar edi. Shu boisdan ham shoir she’rlarida “Vatan” so‘zi – asosiy so‘z va bosh tushuncha bo‘lib qolmasdan, milliy his-tuyg‘u va haqiqatlarni ochib ko‘rsatadigan kalit hamdir. Abdulla Oripovning Vatan ishqi va dardi bilan yo‘g‘rilgan she’rlarining yana bir muhim xususiyati shundaki, ularning har biri u yoki bu darajada she’rxonni o‘zligini bilishga, “Sen kimsan, ajdodlaring kim, erk va hurriyat beshiging qayonda?” degan savollarga mustaqil javob izlash va topishga undaydi.

Abdulla Oripov she’rlarining ichki ruhini tu­shun­gan o‘quvchining ko‘ngli tabiiy ravishda yurt­dan g‘ururlanish, fidokorlik, ona diyorga yaqinlik hissiyotlari bilan boyiydi.

Ulug‘ shoirimizning asosiy xizmatlaridan biri – yurt va xalq mavzusini yolg‘ondan, yuzakilik va madhiyabozlikdan nisbatan tozalashga erishganida edi. U ona diyorining quvonch va shodliklari bilan birga dard va azoblarini, muvaffaqiyat va taraqqiyoti bilan bir qatorda g‘am va qayg‘ularini ham dadil ifodalay oldi.

Uning so‘zlari to‘g‘ri, samimiy va haq­qo­niy­ligi bois she’rxon qalbini tez ishg‘ol etdi. Abdulla Oripov qaysi g‘oya yoki mavzuda she’r yoz­masin, yo bevosita, yo bilvosita Vatan haqida so‘zlab, Vatan va xalqqa daxl­dor o‘tkir bir fikrni mohirlik bilan ifodalashga erishgan. Masalan, “Armanis­ton” she’rini olaylik. Shoir arman xalqi va diyorining o‘tmishi haqida mulohaza yuritar ekan, kutilmaganda mana bunday achchiq haqiqatga e’tiborni qaratadi:

Mening ham Vatanim janglar guvohi,
Mening ham tuprog‘im toptalgandir xor.
Mening ham ruhimda ajdodlar ohi
Mening ham qonimda qilich zangi bor.

Bu satrlar eng mudroq va loqayd kimsa­ning ham ko‘ngliga o‘qday sanchilib, qonini junbishga keltirmasligini tasavvur qilish qiyin. Vatanning tarixini va umumiy ahvolini chuqur bilgan, jafokash xalqni jon-u dildan sevgan shoirgina o‘z ruhida ajdodlar ohini his etib “Mening ham qonimda qilich zangi bor” deyishi mumkin. Yoki xuddi shu she’rdagi mana bu satrlarga e’tibor beraylik:

Tarix deb atalgan qismat bu axir,
Yonida hattoki yuztuban xudo.
Kimni u kamsitib etmagan tahqir,
Kimni u yurtidan etmagan judo.

Bu alam va faryodning ildizini faqat o‘tmishdan axtarish to‘g‘ri emas, albatta. Chunki “Kimni u yurtidan etmagan judo” misrasida yurtga egalik tuyg‘usidan qanoat topmagan shaxs­ning hasrati va nadomati yashiringandir. Tarix va tarixiy voqealar, ­tarixiy shaxslar­ning juda murakkab muammo va masalalariga ishorat etish Abdulla Oripovning sevgan usullaridandir. Ko‘p she’rlarida, jumladan, “O‘zbekis­ton” qasidasi va “Yuzma-yuz” manzumasidagi ayrim ishoratlarni jur’at va shijoatning yuksak nishonasi desa mubolag‘a bo‘lmaydi. “O‘zbekiston” qasi­dasida shoir bosqinchilar va bosqinchilikni qoralab:

Har uchragan nokas-u nodon
Ona xalqim, yoqangdan tutdi,

– deydi. Biz “nokas”, “nodon” so‘zlariga ko‘p marta duch kelganmiz. Uning lug‘aviy ma’no­larini yaxshi bilamiz. Shunga qaramay, ularning mazkur kontekstda kutilmagan ­yangi ma’no qirralari bilan namoyon bo‘layot­ganini payqash qiyin emas. “Nokas” odatda “baxil”, “sulla” ma’nolarini anglatadi. Bu yerda esa so‘zning tarixi – etimologik ma’nosi “no+kas”, ya’ni “odam emas” ifodasidagi ma’no ham qalqib chiqqan. Va “Seni Chingiz g‘azabga to‘lib, yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan…” deya fikrini davom ettiradi. Sezgir o‘quvchi esa “har uchragan nokas-u nodon” so‘zlari faqat arab yoki mo‘g‘ul bosqinchilari­ga tegish­li emasligini oson ilg‘aydi. Boshqa bir she’ridagi:

Bosqinchi so‘zining ma’nosi shulki,
Nonga to‘yganda ham to‘ymas makonga…

– bayti haqida ham shunday deyish mumkin.

Mumtoz adabiyotimizda “husni ta’lil” degan badiiy san’at qo‘llangan. U asoslash san’atidir. Shoir hayotiy mantiqni anglab, his qilib turgani holda, ongli ravishda undan voz kechib, uning o‘rniga shoirona asosga yo‘l beradi. Masalan, gulning poyasi (“oyog‘i”) bitta ekanligi yaxshi ma’lum. Shoir uchun esa u yor-ma’shuqa uchun bir oyog‘da turib qulluq qilayotgan holatni eslatadi:

Seni husningni ko‘rib gul bog‘da
Tapug‘ aylar turub bir oyog‘da…
(Atoiy).

Xuddi shunga o‘xshash Abdulla Oripovda ham “bosqinchi” so‘zining ma’nosi nonga to‘ysa ham, makonga to‘ymaydigan (odam) tarzida izohlanadi. Bu shoirning mazkur so‘zga qo‘shimcha ma’no yukini yuklay bilganidan pay­do bo‘ladigan holdir. Shoir ijodida bu xil misollarni ko‘p­lab uchratish mumkin.

“O‘zbekiston” qasidasini e’lon qilish, – deydi shoir, – men uchun qiyin bo‘ldi. Muharrirlar quyidagicha talab qo‘ydilar: tariximiz, bugunimiz yaxshi aytilibdi… Lekin Rossiya haqida bir bayt bitishingiz shart”. Shunday sharoitda Vatan va xalq haqida maqtov so‘zlarini bitish o‘ng‘ayroq bo‘lganligi hech kimga sir emas.

Shoir favqulodda falsafiy iqtidor sohibi bo‘l­ganligi bois Vatan tushunchasiga turli tomon­dan yondashadi va bu serqirra mavzuni butun kengligi, butun ulug‘vorligi bilan badiiy talqin qilishga urinadi. Shuning uchun shoir she’rlarida qadim tariximizning nafasi, bobo­larimizdan meros qolgan diniy va milliy qadriyatlar, xalq­ning kurashchanligi, mardlik va qahramonlik fazilatlari, yurtning har bir giyohini e’zoz­lash, ilm va ma’rifatda bayroqdor bo‘lish kabi juda ko‘p xislat va fazilatlar mujassamlashgan.

Gulbahor ASHUROVA,
filologiya fanlari doktori,
Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari

“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605