22.10.2025 | 09:45
4820
VIJDON KO‘ZGUSI
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizda mahalla institutining vakolatlari kengayib, uning jamiyatdagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Bugun mahallaga shunchaki o‘zini o‘zi boshqarish organi emas, balki aholining hayotiy ehtiyojlariga javob beruvchi, jamiyatning har bir bo‘g‘inida taraqqiyot va farovonlikni ta’minlovchi qudratli institut sifatida qarash odat tusiga kirdi.

Mahalla deganda, dunyoda kamdan kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘unlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob ijtimoiy tuzilmani tushunamiz. Demak, mahallani davlat organi emas, balki fuqarolik jamiyati instituti sifatida e’tirof etish lozim.
Mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohot natijasida barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasida shakllantirildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib, davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlash uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etdi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “mahalla” atamasini ilk bor Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida uchratamiz. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavjudligi va ularning tashkiliy-maqomiy vazifalari xususida mulohazalar uchraydi. IX asr tarixchisi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida Buxoroda bundan 1100 yil oldin ham mahalla va guzarlar bo‘lgani qayd etiladi. Keyingi davrlarning olim va mutafakkirlari mahallani qo‘ni-qo‘shnichilikka asoslangan jamoa sifatida ta’riflab, uning tarixini bevosita Movarounnahr shaharlari bilan bog‘laydilar.
Alisher Navoiy ijodida ham mahalla maqomi, uning jamiyat hayotidagi roli haqida muhim fikr va g‘oyalar ilgari surilgan. “Majolis un-nafois” asarida mahallalar xususida, jumladan, quyidagi ma’lumotni uchratamiz: “Do‘stmuhammad Marg‘ani mahallasidandur. Ham she’rg‘a, ham muammog‘a ta’bi yaxshidur”. Ushbu ta’kid shuni ko‘rsatadiki, Alisher Navoiy yashagan davrda ham mahallaning nufuzi, mahalladoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va tinchlik qadrlangan. Navoiy Hirotning Marg‘ani mahallasida yashar ekan, u yerga suv chiqargan, shaharning eng go‘zal mavzesiga aylantirgan.
O‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtojlar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar avvalambor mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan. Biz “Mahalla – ham ota, ham ona” degan hikmatli naqlni ana shu hayotiy haqiqatning ifodasi sifatida qabul qilamiz.
So‘nggi yillarda mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun o‘zini o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda. Mahallaning iqtisodiy rivojlanishdagi roli sezilarli darajada oshdi. Mahallalarda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahalla boshqaruviga katta e’tibor bugun mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning xalqchilligidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda shu haqda atroflicha so‘z bordi. Xususan, mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Demak, kambag‘allikni qisqartirishda mahallaning o‘rni beqiyos.
Mahalla faollari har bir oilaning sharoitini o‘rganib, ularga manzilli yordam ko‘rsatadi. Bu yordam moddiy ko‘mak, ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tibbiy xizmatlar va boshqa shakllarda bo‘lishi mumkin. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilgani, ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratilgani, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, ijobiy natijalarga erishayotgan mahallalar ko‘p. Biroq, ayrim mahallalarda yagona jamoa bo‘lib ishlash, mavjud resurslardan to‘liq foydalanish borasida muammolar kuzatilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasini alohida ta’kidlab, uni respublika, viloyat, tuman rahbarlari va “yettilik” uchun ko‘zgu, sifat va kompetentsiyani oshirishga undovchi omil sifatida ko‘rsatib o‘tdi. Sho‘rariq mahallasining muvaffaqiyati, avvalo, mahalliy rahbarlar va aholining birdamligi, maqsad sari intilishi va tashabbuskorligi sabablidir. Mahallada har bir imkoniyatni aniqlab, uni istiqbolli loyihaga aylantirish, ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromadini oshirishga qaratilgan aniq rejalar ishlab chiqilgan. Bank va soliq xodimlarining ko‘magi, ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanish, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali mahalla qisqa vaqt ichida sezilarli natijalarga erishgan.
Prezidentimiz tomonidan Sho‘rariq mahallasi tajribasining alohida ta’kidlanishi bejiz emas. Bu orqali davlatimiz rahbari barcha mahalla rahbarlarini birdamlikka, tashabbuskorlikka, o‘z hududlaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirmoqda. Bu tajribani o‘rganish va o‘z hududida qo‘llash orqali boshqa mahallalar ham iqtisodiy rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga erishishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan hafta imzolangan qaroriga muvofiq, mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi. Mazkur qaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ortda qolayotgan hududlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yaxshilash va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan. Ajratilayotgan mablag‘lar yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, maktablar, shifoxonalar, madaniyat markazlari va sport maydonchalarini qurish va ta’mirlash, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish, kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashga sarflanishi bilan ahamiyatlidir. Belgilangan vazifalar amalga oshirilishi natijasida ortda qolayotgan hududlar rivoji tezlashadi, aholining turmush darajasi yaxshilanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, infratuzilma modernizatsiya qilinadi.
2026-yildan boshlab mahallalar byudjeti uchun har yili 200 milliard so‘m ajratiladi. Buning natijasida mahallalarning moliyaviy mustaqilligi ta’minlanadi, infratuzilmasi yaxshilanadi, aholining turmush darajasi oshadi, mahalliy boshqaruv organlarining roli kuchayadi. Bugungi kunda mahallalarga boshqa imtiyozlar ham berilganini ta’kidlash joiz. Bir oy oldin “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradigan bo‘ldi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yili yana mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezidentimiz bu borada yana bir yangilikni e’lon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qiladi. Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Mahallalarga 2 ming kvadrat metrgacha bo‘sh davlat obyektlarini auksionga chiqarish vakolati berilgan. Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvadratgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahallaning o‘zida qoladi va infratuzilmaga sarflanadi. Shu bilan birga, mahalla binolarini zamonaviy servis obyektiga aylantirish uchun tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar beriladi.
Yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechimini topish zarur bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, oilaviy ajrimlar, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimizning mahallalar faoliyatini yanada kuchaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari nafaqat mahallalar rivojiga, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Belgilab berilgan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida va yuksak samaradorlik bilan hayotga tatbiq etilishi, mahallalarning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishini ta’minlaydi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari, o‘zgarishlar va aholining kayfiyati, avvalo, mahallada seziladi. Shu ma’noda, mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni ko‘zgusi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
O‘ktam HAMRAALI
“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324



