27.07.2026 | 16:15
487
XALOSKOR
– Oyi, kitob olib bering!
– Nima qilasan kitobni? Hozir hech kim o‘qimayapti-ku! Uyga boraylik, telefonimni beraman, o‘ynaysan.
(Kitob do‘koni yonidagi ona-bola suhbatidan)

Radio va televideniye kirib kelganda ko‘pchilik, endi odamlar kitob o‘qimay qo‘yadi, deb jiddiy cho‘chigan edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Kitob o‘zining yuksak nufuzini, qadr-qimmatini asrab qoldi. Ammo, afsuski, smartfon paydo bo‘lganidan so‘ng kitobdan uzoqlasha boshladik, kitob inqirozi yuzaga keldi. Qo‘limiz kitobni varaqlashdan ko‘ra, telefonni erkalashni afzal ko‘rdi.
Go‘yo ochofat chigirtka quyuni dalalarni payhon qilib, qiron solganidek, gadjetlar odamlarning fikrini, dunyoqarashini, bilimini sayozlashtirib yubordi.
Bir gapni ochiq aytay: telefonga qarshi emasman. Bu ham insoniyatning aql mahsuli. Afsuski, bizni kitobdan ko‘ra, telefon sehri ko‘proq joduladi. Ana shu jodugar aqlimiz, idrokimiz va tafakkurimizni ancha zaiflashtirayotgani juda tashvishli…
Shu o‘rinda bir misol keltiray: xonadonimizda shunday voqea sodir bo‘ldi. Nabiralarimiz buvisining tug‘ilgan kunini nishonladik. Zalda kattagina stolimiz bor. Kamina shu stolning bir chetida o‘ltirib, u-bu narsa qoralayman. Yana bir chetida esa doimo 5-10 ta kitob turadi. Bo‘sh qoldim deguncha, qo‘limga olaman. Nabiralarim ham kitoblardan birortasini varaqlab ko‘rarmikin, zora qiziqib o‘qisa, deb o‘ylayman. Ba’zan kitoblarning ibratli joylaridan o‘qib beraman. Bu foyda bermaydi. Chunki ularning hammasi o‘sha matoh bilan andarmon.
O‘sha kuni o‘g‘lim onasiga yangi chiqqan telefon sovg‘a qildi. Nabiralar yugurib borib, ayfonga asalariday yopishdi. Ulardan oldin telefonni qo‘limga oldim-da, stol burchagida turgan kitoblarga ishora qilib, shunday dedim:
– Qaranglar, mana bu kitoblar doim shu joyda turadi. Lekin birortangiz varaqlab ham ko‘rmagansiz. Yangi telefonni ko‘rib, joyingizda o‘tirolmay qoldingiz.
Hamma jim bo‘ldi. Lekin nabiralar kitobga emas, ko‘zlari yonib, hali ochilmagan yangi telefonning g‘ilofiga intizorlik bilan termulib turardi.
Bu dakkim faqat nabiralarimga emas, balki o‘smir va yoshlarga tegishli, deb o‘ylayman.
Yana bir gap: bolalarning kitob o‘qimasligi, telefonga mukkasidan ketishiga ota-onalarning loqaydligi ham sababchidir. Kitob mavzusida bo‘lgan bir teleko‘rsatuvda: “Avval onalarning qo‘lidan telefonni olish kerak. Shunda butun oila kitob o‘qishga qaytadi”, degan edim. Chunki bola ko‘proq onasi yonida, onasi ko‘magida voyaga yetadi. Ona qo‘lidagi telefonga bola, albatta, mahliyo bo‘ladi, uni ushlab ko‘rgisi keladi…
Bu faqat oilalarning, yoshlarning muammosi emas, balki jamiyat, bir tuzumdan yangi tuzumga o‘tish jarayonida sodir bo‘layotgan umuminsoniy dardlar va jiddiy muhim vazifalar ekani ayon bo‘layotir…
* * *
Men o‘rtaga tashlagan kitobxonlik muammosi butun dunyoda dolzarb bo‘lib turibdi. Ba’zi davlatlar smartfonlardan o‘smirlar foydalanishini qonun darajasida taqiqlab qo‘yayotganiga guvohmiz. Lekin biz temir qoidalardan ko‘ra, o‘zbekona rag‘bat va ibratni afzal ko‘radigan xalqmiz.
Prezidentimiz “Milliy kitobxonlik harakati” dasturiga start bergan tarixiy kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidlarkan, bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekanini alohida qayd etdi.
“Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi”, – dedi Prezident.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omildir.
Davlatimiz rahbari ulug‘ ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lgan.
Shu ma’noda, mamlakatimiz xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi ta’kidlandi. Bular – bebaho ilmiy va ma’naviy merosimiz hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalardir.
* * *
Kitobni “Birinchi moʻjiza” deya benihoya qadrlagan O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov uzoq yillar oldin jiddiy ogohlantirgan edi: “Hozirgi yoshlar o‘rtasida yalpi ravishda kitobdan yuz o‘girish, imkoni boricha kam o‘qish kasali paydo bo‘lgan. Nega? Ehtimol, bunga biz – kattalar aybdormiz. Ehtimol, har xil dastur-u talablarga amal qilib, bolalarning avji o‘qiydigan paytida ularga bo‘lar-bo‘lmas kitoblarni tiqishtirib yotgandirmiz va bu qilig‘imiz bilan biz o‘zimiz ulardagi havasni tag-tomiri bilan yo‘q qilayotgandirmiz. Ehtimol, biz – kattalar eng yaxshi niyatlar bilan qurollangan holda, ustimizga dono murabbiy libosini tashlab olib, kitob o‘qishdek huzurbaxsh bir ishni zerikarli bir mashg‘ulotga, kishini diqqinafas qilishdan boshqa narsaga yaramaydigan majburiyatga aylantirib qo‘ygandirmiz”.
Ustoz ushbu suhbati davomida yana shunday umidbaxsh fikrlarni bildirgan: “Albatta, yangi asrda juda ko‘p yangiliklar bo‘ladi, lekin men aminmanki, kitobning janozasini o‘qishga hali erta. Menimcha, kitob degan narsa insonning tabiati, mohiyati bilan bog‘liq bo‘lgan buyuk moʻjizadir. Inson bor ekan, kitob ham qay bir shaklda yashayveradi. Shundoq ekan, bu moʻjizadan bahramand bo‘lishdan to‘xtamang, azizlar!”
Kitobsevar ulug‘ muallimning: “Bu moʻjizadan bahramand bo‘lishdan to‘xtamang, azizlar” degan dono so‘zlarini shior qilib maktablar va oliy o‘quv yurtlarida yozib qo‘yish kerak, deb o‘ylayman. Ko‘z ko‘rganini aql eslab qoladi.
Kitobga do‘st bo‘lsangiz, u sizni hech qachon yolg‘iz tashlab ketmaydi. Sizni kelajakning nurli manzillariga ishonch bilan boshlaydi, tafakkuringizni charxlaydi. Kitob sizga dunyo va hayotning sirlarini ochadi. Siz eshitmagan, bilmagan, o‘qimagan tilsimlarning kalitlarini hadya etadi. Tarix va taraqqiyotdan saboq beradi.
Agar kitobni quyosh nurlari ostida o‘qisangiz, butun vujudingizda quyosh yog‘dusi jilva qiladi. Agar oy nurida o‘qisangiz, tafakkuringizda uning nurlari barq urib namoyon bo‘ladi.
Kitobni yuksak mehr-muhabbat bilan sevib, ardoqlab o‘tgan yana bir ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov shunday yozgan edi: “Alloh nurni yaratgan ekan va O‘zi ham shu nur ichida ekan. Kitob ham ilmlar, hissiyotlar, aqllarning nurnomasidir. Mening haqiqatim shuki, odam kitoblar olamiga sho‘ng‘imaguncha hech qachon sayqal topmaydi. Kitoblar inson hayotining xayrli pog‘onalaridir”.
Ibratli va teran umri kitob bilan hamisha dildosh, fikrdosh bo‘lgan mutafakkir ustoz yana bir maqolasida shunday yozgandi: “Men kitob o‘qish maqtanarli bir narsa, deb bilmayman. Odam non yeyishi, suv ichishi, havo olishi bilan hech qachon maqtanmaydi-ku, to‘g‘rimi?..”
* * *
Ba’zilar kitob tufayli ro‘yobga chiqadigan buyuk xazinalarni, ilm durdonalarini chetlab o‘tib, o‘tkinchi hoy-havaslar, yengil va soxta yo‘llar bilan boylik orttirish, poydevori yo‘q imoratlarda shunchaki hayot kechirishni orzu qiladilar. Quruq orzu bilan yashab bo‘lmaydi axir!
Kitobning bebaho o‘rnini faqat kitob bosadi. Kitobning inson hayotidagi vazifasi beqiyos darajada yuksak. “Kitob o‘qishga vaqtim yo‘q”, deyish – faqat bahona. Mutolaa uchun xohish va istak kerak. Nega yapon xalqi ilg‘or va aqliy yuksak millatlar qatorida muqim turadi. Chunki ular har kuni qirq daqiqani kitob mutolaasiga qat’iy ajratar ekan. Yuksalib borayotgan xalqlari kitob bilan dunyoni hayratga to‘ldirayotganini ko‘rib turibmiz. Doim kuzatib kelaman, ko‘p yillardan buyon hindistonliklar kitob o‘qish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni bermay kelayotir.
Afsuski, biz telefondan to‘g‘ri foydalanishni hali hanuz bilmaymiz. Yengil-yelpi, sayoz va quruq narsalarni, bachkana voqea yo arzon kulgi aks etgan kontentlarni qayta-qayta ko‘rishdan erinmaymiz. Telefonda berilayotgan odob-axloq, tarbiya mavzusidagi chiqishlarni chetlab o‘tamiz. Qaragimiz ham, o‘qigimiz ham kelmaydi.
Shu o‘rinda, kitob o‘qish tufayli tafakkuri yuksalib, rivojlanib borayotgan davlatlarning yirik shaharlarida qancha kitob do‘konlari mavjudligi haqidagi ibratli ma’lumotlarni keltirmoqchimiz. Masalan, Shanxayda 3800, Tokioda 1430, Parijda 1134, Nyu-Yorkda 839, Moskvada 542, Mumbayda 525 ta kitob do‘koni faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
Bugun Yer sharining murakkab taqdiri, tahlikali holatining yechimi kitobdadir. Urushlar, vayronagarchilikka faqat kitob qalqon bo‘la oladi. Insoniyat ma’naviyatni saqlab qoladimi yo yo‘qmi – bu muammoni hal qilishda kitob hakamlik vazifasini bajaradi.
Bir vaqtlar kitob bizning do‘stimiz, deb quvonch bilan aytardik. Chunki u haqiqiy va chin do‘st edi. Bugun esa – xaloskorimiz!..
Ashurali JO‘RAYEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-iyuldagi 30-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

