Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.11.2026 | 12:44

img412

XIRMONGAÇA YÖL

Yangi Özbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod yuksak paxta xirmoni bunyod etildi. Muhtaram Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev şu munosabat bilan Özbekiston dehqon va fermerlari hamda barça qişloq xöjaligi xodimlariga tabrik yölladi. Jumladan, tabrikda: “Biz keyingi yillarda tarmoqni öta oğir ahvoldan olib çiqiş uçun avvalo çigit ekiladigan maydonlarni 38 foizga qisqartirib, paxta monopoliyasiga barham berdik. Sohani ilm-fan yutuqlari, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida rivojlantirişga ustuvor ahamiyat qaratdik”, deya ta’kidlanadi.

Darhaqiqat, bugun Yangi Özbekiston paxtaçiligi yangi bosqiçga kirmoqda. Qişloq xöjaligida, jumladan, paxtaçilikda ham bozor tamoyillari, fermer va klasterlarni qöllab-quvvatlaş, yangi navlar, yuqori hosilli texnologiyalar, uruğçilikni yaxşilaş, suv tejaş, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, texnika va ilm-fanga asoslangan boşqaruv tizimlari izçil joriy etilmoqda.

Savol keltirib çiqargan natija

Sönggi oltmiş yil içida dunyo böylab paxta hosildorligi sezilarli darajada oşdi. Bugungi kunda yetakçi mamlakatlar nihoyatda yuqori natijalarga erişmoqda: Xitoy gektaridan taxminan örtaça 90 sentnergaça paxta xomaşyosini yetiştiriş bilan dunyoda birinçi öringa çiqib olgan bölsa, Avstraliya 55 sentnergaça, Turkiya esa taxminan 50 sentner örtaça körsatkiçga ega. Braziliyada hosildorlik örtaça 40-45, AQŞ, Pokiston va Hindistonda esa bu raqam şaroitga qarab 15-25 sentnergaça. Dunyo böyiça örtaça körsatkiç 30-35 sentner orasida.

Şu fonda Özbekistonning paxtaçilik tarixi alohida e’tiborga molik. Uzoq yillar davomida mamlakatimizda paxta xomaşyosi hosildorligi gektariga örtaça 25-30 sentner atrofida qolib keldi, ba’zi yillarda esa şunga ham yetib bölmadi. Asrlar davomida paxta ekib kelgan, Farğona va Zarafşon vodiylarida serunum suğoriladigan yerlarga ega, dunyodagi eng katta paxta maydonlaridan birini öz içiga olgan mamlakat uçun bunday quyi körsatkiç öta ajablanarli holat edi. Ötgan yili esa dalalardan 70-90 sentnergaça paxta xomaşyosi kötarilib, yurtimizda örtaça hosildorlik 45 sentnerga yetdi. Bu salmoqli qadam böldi.

Asrlar davomida paxta ekib kelgan Farğona va Zarafşon vodiylarida serunum suğoriladigan yerlarga ega, dunyodagi eng katta paxta maydonlaridan birini öz içiga olgan mamlakat uçun bunday quyi körsatkiç öta ajablanarli holat edi. Ötgan yili esa dalalardan 70-90 sentnergaça paxta xomaşyosi kötarilib, yurtimizda örtaça hosildorlik 45 sentnerga yetdi. Bu salmoqli qadam böldi.

Xöş, nima uçun Özbekiston oldingi yillarda öz imkoniyatidan ança past natija körsatgan edi? Qanday qilib birdaniga yuqori natijaga erişildi, nima özgardi? Sohaga mas’ul sifatida menga köp savol berişadi: “Bu rostmi? Oldingi tarixdagidek qoğozdagi gap emasmi?”, “Ha, endi, har 10 yilda bir paxta böladigan yil keladi. Bu yil bölarmikin?”

Sönggi 8 yilda biz juda köp narsani özgartirdik: köçat qalinligi va ekiş sxemasi yangilandi, kösak qurti va begona ötlarga çidamli biotexnologik navlar olib kelindi, mahalliy yangilangan zamonaviy genotiplar rayonlaştirildi, klasterlar tizimi işga tuşirildi, davlat tomonidan misli körilmagan qöllab-quvvatlaş yölga qöyildi. Yaqinda Paxtaçilik kengaşi a’zolari bilan dunyoning nufuzli Nature Portfolio tizimidagi Scientific Reports jurnalida tarixiy özgarişlarni ilmiy asoslab, 2030-yilgaça prognozlar tahlil qilingan maqolani çop ettirdik. Xalqaro jamoatçilik buni model sifatida e’tirof eta boşladi.

Biroq mahalliy jamoalarimiz içida hali “rostmikan” degan ikkilaniş ketmayapti. Şu nuqtayi nazardan, paxtaçilikning 8 qoidasini e’lon qildik, fermerlarni ötgan 6 oy mobaynida öqitdik. Natija dalada körina boşladi. Ammo bugun paxtaçilikda eng muhim palla boşlaniş arafasida har qanday ikkilaniş va qoidaga amal qilmaslik katta zarar berişini oddiy qilib tuşuntiriş öta dolzarb. Keling, tuşunarliroq bölişi uçun avval ğöza va uning vegetatsiyasi haqida töxtalaylik.

Bizda paxta töla pişadimi özi?

Özbekiston paxta yetiştiruvçi davlatlar içida eng şimoliy hududlardan birida joylaşgan. Tabiiy vegetatsiya davri 170-250 kungaça çöziladigan ğöza Amerika, Afrika yoki Avstraliya dalalarida uzoq issiq mavsum hisobiga töla pişib yetiladi. Özbekiston şaroitida, garçi quyoş, issiqlik, suv, dehqonçilik tajribasi va parvariş madaniyati yetarli bölsa-da, ğözaning tabiiy jihatdan “töla” pişib yetilişi har doim ham oson keçmaydi. Vegetatsiya imkoniyati amalda 120-130 kun atrofida böladigan yurtimizda, odatda, qişning sovuq kunlari oktyabr oxiri – noyabr boşidan sezila boşlasa ham, avgust-sentyabr oylarida, hatto oktyabr boşida ham ğöza ösişga, şoxlaşga, barg çiqarişga, gullaş va yangi kösak boğlaşga intilaveradi.

Albatta, şu örinda oxirgi yuz yillikda özbek seleksionerlarining eng katta tarixiy yutuğini alohida e’tirof etiş kerak: ular ğözaning tabiatan uzoq vegetatsiyaga moyil navlarini Özbekistonning 110-130 kunlik qisqa mavsumida pişa oladigan madaniy navlarga aylantirişga ulkan hissa qöşdilar. Biroq ötgan yillardagi tajriba şuni körsatmoqdaki, ertapişar navning özi ham töliq yeçim böla olmaydi. Şuning uçun Özbekistonda yaratilgan ğöza navlari ertapişar bölsa-da, “ğöza yaxşi rivojlanyaptimi” degan savol bilan birga, “ğöza öz vaqtida pişadimi”, “kösak oçilarmikin”, “paxta toş bosarmikin”, “fermerning butun mavsum davomida qilgan mehnati haqiqiy terib olinadigan hosilga aylanarmikin yoki bir qismi oçilmagan kösaklar dalada qolib ketarmikin” degan savollar bugun juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, paxtada haqiqiy hosil köz bilan sanab qöyilgan yaşil kösak emas. Haqiqiy hosil – pişgan, oçilgan, tolasi şakllangan, çigiti tölgan, vazni oğir va terib olingan löppi paxtadir.

Ğöza tabiatan oddiy bir yillik ösimlik emas. Uning tabiiy kelib çiqişida köp yillik, daraxtsimon-butasimon xususiyat bor. Şaroit bölsa, ğöza ösişda davom etadi, yana şoxlaydi, yana barg çiqaradi, yana gullaydi, yana yangi kösak tugaveradi. Biroq biz dehqonçilikda tabiatning mana şu qonuniyatlarini boşqarmasak, ğöza biz kutgan hosilni berişga ulgurmaydi.

Tarix va ilm xulosasi

Tarixga nazar taşlasak, Amerika qit’asining tub aholisi ğözani madaniylaştiriş jarayonida mana şu tabiiy muammoga özlari bilmagan holda javob topgan. Ular sovuq tuşişidan oldin qişlov joylariga köçişga tayyorlangan, qalampir hosilini yiğiştiriş jarayonida pişib yetilgan paxtani ham yiğib olgan, ertaroq oçilgan kösak uruğini saqlagan, keyingi mavsumda yana qalampir bilan birga ekkan. Bu oddiy köringan dehqonçilik odati, ya’ni, ertapişar qalampir ekini ertapişar paxta genotipini tanlaşga yordam bergan. Şu tariqa, tabiatda uzoq yaşovçi, daraxtsimon-butasimon ösimlik asta-sekin dala ekiniga, ertaroq pişadigan madaniy navlarga, tolasi inson hayotiga xizmat qiladigan ekinga aylangan.

Keyinçalik yevropaliklar Amerika qit’asiga kirib borgaç, u yerda tub aholi tomonidan madaniylaştirilgan ğöza uruğlari namunalarini dunyoning turli hududlariga tarqatgan. Şuning uçun bugun dunyoda va bizda keng ekiladigan Amerika ğözasi, fanda Upland cotton deb ataladigan guruhning genetik asosi ham tarixan nisbatan tor bölib qolgani ilm-fanda alohida qayd etilgan. Bu bizga yana bir muhim saboq beradi: paxtaçilikda nav qançalik muhim bölmasin, buning özi hamma muammoni hal qilib bermaydi. Ayniqsa, vegetatsiya davri qisqa bölgan Özbekiston şaroitida ertapişar nav bilan birga, pişişni boşqariş texnologiyasi ham hal qiluvçi ahamiyatga ega.

Qanday yöl tutiş kerak?

Demak, paxtaçilik tarixi ham, bugungi ilm-fan ham, Özbekiston dala tajribasi ham bitta haqiqatni körsatmoqda: ğöza faqat östiriladigan ösimlik emas, u – pişiriladigan, mavsum oxirida töğri yönaltiriladigan, butun töplagan ozuqasini kösakka ötkazişiga yordam berilişi kerak bölgan ekin. Jön qilib aytganda, ğöza navlariga agar kompyuterning texnik asosi, ya’ni hardware deb qaralsa, bu kompyuterga pişib yetilişini ta’minlaydigan dasturiy ta’minot, ya’ni software örnatilişi kerak. Aks holda, kompyuter, ya’ni nav qançalik zamonaviy, qançalik köp funksiyali va yuqori hosil salohiyatiga ega bölmasin, dastursiz töliq işlamaydi; demak, hosildorlik imkoniyati ham töliq oçilmaydi.

Sönggi yillarda hosildorlikda körinayotgan ijobiy özgarişlar, yangi navlar va texnologiyalarning natijasi, fermer va klasterlarning tajribasi, ilmiy tavsiyalarga bölgan e’tiborning oşişi şundan dalolat beradiki, agar biz paxtaçilikka tizim sifatida yondaşsak, Özbekiston şaroitida ham yuqori hosil oliş mumkin. Ammo har qanday islohotning samarasi oxirgi halqada – dalada, texnologiya intizomida, fermerning amaliy harakatida, mutaxassis nazorati va mahalliy rahbarlar mas’uliyatida körinadi.

Paxtaçilikda aqlli kompyuterlarimiz, ya’ni navlarimizga kerakli eng zarur software – qariş signalini beriş, bargni tökiş (defoliatsiya) va poyani obdon quritiş (desikatsiya) amaliyotidir. Oçiğini aytiş kerak, qariş signalini beriş hammaga yangilik, biroq defoliatsiya va desikatsiya masalasida bizda köp yillardan beri notöğri tuşunça şakllanib ulgurgan edi, desak, mubolağa bölmaydi. Bu faqat fermerning xatosi emas. Ba’zan mahalliy hokimiyatlar rahbarlari ham, hatto ayrim seleksioner, olim-agronom va maslahatçi-mutaxassis ham “Bargni erta töksak yoki ğözani quritişga kirişsak, kösak vazni kamayib qolmaydimi, hosil yengillaşib ketmaydimi?” degan xavotir bilan belgilangan tavsiyalarni tom ma’noda çetlab ötişga urinib kelgan. Ayrim hollarda defoliatsiya qoğozda bor, hisobotda bor, lekin dalada haqiqiy texnologik samara bermaydigan darajada keç, sust yoki notöğri amalga oşirilgan holatlar bölgan. Buni yaşiriş emas, undan töğri xulosa qiliş kerak.

Biz köp yillar yaşil ğözani körib, “ğöza hali ”işlayapti“, yana heç bölmasa bir-ikkita kösak olsin”, deb öylaganmiz, ammo mavsum oxirida yaşillik ba’zan keçikiş belgisi ekanini anglamaganmiz. Biz bargni tökişdan qörqqanmiz, ammo bu terimni qiyinlaştirişi, sifatga ta’sir qilişi va, eng asosiysi, ğöza ozuqasining bir qismi poya va bargda qolib ketişini yetarliça öylamaganmiz. Biz desikatsiyadan qoçganmiz, ammo poya va ildizda töplangan ozuqa sovuq tuşganda çirib ketişi, fermer mehnati esa töliq daromadga aylanmasligi mumkinligini tasavvur qila olmaganmiz. Afsuski, oramizda hali-hanuz buni töla tuşunmaganlar bor.

Eng katta yöqotiş köpinça közga körinmaydi. Fermer dalaga qarab kösak borligidan, rahbarlar ğöza yaşnab ösayotganidan, mutaxassislar kösakni grammga aylantirib möl hosil çamalaşdan quvonamiz-u, biroq bu kösak oçiladimi yoki bu hosil terib olinadimi, degan savolni vaqtida bermaymiz.

Tasodif emas, qat’iy texnologiya

Tabiatda har bir ösimlik uruğ qoldirişga intiladi. Ğöza uçun bu – çigit va uni örab turgan tola. Şu ma’noda, mavsum oxirida ğözaning butun vazifasi poya, şox, barg va ildizda töplagan ozuqasini kösakka, çigit va tolaga ötkazişdan iborat bölişi kerak. Lekin biz ğözani vaqtida pişişga yönaltirmasak, u öz genetikasida yozilgan 170-250 kunlik pişiş dasturiga köra, sentyabr-oktyabr oylarida ham, ya’ni bizda amalda 120-130 kunlik vegetatsiya imkoniyati tugayotgan paytda ham özini hali mavsum tugamagandek tutadi: yana barg çiqaradi, gullaydi, mayda kösak boğlaydi, poya yaşil qoladi, ildiz va poyadagi ozuqa zaxirada saqlanib turaveradi. Çunki ğözada tabiiy dasturga asosan hali avlod qoldirişga umid bor, şu sababli, endi hosil qilgan yangi kösaklarni boqiş uçun zaxirani ehtiyot qilib saqlaydi. Ğözadagi bu “qayğuriş” bizning qisqa vegetatsiya şaroitimizda faqat zararga işlaydi. Poya va ildizlardagi keçki çigitga atalgan boylik hosilga aylanmaydi. Demak, biz mavsum davomida suv, öğit va quyoş orqali töplangan ozuqani oxirida kösakka ötkazmasak, mehnatimiz natijasini dalada qoldirgan bölamiz.

Mana şu yerda ösimlikka qariş zarurligi töğrisidagi xabarni beriş, ya’ni, aging signali, barg işlaşini töxtatib, uni tökiş, ya’ni defoliatsiya va hayotiy faollikni yakunlab, poyani quritiş – desikatsiyaning haqiqiy ma’nosi namoyon böladi. Aslida, bu jarayonlar Özbekistonning qisqa vegetatsiya şaroitida ğözaga mavsum tugayotganligi signalini beriş, eng muhimi, dalada kösak holida turgan hosil imkoniyatini daromadga aylantirişga xizmat qiladigan muhim fiziologik-agrotexnologik jarayondir.

Qariş jarayoniga start berilsa, ğözada tabiiy mavsum yakunlanişi boşlanadi; defoliatsiyada ğöza bargi şu qariş signali bilan hamohang ravişda poyadan uzilib tuşadi, bargdagi faollik pasayadi, kösakka quyoş va havo yetib borişi yaxşilanadi, terim yengillaşadi. Desikatsiya esa mavsumni qat’iy yakunlaş, ösimlik töqimalarini suvsizlantiriş, poya va bargda qolgan hayotiy faollikni töxtatib, ğözaga “endi ösiş emas – pişiş, endi yangi gul emas – mavjud kösak, endi yaşillik emas – hosil” degan yakuniy signalni beradi. Albatta, bu tadbirlarni kör-körona qiliş mumkin emas. Mavsum boşida, kösak şakllanmasdan oldin qilinsa, zarar keltirişi mumkin. Notöğri preparat, buzilgan me’yor, noqulay havo şaroiti yoki notöğri texnika bilan qilinsa, samara bermaydi. Şu bois, bu masalaga hadik va ikkilaniş bilan emas – ilm, tasodif emas – qat’iy texnologiya bilan yondaşiş kerak.

Tört bosqiç va intizom

Özbekiston şaroitida paxtaçilik borasida ham aniq tartib va intizom bölişi şart. Har bir bosqiç zanjirning halqasi – biri uzilsa, oxirgi natija pasayadi.

Birinçi bosqiç – ekiş muddatini keçiktirmaslik. Mart oyining örtalaridan aprel oyining örtalarigaça bölgan qisqa va maqbul muddatda çigit ekiş işlarini sifatli yakunlaş ğözaga yetarli vegetatsiya davri berişning eng muhim şartidir. Eng yaxşi natija, odatda, mart oxiri – aprel boşida sifatli ekilgan maydonlarda körinadi.

Ikkinçi bosqiç – avgust boşida ğözaga qariş yoki pişiş signalini beriş. Agar dalada gektariga kamida 200 ming atrofida soğlom tup şakllangan, har bir tup örtaça 8-10 ta kösak boğlagan bölsa, bu jiddiy hosil asosi borligini anglatadi. Ana şu paytda, ya’ni mart oyining oxiri va aprel oyining birinçi yarmida ekilgan maydonlarda 1 avgustgaça, aprel oyining ikkinçi yarmi yoki may oyida ekilgan maydonlarda esa 5-avgustgaça etefon tarkibli preparatlar bilan işlov beriş zarur. Etefon – etilen ajratuvçi modda bölib, etilen ösimlikda pişiş, qariş va mavsumni yakunlaş signalini beruvçi tabiiy gormon hisoblanadi. Etefon orqali qariş signalini yubormasdan turib keyingi bosqiçga ötiş töliq samara bermasligi mumkin.

Uçinçi bosqiç – bargni tökiş. Etefon tarkibli preparatlar bilan işlov berilganidan taxminan ön kun ötgaç, yumşoq ta’sir etuvçi defoliantlar bilan işlaş lozim. Defoliatsiyani ikki marta ötkaziş – birinçisi poyaning yuqori va örta qismidagi barglarni tuşiriş, ikkinçisi pastki barglarni ham töliq tökiş demakdir. Asosiysi, defoliatsiyani yumşoq va tartibli amalga oşiriş bir marta kuçli ta’sirdan köra samaraliroq böladi, çunki maqsad ösimlikni şokka tuşiriş emas, uni pişişga boşqaruvli ötkazişdir.

Törtinçi bosqiç – mavsumni qat’iy yakunlaş. Har yili havo harorati örtaça 22 darajadan tuşa boşlaganidan keyin, biroq 1-5 sentyabrdan keçiktirmasdan, qattiqroq ta’sir etuvçi magniy xlorati tarkibli tuzlar yoki dikvat ioni asosidagi desikantlar qöllanişi mumkin. Şu paytdan boşlab poya, şox va ildizda mavsum davomida töplangan ozuqa zoye ketmasdan, tola, çigit va oçilgan kösakka xizmat qilişi kerak.

Bu yerda yana bir bor ta’kidlaş joiz: preparat nomi emas, texnologiya intizomi muhim. Etefon, tidiazuron, diuron, dikvat ioni kabi ta’sir etuvçi moddalar fermerga yönaliş beradi, ammo har bir preparat faqat davlat röyxatidan ötgan, qonuniy ruxsat etilgan, yöriqnoma asosidagi me’yorda, mutaxassis nazoratida, harorat, namlik, şamol va terim imkoniyati hisobga olingan holda qöllanişi şart. “Köproq sepsam, tezroq böladi” yoki “umuman sepmasam, hosil oğir qoladi” degan qaraş ham xato. Paxtaçilikda ilmdan çetga çiqiş har ikki holatda ham zarar keltiradi.

Faqat östiriş emas, pişiriş kerak

Özbekiston şaroitida paxta sentyabr oxiri – oktyabr boşida asosiy maydonlarda töla pişgan, oçilgan va terimga tayyor holatga kelişi lozim. Noyabrni kutib ötiriş xavfli. Sohada “balki kuz yaxşi kelar” degan umidga emas, “men hosilni öz vaqtida pişira olaman” degan işonçga tayaniş kerak.

Şu örinda yana hisobga oliş kerakki, hamma dala bir xil emas. Viloyatlarning iqlimi, tuproq şaroiti, nav xususiyati, suv ta’minoti, ekiş muddati, ösimlik ziçligi va hosil yuki turliça bölişi mumkin. Şuning uçun har qanday tadbir agronomik baholaş bilan mutaxassis nazoratida amalga oşirilişi şart. Lekin asosiy tamoyil özgarmaydi: Özbekistonda paxta pişişini boşqarmasdan, qariş signali, defoliatsiya va desikatsiyani öz vaqtida, töğri va mas’uliyat bilan amalga oşirmasdan turib, yuqori hosil oliş qiyin. Şuning uçun biz paxtaçilikda fikrlaş tarzini özgartirişimiz kerak. Endi Özbekiston şaroitida paxtaning qisqa mavsumda pişişini yakunlaş texnologik majburiyat bölişi lozim.

Paxtaçilikda katta hosil tasodifan paydo bölib qolmaydi, u tizimli barpo etiladi. Ekiş muddati, tup va kösak soni, suv, ozuqa, zararkunanda nazorati, ösişni çeklaş, qariş signali, defoliatsiya, desikatsiya va öz vaqtida terim – bular bir-biridan ajralmaydigan zanjirdir.

Bugun Yangi Özbekiston paxtaçiligi oldida turgan ustuvor vazifamiz kamroq yerdan köproq va sifatliroq hosil oliş, fermer mehnatini daromadga aylantiriş, davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar, yangi navlar, texnologiyalar va islohotlarning haqiqiy samarasini dalada körsatişdir. Buning uçun paxtani faqat östiriş emas, uni pişirişni ham boşqarişimiz şart. Bu yölda qariş signali, defoliatsiya va desikatsiya oddiy agrotexnik tadbir emas, paxtaçilik madaniyatining yangi bosqiçidir.

* * *

Oldingi yillardagi kam hosildan çiqargan eng muhim saboğimiz şundan iboratki, biz köp yillar davomida paxtani yetarliça pişirmay terganmiz, ğözaning poyasi va ildizida qolgan “meros”ni kösakka töliq ötkazmaganmiz. Terilgan dalalar ham qayta barg çiqarib gullab yotgan. Bugungi eng muhim xulosa esa şunday bölişi kerak: ğözani texnologik usullar bilan öz vaqtida pişiriş, uning “zaxira”sini dalada qoldirmaslik, mavsum davomida töplangan ozuqani mavsum oxirida kösakka, tolaga, çigitga ötkazib, fermer daromadiga va mamlakat iqtisodiyotiga xizmat qildiriş – Özbekiston paxtaçiligida yuqori hosilning hal qiluvçi şartidir.

Ibrohim ABDURAHMONOV,
Özbekiston Respublikasi qişloq xöjaligi vaziri, akademik

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583