Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.10.2026 | 12:46

img835

XUROSONDA O‘ZBEK TILI

Afg‘oniston aholisining salmoqli qismini tashkil etuvchi o‘zbeklar mamlakatning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlari, shuningdek, Kobul va Hirot shaharlarida qadimdan istiqomat qilib keladi. O‘lkadagi asosiy qonunning 16-moddasiga muvofiq, aholining ko‘pchiligi o‘zbek tilida so‘zlashadigan hududlarda mazkur til rasmiy maqomga ega. Ammo 1873-yilda Kobulda ilk bosmaxona tashkil etilgan bo‘lishiga qaramay, turli tarixiy sharoit sababli o‘zbekcha chiqqan kitoblar soni ellik nomdan oshmagan.

Ma’lumki, qadim Xuroson zaminida o‘zbek adabiyoti juda teran ildiz otgan. Bundagi ilk salmoqli adabiy harakat XV asrda Hirotda boshlangan. Buyuk Temuriylar davrida ijod qilgan Lutfiy Hiraviy o‘zbek tilida go‘zal she’rlar bitgan va “Gul va Navro‘z” dostonini yaratgan ustozlardan biridir. Bu adabiy an’anani Alisher Navoiy yuksak darajada davom ettirib, “mamlakatni yakqalam” etdi, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi sifatida dunyoga tanildi. Vaqt o‘tishi bilan Balx vohasi ham Ashtarxoniylar davrida o‘zbek tili va adabiyotining yangi, yirik markaziga aylandi. Keyinchalik mintaqadagi tarixiy taqozo bilan bu adabiy muhit asta-sekin Amudaryoning narigi sohiliga ko‘chdi. Bu jarayon ikki qo‘shni zamin o‘rtasidagi adabiy aloqalar va umumiy madaniy merosning yanada boyishiga xizmat qildi.

Xo‘sh, tarixiy evrilishlardan keyin ham Afg‘oniston zaminida o‘zbek adabiy an’analari qanday omillar tufayli yashab qoldi?

Avvalo, o‘zbeklar orasida keng tarqalgan an’anaviy kitobxonlik yig‘inlari milliy adabiyot va madaniyatni asrab qolishda bosh omil bo‘lgan. Bu ma’rifiy davralarda Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Sulaymon o‘g‘li Fuzuliy, Xo‘janazar So‘fi Allohyor va Boborahim Mashrab kabi ulug‘ ijodkorlarning asarlari hamda “Shohnoma”ning o‘zbekcha tarjimasi sevib o‘qilgan. Ikkinchidan, turkiyzabon aholi orasida faoliyat yuritgan norasmiy madrasalarda adabiy asarlar ta’lim dasturining ajralmas qismi hisoblangan. Uchinchidan esa, Amudaryoning ikki sohilida joylashgan hududlar o‘rtasidagi faol savdo aloqalari natijasida madaniy qadriyatlar almashinuvi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, har yili Afg‘onistondan bir guruh yoshlar ilm izlab, Buxoro va Samarqanddagi ilmiy-madaniy markazlarga kelishgan. Natijada, ular o‘zbek adabiyoti bilan yanada yaqindan tanishib, ushbu nodir kitoblarning ayrimlarini Afg‘onistonga ham olib o‘tishgan.

Tarixiy va siyosiy sharoitlar taqozosiga ko‘ra, 2003-yilga qadar Afg‘onistonda matbaa va noshirlik sohasi muayyan qiyinchiliklarni boshdan kechirgan va bu o‘zbek tilidagi adabiyotlar nashriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan. Kobulda dastlabki matbaa markazi tashkil etilganidan to‘qson yil o‘tib, ya’ni 1963-yilga kelibgina Afg‘oniston hududida o‘zbek tilidagi ilk nodir madaniy meros namunasi – ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Sulton Husayn Mirzoning she’riy devoni rasman nashr etildi. 1978-yildan keyingi davrda mamlakatdagi tegishli vazirliklar, Fanlar akademiyasi va ijodiy uyushmalar tomonidan o‘zbek tilidagi asarlarni chop etish ishlariga jiddiy e’tibor qaratila boshladi. Madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bunday qadamlar mahalliy ijodkorlarning o‘z ona tilida badiiy asarlar yaratishiga ma’rifiy rag‘bat berdi. O‘sha davrda o‘zbek adabiy muhitini rivojlantirishga Vohidiy Juzjoniy, Matin Andxo‘yi, Ashraf Azimiy, Shafiqa Yorqin, Oyxon Bayoniy, Burhoniddin Nomiq, Toshqin Bahoyi va Qayyum Aziziy kabi taniqli ijodkorlar katta hissa qo‘shgan.

1978-yildan keyin Afg‘oniston ta’lim tizimida muayyan islohotlar o‘tkazilib, o‘zbek va turkman bolalari boshlang‘ich ta’limni o‘z ona tilida olish imkoniga ega bo‘ldi. Maorif vazirligi tizimida maxsus o‘zbek tili bo‘limi tashkil etildi, Kobul universitetida esa o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi ochilib, unga O‘zbekistondan tajribali mutaxassislar jalb qilindi. Shuningdek, ilk o‘zbekcha gazeta – “Yulduz” chop etila boshladi. Biroq 80-yillarning o‘rtalariga kelib, ichki siyosiy beqarorlik oqibatida mazkur ta’lim dasturi faoliyati to‘xtab qoldi. Mamlakatdagi mafkuraviy qarama-qarshiliklar tufayli maorif tizimi jiddiy inqirozga duch keldi. Shunday bo‘lsa-da, 1990-yilda Kobulda Alisher Navoiy nomidagi uyushma tashkil etildi. Ish boshlaganiga hali to‘rt yil ham to‘lmay, bu tashkilot Mozori Sharifga ko‘chirildi. Ushbu uyushma asosan o‘zbek tilini rivojlantirish, milliy bayramlarni o‘tkazish, ona tilida kitob, gazeta va jurnallar nashr etish bilan shug‘ullandi. Afsuski, mamlakatdagi siyosiy talotumlar tufayli uning ham umri uzoq bo‘lmadi. Ammo Alisher Navoiy uyushmasining yodgorligi sifatida “Muhabbatnoma”, “Shajarayi tarokima” va “Yurak so‘zlari” kabi nodir asarlar qo‘limizda qoldi.

Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari tarixida o‘zbek tilidagi ilk radioefir 1972-yilda, bosh vazir Muso Shafiq davrida yarim soatlik dastur shaklida yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq keyingi yillarda mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlar sabab ushbu eshittirish ham to‘xtatildi. 1998-yilgi siyosiy vaziyat oqibatida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishidagi madaniy-ma’rifiy faoliyat ko‘lami cheklanib qoldi.

Shu tariqa, uzoq yillar davomida yuzaga kelgan noqulay sharoitlar tufayli Afg‘oniston o‘zbeklari o‘z ona tilida ta’lim olish, matbaachilik va adabiy merosni keng targ‘ib qilish sohalarida muayyan cheklovlarga duch keldi. Mintaqadagi siyosiy va ma’muriy chegaralar sababli Markaziy Osiyodagi umumiy adabiy muhitdan uzilib qolish milliy adabiyot rivojining sustlashishiga olib keldi. Natijada, ko‘plab afg‘onistonlik o‘zbek ijodkorlari o‘z asarlarini boshqa tillarda yaratishga majbur bo‘ldilar. Shunga qaramay, ayrim fidoyi shoirlar o‘zbek tilidagi adabiy an’analarni izchil davom ettirdi. Ular Ahmad Yassaviy, So‘fi Allohyor, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mashrab va Huvaydo kabi mumtoz adiblarning asarlaridan ilhomlanib ijod qildi. Xususan, Qodiriy Palangpo‘sh, Mavlono Ne’matulloh Mahviy Qaysoriy, Junaydulloh Hoziq, Nodom Qaysoriy, Muqimiy Andxo‘yi, Qurbat, Samimiy, Nazihiy Jilva, Gʻamgin, Xayriy Faryobiy, Navo, Mavlaviy Ilmiy, Mavlaviy Nusrat, Anbar, Nafiri Faryobiy, Ergash Uchqun va Matin Andxo‘yi kabi ijodkorlar Afg‘oniston zaminida o‘zbek so‘zi va adabiy an’analarini saqlab qolish hamda kelajak avlodga yetkazishga salmoqli hissa qo‘shdilar.

O‘sha davrda badiiy ijodning asosan she’riyat yo‘nalishi bilan cheklanib, nasriy asarlar rivojining biroz orqada qolgani yaxlit adabiy muhitning shakllanishiga muayyan darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Quvonarlisi, XXI asr boshlari Afg‘oniston o‘zbeklarining madaniy hayotida ancha unumli davr bo‘ldi. O‘zbek tiliga rasmiy maqom berildi. Kobul universitetida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi faoliyati qayta tiklandi. Shu bilan birga, Faryob, Juzjon, Saripul, Balx va Taxor universitetlarida ham tegishli kafedralar ochilib, Afg‘oniston oliy ta’lim tizimida milliy tilni akademik darajada o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Radio, televizion va matbuot nashrlarida o‘zbek tiliga munosib o‘rin ajratilib, maxsus o‘zbek telekanallari hamda radiotarmoqlari ishga tushirildi. Eng muhimi, O‘zbek tili bayrami kuni mamlakatning rasmiy taqvimidan joy oldi. Bu esa mahalliy o‘zbeklarning milliy o‘zligini asrab-avaylash yo‘lidagi madaniy irodasi, etnik birdamligi va ijtimoiy matonatining ramzi hisoblanadi.

Shu tariqa, 2019-yildan beri Afg‘oniston o‘zbeklari o‘z ona tili bayramini vatanda ham, xorijda ham madaniy qadriyatlarga bo‘lgan yuksak hurmat va sadoqat ruhida nishonlab kelyaptilar. Turli muhtasham madaniy-ma’rifiy tadbirlar, yirik ilmiy anjumanlar, yangi kitoblar taqdimoti va fayzli adabiy uchrashuvlar tashkil etilyapti. Bu qutlug‘ anjumanlarda ona tilimizning bebaho qadri, millat ko‘zgusi sifatidagi beqiyos o‘rni hamda uni kelajak avlodlarga bezavol, asl holida yetkazishdek muqaddas masalalarga alohida e’tibor qaratilyapti.

Mamlakatdagi mavjud vaziyat va o‘zgarishlardan qat’i nazar, Afg‘oniston o‘zbeklari ona tili milliy kunini e’zozlash an’anasidan voz kechgani yo‘q. Bu qutlug‘ ayyom xalqning o‘zlikni anglash yo‘lidagi madaniy irodasini namoyon etib, insonlarni ma’naviy qadriyatlar atrofida jipslashtirishga xizmat qilyapti. Ona tilini asrab-avaylashga bo‘lgan bunday qat’iy intilish xalq diplomatiyasining eng go‘zal namunasidir.

Aslida, Afg‘onistonda “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash tashabbusi 2018-yil kuzida, O‘zbekiston elchixonasidagi uchrashuvdan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘shanda elchi Yodgorxo‘ja Shodmonov bir guruh afg‘onistonlik o‘zbek ziyolilarini madaniyat sohasidagi xizmatlari uchun taqdirlagandi. Bu e’tirofdan ruhlangan ijodkorlar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi g‘oya atrofida birlashdi. Ziyolilarning taklifi mamlakat rahbariyati tomonidan to‘liq ma’qullanib, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 21-oktyabr (29-Mezon) rasman “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilingandi. Kobuldagi ilk tantanada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi Prezident saroyida ilk bor o‘zbek tilida o‘qib eshittirilgandi. Bu tarixiy voqea ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikda yangi sahifa ochdi. Shu tariqa, bu zaminda o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish yo‘lidagi ezgu ishlar boshlanib ketdi. Afg‘oniston o‘zbeklari ushbu qutlug‘ ayyomni har yili muntazam nishonlab keladi.

Hozirda ushbu qutlug‘ sana xalq orasida “O‘zbek tili milliy kuni” nomi bilan ham mashhurdir. Bu bayram Afg‘oniston o‘zbeklarining o‘z ona tiliga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, milliy o‘zligini anglash tuyg‘usi va boy madaniy merosni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga bo‘lgan intilishining eng yorqin ifodasi hisoblanadi.

Azizullah ARAL,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img64

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584