23.07.2024 | 12:52
697
YANGI O‘ZBEKISTON: YETTI YILDA YETISHGANLARIMIZ
YANGI DAVR MOHIYATI
1991-yilning 31-avgustigacha Yer yuzidagi davlati yo‘q millatlarning biri edik. Davlatga ega bo‘ldik. Uni qurdik. Dunyoga o‘z so‘zimizni aytishga erishdik. Bizni olam tanidi, biz olamni tanidik. Haqiqatni aytganda, bu darajalarga erishish davlatga ham, xalqqa ham oson bo‘lmadi.

2016-yil sentyabridan O‘zbekistonimizda yangi davr boshlandi. Uzoq yillar oliy ta’lim tizimida ishlagan, bir tuman va ikki viloyatni boshqargan, 13 yildan oshiq O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri bo‘lgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat rahbari bo‘ldi. U mamlakat hayotining katta-kichik barcha masalalaridan har taraflama boxabar edi. Muammolar esa tiqilib ketgan, ularni yechishning mexanizmlari eskirgan yoki tamoman ishlamay qolgan edi. Chigalliklar shunchalar ko‘p ediki, bir masalani yechishga ikkinchisi monelik qilardi. Aniqrog‘i, hamma masala bir kishi orqali bitishi, ammo unga yechimlar haqidagi takliflarni yetkazishning yo‘li murakkablashib qolgan bir zamon edi.
Lekin xalq ertaga yoki indinga emas, aynan bugun baxtli yashashni istardi.
Xullas, hayot yangicha bir siyosatni talab qilardi.
ISLOHOT VA YANA ISLOHOT
“Islohot” – “o‘zgarish” degani. Shuning uchun u – to‘xtovsiz davom etadigan muttasil jarayon. Daryo suvi bir yerda to‘xtab tura olmagani singari, odam ham, kishilik jamiyati ham bir yerda turg‘un qolishga haqli emas. Hayot davom etar ekan, u har kuni, har hafta, har oy, har yil… oldimizga yangi-yangi vazifalarni ko‘ndalang qilib qo‘yaveradi. Ularni ado etish uchun hammamiz yangilanishga majburmiz.
Shu falsafiy mulohazalardan keyin mamlakatimizda keyingi yetti yilda yuz bergan voqea-hodisalarga umumlashma ko‘zi bilan boqilsa, ko‘p narsa oydinlashadi. Lekin buning bitta sharti bor: bu o‘zgarishlarga, avvalo, aynan fuqaro ko‘zi bilan boqish zarur. Chunki, axir, mamlakatdagi o‘zgarishlar amalda fuqaro hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak-da.
Xo‘sh, shu murakkab vaziyatdan chiqib ketishning qanday yo‘llari topildi?
Keling, mamlakatimizda shu davrda yuz bergan tub burilishlarni bir-bir eslaylik.
DAVLAT XALQQA XIZMAT QILISHI KERAK
Davlat rahbari tarafidan “O‘zbekistonimizning buyuk kelajagini xalqimiz bilan birgalikda quramiz”, degan shior o‘rtaga tashlandi. “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak”, deyildi. Davlat xalqni eshita boshladi. Xalq qabulxonalari tashkil etildi.
Ammo bu gaplar so‘z bilan emas, amal bilan joriy etilsagina samara berar edi. Shunday qilindi ham.
PUL SIYOSATI
Esingizda bordir, oyliklarimiz plastik kartaga o‘tkazib berilardi-yu, hamma joyda ham plastik karta orqali savdo qilish imkoniyati yaratilmagan edi. Hatto banklarda navbatda turib, maoshimizning muayyan qisminigina naqd qilib olar edik. Qayerda yetishmovchilik, taqchillik bo‘lsa, o‘sha yerda jinoyatchilik tomir ota boshlaydi. Plastik kartadagi haloldan halol maoshingizni ustiga pora berib naqd qilib olishga to‘g‘ri keldi ham. O‘zbek so‘mini AQSh dollariga almashtirish-ku muammoning muammosi edi.
Hozir bankka boring, plastik kartangizdagi pulingizni, xohlang, naqd qilib beradi, xohlang, dollarga aylantirib.
TASHQI SIYOSAT
Qizingizga sovchi kelmoqchi bo‘lsa, avval mahallaga elchi yuborib, qo‘ni-qo‘shnilardan surishtirishadi. Hammamiz ham qo‘ni-qo‘shnisi bilan chiqisholmaydigan oiladan qiz olishdan ehtiyot bo‘lamiz. Diplomatiya sohasida bir muddat ishlagan mutaxassis sifatida shuni yaxshi bilamanki, dunyo mamlakatlari ham bir davlat bilan munosabatlarni kuchaytirishda xuddi shunday yo‘l tutadi. Qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olmagan davlat bilan hamkorlik qilishdan cho‘chishadi. Yillar davomida shunday bo‘ldi ham.
Shuning uchun davlatimizning keyingi yetti yillik tashqi siyosatida, avvalo, yon qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish birinchi darajali masala qilib qo‘yildi. Bugun buning samaralaridan biz ham, qo‘shnilarimiz ham birday bahramand bo‘lyapmiz.
Shunga qarab, dunyoning uzoq-yaqin boshqa davlatlari bilan munosabatlarimiz darajasi ham ko‘tarildi, ko‘lami ham kengaydi.
“MEN O‘ZBEKISTON FUQAROSI BO‘LDIM!”
Hayot – murakkab jarayon. Taqdiri azalning turli iplari orqali O‘zbekistonimizda yillar mobaynida yashab kelayotgan qanchadan-qancha chet el fuqarolari yoki fuqaroligi yo‘q shaxslar bor edi. Birovi shu yerda o‘qib, ishlash uchun qolib ketgan, boshqasi turmushga chiqib kelgan va hokazo. Hammasi shu yurt, shu xalq bilan birga mehnat qilyapti. Ammo huquqlari cheklangan. Shaxs sifatida g‘ururi toptalgan. Axir, saylovda qatnasholmasa, ayrim boshqa huquqlardan mahrum bo‘lsa, u har qanaqasiga o‘zini kamsitilgan hisoblashga majbur-da. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish amaliyoti yo‘q darajaga tushib qolgan edi. Shu kemtiklikka barham berildi: qanchadan qancha insonlar faxr bilan fuqarolik oldi. Safimiz shu hisobdan ham kengaydi. Nufusimiz oshdi.
Televizorda siz ham ko‘rgandirsiz – ko‘zida sevinch yoshlari bilan: “Men O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim!” degan shukrona sizni ham to‘lqinlantirgandir…
“MEN XALQIMNI PAXTAGA QULLIKDAN QUTQARAMAN!..”
Biz birinchi sinfda ikki soat o‘qib, maktab yaqinidagi paxta dalasiga chiqar, mashina terimi payti traktorlar aylanib oladigan chekka joylardagi o‘rilgan g‘o‘zalarning ochilgan paxtalarini terib berar edik. 5–10-sinfligimiz payti esa sentyabrdan dekabrning oxirigacha uch oyga yaqin kattalar qatori ertalabdan kechga qadar paxta terishga majbur edik. Bu holat 2016-yilgacha ham davom etdi. Oxiri demokratik dunyo qattiq bong urdi. Paxtamizni sotib olmay qo‘ydi. Aynan majburiy mehnat, bolalar, ya’ni ishlash yoshiga yetmaganlar mehnatidan foydalanilgani uchun!
Hozir-chi? Bir paytlar paxta yig‘im-terimi mavsumida har kecha shtabda maktab direktorini turg‘azib, uni nega falon o‘quvchi yoki o‘qituvchi dalaga chiqmagani uchun tergashar edi. Endi esa maktab direktorini biror-bir o‘quvchi yoki o‘qituvchining paxta terimi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingani uchun tergaymiz.
Bu – katta siyosat, ma’nan keskin, inqilobiy o‘zgarish. Endi o‘quvchilarimiz, Yer yuzining boshqa davlatlaridagi kabi, maktabda to‘qqiz oy ta’lim oladi. Bu – mamlakatning kelajagiga fuqarolarning sog‘lig‘i, bilimli bo‘lib yetishuviga qaratilgan siyosat. Hatto 2023-yilning 30-aprelida umumxalq referendumi orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida o‘qituvchilar haqida maxsus – 52-modda ham kiritildi. Unda shunday so‘zlar bitilgan:
“O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Muhtaram Prezidentimiz: “Men xalqimni paxtaga qullikdan qutqaraman!” – degan va’dasida qat’iy turdi.
U birgina shu xizmati bilan ham tarixda qoladi.
AVVALO, BOSHINGDA – BOSHPANANG BO‘LSIN!
Shavkat Mirziyoyev xalq orasidan chiqqan, mintaqalarimizdan kelib, poytaxtda yashab qolgan barcha ziyolilar kabi uysizlikning azob-uqubatlarini boshidan kechirgan. O‘zbekistonimizning eng katta, hatto Gʻarb davlatlari havas qilib yetolmaydigan bir yutug‘i shundaki, istiqlolning 33 yili mobaynida 21 million kishi yashaydigan mamlakatdan 37 millionli xalqi bor mamlakatga aylandik. Ammo: “Tuya qancha? Yag‘iri – o‘shancha”, degan maqolimiz bekorga to‘qilmagan. Ya’ni ko‘payib borayotgan bu aholi ehtiyojlari uchun tinmay yangi uy-joylar bunyod etib borish zarur. Yetti yil burun qurilayotgan uy-joylar miqdori aholi o‘sishi ko‘rsatkichlariga mutanosib emas edi. Bu yil sayin masalani og‘irlashtirib borayotgandi.
O‘zbekistonning yangi rahbari mamlakatda uy-joy qurilishini son va sifat jihatidan tamoman yangi darajaga ko‘tarish masalasini davlat va jamiyat oldiga qo‘ydi va bunda aholining xarid imkoniyatlarini hisobga olish bosh maqsadga aylantirildi. Million-million kishi bundan bahramand bo‘ldi. Statistik ma’lumotlarga tayanib o‘tirishning hech keragi yo‘q: keyingi yetti yilda mamlakatimizda oldingi 25 yilda qurilganidan bir necha karra ko‘p uy-joylar bunyod etildi.
Olmazor bekatidan Sergeli tomon yo‘nalgan yerusti metrosida bir yurib ko‘ring. O‘zingizni tamoman boshqa bir shahardagidek his qilasiz. Chunki metro bo‘ylab ikki tomonda qad rostlagan yangi ko‘pqavatli uylar ko‘zingizni quvnatadi. Shu yetti yilda Sergelida qad rostlagan yangi uylarga bir million aholi ko‘chib o‘tdi. Oxiri ushbu tuman ikkiga ajratilib, Yangihayot tumani ham tashkil qilindi.
TALABALAR MAMLAKATI
Shunday davrlar bo‘ldiki, oliy ta’lim muassasasi professorining maoshi talabaning stipendiyasidan bor-yo‘g‘i ikki karra ortiq edi, xolos. O‘qishga, o‘qitishga munosabat ham shunga loyiq tarzda bo‘ladi, albatta. Boshqacha holatni aslo ko‘z o‘ngingizga keltirmang. Hatto Alisher Navoiy qurdirgan madrasada professor darajasidagi mudarrisning maoshi talabaning eng kam stipendiyasidan 8, o‘rtacha stipendiyadan 6 va yuqori stipendiyadan 4 karra ko‘p bo‘lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasasida eng kichik vazifadan prorektorgacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan, bu sohaning barcha sir-sinoatidan boxabar kishi sifatida mamlakatda oliy ta’lim tizimini yuksak darajaga ko‘tarishning yo‘llarini izladi va topdi ham.
Birinchidan, oliy ta’lim muassasasi yoki tashkilotlarining soni, ikkinchidan, mavjudlarining kvotasi ko‘paytirildi, uchinchidan, yurtimizda yangi-yangi davlat va nodavlat oliy ta’lim dargohlari, jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etildi.
Bugun oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yon-atrofimizdagi davlatlar havas qilyapti. Natija ham shunga mos, albatta. Yetti yil burun bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishi bitiruvchilar umumiy sonining 9 foizinigina tashkil etar edi. Bu har 11 nafar bitiruvchining birigina o‘qishga kirganini bildirardi. 2023/24-o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 42 foizni tashkil etdi. Demak, bultur har 10 bitiruvchining 4 nafardan ortiqrog‘i oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘ldi. 2024/25-o‘quv yilida bu borada yana o‘sish bo‘lishi kutilyapti. Chunki 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. O‘shanda har 10 bitiruvchidan 7 nafari oliy ma’lumot olgan bo‘ladi.
O‘tgan o‘quv yilida mamlakatimizda 1 million 300 mingdan oshiq talaba oliy ta’lim tizimida tahsil oldi. Bu aholining har 28-29 nafaridan biri oliy ma’lumot olayotganini anglatadi. Oliy ta’limdagi bu siljishlar ertaga yo indinga mamlakatda hayotning umumiy darajasi ko‘tarilishiga olib keladi, albatta.
FUNDAMENTAL – FAN RAVNAQI
Ilgariroq Fanlar akademiyasining ko‘p yillik tarixga ega ba’zi institutlari oliy ta’lim muassasalari huzuriga o‘tkazildi. Bu tajriba aslo o‘zini oqlamadi. Fundamental fan orqaga ketdi. Ana shu xato ham tuzatilib, o‘sha institutlar yana Fanlar akademiyasi bag‘riga qaytdi.
Dunyo tajribasi fundamental fanlar bilan ilmiy tadqiqot institutlari shug‘ullanishini taqozo etadi.
O‘QUV ZALLARI GAVJUM KUTUBXONALAR
Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kitobxonlikka alohida e’tibor berib, bir necha qonunosti hujjatlar qabul qildi. Kitobxonlar o‘rtasida tanlovlar tashkil etildi. Jamiyatni ilm-ma’rifatsiz olg‘a siljitib bo‘lmasligi odamlar ongiga quyildi.
Hozirgi kundagi bir quvonchli faktni keltiray: ertalab soat 10 dan kech qolsangiz, O‘zbekiston milliy kutubxonasi o‘quv zallarida o‘zingizga joy topishingiz amri mahol. Xalq kitob o‘qishga kirishdi. Odamlar tushundiki, dunyoning bu global raqobat maydonida o‘qimay turib g‘olib kelishning hech iloji yo‘q.
MA’NAVIYAT – TARAQQIYOT GAROVI
1994-yili tashkil etilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman va shahar bo‘limlari jamoatchilik asosida ishlar, mabodo hokimiyat mablag‘ topib bersa, xodim oylik olar edi. Hozir bu Markazning barcha tuman va shahar bo‘limlari davlat byudjetidan maosh bilan ta’minlangan. Ayrimlari hatto xizmat avtomobiliga ham ega.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining markaziy apparati tuzilmasi ham yangi-yangi shtatlar bilan boyitildi. Uning huzurida hatto Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ham faoliyat olib boryapti.
XALQNI TOMORQA HAM BOQADI
Mustaqillikkacha biz asosan agrar respublika edik. Keyin sanoatlashgan agrar mamlakatga aylandik. So‘nggi yetti yilda bu borada siyosat ham o‘zgardi. Zotan, xudo bizga bu serhosil yerlarni faqatgina paxta yetishtirish uchungina in’om etgani yo‘q. Nima ekib paxtadan ko‘ra ko‘proq daromad oladigan bo‘lsak, marhamat, shuni ekaylik.
Shu siyosatning tarkibiy qismi sifatida yana bir muhim pozitsiya shunday qattiq tutilyaptiki, buni alohida qayd etmasdan iloj yo‘q. Tomorqa qishloq ahliga ishlab chiqarish maydoni, ya’ni daromad ko‘rish manbasi sifatida berilgan. Axir bu yil bahorda Prezident Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga borib, uyma-uy yurib, kishilarning shaxsiy tomorqalarini ko‘zdan kechirdi. Shu tariqa “Sayxunobod tajribasi” mamlakat uzra yoyildi.
Tomorqachilik bugun bozor iqtisodiga moslasha boshladi. Ishonmasangiz, YouTube ijtimoiy tarmog‘ini kuzating, tomorqada iqtisodiy daromad keltiradigan ekinlar ekib, hosil yetishtirish bo‘yicha qanday ajoyib tajribalar ommalashtirilyapti. Masalan, aksariyat viloyatlarimizda shu paytgacha yetishtirib kelingan kam daromadli uzum toklariga zamonaviy, ilmiy asosda yangi yaratilgan, xaridorgir navlarni yoppasiga payvandlash avjiga chiqqan. O‘z tomorqasidagi issiqxonalarda shunday qimmatbaho navlarning ko‘chatlarini tayyorlab sotayotgan mirishkorlar paydo bo‘ldi. Uzumning “Avatar”, “Manikyur finger”, “Lombarjini”, “Amerikanka gigant”, “Xelloin”, “Mersedes” va boshqa eng bozorgir turlari yetishtirilyapti. Dehqon yo bog‘bonlarimiz ilmiy asosda meva, sabzavot va poliz mahsulotlarini parvarishlayapti.
Hamma narsa niyatga bog‘liq. Bugun O‘zbekistonimizda tomorqachilik misli ko‘rilmagan darajada rivojlanish bosqichiga kirdi. Shu tariqa fuqarolarimiz “Bizni davlat boqsin” degan xomxayoldan voz kecha boshladi. Bu – katta yutuq. Chunki ongdagi o‘zgarish amalda hamma narsani o‘zgartirib yuborishga qodir kuch hisoblanadi.
INVESTITSIYA FAQAT “PUL” DEGANI EMAS
Odam rivojlanishi uchun ham, mamlakat ravnaq topishi uchun ham to‘rt narsa kerak: birinchisi – aql, ikkinchisi – mablag‘, uchinchisi – mehnat, to‘rtinchisi – bozor. Xalqimizning: “Pul pulni topar, bepul – dardisar”, degan ajoyib maqoli bor. “Dardisar” degani – “bosh og‘rig‘i”, ya’ni “muammo” degani. Aqlni o‘stirish uchun ham mablag‘ kerak, aql esa mablag‘ni ko‘paytirishga asos bo‘ladi.
Investitsiya mamlakatga ham mablag‘, ham aql olib kiradi. To‘g‘ri, mablag‘ Koreyaniki bo‘lishi mumkin, lekin texnologiya, ya’ni aqlni Yaponiyadan keltiradi. Bizda qurilgan har qanday katta korxonada, albatta, xalqimiz vakillari mehnat qiladi. Shu tariqa biz ham kiritilgan ana shu mablag‘dan bahramand bo‘lamiz, ham shu tariqa yangicha ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtiramiz. Investor esa, tabiiyki, bizda ishlab chiqarishni tashkil etishdan oldin bozorni o‘rgangan, mahsulotini ham ichki, ham yaqin tashqi bozorda, ya’ni bizga qo‘shni mamlakatlarda sotishni hisobga olgan bo‘ladi. Shu tariqa biz eksport ham qilamiz. Axir, qaysi mamlakatda eksport hajmi import hajmidan ko‘p bo‘lsa, u yerda taraqqiyot yuz beradi-da.
XALQ, DAVLAT VA PREZIDENT
Xalq, davlat va Prezidentni bir-biridan ajratib qarash mumkin emas. Chunki Prezident – davlatni xalq manfaati yo‘lida boshqarishga mas’ul shaxs. Uni xalq saylagan. Xalq davlat taqdirini unga ishonib topshirgan. Shuning uchun ham mamlakat taraqqiyoti – har taraflama davlat rahbarining sa’y-harakati, iqtidori, salohiyati va niyatiga bog‘liq.
Har bir davlat rahbari amalda o‘sha mamlakat xalqining sha’ni, sharafi, kerak bo‘lsa, tashrif qog‘ozi ham hisoblanadi. Uning jahon miqyosidagi shaxsiy obro‘-e’tibori tabiiy ravishda mamlakat xalqining obro‘-e’tiborini anglatadi. Shubhasiz, shu shaxsiy obro‘-e’tibor mamlakat va uning xalqi uchun katta boylik sifatida asqotadi.
Shu ma’noda, Prezidentimizga bugungi O‘zbekistonimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlarning asosiy tashabbuskori sifatida qarashimiz lozim.
YANGI O‘ZBEKISTON JAHON NAZDIDA
Keling, endi O‘zbekistonimizda so‘nggi yetti yilda yuz bergan ko‘tarilish davriga dunyoning ko‘zi bilan boqaylik. Jahon bizga jozibador diyor sifatida qaray boshladi. Buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterresh, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va boshqa davlat rahbarlarining xalqimiz, davlatimiz va Prezidentimizga samimiy, do‘stona va xayrixoh munosabati, bildirgan iliq fikr-mulohazalaridan ham bilib olsa bo‘ladi.
DAXLDORLIK
Mamlakatimizda taraqqiyot eshiklari ochilgan bugungi zamonda yashayotgan har bir fuqaro ana shu umummilliy harakatga shaxsiy hissasini qo‘shishni o‘ylab yashashi lozim. Shaxsiy hissa qo‘shish, avvalo, uning o‘zini boyitishi, baxtli qilishiga zamin bo‘ladi.
Bu umummilliy harakatdan uzilib qolishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki xalqning o‘z milliy davlati va uning rahbari bo‘lmish Prezidentning maqsad va g‘oyalari bilan birligi, yakdilligiga erishishi tarixan eng katta yutuq sanaladi.
Kamina mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan islohotlarning yuzdan birini eslab o‘tdim xolos. Aziz yurtdosh, bu borada sizning ham o‘z dunyoqarashingiz, o‘z nuqtayi nazaringiz va bahoyingiz bor, albatta. Pirovardida aytmoqchimanki, barchamiz buyuk o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Shu tarixiy solnomaga biz ham o‘z ulushimizni qo‘shaylik, el va yurt ravnaqi yo‘lida ulug‘ yetakchimizga kamarbasta bo‘laylik!
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



