18.04.2024 | 16:58
565
YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI TOSHKENTI

Yaxshi niyat va orzularning ro‘yobi kishi qalbini cheksiz quvontiradi. O‘zbekiston ahli obodlik ko‘ngillardan boshlanib, moddiyatga ko‘chishdek yangilik va tarixiy hodisalarga yaqin o‘tgan bir necha yil davomida guvoh bo‘lib turibdi. Yana bir muhim yangilik. Kechagi kun — 2024-yil 3-aprel Yangi O‘zbekiston tarixiga zarhal harflar bilan bitiladigan quvonchli kundir. Unutilmas bu kunda Respublika Prezidenti qadim Shoshga tutash hududda Yangi Toshkent shahri yuragi, ma’naviy gultoji bo‘lajak ilmu irfon maskanlari, madaniy inshootlar tamal toshini qo‘ydi. Respublika Prezidenti uch yil avval so‘zlagan nutqida “Biz sekin-asta “Yangi Toshkent”ni quramiz”, degan fikrni aytgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Zero, niyat va rejaning amalga oshishi, bu millionlab mamlakat ahli oldida aytilgan so‘zning ijrosi demakdir. Bunday bunyodkorlik uchun mo‘ysafid otaxonlar, tabarruk onaxonlar shunday Ro‘zai Ramazon kunlari, albatta, xayrli duolar qiladi. Qadim va muhtasham Toshkent o‘ziga yondosh hududlar evaziga Sharqqa tomon kengayib borishida, shaharning quyoshga, osmono‘par tog‘lar tomon intilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, yangilik, obodlik va bunyodkorlik – oydinlik, nurli yo‘l va yuksalish deganidir. Darhaqiqat, mamlakat yuragi havoga to‘yinishi uchun Toshkent shahri batamom “yashil hudud”ga aylanmog‘i lozim. Kampus o‘zining betakror-zamonaviy kompozitsion tarhi, bog‘lari, og‘ochzorlari, gul-bo‘stonlari, suv havzalari bilan, deylik, azim Toshkentni bamisoli kaftida avaylaydi. Yangi Toshkent hududida “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markazi qad rostlaydi. Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahridagi ilk inshootlar qurilishini boshlab berar ekan: “Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, degan juda muhim fikrni aytdi. Darhaqiqat, jahondagi taraqqiy etgan mamlakatlar o‘zlarida bunyod qilingan ma’rifat, ma’naviyat, madaniyat maskanlari shuhrati bilan dunyo ahlini o‘ziga qaratadi. Ko‘plarning havasini keltiradi. Kuch-qudrat, yangilangan tafakkur mahsuli bo‘lgan ezgulik binolarining qurilishi o‘zbek xalqi uchun bobomeros qadriyatlar sirasiga kiradi. Zero, bugungi tarixiy kundagi yangilanishlarni ko‘rgan har bir yurtdoshimiz xayoliga “Kuch – adolatda” iborasini hayotiy tamoyiliga aylantirgan buyuk Amir Temurning: “Agar bizning qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq”, degan fikrlari kelsa ajab emas. Muhtasham binolarni ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat, adabiyot va san’atga daxldor betakror mazmun yashnatadi, albatta. Mamlakatimiz Prezidenti yoshlar kelajagini, ma’naviy-axloqiy tarbiyasini o‘ylab, bu yangi maskanda birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi qurilishiga diqqat qaratdi. Bu kampus 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa inshootlarni qamrab oladi. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida mavjud bo‘lgan “bog‘cha – maktab – universitet” uyg‘un tizimining bir joyda jamlanishi, tabiiyki, o‘zining jahoniy samarasini beradi. Zotan, yangi quriladigan shaharga ham, o‘quv dargohlari va uning sayilgohlari hamda bog‘lariga yangi davr yoshlarining poyqadami juda-juda yarashadi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti Yangi Toshkent uchun yangicha tafakkur, ilg‘or ilm-fan markazi bo‘lishi aniq. Bu universitet kampusida 10 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 1 ming 150 o‘rinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasi barpo qilinadi. Bunday shart-sharoit, yoshlarning ilm olishi, tarbiya topishiga mos imkoniyatlarni ko‘rgan kattalar beixtiyor “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi”, deb havas qilishlari tabiiy. Kitobxonlikka juda katta diqqat qilinayotgan mamlakatimizda kutubxonalarning qurilishi – ma’naviy taraqqiyot uchun benihoya ulkan zarurat sanaladi. Yangi Toshkentda umumiy ko‘lami 30 ming metr kvadrat maydonni qamrab oladigan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘zbekiston ahlini chin ma’nodagi kitobxon millatga aylanishi, ko‘ngillar obodligiga beminnat xizmat qilishi tayin. Darvoqe, Yangi Toshkent hududida hazrat Alisher Navoiy nomi bilan yuritiladigan Xalqaro ilmiy tadqiqot markazining barpo qilinishi nafaqat yurtimiz adabiyotshunoslari, balki dunyoning barcha hududlarida ishlab, istiqomat qilayotgan navoiyshunoslar uchun ham tuhfa bo‘ladi. Alisher Navoiy va boshqa allomalarning hayoti hamda ijodi tadqiqi, bo‘lganida ham, xalqaro darajada o‘rganilishi o‘tganlar ruhini shod etadi, ikkinchidan, bugungi tahlikali zamonda har bir insonni kamolot sari boshlaydi. Xalqimizning suyukli shoirasi Zulfiyaxonimning bir she’rida “Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali…” degan misra bor. Shunga monand bu shahar bir go‘zal maskan, dunyoga dong taratadigan madaniyat, ma’rifat shahri o‘laroq dunyoga dong taratadi. Milliy teatrning katta binosi qurilishi san’at ahlini naqadar mamnun qilsa, dramaturglarga ilhom bag‘ishlaydi, tomoshabinlarga esa zavq. Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ma’naviyat majmuasi tarkibida zamon talablariga mos alohida ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazining barpo etilishi ham ma’rifatga, adabiyot va san’atga, bir so‘z bilan aytganda, ko‘ngil obodligiga daxldor insonlarga shodlik ulashadi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev ayni tarixiy kunda: “Bugun poydevori qo‘yilayotgan maskanlar ko‘p yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-ma’rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo‘shadi, deb ishonaman”, degan gapi chuqur hayotiy asosga ega, albatta. Azal-azaldan binolar, kutubxonalar, masjidlar, ko‘priklar qurganlar e’zozlangan. Qurilishiga sababchi bo‘lgan va qurganlar uchun beqiyos savob yog‘ilib turadi. Iste’dodli shoirimiz Maqsud Shayxzodaning: “Shaharlar boqiydir, umr – o‘tkinchi, Daryolar sobitdir, suvlar – ko‘chkinchi”, degan mashhur misralari bor. Suvlar oqib ketadi, manziliga yetadi. Ammo shaharlar, xususan, yangi bunyod bo‘ladigan Yangi Toshkentdek zamonaviy shaharlar boqiy bo‘lib qolajak.
TAHRIRIYAT
“Jadid” gazetasi 2024-yil 5 -aprel 15-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



