27.12.2024 | 09:45
529
YANGI ZAMON TARJIMACHILIGI HAQIDA
Tili mustaqil bo‘lmagan mamlakat ko‘p axborotni boshqa tildan oladi, oqibatda ularning dunyoqarashi ta’siriga beixtiyor tushib qoladi.
Yigirma birinchi asr tarjimachiligi avvalgi davrdagidan talay jihatlariga ko‘ra farq qiladi. Bu tafovut, avvalo, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi mustahkamlanganligida, asarlarni dunyoning ko‘pgina tillaridan bevosita o‘girishga o‘tilganida va mutarjimlar sonining ko‘payganida ko‘rinadi. Nisbatan qisqa bir zamonda bizda turk tilidan o‘girish amaliyoti shiddat bilan yuzaga keldi va taraqqiy topdi, boshqa turkiy tillardan tarjima qilish ham rivojlanib kelayotibdi. Yana bir o‘ziga xoslik, diniy asarlar ko‘p o‘girilayotgani bilan bog‘liq. Bu esa, o‘z navbatida ona tilimizda diniy leksikonning keskin ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Albatta, buni yangi tarjimachilik davri, deb atash mumkin. Uning yana bir qancha muhim sifatlari bor, bular keyingi o‘girmalarning yutuqlariga zamin bo‘lsa, ajab emas.
Ammo qo‘lga kiritilgan yutuqlarni sanash bilan cheklanmay, hozirgi jarayonning ayrim nuqsonlarini ham ko‘ra olsak, takliflarimizni o‘rtaga tashlab, o‘rgansak, yaxshi bo‘lar edi. Chunonchi, bizning kuzatishimizcha:
O‘zbek tilining tugal davlat tili bo‘lishi bu to‘g‘rida qonun borligiga, uning mukammalligiga, har bir bob va moddasining benuqson ekaniga ham, unga amal qilishni davlat idoralari nazorat etib, aybdor har bir yuridik va jismoniy shaxsni jazolashiga ham emas, balki, avvalo, mamlakat iqtisodiy hayotining qudratiga bog‘liq. Ya’ni, mamlakat iqtisodiyoti nochor bo‘lsa, tilimizni nafaqat boshqa el-yurt vakillari, hatto o‘zimiz ham mensimay qo‘yamiz. Qarang, odamlar hozir bir mahallar dunyoga antik adabiyot va madaniyatni, tengsiz san’atni hadya etgan greklarning tilini emas, tobora kuch-qudratga inayotgan koreyslar tilini o‘rganishni afzal biladi. Chunki keyingisida iqtisodiy hayot rivoj topyapti. Shunday ekan, “buyuk ota-bobolarimiz” haqida kuylasak-da, bugungi dunyo ravnaqini o‘zga tillar orqali qabul qilsak, tor hovuzdagi baliqcha holiga tushishimiz tayin.
Bir to‘p shoir-yozuvchilar, jurnalistlar, til-adabiyot o‘qituvchilari, so‘z san’ati muhiblarining fidoyiligi bunda kamlik qiladi. Butun xalq xo‘jaligida o‘zbek tili ishlasa, xalqning o‘zi shunga astoydil intilsa, ana o‘shanda o‘zbek tili davlat tili bo‘ladi.
“Davlat tili” idoralararo yozishmalar o‘zbek tilida yuritilishigina emas (ish yuritish qog‘ozlari – baayni dengiz suvi yuzasidagi bir enlik qatlam, uning qirq quloch chuqurligi, to‘rt chaqirim qa’ri bor), balki butun mamlakatda ishlab chiqarish va texnologiya shu tilda amalga oshirilishiga, chunonchi temiryo‘l vagonlari shu tilda ishlab chiqilgan yo‘riqnoma asosida yasalishi va ta’mirlanishiga, Internet orqali joriylanayotgan har qanday material istalgan lahzada o‘zbek tilida mukammal holda tayyor bo‘lishiga, yurtning har bir katta-kichik rahbari bu til uchun jon kuydirishi va elning o‘zi boshqa tilga og‘uvchilarni yoqtirmasligiga – butun mamlakatda o‘zbek tili muhiti yuzaga kelishiga bog‘liq. Ana o‘shanda tilimiz davlat tili bo‘ladi.
Shundan so‘ng o‘zbek tilining unib-o‘sishiga hamma ishonadi, biz boshqa ellar tomonidan “yutilib”, ularga assimilyatsiyalanib ketmasligimizga umid uyg‘onadi. Kelajagi omonat bo‘lmagan xalqning milliy ruhi barq uradi, tilidagi ne bir badiiy moʻjizalar xuddi yer ostida yotgan yombiday bo‘lib yuzaga chiqadi, ko‘zlarni, ko‘ngillarni quvnatadi. Bu holda tarjimalar original asar kabi o‘qiladi, til esa tobora boyiydi, ta’sirchanligi ortadi.
Hozir esa (he, attang!) bir o‘zbek amaldori o‘ziga tayyorlab berilgan ish qog‘ozini ko‘rib, “buni rus tilida keltiring menga”, deganini eshitdik…
Tili zaif bo‘lgan mamlakat ko‘p axborotni boshqa tildan oladi, oqibatda ularning dunyoqarashi ta’siriga beixtiyor tushib qoladi. Ya’ni, siyosiy iroda barqaror bo‘lmasligi xavfi bor.
Mana shuning uchun bizga mukammal tarjimalar kerak. Har tomonlama. Ammo XX asrning boshidan oxirigacha asosan rus tilidan o‘girib kelgan bo‘lsak, undan uzoqlashganimiz hamono turk tilini yalov qilib olyapmiz, turk adabiyotida nimaiki bo‘lsa (hatto o‘rtamiyona adiblarining asarlarini ham) o‘zbekchaga o‘girib, kitob qilib chiqaryapmiz. Bular o‘zbek o‘quvchisiga kerakmi, adabiyotimizni boyitishga qodirmi, unisi bilan ishimiz yo‘q.
Buning davosi – dunyoning o‘nlab boshqa tillaridan o‘girishni rag‘batlantirish kerak. Va albatta, ruschadan eng yaxshi badiiy va ilmiy-ma’rifiy asarlarni tarjima qilishni ham tashlab qo‘ymasligimiz kerak.
Kulgili bir misol. Lev Tolstoyning bir ayolga islom dini haqida yozgan xatini men tarjima qilganman, u 2000-yilda “Hurriyat” gazetasida chop etilgan. Endi buni qarangki, oradan yigirma yil o‘tib, uni rus tilidan ozarbayjonchaga Telman Aliyev va Voqif Xalilovlar o‘girishibdi. So‘ng ozar tilidan turkchaga Orif Arslon tarjima qilibdi. Va nihoyat, boyagi xatni uchinchi til – turkchadan Abdumurod Tilavov o‘zbekchaga ag‘darib taqdim etibdi. Boringki, A.Tilavov mavjud tarjimadan bexabar bo‘lsa ham, maktubni “rus – ozar turk – o‘zbek” tarzida emas, “rus – o‘zbek” tarzida o‘girganida to‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki har bir tarjima chog‘i asliyatdagi nimadir ozdir-ko‘pdir boy beriladi. Shu ma’noda, to‘rtinchi tildan o‘girganda emas, ikkinchi tilda ma’no yaxshiroq aks etadi.
Turkchadan faqat badiiy emas, diniy kitoblar ham ko‘p o‘girilyapti. Ulamolar ularning arabchasini o‘qib olishlari mumkin bo‘lgani holda, buncha ko‘p asarlarning tarjima qilinishiga sabab, o‘zbek eliga diniy ma’rifat berishni ko‘zlash emas, balki avvalo diniy kitoblar ko‘p sotilayotganligi, bu tarjimalar daromad manbayi ekanligini ko‘p korchalon-u uddaburonlar payqab qolganligi bo‘ldi, nazarimizda. Afsuski, diniy xilma-xil kitob ko‘paygani sari ulamolar orasida ixtilof va munozaralar ham avj olib borayotibdi.
Bizningcha, butun xalq murattab qori va mulloyi zabardast bo‘lishi shart emas, tor spesifik masalalarni minglab nusxalarda chop etaverish diniy ma’rifatning ziddiga xizmat qilib qolishi ham mumkin.
Tarjima sohasidagi eng chatoq holat – o‘girilgan asarlarning tili va uslubi nochorligi bo‘lyapti, bu esa umumo‘zbek adabiy tilini parokanda qilyapti. Atigi o‘n yil ichida “Sevara Nazarxondan yangi qo‘shiq” (Sevara Nazarxonning yangi qo‘shig‘i, deyish o‘rniga), “Ustoz san’atkordan ajoyib ijro” (Ustoz san’atkorning ajoyib ijrosi), “Mahalladagi ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash” (ish bilan ta’minlash, deyish o‘rniga), “qonun ijrosini ta’minlash” (qonunga amal qilish, deyish o‘rniga) kabi so‘zma-so‘z, hijjaviy o‘girmalar paydo bo‘ldiki, tezroq oldi olinmasa, ular ham ommalashib ketishi mumkin. Bunaqa yanglish, til tabiatini buzadigan ifodalarga ko‘nikib ham borayotibmiz.
Til va tarjima borasida muammolar ko‘pligini dalillash uchun bittagina so‘zni misolga keltira qolaylik. O‘ttiz yildan oshdi, bizda “qirol”, “qirolicha” degan g‘alati so‘zlar rosa urchidi. Xo‘sh, “qirol” va uning urg‘ochisi “qirolicha” tushunchalari qayoqdan paydo bo‘ldi? Agar buni inglizlardan kelgan desak, inglizlar hukmdor (podshoh)ni “korol” emas, “king” deydi. “Korol” degan so‘z o‘n ikki yarim asr avval franklarga hukmdorlik qilgan Buyuk Karl nomidan olingan. “Sezar” so‘zi (kishi ismi)dan ruslar “sar” (shoh) yasab olganiday, “Karl” nomi korol degan titulga bois bo‘lgan. Xo‘p, lekin “korol”ning Sharqqa nima aloqasi bor?
Ba’zi mutarjimlarning tanballigi, ko‘r-ko‘rona tarjima qilishlari orqasida “Saudiya Arabistoni podshohi” degan ma’no “Saudiya Arabistoni qiroli” deb taqdim qilinadi. Holbuki, arablarda qirol bo‘lmaydi, chunonchi Saudiya Arabistoni podshohi arab tilida “Malikul mamlakati al Arabiya as Saudiya” deb ataladi. Ya’ni, qirol emas, malik. O‘zbek tilida uning “qirolicha” degan “jenskiy rod”i ham yasalgan. “Qirol” so‘ziga “icha” degan jins bildiruvchi qo‘shimchasi qaydan qo‘shilgan – hech kim bilmaydi. Koreyslarning “Dengiz malikasi” kinofilmi nomi bizda “Dengiz qirolichasi” deb ruschadan shunchaki ko‘tarib o‘tkazib qo‘ya qolingan. Koreyslarda qirol yo qirolicha degan so‘z mavjud bo‘lsayam mayli edi.
Bu – bittagina so‘z ustidagi gap. Tilimizni bunaqa chuchmal, bema’ni so‘zlardan tozalash, eshitganda odamning g‘ashi keladigan ifoda shakllaridan orasta qilish kerak. Yo‘qsa, shunday go‘zal, ohangdor, ifodaga boy lisonimizni boy beramiz. Bunday hollar esa yuz-yuzlab.
Ana shunday qila olsakkina ona tilimiz turli “dardlar”dan forig‘ bo‘ladi, tobora sog‘ayadi, qaddini rostlaydi va ozod, erkin xalqning ona tili sifatida dunyoning yetakchi tillari orasidan o‘ziga munosib o‘rin egallaydi.
Tarjima deganda asosan badiiy asarlarni o‘girish tushuniladigan bo‘lib qoldi. Holbuki, badiiy tarjimaning o‘zi bu yangi davrda kifoya qilmaydi. Ilmning filologiya va tarix kabi bir-ikki sohasidagi adabiyotlarnigina emas, barcha fanlarni, texnikaviy asarlarni, tibbiyotga oid, buxgalteriya va bank sohasini, falsafa va iqtisodiy kitoblarni, yana boshqalarini paysalga solmay o‘zbekchalashtirish, bunday tarjimalarning xossalarini tadqiq etib, muammolarini hal etish kerak. Chunki o‘zbek tilida ish yuritish va badiiy adabiyot – shu ikkovi bilangina ona tilimiz davlat tili darajasiga ko‘tarila olmaydi.
Bugungi kunda umuman o‘zbek tiligina emas, lug‘atimizdagi so‘zlar ham davlat ahamiyatiga ega bo‘lib boryapti. Bir zamonlar sudda yutib chiqib, o‘ziga yetkazilgan zararni undirmoqchi bo‘lgan odam sudning qarorini ruschaga rasman tarjima qildirishi shart edi, O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi sudning qarori inobatga o‘tmas edi. Endi esa o‘tadi! Ammo bunda har bir so‘z eng aniq va to‘g‘ri tarjima qilinishi lozim ekanini ta’kidlab o‘tirmaymiz.
Xalqaro shartnomalarimiz davlat tilida imzolanadi va kuchga kiradi. Demak, tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun tarjima aniqligi juda muhim. Yaxshi esimda, men o‘girgan bir shartnoma matnida “har ikki davlat o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qiladi”, degan bir jumla bor edi, shu ifoda o‘sha davlat diplomatlaridan biriga yoqmabdi. Sababi, ularning tilida “manfaatdorlik” foydaxo‘rlik, hatto sudxo‘rlik degani kabi ekan. Buning ma’nosi bizda mana bunaqa, deb tushuntirish oson bo‘lmagan.
Yoki “ekstraditsiya” (выдача) degan so‘zni oling. Chet elga qochib ketgan jinoyatchini tutish va yurtiga qaytarish degani. Uni men “tutib topshirish” deb o‘girdim, ammo qabul qilinmadi. Chunki avvalgi shartnomalarda bu so‘z “ushlab berish” deb ag‘darilgan, o‘nlab shunday shartnomalarda shunday tarzda ketgan ekan. Ko‘ryapsiz, bu shunday jiddiy bir ishki, xato qilsangiz, tuzatish imkoni ham bo‘lmaydi – avvalboshida yanglishmasligingiz kerak.
Xullas, tarjimachilik katta yo‘lga tushyapti. Davlat ahamiyatiga molik jiddiy ishga aylanyapti. Endi bizga asliyat tilini, o‘girilayotgan narsa xossalarini va eng muhimi, tilimizning milliy xususiyatlarini yaxshi biladigan, til tabiatini nozik his qiladigan lak-lak tarjimon kerak. Xo‘sh, buncha tarjimonni qayerdan olamiz? Institutlarda fakultet yo bo‘lim ochib, talaba o‘qitib, diplom berib chiqargan bilan ish bitmaydi. Illo, o‘ttiz yilki bu tadbir ish bermadi. Nimaga desangiz, tarjimonlikka o‘qitadigan aksar muallimlarning o‘zi eplab-seplab tarjima qilishi dargumon.
Aslida, nafaqat badiiy tarjima, balki har qanday tarjima – san’at. Teatr institutida, oliy adabiyot kursida, konservatoriyada, rassomlik bilimgohlarida besh-olti kishilik talabalar guruhi bir mashhur san’at ustasiga biriktirilib, “falonchining sinfi” sifatida ta’lim olgani kabi, atoqli tarjimonlarni bu ishga jalb etish, bo‘lg‘usi ijodkorlar bu yuksak san’at (Korney Chukovskiy iborasi) sirlarini sinchiklab o‘rganishlari uchun yana boshqa sharoitlarni yaratishga kirishaylik. Albatta, bu bir-ikki yilda amalga oshib qoladigan ish emas. Ammo hozirdan bel bog‘lashimiz shart.
Ona tilimiz har tomonlama mukammal, asl ma’noda davlat tili bo‘lishini chindan ham istasak, shunday qilamiz. Bo‘lmasa, o‘sha eski gap – ishga boramiz, oshga boramiz: kunlar, yillar o‘tgani sari o‘zbek adabiy tilining muazzam va muhtasham binosi puturdan keta boradi, odamlar boshqa tillarda barpo bo‘layotgan ajoyib-g‘aroyib, sehrli olamga ko‘chib o‘ta boradi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



