30.09.2025 | 08:58
1211
YAXSHILIK ELCHISI
Yangi asrning yangi qutblari
Bashariyat yaralgandan beri qarama-qarshilik ham bardavom, hozirgacha na jamiyat, na millat, na davlatlar orasidagi ziddiyatlarga barham berishning imkoni bo‘lgan emas. Tabiat, koinot, hatto borliqning o‘zi turli qutblardan iborat ekanini inobatga olsak, hamma bir tomonda bo‘lishining o‘zi mantiqsizlikday, Yaratganning irodasiga zidday tuyuladi.

Insoniyatning bizga ma’lum bo‘lgan o‘tmishi Gʻarb va Sharq, Shimol va Janub, kapitalizm va sotsializm, dindorlik va xudosizlik, ezgulik va yovuzlik, jaholat va ma’rifat tushunchalari singari qutblanish azaldan mavjud va turli davrlarda har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lganidan xabar beradi.
Ilm-fan, sanoat va texnika taraqqiyotiga ulkan turtki bergan XX-asr o‘z poyoniga yetguniga qadar dunyo kapitalistik va sotsialistik lagerlarga bo‘lingan holda qutblandi. Har ikki tomondagilar ham haqiqat o‘z tanlovlarida ekaniga shubha qilishmadi. Goh u, goh bu tomonning qo‘li baland kelgan davrlarni ko‘rdik. Barcha yutuqlar shu omillarga bog‘lab talqin qilindi. Yangi asr ostonasiga kelib, globallashuv bilan bog‘liq jarayonlar yuzaga chiqa boshladi.
Axborot almashinuvining tezlashishi, so‘z erkinligi, shaxs daxlsizligi, oshkoralik, jamoatchilik nazoratining kuchayib borishi yangi boshqaruv institutlarining joriy etilishiga olib keldi.
Bugungi dunyoning yangi qiyofasiga teranroq razm solgan kishi, insoniyat uchun chin ma’nodagi qutblanish aslida biz o‘ylagandan ko‘ra boshqacharoq, bir-biri bilan yovlashayotgan davlatlar orasida emas, ilm-ma’rifatga yuz burgan yo jaholatga botganlar orasida sodir bo‘layotganini anglaydi. Globallashayotgan dunyoning yangi qutblari aynan ilm-ma’rifat va jaholatdadir. Qolgan barcha hodisalar shu omillar atrofida aylanmoqda. Oqillar esa, insoniyat uchun najot ilm-fanda ekanini allaqachon anglab, o‘z xalqini shu qutb atrofida birlashishga chorlamoqda.
Ha, aynan shunday. Bugungi dunyo – boshqacha dunyo. Hozir biror davlatning hududiy yaxlitligiga daxl qilish, uning yerosti va yerusti boyliklariga kuch bilan ega chiqish, mamlakatning tabiiy va inson resurslaridan majburiy foydalanish oson emas. Ammo imperialistik manfaatlarning jirkanch qiyofasi batamom yo‘q bo‘lgan emas. Istilochilik ham aslo barham topmadi. Bu jarayon o‘ta puxta, inkor etib bo‘lmas yoki bahsli yoxud ikkiyoqlama haqiqatlarni o‘zida aks ettirgan holda, afsuski, bugungi kunda ham davom etmoqda.
Demakki, qaramlikning yangi-yangi ta’sirlaridan xoli bo‘lish uchun ilm-ma’rifatni rivojlantirish shart. Bu – sog‘lom fikrli kishilardan iborat jamiyatlar va mamlakatlar intilayotgan maqsad. Bu jahon sahnasida inqirozga uchramaslik uchun millat ilm-fanda taraqqiy etishi birlamchi vazifa.
Mana shu sabablar tufayli bugungi dunyoning ma’naviy qiyofasi o‘zgarmoqda. Aniq qilib aytganda, insoniyat ikkiga bo‘lingan. Bir tomon sog‘lom aqlga tayangan holda ilm-ma’rifatning taraqqiyi yo‘lida bo‘lsa, boshqa tomon jaholatga yetaklovchi turg‘unlikni tanlagan. Mana shu holni biz ramziy ma’noda dunyoning yangi qutblari deb atadik…
Ilm bo‘lmasa, himoya ham bo‘lmaydi
Bugunning achchiq va ochiq haqiqati shu. Ilm-fani rivojlanmagan davlatlar rivojlangan mamlakatlar uchun iste’molchi sifatidagi sarmoya manbayi bo‘lib qolaveradi. Misol sifatida aytsak, bir mamlakatda 1 gektar yerda 5 tonna g‘alla yetishtiriladi, ikkinchi mamlakatda esa 15 tonna. Birinchi davlatda agronomiya bo‘yicha yetarli ilm bo‘lmagani uchun hosildorlik sirini bilmaydi. Lekin bu davlat fuqarolarining yillik g‘alla iste’moli 7,5 tonnani tashkil etadi. Chunki ilmsizlik sababli iste’mol mahsulotlarining xilma-xilligi ham past bo‘ladi. Keyingi davlat iste’moli esa 3 tonna, bunga sohada ilmni rivojlantirish, iste’mol mahsulotlarining xilma-xilligini oshirish tufayli erishilgan.
Xo‘sh, kim yaxshi daromad qiladi? Albatta, birinchi davlat emas. Negaki, yillik iste’mol ehtiyojini qondirish uchun 5 tonna ustiga yana 2,5 tonna g‘alla qo‘shishi lozim. Bunga mablag‘ kerak. Mablag‘ topish uchun tabiiy gaz, neft, oltin, uran yoki boshqa bir boylikdan voz kechishga to‘g‘ri keladi.
Bir tafakkur qilib ko‘raylik. Bu holat nimadan darak beradi – bu ilm-fan rivojiga e’tibor qaratmagan jamiyat hamisha ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj bo‘lib qolaverishidan dalolat emasmi?!
Bu o‘rinda tashqi tajovuzdan himoyalanish haqida gapirish ham ortiqcha.
Ilm rivojlangan davlatlarda manzara tamom boshqacha. Masalan, ilm sabab tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan mamlakatlarda oziq-ovqat yetishtirish misli ko‘rilmagan darajada ortgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti oshib, oziq-ovqatdagi import hajmi minimal darajaga tushgan. Bundan ko‘rilgan daromad yana ilm-fan rivoji uchun sarflanadi va mamlakat yanada rivojlanib boraveradi. Ilm-hunarda loqayd, jaholat qutbida qolib ketayotganlar haqida bunday deb bo‘lmaydi, albatta.
Hammasi maktabdan boshlanadi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilm-ma’rifat taraqqiyotisiz jamiyatning barqaror kelajagi yo‘qligini qayta-qayta ta’kidlagani holda, ta’lim tizimini rivojlantirishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirayotgani bejiz emas. Chunki barcha islohotlar maktabdan, barcha ezguliklar maktabdan, barcha muvaffaqiyatlar ham maktabdan boshlanadi. Shu bois, umumta’lim maktablarida zamonaviy o‘quv dasturlari, yangi darsliklar, innovatsion metodikalar jadallik bilan joriy etilmoqda. Maktablarni rekonstruksiya qilish, yangi binolar qurish, zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlash ishlari qizg‘in tus olgan. Bu esa ta’lim sifatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezident maktablari, ijtimoiy-iqtisodiy, texnik va gumanitar fanlarga ixtisoslashgan maktablar ko‘paymoqda. Xalqaro standartlar asosida ta’lim berish, xorijiy tillar, Ay-Ti va fanlarni o‘zaro uyg‘un o‘qitish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, yoshlarda tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muammoni yechish, innovatsion yondashuv ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida urg‘u beradigan bu maktablar kelajakdagi yetuk kadrlar uchun “intellektual fabrika” vazifasini bajarishiga ishonchimiz komil. Ayni vaqtda, YUNESKO, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonning ta’lim islohotlarini yuksak e’tirof etayotganini ta’kidlash joiz.
Jamiyatimizda o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan ishlar alohida mavzu. 2024-yil 1-fevralda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda muhtaram ustozlarimizning huquq va majburiyatlari kafolatlari, xususan, attestatsiya va malaka toifalari bo‘yicha ustamalar, kasbiy faoliyatni rag‘batlantirish, o‘qituvchining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilarning oylik maoshini bosqichma-bosqich tarzda ming dollarga olib chiqish haqida so‘zlagan edi. Bu so‘zning shunchaki iltifot uchun aytilmaganini bugungi kun o‘qituvchisi aniq his eta boshladi. Ayrim maktablarda yuqori toifali ustozlarning ustamalar bilan olayotgan umumiy maoshi 20 million so‘mgacha yetmoqda. Bu hol kelgusida har bir maktabda kuzatilishi uchun barcha zarur vositalar ishga solinayotganiga guvohmiz.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, sohadagi islohotlar natijasida 2023-yili maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazilgan. Taraqqiyot strategiyasi doirasida 2026-yilga qadar maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ijobiy amaliyotni barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etish ko‘zda tutilgan. Oliy ta’limda qamrov darajasini esa 50 foizga, nodavlat OTMlar sonini kamida 50 taga yetkazish belgilangan.
Amalga oshirilayotgan ta’lim siyosati, oliy ta’limni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, tayyorlov sinflari formal ta’limga kiritilib, umumiy ta’limning 11 yildan 12 yilga uzaytirilishi, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun rahbar va mutaxassislarni qayta tayyorlash, sun’iy intellekt va multimedia studiyalarini yaratish, maktab ta’limi samaradorligini oshirish, o‘qituvchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘rtaga tashlanayotgan ijobiy takliflar milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar bilan uzviy bog‘lamoqda.
Xayriyat… Alvido, majburiy mehnat
Bu so‘zni majburiy mehnatdan bezor bo‘lgan o‘qituvchi do‘stim aytgan edi. Rosti, ushbu maqolada yaqin o‘tmishdagi majburiy mehnat bilan bog‘liq ayrim holatlarni eslab o‘tmoqchi edim, lekin xotiramda shu qadar ayanchli manzaralar jonlandiki, ularni yozish tugul xayolda jamlash ham xijolatli bo‘ldi. O‘sha kunlarning ortda qolgani rost bo‘lsin!
Ha, Yangi O‘zbekistonda shukur qilishga munosib ijobiy islohotlar yuz bermoqda. So‘nggi yillarda ijtimoiy ahamiyatga ega eng muhim o‘zgarishlardan biri, hech shubhasiz, o‘qituvchi va o‘quvchilarning paxta terimiga majburiy jalb etilishiga barham berilgani bo‘ldi desak, ayni haqiqatdir. Bu hodisaning ijobiy natijalari haqida ko‘p gapirish mumkin.
Shaxsan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘qituvchi va o‘quvchilar majburiy mehnatining bekor qilingani sababli, endilikda o‘qituvchi o‘z vazifasi – dars berish bilan jiddiy shug‘ullanmoqda. O‘quvchilar o‘qishdan uzilib qolmayotgani uchun ta’lim sifatining oshishi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro maydonda ijobiy nufuzga ham ega bo‘ldi.
Maktabda boshlangan islohotlar yaqin kelajakda jamiyatda ma’naviy yuksalishni ta’minlab, iqtisodiy va milliy taraqqiyotga sabab bo‘lishini tasavvur qilishning o‘zi quvonchli. Axir, dunyoga uyg‘oq nigoh bilan qaragan jadid ma’rifatparvarlarining ham eng ulug‘ orzu-a’moli shu emasmidi!
Gapning sirasi…
Agar ustozning qo‘lidagi kitob, sinfdagi o‘quvchining ko‘zidagi nur qadrlansa, bunday jamiyatda jaholatga o‘rin qolmaydi. Ilm-ma’rifat qutbi atrofida jam bo‘lgan xalqning yo‘li hamisha ravon, kelajagi mudom porloqdir. Ilm-ma’rifatga suyangan xalq har qanday qiyinchilikni yengib, o‘z kelajagini o‘zi qurishga qodir bo‘ladi.
Bugun baralla aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonda ezgu islohotlarni amalga oshirayotgan Inson, hech shubhasiz, Vatanga yaxshilik sog‘ingan Insondir. Bugun jonajon Vatanimizda yangrayotgan har bir chaqiriq faqat xalq manfaatiga qaratilgan. Har bir tashabbus, har bir qaror, ayniqsa, ta’lim sohasidagi tub islohotlar – bugungi va ertangi avlodning baxtli kelajagi uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir.
Ustoz qadrlangan joyda millat qadr topadi, ilmga e’tibor berilgan yurtda Vatan yuksaladi. Bu haqiqatni barcha yurtdoshlarimizga anglatishni istagan Insonning yoshlarimizga aytgan o‘tli da’vatiga quloq tuting: “Hech qachon o‘qishdan, izlanishdan to‘xtamang. Vaqt tez o‘tadi, ertaga hayotda munosib o‘rin topishingiz, zamonga mos mutaxassis bo‘lib yetishishingiz uchun bugun o‘qishingiz kerak. Men ishonaman, siz mutlaqo yangi avlod yoshlari bo‘lib ulg‘ayasiz, ota-onangiz, el-yurtingiz orzusini ro‘yobga chiqarasiz. Chunki sizda bilim bo‘ladi. Bilim esa, o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi. Yakka-yu yagona najotimiz – ilm”.
Ulug‘ ajdodimiz Imom Buxoriy hazratlari ham: “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”, deya bu haqiqatga dalolat qilgan. Ta’lim-tarbiya rivojiga, ustozlarning nufuzini oshirishga qat’iy intilish yurtimizda ezgu maqsadga aylangani masalaning eng muhim jihatidir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday ta’kidlaydi: “Oqqan daryo – oqaveradi”, deydi dono xalqimiz. Bugun buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Hamma gap ana shu imkoniyatlardan qay darajada oqilona foydalana olishimizga bog‘liq”.
Izohga ham, qo‘shimcha sharhga ham ehtiyoj qoldirmagan bu so‘zlar siz-u bizdan faqat ilmga oshno tutinishni talab etadi.
Abdulhamid MUXTOROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
