12.10.2026 | 16:49
758
“YEVROPAGA SAYOHAT” TAASSUROTLARI
Bugun dunyo insoniyat ko‘zi oldida kichraydi. Bir zamonlar orzu bo‘lgan mamlakatlarga borish bir nafaslik yo‘lga aylandi. Ummon ortiga bir kunga borib, ertasi kuni uyiga qaytib kelayotganlar topiladi. Yaqin bir-bir yarim asrlik tarixda Yevropadan Turkistonga kelgan sayyohlar, olimlar, josuslar o‘z safar xotiralarini, yodnomalari va kundaliklarini yozib qoldirishdi. Ayrimlari o‘zbek tiliga tarjima ham bo‘ldi. Ularda biz to‘g‘rimizda aytilgan ko‘p gaplardan boxabarmiz.
Yaqinda “Yevropaga sayohat” nomli bir kitob qo‘limga keldi. Muallifi taniqli tarjimon – Mirzaali Akbarov. Menga tanish hududlar to‘g‘risida muallif yozganlari men uchun qiziq tuyuldi. Tezda o‘qidim va o‘qish jarayonida fikr-mulohazalar paydo bo‘ldi.

Kitobda Mirzaali Akbarovning tarjimayi holiga tegishli ma’lumotlar, nemis tilga qiziqishi, maktabdagi muallimlari, oliy ta’lim borasida qiziqarli sahifalar bor. O‘qishni bitirib Toshkentdan qishlog‘iga qaytgan Mirzaali aka jamlagan bir arava kitobini pochta orqali jo‘natgan ekan. U kishi garchand ixtisosligi nemis tili muallimi bo‘lsa ham, ona tilining barcha qirralarini puxta biladi. Bunday tarjimonlar ikki qirrali keskir xanjarga o‘xshaydi. Kitobda muallifning o‘zi qayta-qayta ta’kidlab e’tirof qilganidek, “avvalo, ona tili va milliy adabiyotimizni” chuqur o‘rganish lozim. Chet tillarini o‘rgangan niyati xolis inson uchun vaqti kelib imkoniyatlar eshigi dunyoning qaysi bir mamlakatiga tomon ochiladi. Germaniya, Avstriya, Shveytsariya mamlakatlaridagi tarjimonlarning ijod uylariga borib, ijodiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan Mirzaali Akbarovning ayni haqiqatga iqrori shunday.
Bu inson qishlog‘idagi o‘n to‘qqiz yillik ish faoliyatidan keyin Toshkentga qaytadi. Radioda ishlaydi, gazeta-jurnallarda muxbirlik qiladi. Ammo sevimli mashg‘uloti – tarjimonlik xayolidan ketmaydi. Ko‘ngil royishiga mos ravishda Herman Hessening murakkab matnli “Cho‘l bo‘risi” romanini ikki yil davomida qunt bilan tarjima qiladi. Roman o‘zbek kitobxonlari uchun ulkan sovg‘a bo‘ladi. Bu haqda jiddiy adabiy taqrizlar yoziladi. Tarjimon mehnati e’tirof etiladi. Saodatli kunlarning birida Germaniyaga yo‘l olgan hamkasb tanishi – Abdulazizdan o‘zbek tilida nashr bo‘lgan “Cho‘l bo‘risi”dan bir-ikki nusxani “Yevropa tarjimonlar kollegiyasi”ga jo‘natib yuboradi. Shundan keyin yoshi qirqdan oshib ellikka yaqinlashib qolgan Mirzaali Akbarov uchun Yevropa eshiklari ochiladi. Yigirma yil davomida uch mamlakatdagi tarjimonlar ijod uylariga har yili borib, ijodiy ish – tarjima bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Men Gyote hikmatlarini, Herman Hessening hikoya va qissalarini Mirzaali aka tarjimasida maroq bilan o‘qiganman. Taassurotlarimni aytish imkoni ham topildi. M.Akbarov xarakterli odam. Hamma bilan ham til topishib, ko‘nglini ochavermaydi. “Moziydan sado” jurnalida bir-ikki oy ishlagan mahali tarjimalari, xususan, so‘z tanlashi, pishiq-puxta jumlalar tuzishi – mahorati haqida gaplashdim. Ora-chira tarjimon suyadigan nemis tilida bir-ikki gap aytdim. Hamsuhbatga aylandik. Birga gurunglashib tushlik qiladigan bo‘ldik. Men u mahallar “Moziydan sado”da o‘rindoshlik asosida ishlar edim. Biroq “Navoiy-30”dagi bu gurunglar ko‘pga cho‘zilmadi. Bir kuni jurnal tahririyatiga borsam, Mirzaali aka ishga kirganiga hali hech qancha bo‘lmasdan “ketaman”ga tushib qolibdi. Sababi bunday: bo‘lim telefoni jiringlagan ekan, xonada boshqa hech kim bo‘lmagani uchun go‘shakni Mirzaali aka olibdi. “Alo” desa, narigi tomondan salom yo‘q, alik yo‘q, biroz do‘qlangan ovozda: “Kimsan!” degan sensirab bir sas kelibdi. Mirzaali aka ichki telefondan bosh muharrir xodimlarini izlayotganini qayerdan ham bilsin?! Muomalasiga mos ravishda “O‘zing kimsan?!” debdi do‘q aralash u ham sensirab. Bosh muharrir o‘rinbosarini huzuriga chorlab, “Kimni ishga olib keldinglar?” deya savol beribdi. Bundan xabar topgan Mirzaali aka qo‘lidagi plastik pulqopiga qarab: “Shuni sarson bo‘lib ochtirmasam bo‘larkan, baribir ketaman”, dedi qat’iy.
To‘g‘ri so‘z, haqiqatgo‘y, gapi ustidan chiqadigan Mirzaali aka bunday masalalarda hazillashmaydi. Bo‘shadi, ketib qoldi. Keyin telefonlashib, gurunglashib turadigan bo‘ldik. Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi” kitobining bir qismini olim-tarjimon Ozod Sharafiddinov o‘zbek tiliga o‘girgan edi. Shuni oxiriga yetkazishni niyat qilgan Mirzaali aka, kitobni izlab yurgan ekan. Menda bor. Aytdim. Ko‘zlari chaqnab, xursand bo‘lib ketdi. Kitobni berdim. Y.Parandovskiyning shu ajoyib asari ikkita tarjimonning mehnatlari evaziga tugal holda o‘zbek tilida kitob bo‘lib chiqdi.
Mirzaali aka bilan maroqli gurunglarimiz uchun avval shunday kitoblar sabab bo‘ldi. Ikkinchidan, Germaniyaga safarlarga borganim va taassurotlarimni so‘zlaganimdan gapimiz olishdi. “Yevropaga sayohat” mutolaasi jarayonida men tanigan muallifning tabiati, nazari, ko‘rgan-kechirganlariga bahosi, muomala-munosabatda mezbon tomonning urf-odatlari, ko‘ngliga qarashlari – barcha-barchasi o‘z ifodasini topgan, deb o‘yladim. Mirzaali aka ijodiy safarlar jarayonida nemis do‘stlar orttiradi, mehmondorchiliklarda bo‘ladi. Tarixiy obidalarni tomosha qiladi. Bularning ko‘pchiligini ibrat uchun yozadi. Sinovlarga duch kelgan pallalari ham bor. Deylik, boyvachcha nemis er-xotin suhbat asnosida Mirzaali akaning qo‘liga nemis tilidagi gazetani tutqazib, stol ustida bitta jomadonni qoldirib, o‘zlari go‘yo zarur yumush bilan tashqari chiqishadi. Besh-o‘n daqiqa o‘tib-o‘tmay qaytib kelishadi. Mirzaali aka hamon gazeta bilan andarmon. Ular kela solib qulflanmagan diplomatni ochib ko‘rishadi. Ichi to‘la dasta-dasta dollar. Er-xotin pullarni qay holda belgilari bilan qoldirgan bo‘lsa, shu holicha turibdi. Sinovning bunday usullari ham bor ekan.
“Yevropaga sayohat” kitobida nemislarga xos to‘g‘rilik, tejamkorlik, rejadorlik, va’dagi vafo, intizom, aniqlik kabi o‘ndan ortiq fazilatlar sanaladi. Nazarimda, bunday fazilatlar muallifning o‘ziga ham begona emas. Zotan, kim yer yuzidagi qaysi xalq-millat urf-odatini, madaniyati, adabiyoti va san’atini o‘rganadigan bo‘lsa, ulardan saboq oladi va o‘z ruhiyatiga singdiradi ham. Mirzaali aka o‘z e’tirofiga ko‘ra, biror joyga kech qolib borishni juda yomon ko‘radi. Muallifning hayotiy tutumlarida bunday aniqlikdan tashqari, ishonch, reja, to‘g‘ri bo‘lish, haqgo‘ylik kabi ko‘plab mezonlar bor. Xolislik yuzasidan muallif olmonlarga xos qator go‘zal fazilatlarni yozish barobarida, o‘ndan ortiq illatni ham sanaydi. Muhtaram gazetxon, agar bu “illat”lar qiziq bo‘lsa, kitobdan o‘qib olasiz.
“Yevropaga sayohat”ning muhim jihati unda muallifning o‘z qarashlari, ko‘z qarashlari, nuqtayi nazarlari bor. Barcha sayohat kitoblari kabi bunda ham taqqoslar kuzatiladi. Nemislarning biror ibratga munosib ishlarini so‘zlab kelgandan keyin “bizda-chi…” degan savol qo‘yiladi uch nuqta bilan. O‘quvchi yozilmagan bo‘lsa ham, holatni so‘zsiz anglaydi.
Maxsus bo‘limlarga ajratilgan kitobdagi barcha taassurotlarni o‘qish zavqli. Men uchun “Gyote va Shillerni yo‘qlab” bo‘limi yana ham qiziqroq tuyuldi. Chunki talaba paytim men ham bu ikki alloma adibning shahri – Vaymarga borgan edim. Ayniqsa, “Ertalab Gyote yashagan uyda bo‘ldim”, degan gapini o‘qib, 1989-yil avgustida men ham shu ikki qavatli uy-muzeyga borganimni esladim. Muzeydan bir necha chaqirim narida Gyotening dala hovlisi ham bor. U ham muzey. Dala hovlidagi xonalardan biri devoriga “Faust”ning qo‘lyozmalari, adibning o‘z qo‘li bilan o‘chirib-yozganlaridan namunalar ilib qo‘yilgan edi. Ayni manzara hamon ko‘z oldimda turibdi.
Kitobxonlik, olmonlar hayotidan ayrim lavhalar, shu bilan birga, “shaharlar ta’rifi” ham menga qiziqarli va haqqoniy bo‘lib ko‘rindi: “Mundoq olganda, shaharlar ham xuddi odamlarga o‘xshaydi. Masalan, Nyu-York – iltifotsiz va ishbilarmon, Parij – xiyol bemulohaza va oliftasatang, Berlin – qovog‘i soliq, xo‘mraygan, Hamburg – qo‘pol va qo‘rs, Myunxen – tor va sershovqin, Qo‘qon – chiroyli gaplariga uchmay, cho‘ntakka hushyor bo‘lasiz, Namangan – tili shirin va gullar shaydosi, Toshkent – dollaringiz bo‘lsa, doim izzat-hurmatdasiz, Vaymar – adabiyot va san’at homiysi, Shtralen – gullar va tarjimaga ishqivoz, Drezden – dilbar va san’atsevar, Kotbus – huvillagan, bo‘m-bo‘sh, Laypsig – kitobsevar va ilmli, Vena – madaniyat va san’at markazi, Frankfurt-Mayn – puldor va salobatli va hokazo”. Ma’zur tuting, ko‘chirma andak cho‘zildi. Ammo shaharlarning bunday ta’rifini boshqa kitoblarda o‘qimaganim va shaharlarning odamlarga xos qiyofasini uchratmaganim uchun kitobning 153-betidan shu kattaroq ko‘chirmani oldim. Zero, bu subyektiv ta’rif siz uchun ham qiziq tuyulsa kerak…
Mirzaali Akbarov Germaniyadagi xalqaro Herman Hesse jamiyatining O‘zbekistondagi yagona a’zosidir. Tarjimon xususida nemislar matbuotida qator maqolalar, bir qancha suhbatlar nashr bo‘ldi. Jamlansa, bitta kitob bo‘lar, ehtimol. Ammo Mirzaali aka maqtanmaydi. Bir pulga arzimas tadbirda topshirilgan yorliq yoki xalqaro sertifikatni boshi uzra ko‘tarib rasmga tushganlar, ayniqsa, turli o‘zanlar bo‘ylab o‘z rasmlarini targ‘ib qilguvchi kashandalar kamtarlikni ham Mirzaali akadan o‘rgansa bo‘lar edi.
Mirzaali Akbarov bu sayohatnoma kitobida o‘z ish uslubi, tarjimonlik faoliyatidagi tajribalardan, gohida adashuvlaridan ham so‘zlaydi. Misollar keltiradi. Deylik, “gottoshe” hamda “byurger” so‘zlarining xatoligi va o‘nglanishidan bahs yuritadi. Xorij tilini bilish muhim. Ammo ona tilimiz tarovatini, ifoda imkoniyatlarini, adabiyotimiz tarixi va bugungi adabiyotimizni tarjimon juda yaxshi bilishi kerakligiga ko‘p bora urg‘u beradi. Yozadi: “Umuman, tarjimada tilni bilishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Tarjimondan chuqur bilim, yuksak mahorat, ta’bir joiz bo‘lsa, zargar mahorati talab etiladi. U jahon tillarini yaxshi bilishi, shuningdek, dunyodagi boshqa tillardan, avvalo, ona tili, adabiyot, tarix, san’at, qo‘yingki, dunyoviy va diniy ilmlardan ham yaxshi xabardor bo‘lmog‘i lozim. Tarjima – biror asarning boshqa bir tildagi so‘zma-so‘z bayoni emas, bil’aks, unda mutarjim asliyat ruhini saqlay olishi, eng avvalo, uni o‘zi teran his etib, o‘quvchiga yetkazishi, unga “yuqtira” olishi kerak. Tasavvur qiling, agar yozuvchi o‘z asarini yozayotganda yig‘lamagan bo‘lsa, uni o‘qiyotgan kitobxonning ko‘zlariga nam qayoqdan kelsin! Tarjimon xususida ham xuddi shunday fikrni bildirish mumkin. Mutarjim asar tarjimasi jarayonida dastavval o‘zi to‘lqinlanmog‘i lozim”.
Mirzaali Akabarovning o‘z ijodiy tajribasidan o‘tgan bunday ibratli fikrlar, hikmatli gaplar bugun tarjima bilan shug‘ullanayotgan, ko‘p hollarda sun’iy zako, gugul-transleytdan foydalanib, o‘zlaridan mohir tarjimon yasash yo‘liga kirgan ayrim yosh mutarjimlar uchun juda muhim. Yoshlar aynan sabr-bardoshda, haqqoniyat, qat’iyat va eng asosiysi, ijodiy mehnat-mashaqqatdan zavqlanishda Yevropaning nemis tilli mamlakatlarida mohir tarjimon sifatida tanilgan Mirzaali Akbarovdan hayotiy-ijodiy ta’lim olishlari kerak, albatta. Muallifga ham, o‘quvchilarga ham “Yevropaga sayohat” kitobining nashri qutlug‘ bo‘lsin!
Bahodir KARIM,
professor
Ildirgi: Kitobning nashr adadiga qaradim: 50 dona ekan. Kam. Juda kam. Bunday kitoblar ko‘p ming nusxada bosilib chiqsa, Yevropani ichdan tanib olishimiz uchun bizga zarur ma’rifiy qo‘llanma bo‘ladi, deb o‘yladim.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



