28.10.2025 | 19:00
5323
YOMG‘IRLI SATRLAR
Yomg‘ir – shoirlar qalbida sog‘inch va sokinlik, yangilanish va poklanish timsoli sifatida gavdalanadi. Ushbu to‘plamda turli davr o‘zbek shoirlarining yomg‘ir haqidagi she’rlari jamlanib, o‘quvchini tabiat va inson ruhiyati o‘rtasidagi nozik uyg‘unlikni his etishga chorlaydi.

Abdulla ORIPOV
* * *
Yomg‘irli kun edi,
Atrof jim, sokin,
Mayus ko‘zlaringga boqardim sarmast.
Sekin shivirlading: – Boqmagil, yigit,
Sevging menga yangilik emas…
Yomg‘ir ham tinmadi o‘sha kuni hech,
U ham quvolmadi ko‘zdan xobingni.
Sovuq, rutubatli xonamga shu kech
Olib qaytdim iztirobingni.
Tunda ham jimgina yosh to‘kdi osmon,
U mening holimga yig‘lar edi, bas!
Bas, do‘stim, meni deb chekmagil fig‘on,
Sening ko‘z yoshing ham yangilik emas.
Rauf PARFI
***
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Tomchilar tomchilar sochimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Men unga ochaman bag‘rimni.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Asta unutaman yomg‘irni.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Oxir meni asir etar ul.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil.
Tilak JO‘RA
***
Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yog‘sin,
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari,
Sevinch yomg‘irlari, ishonch yomg‘irlari,
Yog‘sin-ey, mayliga, sog‘inch yomg‘irlari,
Sog‘inib-sog‘inib kelgan bu elga,
Suyanib-surinib kelgan bu elga,
So‘kilib-sovrilib kelgan bu elga,
Suqlanib-sarg‘ayib kelgan bu elga,
Yog‘sin-ey, mayliga quvonchlar yog‘sin.
Borini berib ham, bo‘htonlar olgan,
Zorini aytib ham, zorlanib qolgan,
Somonday sarg‘ayib, har yon sochilib,
Tola-tola bo‘lib, toliqib tolgan
Bu elga quvonchlar, ishonchlar yog‘sin!
Bu qanday zamondur, bu qanday davron,
Umrim, o‘z holingga o‘zingsan hayron,
Ne xatolar qilding, aytsang-chi, axir,
Ko‘ngil-da vayrondir, imon-da vayron.
Sarg‘aygan qamishday sarg‘aygan go‘dak,
Sendan qadrlimi bir dona ko‘sak?
Dardim daryo bo‘lib oqizmas meni,
Yelkamda ko‘tarib ketsam men seni.
Seni qanday asray, ko‘zi qaroliq,
Qo‘llarim cho‘zarman, qo‘llarim bog‘liq,
Bu dunyo gumrohdir, gumroh odamlar,
Jilmayib boqarlar, yuraklar dog‘liq!
Ko‘klikdan ko‘karmay, sarg‘aygan sohil,
Ummoning qaydadir, gumoning qayda,
Seni ham kul qildi, kul bo‘lgan hosil,
To‘foning qayda hey, suroning qayda?!
Oh urib, ohimni men kimga aytay,
Qani, u tush bo‘lsa, jimgina yotay.
Lek, ruhim tirmalib, sanchilar sanchiq,
Qarog‘im qichqirsa, men qanday yotay!
Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yog‘sin,
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari.
Bahorday borliqni quvonchga qorsin,
O‘zlik yomg‘irlari, o‘z yomg‘irlari…
Matnazar ABDULHAKIM
YOMGʻIR
Yomg‘ir yog‘ar. Borliq qunishgan.
Bosliqadi yo‘llarning changi.
Yomg‘ir yog‘ar. She’r yozgim kelar.
Go‘yo – yomg‘ir yangi, she’r yangi.
Yomg‘ir yog‘ar. O‘ylar o‘ylayman,
Tinglab samovotning mungin jim.
Necha minginchi yomg‘irdir bu
Va men shoir – necha minginchi.
Yo‘q! Yo‘q! Faqat menga bu yomg‘ir
Va men bu yomg‘irga doirman.
Ilk yomg‘irdir olamdagi bu
Va men olamda ilk shoirman.
Sharros jalalarni kuylayman
Dabdabasiz, g‘arib she’rlarda.
Aqlim yetmas, qanday sevarlar
Yomg‘ir yog‘maydigan yerlarda.
Yomg‘ir yog‘ar hayot baxsh etib
Mening qaqroq e’tiqodimga.
Yomg‘ir yog‘ar. Hech kim sololmas
Seni yomg‘irchalik yodimga.
Iymanmas hech ochilmoqdan gul,
Maysa bo‘lmas unmoqdan izza.
Takrorlanar har gal shu yomg‘ir,
Shu saodat, shu pok moʻjiza.
Ezgin-ezgin halqoblar ichra
Bedardliklar eriydi cho‘kib.
Limmo-lim ko‘p paymonalarni
Yomg‘ir yog‘ar to‘kib va to‘kib.
Ogohmanki, to‘ydirar jondan
Bu olamda bo‘lsa ne takror.
Men betakror takror kuylayman,
Yomg‘ir yog‘ar takror betakror.
Sochiladi har bir tomchidan
Son ming shu’la, son mingta zar ruh,
Yog‘ar tuyg‘u, yog‘ar ehtiros,
Yog‘ar tavba, yog‘ar tazarru.
Yomg‘ir yog‘ar. Falak fosh etar
Sirlarining toza-tozasin.
Tutmoqchidek menga to‘ldirib
Mangulikning sabr kosasin.
Yomg‘ir yog‘ar, alxdmdulillah,
Har tomchida ming xotiralar…
Qutlug‘ bo‘lsin har qaysi bitta
Yulduzdan nur emgan qatralar!
Usmon AZIM
***
Qiynaladi oftobni kutib
Yomg‘irlarda ivigan shahar…
…Uxlab qolding, yig‘lab, qon yutib,
Ko‘ringanda ufqda sahar.
Men taqdirdan hech nolimayman,
Gar almashdi shomga tongimni.
Olib keldi bu oqshom bilan
Uzoqlarda qolgan jonimni.
Mening sarson umrimga oydin
Rivoj tilab u chekdi fig‘on.
Oyog‘ini tavof qildim men —
Dunyoda eng omadsiz o‘g‘lon.
U hech narsa qilmadi talab,
Ming o‘rgildi qoshu ko‘zimdan.
Uning qaro sochlarin silab,
Bu tun kechdim hatto o‘zimdan.
Yomg‘ir yog‘di mayda-maydalab,
Mayda-mayda bo‘ldi yuragim.
Tong otguncha qayta-qaytalab,
«Sevasanmi?!» deya so‘radim.
Qiynaladi oftobni kutib,
Yomg‘irlarda ivigan shahar…
…Sen ketasan qayga qon yutib,
Meni qayga boshlaydi sahar?
Shukur QURBON
KUZGI YOMGʻIR
Ezib yog‘gan kuzgi yomg‘irdan
Shumtirashib qoldi daraxtlar.
Tilla barglar yerga chaplandi
Chiroq yog‘dusida yaraqlab.
Sirqiratib o‘tdi badanni
Esgan uzuq-yuluq izg‘irin.
Yor ketgan yo‘l boshida turdim
O‘z-o‘zimdan qattiq yozg‘irib.
Kuzgi yomg‘ir… bu kuzgi yomg‘ir
Dunyoyimga yog‘gandek bo‘ldi,
Kuzgi yomg‘ir – sevgining so‘nggi
Vidolari yanglig‘ tuyuldi.
Kuzgi yomg‘ir, hay, kuzgi yomg‘ir,
To‘lib ketgan edingmi shuncha?!
Bir bo‘shalib olishnng uchun
Meni abgor etdingmi shuncha?!.
Xurshid DAVRON
* * *
Ko‘z o‘ngimda bepoyon bog‘lar,
Yaproqlarda tillarang g‘ubor.
Yaqinlashib qolgandek tog‘lar,
Havo shunday tiniq, beg‘ubor.
Shitirlagan kechki yomg‘ir ham
Tumanlarni quchoqlagan tong,
Qop-qoraygan dala-yu qir ham
Bari menga tanish, qadrdon.
Daraxtlarda lovillar gulxan,
Yuragimda uning tafti bor.
Bog‘chadagi xazonlar bilan
Uchib yurar kechagi bahor.
Meni tashlab ketmoqchi do‘stni
To‘xtatmoqchi bo‘lganday, shu on
Men jimgina qo‘lim cho‘zaman
Yonayotgan gulxanlar tomon.
Baxtiyor GENJAMUROD
YOMGʻIR
Tog‘lardan balandda, bulutdan yuksak
uchar cho‘l burguti – dala ayg‘iri.
O‘t qilichin sermar momaguldurak,
Shaharni sel aylar falak yomg‘iri.
Pastda – tosh yo‘llarda oqar metallar,
pastda – temir-beton tog‘lar o‘smoqda.
Akva, shisha kiygan sohibjamollar
Yomg‘ir seli bilan raqsga tushmoqda.
Elektr munchoqli, neon sirg‘ali
shahar shou qo‘ynida qizday charx urar.
“Nedur bu mastlikning pinhon sirlari?..” –
tushunmay qahrli chaqmoq barq urar.
Kimnidir izladim yomg‘irli tunda,
qalbimda bepoyon armon, sog‘inch bor.
Dardlar qiynaydimi seni ham shunday,
tushunarsiz sog‘inch, Norqobil Qo‘chqor.
Shahardan tashqari – Do‘rmon ovulda
ko‘k tutunni yutib qalbim iliydi.
Bunda tog‘ qo‘ynida erkin tug‘ilgan
To‘lin oy bo‘riday unsiz uliydi.
Aziz SAID
SЕNI KUTIB…
Yomg‘ir yog‘ar –
yirtilar xayol
Osmonning
chil-chil oynasi –
ko‘lmaklar
sapchiydi
daydi it misol
Yomg‘ir yog‘ar –
shiddatli mezon
tikadi
ko‘zguning
laxtaklarini
Yomg‘ir to‘xtar –
Quyosh mezanadan o‘qiydi azon
Qaldirg‘och
chug‘urlar
tilaklarini
Yuvosh tortar
daydi it
Xayollar
chokidan tikilar
Singan oynada
quyoshning aksi
visolga yetishgan
shamol ko‘zidan
ko‘kargan
xo‘rsiniq to‘kilar
Salim ASHUR
YANA YOMG‘IR…
Shivirlaydi yomg‘ir… yana
ivirsiydi yerda bulut…
Tomchilarda durlar yonar,
yupqa yaproq – majruh vujud.
Sukut saqla, saqla sukut.
Pichirlashar yeru samo,
takrorlanar yomg‘ir kuyi.
Quvilgan qush chirqillar yo
to‘zg‘ib sachrar oshiq o‘yi.
Visol kutar xor bekatda,
fig‘onidan chiqadi dud.
Hijron kelar yo‘l – egatda,
sovugan qalb titrar behud.
Sukut saqla, saqla sukut.
Yolg‘izlikning ko‘chasidan
yomg‘ir kabi o‘tasan bir,
hijron, visol kechasida
yulduzlardek sochilar sir.
Telefonim raqamlarin
yomg‘irlarda oqiz, unut.
Xotiraning o‘t shamlarin
tolesizlik qo‘liga tut.
Sukut saqla, saqla sukut…
Iqbol MIRZO
YOMGʻIR KECHASI
Rayhon gulidek oq yomg‘irlar yog‘di,
Bir xushbo‘y yomg‘irlar yog‘di elanib.
Chinor badanida sirqirab oqdi
Chaqmoq yog‘dusiga belanib.
Sollana-sollana tushdi yomg‘irlar,
Yomg‘ir etagini ko‘tardi shamol.
Ezilib sizildi yurak-bag‘irlar,
Oynadan bug‘lanib boqdi bir ayol.
Yomg‘ir kechasida, yomg‘ir kechasida
Hech kimni sog‘inmagan men edim.
Kechib kelgan edim nechasidan,
Yomg‘ir kechasida Mashrabga teng edim.
Ey, baxtli bo‘lishga qo‘yarmidi hayot,
Ey, uzlat totini totmagan inson!
Yomg‘ir yog‘averar aylanib ozod,
Xushbo‘y sochaverar oq gulli rayhon.
Xosiyat RUSTAMOVA
YOMGʻIR
Bulutlar yoyildi ko‘kni to‘ldirib,
Shamol quvib ketdi sovuq qishlarni.
Yana daraxtlarni o‘yga cho‘mdirib,
Qorasi ko‘rindi oppoq qushlarni…
Bugun ham otgisi kelmay otdi tong,
Bugun ham dardini ichiga yutdi.
Keksaygan holiga qaramay osmon,
Suzg‘ichdan o‘tkazib olar bulutni.
Ikrom ISKANDAR
* * *
Tuni bo‘yi tin bilmay tomda
bir marshni mashq qiladi yomg‘ir.
Bilmam, qayga otlanar tongda?
Muhayyo RUSTAMOVA
YOMGʻIRDA
Yomg‘ir – she’riy fasl, sirli manzuma,
Eng latif ohangdir, miskin bir navo.
Dilgir taxayyulga mahzun munojot
Dilrabo qo‘shiqday musaffo sado.
Yomg‘ir yog‘averar, yomg‘ir tinmaydi
Alla aytayotgan ona misoli.
Mening ko‘zlarimga urilar faqat,
Xayolchan bir qizning ma’sum nigohi.
Chalar soz, sozidan taralar yomg‘ir,
Tomchilar muattar fitratidan roz.
Bu dilkusho kuyga cho‘milib yashay,
Ruhimga oqmoqda musallam ovoz.
Yomg‘ir yog‘averar, yomg‘ir tinmaydi,
Sirli osmonlardan xobir mujtabo.
To‘ldingmi, boringni to‘ka qol, ko‘nglim,
Yomg‘irga marhabo, she’rga marhabo.
Zuhra BEGIM
* * *
Qabog‘i qorayib ketdi osmonning,
Dalaning etagi bo‘ldi jiqqa ho‘l.
Chug‘urlab panaga qochishdi qushlar,
O‘shanda ne bilan edingiz mashg‘ul?
Bexosdan gumbirlab chaqmoq chaqqanda,
Hayratdan junjikib bosganda titroq.
Xayollar parishon aylagan chog‘da
Kimni o‘yladingiz sog‘inib ko‘proq?
Yomg‘ir g‘uborlarin yuvdi dunyoning
Tuproq bulutlarning ko‘z yoshin ichdi.
Sokin tun bag‘rida oyga termulib,
Jonim, ko‘nglingizdan ne hislar kechdi?..
Guljamol ASQAROVA
YOMG‘IRLI KUNLAR
Meni kuzatasan yomg‘irlar bilan,
Iloyo oftoblar kuzatsin seni.
Ketyapman dardingni tuzata olmay,
Endi duolarim tuzatsin seni.
Mana ketayapman shu so‘zni aytib,
Ufqlarga sachrab dilimning rangi.
Meni ta’qib etar qiyomatgacha,
Yomg‘ir shiviriyu isming jarangi.
Menam darvesh edim, ey Mashrab bobo,
Bugun jonga tegdi kuloh-janda ham.
Mening ko‘zlarimdan yosh tinmaganday,
Yomg‘irlar tinmabdi Samarqandda ham.
Endi xayr emas, alvido, do‘stim,
Ranjima sog‘inchlar ezgan bag‘irdan.
Sen – kuzda adashib qolgan bahorsan,
Men yozda adashib yoqqan yomg‘irman.
Sen sira kuyinma, bori ayb menda,
Yo‘llar yuragingga boshladi meni.
Toshkentga kelgandim, gunohkorsan, deb,
Yomg‘irlar savalab tashladi meni.
Endi kuzatmaysan yomg‘irlar bilan.
Faxriddin HAYIT
YOMGʻIR
Sen nimasan, sevgimi, sog‘inch,
Majnun kabi chin oshiqmisan?
Yo onamning qarog‘idagi
Gʻamdan zada ko‘z yoshimisan?
Shivirlaysan nelarni menga,
Kuylaringda yashirin qay sir?
Bu olamda kashf bo‘lmagan gap,
Aytilmagan sir bormi, yomg‘ir?!
Cho‘g‘ yuragim eng baland minbar,
Shivirlaring eng totli ovoz.
Sirlaringni sotmayman zinhor,
Men tuproqman bezabon, besas…
Shodmonqul SALOM
YOMG‘IR
Har bitta tomchini bitta farishta
Olib tushar emish zaminga ko‘kdan!
Yurak hapqiradi, yo, Qodir Xudo,
Rahmatlar yubording bizga falakdan.
Bu munir lahzada duo qabuldir!
Ko‘zyosh yuvgan ko‘ngil sirin aytadi:
Yomg‘ir olib tushgan har bir maloyik
Bir yaxshi niyatni olib qaytadi!
Nargiza ASADOVA
* * *
Pardalaring titradi asta,
Tashqariga qarading og‘ir.
Sog‘indingmi,
Xo‘rsinding,
turding
Chirchiqlarda yomg‘ir yoqqandir…
Ezg‘in kuydek chorladi yo‘llar,
Yodga tushdi bizni suygan bog‘.
Sezyapsanmi,
Tog‘lar yurtida
Sensiz menga tog‘ qolmadi – tog‘!
Hijronlarga to‘ladi xonang,
Ko‘zlaringdan ko‘zlarim nari.
Bugun chiqding
Bu shashtdan beso‘z
Hayratlarda qoldi tashqari.
Tanish ko‘cha,
azim teraklar,
Shoshib kelding, yillar kutdi yuz.
Uchrashdigu…
Ko‘zlarim kuydi,
Nigohingda,
Kuz edi-da,
KUZ!
Dilmurod DO‘ST
KEL, SAYR QILAYLIK…
Yomg‘irlar qo‘shig‘i yangraydi bog‘da,
Chamanlar husniga boq. Juda ko‘rkam.
Shundayin g‘animat, foniy bir onda,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.
Hijron dog‘larini yuvib ketsin ul,
To vaslingga zarra qolmasin shubham.
Ko‘nglim gulzorida asraganim – gul,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.
Ista, yomg‘irpo‘shni qilaylik pana,
Quchoq ochaylik yo tomchiga, erkam.
Yaratgan rahmatin, bulut himmatin
Birga qarshilaylik, kelgin, malikam.
Yo‘llar tugamasa, yomg‘ir tinmasa,
Bir juft qush misoli qo‘nishib, kezsak…
Gʻuborlardan xoli bo‘lgan dunyoda
Pokiza muhabbat borligin sezsak.
Kel, sayr qilaylik birga, malikam…
Dadaxon MUHAMMADIYEV
* * *
Yomg‘ir yog‘ayapti ko‘nglingga,
Qara!
Kutaman, ruhimda bir ilinj sarson.
Qushlar shom boshladi va so‘nggi chora –
To‘fonlar yubordi qoshingga osmon.
Yolg‘izlik istaysan, faqat yolg‘izlik,
Bulutlar boshingda to‘zg‘iydi bir dam.
Tun cho‘kib boradi, ko‘zingda hadik,
Uzoqlab boradi kulgularing ham.
To‘fonlar yubordi qoshingga osmon,
Yomg‘ir isin tuyar qaysidir sezgi
Ana shu to‘fondan o‘tolsak omon,
Baxtiyor yashaymiz, baxtiyor sevgi.
Yomg‘irday to‘kilib kutyapti bir jon,
Tomchilar ko‘nglingga yetar tobora.
Endi qaytish kerak – kelishing gumon,
Yomg‘ir yog‘ayapti. Ko‘nglingga qara!
Bahodir BAHROM
YOMGʻIRLI KECHA
Yuragimda armon ko‘tardi isyon,
Osmon saltanati ketdi yemrilib.
Seni qanday quchay, topib ber imkon,
Nechun yomg‘ir bo‘lib kelding sevgilim?
Yuragim sukutning bag‘riga otdim.
Sukut – armonimga tor kelgan tobut.
Hijron hovlisida daraxtday qotdim,
So‘ng, olovga do‘ndim, chaqmoqlar shohid.
Tilim aylanmadi, kel, demoqlikka,
Derazam ochmoqqa yaramadi qo‘l.
Bizni bo‘g‘izladi shafqatsiz taqdir,
Sen – tomchi suv bo‘lding, men – bir siqim kul.
Qamarni qayd qildi ochofat bulut,
Chala qolgan tushday yo‘qolding, nogoh.
Yuraging oynamda holsiz jon berdi,
Nahotki, yuragim o‘ldi gulimoh?
Mansur JUMAYEV
YIG‘LAYDIGAN KO‘Z
Nanay yomg‘irlari bir uzun yog‘di,
Bir sevinch yog‘di-yu bir huzun yog‘di.
Nafratdan so‘zlasam, ajab, bu yomg‘ir
Sening ko‘zlaringdan ne uchun yog‘di?!
Nanay yomg‘irlari bir mayin yog‘di,
Yog‘ish-yog‘maslikni bilmayin yog‘di.
Sevgidan so‘zlasam, ajab, bu yomg‘ir
Sening ko‘zlaringdan qandayin yog‘di?!
Nanay yomg‘irlari – tig‘laydigan so‘z,
Ko‘zim kosasiga sig‘maydigan bo‘z…
Bor bo‘l, muhabbatning yolg‘iz doyasi –
Yig‘laydigan ko‘z!
Saodat FAYZIYEVA
* * *
Maktub yozdim yomg‘ir tilida,
Derazangga yetdi baytlari.
Sen ham meni o‘ylaysanmi hech,
Kuz ko‘ksingni tilgan paytlari.
Yaproq asrar kitoblaringni
Ochmoqlikka yetmas jur’ating.
Xazon rangli yurakdevorda
Sarg‘aymasdan turar surating.
Ortimdagi ko‘priklar yondi-
Qaytish uchun qolmadi imkon.
Endi har tong qanot tilanib
Ibodatga yukindim, ishon…
“Shu boshimmi-tashvishga eltgan”,
Soyabon-la berkitding uni.
Taqdir baxtni oqlikka bo‘yab,
Kapalakqor elar har kuni.
Hech bo‘lmasa, darchalaring och,
Uyga kirsin tole’ ifori.
Soatingning millari bilan
Oshno bo‘lgan yuragim zori.
Kuzda shuncha holsiz yuraging,
Qish kirmasdan uyquga ketar.
Ko‘zlaringni tezroq ochmasang,
Kapalakqor zavolga yetar…
Maktub yozdim yomg‘ir tilida,
Derazangga yetdi baytlari…
Najmiddin ERMATOV
***
Masalan, yomg‘irli kechada unsiz,
oqsuyak oyqizni o‘ylashing mumkin,
jiqqa ho‘l qanotin silkitolmasdan,
ko‘lmakka qulagan ariday tushkun.
Masalan, yomg‘irdan berkinib hamma,
yomg‘irpo‘sh tutgancha, uyiga chopsa,
sen esa egasiz itdayin ozod,
mumkindir adirda ag‘anab yotsang.
Masalan, zangori ekranni uzib,
(bu ekran aldamchi to‘ralar mulki)
tomidan suv tomar onangni eslab,
tonggacha bemalol yig‘lashing mumkin.
Masalan, shu mahal ko‘chaga chiqib,
uyiga berkingan barcha biylarni,
chetdagi mardikor ukang uchun ham,
baqirib so‘kishing mumkin ularni.
Yoinki, qo‘qqisdan jasorat bitib,
(sen kimsan? bu yo‘lda o‘lganlar kammi?)
hech yo‘qsa, xayolan asrashing mumkin,
haliyam choponi yirtiq vatanni.
Va yoki, bariga qo‘l siltab birdan,
shoirga shul deya azal aqida,
ijara hujrangda g‘amga belanib,
she’r yozish mumkindir sevgi haqida.
Masalan, yomg‘irli kechada unsiz,
yomg‘irday yog‘ilib ketish ham mumkin…
Abdumannon MUHAMMAD
* * *
Yomg‘ir bu – zaminga qadalgan nigoh,
Yomg‘ir bu – nigohdan to‘kilgan siyoh.
Yomg‘ir – ishq, yurakka kiradi sizib,
Garchi, u sevgining besuyak qizi.
Devorga osig‘liq bir tishlangan non,
Oh, yomg‘ir – umidin uzmagan juvon.
Zamin talab qilar bahorgi bojin,
Yomg‘ir – bulutlarning kesilgan sochi.
Suhrob ZIYO
* * *
Yomg‘irni hidladim, gulday hidladim,
Jannat iforini qulday hidladim.
Uning kulgusini eshitdim, mayin,
Deraza, qoldingmi sen payqamayin?
U o‘z suratini chizdi oynaga,
Uni ko‘rmadingiz, odamlar, nega?
Yomg‘ir qo‘shiq aytdi, misoli shaydo,
Sen nega unga jo‘r bo‘lmading, dunyo?
Men-chi, dardlashaylik, yomg‘irjon, dedim,
Boshimga yog‘, og‘ir og‘rir jon, dedim.
So‘zladi. Tushunmay turaverdim lol…
Muhabbatdan suhbat qurdik, ehtimol.
Islomjon QO‘CHQOROV
YOMGʻIRNI SEVASAN
Yomg‘irni sevasan haddan ziyoda,
Tomchilar kuy chalar – raqsingga oshiq.
Ohangdan mast bo‘lgan bedor dunyoda
Ko‘nglingga sig‘maydi boshqa bir qo‘shiq.
Yomg‘ir bo‘lib senga yog‘moqchi bo‘ldim,
Sochingdan sirg‘alib yerga tushsamda.
Axir bulutlardek xasratga to‘ldim,
Xasrating bo‘y cho‘zdi bugun jussamda.
Senga borar yo‘lda bekatlar aro
Sog‘inchlar, o‘kinchlar, g‘amlar sochilgay.
Avtolar bir bo‘lib qilar mojaro
Boshi berk ko‘chalar qachon ochilgay?
Ayt o‘zing, xohishing bildirgin menga,
Uyalsang jimgina bergin ishora.
Yoki bulut bilan do‘stlashib senga
Yomg‘ir yuboraymi kunda, kunora.
Ko‘ngilni qo‘ya tur, yetmaydi ko‘zim,
Ishq – azob, aqlimga og‘olmay qoldim.
Bulutdek qoraydim, guldirab so‘zim
Netay yomg‘ir bo‘lib yog‘olmay qoldim.
Azobim ortgaydir garchi baxt kelsa
Sevgisiz, sog‘inchsiz, sensiz dunyoda.
Yondim, chaqmoq bo‘lib yondim, sen esa…
Yomg‘irni sevasan haddan ziyoda.
Endi azobingdan qutqargin meni,
Ufqi yo‘q tomonlar sari uloqtir.
Eng so‘nggi hukmingga mahtalman bugun
Ketish tole bo‘lsa, qolish firoqdir.
Bir kuni chorlasang va yoki kelsang,
Dallidek esimdan og‘ishimni ko‘r.
Shunda gumbur-gumbur nog‘ora chalib,
Shunda yomg‘ir bo‘lib yog‘ishimni ko‘r!
Mehrinoz ABBOSOVA
SKRIPKALI XAYOLLAR
Shams sharqona tavoze bilan
ena boshlar asta mag’ribga
Huvillagan kuzgi bog’larda
o’rtanadi sariq skripka.
Daraxtlardek bo’lurman ozod,
Shamollardek kezgum telbarib.
Lazzatlanib simiraman, oh,
Noyabrning ohanglarini.
Ayolligim eslatar mezon,
Tug’ilganim – isyonmi, qasdmi?
Qiz uzatgan OTAdir osmon,
Yomg’ir – endi tuproqning hasmi.
Bu adoqsiz yo’llar Majnunruh,
Nigohlarim boqar Laylivor.
Sozanda ham tinglovchi ham yo’q,
Skripka bor, Kuy bor, Sog’inch bor…
Madina NORCHAYEVA
* * *
Yomg‘ir bo‘l,
Ro‘molin yuvib ber dashtning
Quyulsang qizg‘aldoq kosalari – jom.
Ohangga esh bo‘lib huv og‘ochlarning
Vujudiga insin tark etilgan jon.
Yomg‘ir bo‘l,
Sumanbar tushlar qaridi,
Darz ketdi gullarning ko‘zgulariga.
Tomchidek sizib kir, dengizning tushi
Tog‘larning yig‘isi, kulgilariga.
Yomg‘ir bo‘l,
Chaqmoqlar uchdi inidan,
Bulutlar to‘lqindek bog‘landi tunga.
Faqat yomg‘ir bo‘lib eslatish mumkin
Bahordan olislab ketganin unga.
Yomg‘ir bo‘l…
Xurshid ABDURASHID
YOMGʻIR
Yomg‘ir… Seni kutgandim uzoq,
Senga ilhaq bo‘lgandim, tushun.
Mog‘or bosib ketgan bag‘rimni
Bir tozalab olmoqlik uchun.
Soyabonsiz kezaman… tunni
Bezagandir tomchilar raqsi.
Shunday lahza bir tomchi yomg‘ir
Bo‘lib qolsang qanchalar yaxshi.
Qancha dardga qalqon er ko‘ksim,
Nega buncha ojiz qoldi, ayt?
Yuvgin manim alamlarimni
Bu g‘amlarni ozgina kamayt.
Bu yomg‘irda hech kim ko‘rmaydi,
Yuragimga bir quloq solay.
Yig‘lash mumkin ko‘kka qo‘shilib
Ko‘zlarimni yig‘latib olay.
Er kishiga uyat… yig‘ini
Ozod qilsa qaroqlaridan.
Tomchi bo‘lib tushsa ne chora
Ezilgan dil varoqlaridan.
Qaqrab qolgan ko‘z yoshlarini
Bir qiz uchun oqizgan tentak.
Ketmaguncha yurak yuvilib
Hali qancha yomg‘irlar kerak.
Sen ham yig‘i bo‘lsang, ay yomg‘ir
Og‘ushingda erib ketsin dard.
Bir tomchi yosh endi uyatmas,
Yig‘lab tursa osmonday jumard.
Bu ashklarning mamlakatida
Soyabonsiz yashamoq og‘ir.
Silab o‘tar boshim ohista
Toza yomg‘ir, bokira yomg‘ir.
Shahriyor SHAVKAT
* * *
Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Tinglaysiz tomchilar navosin,
Ammo nechun bilmaysiz hanuz
Yuragimning obu-havosin?!
Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Men Betxoven emasman afsus.
Ko‘zingizda notalar suzar,
So‘z oqadi tomirimda, So‘z!
Bilamanki, yomg‘irdek kelib,
Bir inja, bir foram, bir nafis,
Yuzimda, labimda, sirg‘alib,
Kuy chalmaydi
Barmoqlaringiz!..
Bilamanki, barchasi behud,
Behudadir hislarim shavqi,
O‘rtamizda tafovut mavjud,
Tafovutki sukut va shovqin…
Kechikkanman, bo‘lar ish bo‘lgan,
Sizda shodlik, menda esa dard.
Ko‘nglingizni mavh etib olgan
Mendan avval aldoqchi Motsart!..
Anglashimcha, barchasi tamom,
Ko‘nglingiz boshqaga erimas,
Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Motsartni,
Notani,
…menimas!
Nozima HABIBULLAYEVA
YOMGʻIR
Yomg‘irjon, sen meni yaxshi ko‘rasan,
Yomg‘irjon, men seni yaxshi ko‘raman.
Sen bilan to‘kilib yog‘ishaman va
Momaqaldiroq-la dodlashib ko‘raman.
Zamin sensizlikka ko‘najakmi, ayt,
Sendan keyin maysa unajakmi, ayt.
Ko‘zim sohilida kipriklar undi,
Dilga ko‘klam fasli kelajakmi, ayt.
Atrof minglab yulduz bo‘la turib ham,
Quyosh yondirmog‘in bila turib ham,
Kunduzga talpinaverar oymomo,
Dog‘lanib, goh yarim, to‘lib turib ham.
Ko‘rgin ovchi ko‘kka o‘q otganini,
Olovrang hislarim sovqotganini.
Bu joylar sahro-yu, anglab yetmadi –
Kimni topib-kimni yo‘qotganini!…
Kel, sharros quyamiz, birga yog‘amiz,
Osmon-u, to‘rt tomon, yerga yog‘amiz.
Tomchi-tomchi emas, toshib, sel bo‘lib,
Shalabbolar bo‘lib she’rga yog‘amiz.
Rassom kamalakni bo‘yoq qilar shart,
Notaga aylanar har tomchi, har dard.
Sen bo‘lib yog‘yotgan mening haqimda
Olisda simfoniya yozadi Motsart….
Yomg‘irjon, men seni yaxshi ko‘raman…
Gulhayo ANOROVA
* * *
O, yomg‘irning siyraklashgan pardalari oralab
Sen haqingda buncha teran, buncha uzoq surdim o‘y?
Porlagan oy shu’lasida eriyotgan abrlar
Ortmoqlagan har tomchiga bitta-bitta ism qo‘y.
Adirlarning yelkasiga oyoq qo‘yib yuksalgan
Qoyalarning intihosin ilg‘agaymi ko‘zlaring?
Orom olib va uyquning iliq shabadasida
Tog‘lar mangu unitdilar nelar uchun bo‘zlarin.
Uzoqlarda chuvalashgan chiroqlarning zanjiri
O‘tmish kabi bepoyondir, o‘tmish kabi beorom.
Shudir bizni uchrashtirgan kurraning noyob qismi,
Shudir bizni bir umrga allalab qo‘ygan oqshom.
O, yomg‘irning siyraklashgan pardalari oralab
Sen haqingda buncha teran, buncha uzoq surdim o‘y?..
Muhammad SIDDIQ
* * *
Yomg‘ir sochlaringni silaydi mayin,
Shamol ufq sari yetaklar karaxt…
Umrimizning sokin bog‘laridan, o,
Bolalik – indmay ketib qolgan baxt.
U kunlar!.. qaytardik qirlardan hushvaqt,
Gullar-la bahorlar haqda kuylashib.
Gulim, esingdami, yaxshi ko‘rarding
Tinmay kapalaklar bilan o‘ynashni.
Xotiralar kezar sovuq xonamni,
Tunim o‘tib borar kunni sog‘inib.
Eslaysanmi?
Atay men-la bo‘lgin deb,
Yashirib qo‘yardim qo‘g‘irchog‘ingni…
Hamon termilasan horg‘in, jovdirab,
Munchog‘i uzilgan go‘dak singari.
O‘zingga kelolmay izlaysan hanuz,
O‘shal mehrbuloq tutgan onlarni.
Bu kun torlik qilar hushroy ko‘ylaging,
Yana-da yoqimli tuyular gullar.
Kimsasiz xonangda ma’sum boladay
Kechalar qo‘g‘irchoq o‘ynaging kelar…
Ahmadali SHERNAZAROV
* * *
Yaproq changin shabnam yuvar,
Daryo ikki qirg‘og‘ini,
Yomg‘ir yuvar tabiatning
Tuprog‘ini ham tog‘ini.
Dil g‘uborin quvonchlar,
Gunohlarni savob yuvar,
Egrilikni to‘g‘riligu
Yolg‘onni rost javob yuvar.
Gar daryoga tashlasangda,
Bir narsa bor gardi ketmas.
Bir g‘uborki, yuvmoqlikka,
Bu dunyoning suvi yetmas.
Ayriliq der uning nomin,
Sinovidir sabru bardosh.
Yuvilmasdir to qiyomat,
Artib turar faqat ko‘z yosh.
Parizoda RO‘ZIBOYEVA
HECH KIM HAQIDA SHE’R
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda,
Sezdim, maysalarning titroqlarini.
va sizni o‘yladim,
kimni ko‘proq sevasiz,
Menimi yoki yomg‘irni?
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda,
Har neki begona,
har kimsa tanish!
Nigohingiz qidiraman,
izlayman tovushingizni,
yurak topsa deyman bir dam osoyish.
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda,
tomchilar labimda uchdi sirpanchiq.
Men sizdan uyaldim,
bu gunoh edi axir,
Mashinalar termilib o‘tdi
ko‘zlarin har damdan kattaroq ochib…
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda,
Sog‘inchim yodimga soldi tomchilar.
Yig‘ladim!
Kechiring,
kulaman degandim faqat,
Aytilmagan sirlar yog‘di tomchilab.
Tomchilab, tomchilab, yog‘di yomg‘irlar,
Tomchilab,
tomchilab,
yog‘di bor sirim.
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda,
Men sizdan yomg‘irpo‘sh kutdim, hech kimim!
Tag‘in yomg‘ir yog‘di siz yo‘q shaharda…
Shahzoda ORIFJONOVA
KUZ YOMGʻIRI
Kuzning koʻzlaridan tomchilaydi yosh,
Xazonlar bormoqda dardga chayilib.
Sogʻinchga tasalli bermoqda bardosh,
Mehrim umidiga boqar qayrilib.
Ruhimni siypalar beoʻxshov hislar,
Navozish yaproqlar… maʼsum yigʻisi.
Qalbimga pichirlab aytadi sekin:
“Yigʻlama, azizam.. sen-ku baxt qizi!”
Yomgʻir tomchilaydi kipriklarimga,
Yaproqlar umiddan olar xavotir.
Nafasim entikib aytadi sekin:
Umid yogʻayotir, baxt yogʻayotir…
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



