Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.05.2024 | 14:06

img426

YORUG‘ KUNLAR KUYCHISI

Hur yashash uchun olib borilgan kurashlar maydoni bo‘lgan insoniyat tarixida erk tuyg‘usi millatlarning tomirlarida doimo jo‘shqin bir shaklda kezgandir. Bu mislsiz tuyg‘u, tarixiy vaziyat va sharoitlarning majburiyatlariga uyg‘un holatda, bir millatning qalbida ba’zan kuchli jo‘sh urgan bo‘lsa, ba’zan kimningdir ko‘ngil dunyosida o‘zini muhofaza qilib, yashirin holatda yashab kelgan, albatta. Azaldan hech bir xalq vatanini erkin ko‘rish, yurtida saodatli yashash g‘oyalarini himoya qilib, millatining ruhini o‘stirgan jadidlarini unutmagan. Unutish tugul, nomlarini qalbi tubida saqlab kelgandir. O‘zbeklar uchun shunday bir kurashning bayroqdor nomlari qatorida 34 yoshida “inqilobga qarshi va millatchi” ayblari qo‘yilib, jazoga mahkum etilgan ijodkor, muallim va jadid Mahmud Hodiyev – Botu ham bor edi. She’rlari 1918-yildan doimiy ravishda nashr etila boshlagan Botuning shoir sifatida shakllanishida ijodining ikki davri xususida so‘z aytish o‘rinlidir. Ilk davrda Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va Mashriq Yunusov – Elbek ta’siri alohida ko‘zga tashlanadi. Fitrat va Cho‘lpon umidlanib Botu qalamida kelajakni ko‘radi va bu yosh shoirni o‘z ta’sir doiralarida tutishga intiladilar. Shu sababdan ­uning adabiy, siyosiy va ijtimoiy fikrlari uyg‘onishida Fitratning, she’riy uslubi shakllanishida Cho‘lponning ta’siri kuchli bo‘ldi. Botu ijodining ilk davrida ayni ustozlarini maqtaydi va o‘sha she’rlarida yangi davr ruhini aks ettiradi. 1922-yili bosilgan “O‘zbek yosh shoirlari” majmuasida uning she’rlari Fitrat, Cho‘lpon va Elbekning she’rlari bilan birga nashr qilindi. Botuning iste’dodini payqagan Cho‘lpon unga: “She’riyatimizning porloq yulduzi”, deya ta’rif beradi. Uning bu davrda yozgan she’rlarida qo‘llagan nazmiy uslubi va she’riy tilida ham Cho‘lponga taqlid seziladi:

Keng cho‘llarda, dengizlarda

yo‘ldan chiqqan yo‘lchilar,

Marhamatli sen yulduzga

qarab yo‘lni toparlar.

Tip-tinch tunda yo‘lni bilmay

qo‘rqinch aro qolganlar

Sen go‘zalning ko‘maging-la

qo‘rqinchlardan qutular.

Ey ko‘makchi, marhamatli Temir qoziq yulduzi!

(“Temir qoziq yulduziga” she’ridan)

Turli janrlarda ijod qilgan Mahmud Hodiy Ali­sher Navoiy, Fuzuliy, Lutfiy va Furqat kabi mumtoz shoirlarning asarlarini o‘qib, ulardan ta’sirlanadi va hazrat Navoiyga ergashib she’rlar yozadi:

Bir zamonlar elimiz

Qorong‘uda qolmishdi.

Bu choqlarda tilimiz

Yorli ism olmishdi…

“Bu tushuncha yanglishdir,

O‘z tilini sevmaslik

Eng yaramas bir ishdir.

Biz yashamoq istasak,

Tilimizni sevaylik.

Bizning tilni yaramas,

Yorli, degan kishilar

Yanglishalar, shubhasiz.

Bizning til ham boy tildir”,

Dedi ongli bir kishi…

“U kishi kim?” desangiz,

Aytib beray, o‘rtoqlar.

U kishini bilsangiz,

Buyuk shoir Navoiy.

Shuning uchun, bolalar,

Navoiyni sevaylik.

Navoiyning otini

Oltin bilan yozaylik.

(“Navoiy” she’ridan)

Mahmud Hodiy Moskvada yashagan vaqtlarida Fit­rat va Cho‘lpon qatorida yana bir “ustoz”ning borligi oshkor bo‘ladi. Ijodining ikkinchi davrida shakllangan bu “ustoz” yangi bir davr va siyosiy tuzumning quruvchisi bo‘lishini va’da bergan, buni amalga oshirish yo‘lida tezkor qadamlar bilan hara­kat qilgan siyosiy idoradan boshqasi emas. Aslida, bu ustozlarning har biri yosh shoirni o‘z yo‘lidan yurdirishga harakat qilishardi. Bu shahardagi tahsil yillarida O‘zbekistondagi adabiy hayotdan va muhitdan uzilmagan Mahmud Hodiy Toshkentdagi do‘stlari bilan aloqa qilishda, hayot va adabiyotda o‘xshash nuqtalardan qaraydigan fikrdoshlari bilan yozishishda, turli gazeta va jurnallarning muharrirlari bilan munosabat olib borishda davom etadi. Bu yillarda uning she’rlari bilan bir qatorda adabiyot, san’at va yangi ijtimoiy tuzum bilan bog‘liq maqolalari “Inqilob”, “O‘zgarishchi yoshlar”, “Maorif va o‘qitg‘uvchi” kabi nashrlarda bosilib turadi. ­Uning she’rlari 1924-yili “Go‘zal yozg‘ichlar” to‘plami­da Abdulla Qodiriy, Oybek, Oltoy kabi adiblarning asarlari bilan birga nashr etiladi. 1920-yillardan keyin butun o‘lkada bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham jadal o‘zgarishlar yuz beradi. Ular yashagan davr Mahmud Hodiy va u kabi yoshlarni faqat yangilik tarafdori qilmay, balki ayni paytda butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan tuzum himoyachisi va notig‘i bo‘lish vazifasini ham ular­ning zimmasiga yuklaydi. Shu munosabat bilan u o‘z asarlari orqali yangiliklarni ham yoshlar hayoti­ga olib kirish, ularga o‘z xohish-istaklari, orzu-umidlari­ni singdirish va shu yo‘l bilan sovetlarning g‘alaba qilishiga o‘z hissasini qo‘shish g‘oyasini amalga oshiradi. Bu yillarda qaysi fikr va tuyg‘ulari bilan bu kurashda bo‘lganligi, uning adabiy qarashlari va yo‘nalishini tushunishda quyidagi misralar yordam beradi:

Ko‘nglim yosh, ruhim yosh, kuchim yosh,

Yosh yo‘llar, yosh kuchlar izlayman.

Ortga tortganga hadyam – tosh,

Har choq men ilgari undayman.

(“Umid so‘zlari” she’ridan)

Yangi tuzumning ashaddiy himoyachisi va ­uning kurashchisi Hodiy o‘ziga davrdosh bo‘lgan Oybekning “Ko‘ngil naylari” kitobiga yozgan muqad­dimasida yosh shoirni tabriklaydi; unga o‘z ijodini yanada kamol toptirishi uchun bir qancha maslahatlar beradi. Shuningdek, bu asar munosabati bilan davr shoir va yozuvchilariga asarlarida “buyuk yutuq va zafarlarining o‘quvchilariga xushxabar berishlarini” xohlaydi; shoirlarni “inqilobiy she’rlar yozishga” da’vat etadi. 1925-yilda Hodiyning “Umid uchqunlari” nomli birinchi she’riy kitobi nashr etildi. Bundagi she’rlari­da inqilob va uni amalga oshirgan ruhga e’tibor qaratadi. Yangi tuzum odamlari olib kelishga va’da qilgan yangi hayotni o‘rnatish uchun kurashda qatnashishga taklif qiladi. O‘zini bu jarayonning askari sifatida ko‘rgan Botu o‘z tutumini she’r va maqolalarida bayon qiladi. Shoir o‘zini shunga yarasha shakllantirganini va o‘zida ham shunday ruh borligi­ni aytadi. She’rlarida, ayniqsa, insoniyat boshiga musibat va azob-uqubat keltirayotgan urushga e’tibor qaratadi. Yozganlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot beruvchi jarayondan ko‘ra, oddiy kuzatishlari­dan chuqur hayotiy ma’nolarni olishga intiladi. Shoirning ikkinchi kitobi – “To‘lqin tovushlari”­dagi she’rlarida yangi hayotni shakllantirish, o‘zi xohlagan yangi inson tipi va insoniy munosabatlarni aks ettirishga harakat qiladi. U dunyodagi turli voqealarni she’rlari uchun mavzu qilib oladi. She’r­larida zamon farzandlarining ertangi kunlari yorug‘ va go‘zal bo‘lishiga, xalqning farovon va baxtli yasha­shiga samimiy ishonch bildiradi:

“Men-da sen kabi sho‘x, sen kabi mag‘rur,

Meni “menlik”ka asir eta olmas bu g‘urur.

Chunki men

Olganman

Bu g‘ururimni

Bu sururimni

Shonli vulqondan,

Tengsiz isyondan,

Eski dunyo qaqshagan ondan.

Mening ko‘nglimda-da po‘rtanalar,

Po‘rtanalar!

Chunki po‘rtana mendir, men-da po‘rtanaman!”

(“Kaspiy dengizga” she’ridan)

Uning she’rlarida yo‘l, yorug‘, kun, bahor, tong, dengiz, alanga, sahar so‘zlari turlicha ma’nolarda qo‘llanadi. U shu so‘zlar bilan xalq kurashi natijasida qo‘lga kiritilgan erkinlik, o‘rnatilgan yangi tuzum va hayot, yangi bir jamiyatni tasvirlaydi. Bu uning oldida turgan yorug‘ yo‘l haqida hikoya qiladi. Uning she’r­larida kurash natijasida erishilgan narsalardan faxrlanish va hayotga umid bilan qarash; umidsizlik, muammo, turg‘unlik va befarqlikni ma’qullamaydigan yondashuv mavjud. Nima qilishni xohlayotganingizni anglash, “ko‘z yoshlari” bilan emas, balki faqat maqsad va ideallarni baland ovozda aytish; e’tiqod, g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilish orqaligina bularga erishiladi, deb hisoblaydi. Mahmud Hodiy asarlarida o‘z vatanida baxtli va tinch yashash maqsadini kuyladi. Adolat va haqiqatni mohirona ifodalagan, millatining ruhini yuksaltirgan she’rlar yozishga intiladi. U mas’uliyatli ziyoli sifatida o‘zbeklar uchun kurashning bayroqdoriga aylandi. Shoirning adabiyot va san’atga qiziquvchanligi, ishtiyoqi ham, xalqiga xizmat qilishga intilishi ham shu maqsadda edi… Butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan tizim­ning yaratuvchisi, asoschisi, himoyachisi va ko‘zga ko‘ringan vakili bo‘lish yukini ham zimmasiga oldi. O‘z asarlari bilan yangilik ijrochisi bo‘lgan Mahmud Hodiy yoshlar hayotiga kirib borish, ularga o‘z xohish-istaklari, orzu-umidlarini singdirishga intildi. Yozgan she’rlari, dostonlari, hikoyalari va maqolalarida yangi inson obrazi va o‘rnatilgan yangi tuzum bilan birga o‘zi orzu qilgan insonparvarlikni ham shakllantirishni istadi. Millatining dardini ifodalashga harakat qildi. Kelajak avlodni yorug‘ kunlar kutayot­gani, hali hayotining bundan ham go‘zal bo‘lishini, odamlar farovon va baxtli yashashini ta’kidladi. Shoirning o‘zi bularga chin dildan ishondi. Shuning uchun ham u “inqilobga qarshi va millatchi”likda ayb­langan vaqtlarida o‘ziga berilgan jazoga bo‘ysunib, mehnat lagerlarida va qamoqxonalarda: “Ozodlikka qaytaman”, degan umidda yorug‘ kelajakni kutdi.

Shukrkim, kun kelib o‘sha yorug‘ tonglar otdi.

Vali Savash YELOK,

Turkiyadagi Hoji Bayram Vali universiteti professori

Turkchadan Abdimurod Tilavov tarjimasi.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600