Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.06.2026 | 10:17

img951

YOZILMAGAN TARIX IZIDAN

O‘zFA Milliy antropologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori Farhod MAQSUDOV bilan suhbat

– O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlarning bugungi asosiy ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat?

– Bizda qo‘riqlanadigan, muhofaza qilinadigan arxeologik meros milliy ro‘yxatiga 4800 dan ortiq yodgorlik kirgan. Har yili ko‘plab yangi yodgorliklar qo‘shilyapti. Besh mingga yaqin degani, bu hazil narsa emas, bu – arxeologik jihatdan juda boy meros. Bugungi kunda O‘zbekistonda arxeologiya fanining ustuvor yo‘nalishlari jahon arxeologiyasida bo‘layotgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda arxeologiya fanining ustuvor yo‘nalishlari jahon arxeologiyasida bo‘layotgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadi. Jahonga integratsiyalashgan holda, yirik xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorligimiz bor. Shuning uchun ular qanday rivojlanayotgan bo‘lsa, bizda ham jarayon shunday ketadi. Arxeologik izlanishlarda ular zamonaviy texnologiyadan foydalansa, biz ham foydalanishimiz kerak. Ular sun’iy intellektdan ilmiy tadqiqotda foydalansa, biz ham buni amaliyotga joriy qilamiz. Ular tabiiy fanlar usullaridan, metodlaridan, genetikaga o‘xshagan paleozoologiya, arxeozoologiya, arxeobotanika yoki arxeogeofizika degan yo‘nalishlardan foydalanayotgan bo‘lsa, biz ham ularga murojaat qilishimiz kerak.

Arxeolog qazishma orqali topilgan buyumlarni (aksariyati siniq parcha, fragment) tizimlashtirib, tasnif qilib, undan keyin yozilmagan tarixni tiklashga harakat qiladi. Arxeologiya – yozma manba bilan tiklanadigan tarixdan farqli bir yo‘nalish. Hali yozuv paydo bo‘lmasdan, rivojlanmasdan oldingi davrlar haqida ma’lumot beruvchi yolg‘iz fan. Ya’ni, arxeologiya tarix yozilishidan oldingi davrlarni ham o‘rganadi. Odamlar g‘orlarda ko‘chmanchi bo‘lib, ovchi-termachi bo‘lib yashagan davrlarda hali sivilizatsiya yo‘q edi. Davlat, shahar, hatto qishloq degan tushuncha ham yo‘q edi u davrlarda. Yozma manba yo‘q. Ularning qanday yashaganini arxeologlar aniqlaydi.

– Albatta, ular ekinday o‘sib chiqmaydi. Xuddi yer osti boyliklari kabi ularni qazib olish kerak. Xuddi igna bilan quduq qazganday…

– Ha, qazishma jarayonida aniqlanadi hammasi. Manzilgohlar qidirib topiladi. Keyin u joyda nima qolgan bo‘lsa, ulardan qadim hayot tarzi tiklanadi. Ehtimol, qadimgi davrda ishlatilgan narsalarning bir foizi qolgandir. Bizga shu ham kifoya qiladi.

Arxeolog xuddi o‘tmish izquvariga o‘xshaydi. O‘zi yo‘q, izi bor tarixni o‘rganadi. Masalan, qadimgi davr odami o‘t yoqdimi, hayvonlarni ovlab kelib, o‘sha yerda pishirib, etini yeb, qoldig‘ini tashlab ketdimi, o‘sha o‘choq tagini, o‘tning kullarini topamiz. Kul ichidagi hayvonlarning suyaklarini, parchalarini topamiz. O‘simliklarning kuyib qolgan, lekin shaklini o‘zgartirmagan urug‘larini, qoldiqlarini topamiz. Arxeobotanik olimlarimiz uning qanday urug‘ligini, qanday o‘simlik ekanini aytib beradi, arxeozoolog olimlarimiz yovvoyi hayvonlarning qaysi turlari ekanini aniqlaydi. Odam suyaklari qolib ketgan joylar, qabristonlar yoki hali qabristonlar paydo bo‘lmasdan, odamlar hali ko‘mishni o‘ylamagan davrlarda qolib ketgan suyaklar bor yer osti qatlamlarida. Shulardan u odamlar qanday qiyofaga ega edi, ust-boshi qanday edi, degan savollarga javob beradi bu fan.

O‘zbekiston boshqa mintaqalarga solishtirilganda arxeologik meros jihatdan boyroq hudud. Shuning uchun bugungi kunda O‘zbekistonda arxeologiya izlanishlari bir necha yirik tashkilotlarda olib boriladi. Masalan, Fanlar akademiyasi Antropologiya institutida. Madaniy meros agentligiga qarashli Samarqand arxeologiya institutida, O‘zbekiston Milliy universiteti arxeologiya kafedrasida, Farg‘ona, Termiz, Buxoro, Namangan, Nukusdagi mavjud kafedralarda, Urganchda Ma’mun akademiyasida arxeologlar ishlaydi. Ular o‘z hududlaridagi yodgorliklarni har yili yozgi mavsumda qazishma qilib ochadi. Mavsum bahorning so‘ngidan kuzning boshlarigacha davom etadi. Hammamiz dala sharoitlarida qazishmalarda qatnashamiz.

– Manbalarda “arxeologik artefakt” degan atama uchraydi. Shu iboraning mohiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Qadimgi joylarni ochishning o‘z usullari, metodlari bor. Tadqiqotlarning bugungi kunda ustuvor yo‘nalishlaridan biri arxeologik artefakt deyiladi. Artefakt – qadimgi davrga tegishli topilma, qazishmada qo‘lga kiritilgan narsa, buyum. Shuni o‘rganish uchun qanday yordam beradigan fanlar bo‘lsa, arxeologiya o‘sha fanlar sohasiga kirib boryapti. Masalan, bir tish topildi. Qolgan hamma suyaklar chirib ketgan. U tishni o‘rganish uchun osteologiya, anatomiyani bilish kerak, to‘g‘rimi? U tishning ichida o‘sha davrda nima yegan bo‘lsa, emaliga surtilib-surtilib saqlanib qolar ekan. Hozir kimyoviy laboratoriyalarda o‘rganib, mikroskop ostida ochib, izotop, stabil izotoplar orqali bu tish egasi qanday oziqlanganini topyapmiz. Demak, arxeologiya genetikaga, kimyoga, biologiyaga kirib boryapti.

Yer ostidagi qatlamlarni o‘rganamiz. Bu tuproqshunoslik, geologiya fani degani. Buni o‘rganish uchun qatlamlarni bilish kerak. Bu stratigrafiya deyiladi, qatlamshunoslik. Demak, suyaklardan o‘sha qadimgi davrda qanday kasalliklar bo‘lgani o‘rganilyapti hozir. Odam suyaklaridan uning qanday xastalikdan vafot etgani, hayoti davomida qanday kasalliklarni boshidan kechirgani, qorni to‘yib ovqatlanganmi yoki ocharchilikda yashaganmi, shulargacha aniqlanyapti. Buni arxeogenetika o‘rganib beryapti. Bu imkoniyat 20-30 yil oldingi arxeologiyada yo‘q edi.

Butun dunyo bo‘yicha arxeologiya shunday yangi rivojlanish bosqichiga sakrab chiqdi. Bu fanning eng ustuvor yo‘nalishi boshqa fanlar usullaridan foydalangan holda, tarixdan ko‘proq ma’lumot olishdan iborat.

– Mavjud savollarga javob topilsa, yangilari chiqib kelaveradi. Bugun arxeologlar oldida qanday savollar javob kutib turibdi?

– Inson jamiyati qanday rivojlangan? Milliy qadriyatlar qayerdan kelib chiqqan? Nimaga bizning oshxonamiz biz bilgan ovqat turlaridan iborat? Xonaki o‘simliklar, hayvonlar bizda qachondan buyon mavjud? Bizning uy qurish usullarimiz qayerdandir kirib kelganmi yo o‘zimiz kashf qilganmizmi? Qayerdan keldi choponlarimiz, do‘ppilarimiz, tillaqoshlarimiz? Bu savollarning javoblarini ham arxeologiya fani bera oladi.

Bugungi kunda arxeologiya fanining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri boy arxeologik merosimizni keng targ‘ib qilish bilan bog‘liq. Bu – arxeologik yodgorliklarni to‘laligicha qazib ochib, ustini yopib, turizm obyektiga aylantirish, degani. Faqat xalqimiz emas, chet eldan kelganlar ham ko‘rsin, bizning madaniyatimiz qanday shakllangani bilan tanishsin, o‘z yurtidagi arxeologik yodgorliklar bilan solishtirsin. Bizning xalqimiz ham boshqa joylarga borganda shunday obyektlarni ko‘rib qiyoslasin, idrok qilsin. Bizning o‘tmishimiz qanday edi? Ota-bobolarimiz merosiga qanday qarashimiz kerak? Shularni bilsin, faxrlansin.

– Ajdodlarimiz ma’lum bir hududga joylashishda nimalarga e’tibor bergan?

– Arxeologiyada qadimgi davrlarda yashagan odamlarning izlari va qoldiqlarini, yashagan makon va qo‘nalg‘alarini topish bo‘yicha o‘ziga xos ilmiy uslublar bor. Insonning o‘troqlashuv xususiyatlari ilmiy tilda o‘rnashuv ekologiyasi deyiladi.

O‘rnashuv ekologiyasini o‘rgangan bo‘lsangiz, arxeologik yodgorliklarni topishingiz oson bo‘ladi. Masalan, tabiatga chiqdingiz, deylik. Birinchi o‘rinda insonga eng kerakli narsa – suv. Buloq, soy yoki daryo qidirasiz. Daryodan uzoqlashmaysiz. Ikkinchisi, tekis joy qidirasiz uy qurish uchun. Uchinchisi, u yerda odamlar o‘z iqtisodiyotini yuritishi kerak. Yo dehqon bo‘ladi, yo chorvador. Arpa-bug‘doy ekadigan aholi bo‘lsa, ular yashagan joyda unumdor tuproqlar bo‘lishi kerak. Chorvador bo‘lsa, yaylov qidiradi.

Mana shu mezonlar bo‘yicha qidirsangiz, qadimgi odamlarning izlarini topasiz. Asta-sekin butun hududlar o‘rganib chiqilib, hammasining xaritasi tuziladi.

– So‘nggi paytda qanday arxeologik yangiliklar kuzatilmoqda?

– Ko‘p yillardan beri AQSHning Vashington universiteti bilan hamkorlikda ishlaymiz. AQSHlik professor-o‘qituvchilar va talabalar har yili yozda bir oyga kelib-ketishadi. Birgalikda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida arxeologik yodgorliklarni qidiramiz va o‘rganamiz. Ularda texnologiya rivojlangan, o‘zlarining yangi uskunalarini olib kelishadi. So‘nggi olib kelgan uskunalaridan biri “Lidar” degan skaner dronga o‘rnatiladi va yoza boshlaydi. Bu qurilma katta ko‘lamdagi ishlarni tez bajarishga yordam beradi.

Zomin va Baxmal tumanlari hududida Tug‘unbuloq degan joy bor. Shu yerda 150 gektarlik shahar qoldig‘i borligini ham ayni shu dron orqali aniqladik. 2000 metr yuqorida joylashgan hudud. Oldin tog‘li joylarda kichik-kichik uychalar, turar joylar topilardi. Lekin u yerda qishloq yoki shahar darajasiga ko‘tarilish degan narsa fanda yo‘q edi. Qarang, bu joy Qoraxoniylar davrida shahar darajasiga ko‘tarilgan ekan. 250 yil davomida yashab, keyin tark etilgan ekan. Hozir ham bunday hududda shahar qurish oson emas. Ajdodlarimizni nima majbur qilgan bunda makon qurib, keyin tashlab ketishga? Besh yildan buyon har yili qazishma orqali o‘rganyapmiz. Sabablarini topish arafasidamiz.

Birinchisi, u yerdagi tog‘ geologik jihatdan temirga boy ekan. Ikkinchisi, u yer yaylov bo‘lgan. Bu joy qandaydir siyosiy, iqtisodiy markaz bo‘lishi kerak. Turkiy qavmlarning xoqoni yashagan bo‘lishi mumkin. Har ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan Shanxay arxeologlar forumi bor. Shu forumda O‘zbekistonda Jizzax, Zomin va Baxmal tog‘larida olib borilgan tadqiqotlar jahonning 10 ta eng yirik kashfiyotlaridan biri, deb e’lon qilindi. Bizga sertifikatlar berildi. Bu O‘zbekiston olimlarining amerikalik olimlar bilan hamkorlikdagi yutug‘i bo‘ldi.

Bundan tashqari, Toshkent atrofidagi G‘arbiy Tangritog‘ hududida, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidagi Hisor tog‘ etaklarida arxeologlarimiz neandertal odamlarning g‘orlarini topishdi. Varshava universiteti arxeologlari bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqotimiz uchun Yevropa 2 million yevrolik grant ajratdi.

So‘nggi yillardagi yirik kashfiyotlardan yana biri – Kofirqal’a degan yodgorlik Samarqand arxeologiya instituti tomonidan o‘rganilyapti. Bu – qadimgi So‘g‘d  sivilizatsiyasiga oid markaz. Samarqanddan 25-30 km uzoqlikda joylashgan. Samarqandlik mutaxassislar Yaponiya, Italiya arxeologlari bilan hamkorlikda yodgorlikni o‘rganish jarayonida qiziqarli ma’lumotlar topyapti. Mana, qadimgi zardushtiylarga oid ibodatxonaga o‘xshash xona arablar bosqinida Islom diniga zid, deb yoqib yuborilgan. Yonib ketgan yog‘ochlarda o‘ymakorlik izlari bor. Chunki kul chirimaydi, ko‘mir chirimaydi. Yog‘och bo‘lganda, bugungi kungacha qolmas edi. Manbada Nana tasviri chizilgan – bu zardushtiylik dinida ayollik, unumdorlik tangrichasi hisoblanadi. O‘ta noyob.

Tasvir qayta chizib chiqilganda, 1300 yil oldingi So‘g‘d madaniyati davriga oid kiyimlar, erkak va ayollarning soch turmaklari, hammasi ko‘rinib turibdi. Kiyimlarning ustidagi bezaklargacha ayon ko‘rinadi. Ko‘p muhim elementlar bor u yerda. Bu ma’lumotlar hech qanaqa yozma manbada yo‘q, bu tarix uchun kutilmagan juda katta ma’lumot. Topilma jahon ko‘lamida arxeologlar o‘rtasida shunday bir rezonans uyg‘otdiki, O‘zbekiston madaniyati ko‘rgazmasining asosiy eksponatlaridan biriga aylandi.

– Domla, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Milliy arxeologiya fanimizda shunday yutuqlar bardavom bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 22-maydagi 21-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600