03.04.2025 | 09:31
371
YURAKDA POKLANISH, IDROKDA UYG‘ONISH
Inson so‘zining lug‘aviy ma’nosi unutuvchi, esdan chiqaruvchidir. Tog‘lar yemirilib, qum barxanlariga aylandi, dengizlar qurib, sahroga do‘ndi, ming-minglab porloq yulduzlar fursati kelib so‘ndi. Ammo inson o‘z fitratidagi unutuvchanlik xislatiga sodiq qoldi. Balki shu boisdir, bani basharni asl Vatanimiz – jannatga olib boruvchi yo‘l e’tiqod, ezgulik va to‘g‘rilik ekanini eslatib turmoq uchun bir yuz yigirma to‘rt ming yalavoch yuborilgan. Balki shu boisdir, osmonlar-u tog‘lar ko‘tarolmagan omonat yukini inson o‘z zimmasiga olgan.

Yaqin o‘tmishda o‘z davlatimizdagi majlis-yig‘inlarda boshqa tilda gapirib, hujjatlarimizni ham o‘zga lisonda yuritishga majbur bo‘lganimizni bugungi avlodga aytsak, ishonmasligi tayin. Til bilmagan mushtipar onalarimiz poyezdga chipta olish uchun ham biror bilag‘onga iltimos qilganlari hozir cho‘pchak bo‘lib tuyuladi. Ramazon oyini munosib kutib olish, hayit bayramini keng nishonlashga doir davlat rahbarining maxsus farmoni chiqishi xayrli an’anaga aylandi. Holbuki, qirq-ellik yil oldin ro‘za tutish u yoqda tursin, shunchaki fotihaga qo‘l ochgani uchun siyosiy rahbarlar jazoga mustahiq etilgani katta avlodning yodidan o‘chgani yo‘q.
“Berilgan ne’matlarga shukrona keltirish, ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi, noshukrlik esa boridan ham mahrum etadi”, deydi Mavlono Jaloliddin Rumiy. Yangi zamonda, inchunin, diniy sohada bahramand bo‘layotganimiz erkinlik, kengchiliklarni sanab adog‘iga yetolmaysan kishi. Kechagina umra safariga borish uchun yillab navbat poylagan yurtdoshlarimiz, bugun istagan paytlarida muqaddas yerlarga safar qilib, ibodat amallarini emin-erkin ado etib kelmoqdalar. Yaqin yillargacha taroveh namozlariga qo‘shni davlatlardan qorilar jalb etilar edi. Bugun esa yurtimiz masjidlarida o‘zimizda tarbiya topgan murattab qorilar ishtirokida xatmi Qur’onlar o‘tkazilmoqda. Xorijiy davlatlar so‘roviga ko‘ra o‘zbekistonlik qorilar hatto yaqin-yiroq o‘lkalarda xatmi Qur’on o‘tkazib bermoqda. Mamlakatimizning biror go‘shasida obod bo‘lmagan ziyoratgoh qolmadi hisob. Har yili yuz minglab musulmonlar yurtimizga kelib, buxoriylar-u xorazmiylar, termiziylar-u farg‘oniylarning qadamjolarini ziyorat qilib, muqaddas qadamjolar fayzidan bahramand bo‘lmoqda. Quvonarlisi shuki, kechagina tarixiy meros talashgan qo‘shni qardoshlarimiz, davlatimiz olib borayotgan birdamlik va yakdillik siyosati tufayli tariximiz ham, bugunimiz va kelajagimiz ham mushtarak ekanini anglab yetmoqda.
Hammaning ko‘nglini topmoq amrimahol ekan. Tan olish kerak, afsuski, oramizda mamlakatimizda olib borilayotgan dunyoviylik siyosatini noto‘g‘ri tushunib, dahriylik tamg‘asini yopishtirmoqchi bo‘layotganlar ham, e’tiqod erkinligiga mutaassiblik to‘nini kiydirishga urinayotganlar ham bor. Ana shunday yanglish qarashdagi zamondoshlarimiz kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mezbonligida Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimini ko‘rdilarmikan? O‘sha kuni respublikamizda rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘n olti diniy konfessiya rahbarlarining bir dasturxon atrofida jamuljam bo‘lgani ayb muqaddas dinda emas, balki ayrim dindorlarning mahdud tushunchasida ekanini yana bir karra tasdiqladi.
Hazrat Navoiyning mashhur bayti bor:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.
Davlatimiz rahbari iftorlik marosimidagi nutqida ijtimoiy soha bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalar xususida ayrim raqamlarni keltirdi. O‘tgan yilning o‘zida muhtoj oilalarga 16 trillion so‘mlik moddiy yordam va nafaqalar berilibdi. Demak, yo‘qchilik sabab muammolar girdobida qolgan minglab ko‘ngillarga shodlik ulashilgan, Yaratganning nazargohi bo‘lgan qalblar obod qilingan. Inson qadri, inson baxti aslida shu emasmi?..
Oylarning sultoni Ramazon – ruhiy poklanish, ma’naviy tozarish fursatidir. Bu yil mo‘min-musulmonlar intiqib kutgan muqaddas oy ko‘klam fasli bilan, ming oydan afzal Qadr kechasi esa yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam bilan deyarli bir vaqtga to‘g‘ri kelganida ham ramziy ma’no bor. Bu hol mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlar uyg‘un ravishda rivojlanayotganiga ishora go‘yo. Bahoriy kayfiyat, yaratish ishtiyoqi, ruhiy bardamlik, ko‘ngillarning birdamligi – barcha-barchasi yurtdoshlarimizning qalbi va ongidagi uyg‘onish, poklanish ehtiyojiga javob bo‘lmoqda.
Bugun kechagi muvaffaqiyat bilan yashab bo‘lmaydi. Hayotning o‘zi oldimizga yangi-yangi marralar, yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bu vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarmoq, qo‘yilgan yuksak marralarni zabt etmoq uchun esa pok niyat, ezgu amal, yaxshi so‘z va ma’rifatga muhabbat lozim.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida tariqatning ulug‘ peshvosi Bahouddin Naqshbandning “Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin”, degan o‘gitini yodga olib o‘tdi. Biz oriflar sultoni Junayd Bag‘dodiydan bir hikmatni zikr etmoqchimiz.
Bag‘dodiy hazratlaridan “Birgina duongiz qabul bo‘lishini bilsangiz, kimni duo qilardingiz?” deb so‘rashibdi. “Zamon sultonining ishiga rivoj tilab duo qilardim. Zero, sultonning ishi o‘nglansa, raiyatning ishi ham o‘nglanur”, deb javob beribdi oriflar orifi.
Bu yilgi Qadr kechasi o‘zgacha fayz-u shukuh bilan o‘tdi. 1700 dan ziyod masjidlarimizda xatmonalar bo‘ldi. Nuroniy otaxonlarimiz, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar muhtaram Prezidentimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr hamda xayrli ishlariga baraka tilab duolar qildilar. Sidqidildan qilingan duolar mustajob bo‘lgusi, inshoolloh!
Olimjon DAVLATOV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori,filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
110
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
142
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



